Jun 172010
 

BMT: Etnik kelib chiqishga qarab o’ldirish genotsidga yetaklaydi

Foto AP

O’sh va Jalolobodda bugun yuzlab jasadlarni qora yerga qo’yayotgan, ko’zlari o’yilgan, mayda-mayda qilingan murdalarning egasi kim ekan deya yum-yum yig’layotgan o’zbeklar bilan gaplashsangiz, ular qirg’izlarni yoppasiga qirg’inda – “genotsid” da ayblaydi.

Boshqalar bilan ulashing

Shu mavzuda

”Bu holda asosan bir guruh, ya’ni o’zbeklar, nishonga olinmoqda. Bu, mening nazarimda, oldi olinmagan taqdirda genotsidga yetaklashi mumkin bo’lgan hol. Biz hozirgi holatni genotsid deb atayotganimiz yo’q. Lekin yuridik jihatdan genotsid deb ta’riflanishi mumkin bo’lgan holni ko’rganimizda, kech bo’lgan bo’ladi”,- deydi BMT Bosh kotibining maxsus maslahatchisi Frensis Deng.

O’sh va Jalolobodda bugun yuzlab jasadlarni qora yerga qo’yayotgan, ko’zlari o’yilgan, mayda-mayda qilingan murdalarning egasi kim ekan deya yum-yum yig’layotgan o’zbeklar bilan gaplashsangiz, ular qirg’izlarni yoppasiga qirg’inda –  “genotsid” da ayblaydi.

Bu kabi fikrlar nafaqat mojaro o’chog’ida balki qo’shni davlatlar va dunyo bo’ylab quloqqa chalinmoqda. Hududni tekshira boshlagan Qizil Xoch Xalqaro Qo’mitasi nazarida talofat ko’lami juda katta.

“Genotsid” jahon bo’ylab ehtiyotkorlik bilan tilga olinadigan so’z. Genotsid grekcha “genos” so’zidan olingan bo’lib, urug’ yoki qabila degan ma’noni beradi. So’zning ikkinchi qismi lotincha “caedere”, ya’ni “o’ldiraman” demakdir. Xalqaro siyosiy va yuridik lug’atlarga ko’ra, genotsid – irqiy, milliy yoki boshqa bahonalar bilan aholining muayyan guruhini qirib tashlash.

AP

Nazoratni xalqaro hamhamiyat o’z qo’liga olmasa, deydi o’zbeklar, ko’chalarda qon oqishda davom etaveradi.

BMT Bosh kotibining Genotsidning oldini olish bo’yicha maxsus maslahatchisi Frensis Deng (Francis Deng) Qirg’izistondagi xunrezlikliklardan qattiq xavotirda. Insonlarni etnik kelib chiqishiga qarab o’ldirish eng og’ir jinoyatdir, deydi u.

”Bu holda asosan bir guruh, ya’ni o’zbeklar, nishonga olinmoqda. Bu, mening nazarimda, oldi olinmagan taqdirda genotsidga yetaklashi mumkin bo’lgan hol. Biz hozirgi holatni genotsid deb atayotganimiz yo’q. Lekin yuridik jihatdan genotsid deb ta’riflanishi mumkin bo’lgan holni ko’rganimizda, kech bo’lgan bo’ladi”.

Hozir eng muhim vazifa, deydi BMT rasmiysi, mana shu nishonga olinayotgan guruhni himoya qilish. Bu bilan balki genotsidning oldi olingan bo’ladi. Diqqatni fuqaro himoyasiga qaratish kerak.

Bu esa davlatning oliy burchi, deya tushuntiradi Frensis Deng. Agar u bunga qodir bo’lmasa, xuddi hozir Qirg’izistonda ko’rib turganimizdek, unda xalqaro hamjamiyat yordamga kelishi kerak.

Dunyo ahli nazarida hozir Qirg’izistonda aynan o’zbeklar nishonga olinmoqda. Buni darhol to’xtatish kerak. Ularning mol-mulki, turmush-tirikchiligi himoya ostiga olinishi zarur. 2005 yilda qabul qilingan xalqaro hujjatga ko’ra, biz ularning xavfsizligini ta’minlash vakolatiga egamiz”.

Frensis Deng, BMT Bosh kotibining Genotsidning oldini olish masalalari bo’yicha maxsus maslahatchisi (BMT surati)

Aks holda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilayotgan va xalqaro hamjamiyat bunga ko’z yumayotgan bo’ladi. Har bir elatni qirg’indan asrash dunyo ahli uchun ham huquq, ham burch.

”Himoya vositalari joriy etilgach, etnik kelishmovchiliklar ortidagi sabablar va hamjihatlikka erishish uchun nima qilmoq kerakligi haqida gaplashish, uzoq muddatni ko’zlab harakat qilish kerak bo’ladi”.

Jabrdiydalarga yordamni oshirish va davlat tizimini mustahkamlash bilan vaziyatni biroz yaxshilash mumkin, deydi BMT rasmiysi. Lekin genotsidga yetaklaydigan omillarga loqayd bo’lmaslik kerak. Turli elatlar birga yashaydigan jamiyatda fuqaro etnik jihatdan kim bo’lishidan qat’iy nazar teng siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo’lishi kerak. Etnik tengsizlik, diskriminatsiya, yakkalash, bosim, huquq va erkinlikdan ayirish va davlat boshqaruvining zaifligi genotsid singari o’ta qabih jinoyatlarga olib boradi.

BMT Bosh kotibining Genotsidning oldini olish va fuqaro himoyasini ta’minlash bo’yicha maxsus maslahatchisi shu tariqa Qirg’iziston hukumatini ogohlikka va o’z mas’uliyatini unutmaslikka, o’z fuqarolari taqdiriga ko’z yummaslikka va o’z vakolatlarini suiste’mol qilmaslikka chaqirmoqda.

”Qayd etaman, o’zbeklarga qarshi amalga oshirilgan jinoyatlarni tekshirish, javobgar shaxslarni jazolash bu davlatning burchi. Xalq bir-biri bilan kelisha olishi, ahil yashashi uchun zamin yaratilishi kerak. Xalqaro hamjamiyatning roli esa zaif hukumatga ko’maklashish, gumanitar yordamni oshirish va qochqinlar najot so’rayotgan qo’shni davlatlar bilan ishlash, ularni qo’llab-quvvatlash”.

Mabobo, deya ta’kidlaydi BMT rasmiysi, Qirg’iziston hukumati bu jinoyatlar ustidan tergovni eplay olmasa, unda bu ishni xalqaro tashkilotlar, jumladan BMTning tegishli organlari o’z zimmasiga oladi. Bu muassasalar ham o’z burch va vazifalariga ega. “Hammamiz hamkorlikda choralar ko’ra boshlaganmiz. Tinchlik, xavfsizlikka erishamiz degan umiddamiz”, – deydi Frensis Deng.

Qirg’izistonning 400 mingga yaqin fuqarosi qatliomdan qochib, panoh izlar ekan, Bishkekda o’tirgan rahbarlarga bir tomchi ham ishonch qolmagan. Hukumat ular nazarida yovuz va vahshiy bir kuchga aylangan. Nazoratni xalqaro hamhamiyat o’z qo’liga olmasa, deydi o’zbeklar, ko’chalarda qon oqishda davom etaveradi.

http://www1.voanews.com/uzbek/news/usa/UN-Sprecial-Adviser-Genocide-Prevention-Kyrgyzstan-96563124.html

May 112010
 
Chet elda yurgan faollar va muxolifatdan foyda nima?


11/05/2010
Islom Karimovning Andijon ko'chalarida  o'rnatilgan plakatlaridan biri
Andijon ko’chalarida

Andijon voqealarining besh yilligi xotirlanar ekan, chet elda yashayotgan o’zbekistonlik faollar xalqaro hamjamiyatdan yordam va e’tibor so’rashda davom etmoqda. Ularning aytishicha, vatanda ahvol kun sayin og’irlashmoqda, aholining esa hukumatdan nolishga haddi sig’maydi.

Lekin O’zbekistonda bu fikrga hamma ham qo’shilavermaydi. Huquq himoyachilariga nisbatan yangraydigan doimiy tanqidlardan biri shuki, bu insonlar xorijdan moliya yoki grant olish umidida har narsa deyishga tayyor, xususan yurtini jahon sahnasida yomonlab, sharmanda qilishga.

Hukumat tarafdorlarining eslatishicha, uydagi gapni tashqariga olib chiqish o’zbek urf-odatlariga, madaniyatiga to’g’ri kelmaydi.

Bosim va tazyiqlarni bahona qilib chet elga ketgan, bir necha yillardan beri u yerda yashayotgan odamlar mamlakatdagi asl vaziyatni qaydan bilsin deya xayron bo’ladiganlar ko’p.

Biz ana shu savol bilan ayrim ko’zga ko’ringan huquq himoyachilariga murojaat qildik.

Abdujalil Boymatov
Abdujalil Boymatov fikricha erkinlik talab qilish uyat emas, sharaf. Insoniyat tarixi erkinlik uchun kurashdan iborat, deydi u.

Abdujalil Boymatov 2006 yildan beri Irlandiyada istiqomat qiladi. O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati rahbari. Oilasi vatanda qolgan. Jahon ommasini O’zbekistondagi vaziyatdan, xususan huquq ahvoli qanday ekanidan boxabar qilib turishni o’z burchi deb biladi. Internet orqali tunu kun ma’lumot ulashadi.

Muhojirlikning o’z azobi bor, deydi u, lekin bu zamonda uzoqda yashash ona zamindan uzoqlashish degani emas. Erkinlik esa tabiiy bir talab.

“Men o’ylagan edimki, chet eldagilarning har bittasi O’zbekistonda bir kishiga yordam bersa, o’zgarish bo’ladi. Lekin men o’ylagan narsa chiqmadi, hamma o’zi bilan o’zi ovora. Bu 28 million aholi uchun sharmandalik. Yevropada qancha, Amerika va boshqa joylarda. O’zbekiston dunyodagi eng repressiv 10 davlatlar ichida. Bu haqiqatda uyat… Butun O’zbekiston xalqi uchun, O’zbekiston hukumati uchun, hamma uchun juda uyatli. Eng repressiv degani o’sha yerda poraxo’rlik, korrupsiya nihoyatda rivojlangan degani. Haqiqatda O’zbekistonda siz qanday pul topishingizning ahamiyati yo’q. Masalan, prokuror o’g’rilik bilan topadimi, poraxo’rlik bilan topadimi, odamlar uni hurmat qilaveradi. Bu sharmandalik”,- deydi u.

Toshkentda huquq faoli Abdulla Tojiboy o’g’li bir o’zi piket qilayotgani achinarli hol, deydi muhojir. Norozilik bildirish, muammolarni ko’tarib chiqish tinchlikka raxna solish emas, deydi Abdujalil Boymatov, fuqarolar uyushish, shikoyat qilish huquqiga ega. Lekin O’zbekistonda hukumat ham, odamlar ham bunga o’rganmagan. Masalan, yaqinda xususiy avtobuslar qatnovi to’xtatib qo’yilgan. Biror odam nega deb so’ramagan. Piket qilsangiz, sizga g’alati bir odamdek qarashadi. Nolishdan foyda yo’q, harakat qilgan odam yashayapti deyishadi. Bu loqaydlik, deydi Abdujalil Boymatov.

Huquq faollari
Huquq faollarining Toshkentda bir necha yil oldin qilgan piketidan

“2006 yilning 31 iyuligacha O’zbekistonda yashaganman. 1989 yilda Karimov hokimiyatga kelgan paytdan beri muxolifatdaman. Men chetda turib kuzatib turganim yo’q. Men hali ham O’zbekiston fuqarosiman. Chet elda majbur bo’lib yashayapmiz. Hozir mana 11 a’zomiz (O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati) qamoqda. 8-9-10 yilga qamalgan. Oxirgi paytda mana (Qashqadaryoda, diniy motiv va tuzumga qarshi ayblar bilan) Shaxlo Rahmatova olti yarim yilga, Mehriniso Hamdamova esa yetti yilga qamaldi. Mana hozir “Nega chet elga chiqib ketdilaring, O’zbekistonga kelinglar” deydi”,- deydi Boymatov.

Yuqorida nomi keltirilgan ayollar va ularning 28 safdoshi va shogirdlari 2009 yilning noyabr oyida Qashqadaryo viloyatida ekstremizm gumoni ostida qo’lga olingan edi. Mehriniso Hamdamova, jamoatchilikka yaxshi tanilgan otin, yoshlar orasida dinni targ’ib qilib, ularni hukumatga qarshi qayraganlikda aybdor deb topilgan. Huquq himoyachilari esa bu insonlar qonunni buzmagan deydi.

Fuqaro erkin fikrlab, o’z burchi va mas’uliyatini bajarishga harakat qilishi uyat yoki ayb emas, deydi Abdujalil Boymatov.

“Dunyo tarixi erkinlik uchun kurashdan iborat. Erkinlik deganda norozilik bildirish, tashkilotlar tuzish, namoyishlar, ish tashlashlar erkinligi, o’z fikrini ochiq ifoda qilish, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar erkinligini tushunaman. Haqiqiy O’zbekistonda erkinlik yo’q. Erkinlik va demokratiya bir-biriga bog’liq. Erkinlik qancha ko’p bo’lsa, demokratiya ham shuncha oshadi. Demokratiya xalq boshqaruvi degani, lekin buning uchun xalq erkin bo’lishi kerak”.

Mo'tabar  Tojiboyeva (Surat
Mo’tabar Tojiboyeva fikricha xorijda yurganlarning hammasi ham vatanga naf keltirayotgani yo’q. Birdamlik, hamjihatlik yetishmaydi, deydi u.

O’zbekistonning o’tyurak farzandi deya xalqaro maydonda ulug’langan, Andijon voqealarida ayblanib, uch yilga yaqin qamoqda o’tirgan, xorij bosimi ostida ozod etilgan Mo’tabar Tojiboyeva hozir Fransiyada yashaydi.

Siyosiy asira sifatida ko’rgan-kechirganlari haqida kitob yozayapti. O’zbekistonda korrupsiya va qashshoqlik masalasini yoritadigan hujjatli film ham ishlamoqda.

“Biz bormiz, dunyo yurtimizdagi vaziyat haqida biladi, oz bo’lsa-da xalq dardini olib chiqayapmiz”,- deydi u.

O’zbekistonda yashab turib, atrofda aslida nima bo’layotganini bilish qiyin. Omma informatsion vakuumda yashaydi. Tashqaridan turib vaziyatni baholash osonroq, chunki yig’ilgan ma’lumotlarni tahlil qilish, masalaga har tomonlana nazar tashlash imkoniyatiga egasiz. Lekin Mo’tabar Tojiboyeva safdoshlar bilan aloqa qilish xavfli deya eslatadi.

“O’zbekistonga telefon qilsangiz, doimiy xavotirdasiz, men gaplashgan odamimga keyin nima bo’larkin deb. Lekin tashqaridan turib vaziyatni xolisroq baholay olasiz. Masalan, biror huquq himoyachisini hibsga olishdi va adolatsiz sud jarayoni o’tayapti. O’zbekistonda bo’lsangiz, bu haqda xabar yetkazasiz. Tashqarida esa siz bu, hibsdagi odam, himoya bilan ta’minlanishi uchun, unga moliyaviy yordam berish uchun harakat qilish mumkin. Yana bir tomondan, O’zbekistondagi vaziyatga qiziqqan xalqaro tashkilotlarga bu borada ma’lumot berish va ular orqali ta’sir o’tkazish imkoni ham bor”.
Kim haq, kim nohaq ekanini faqat vaqt ko’rsatadi, deydi Mo’tabar Tojiboyeva, tanqid qilish oson, lekin amalda biror yutuqqa erishish uchun mehnat qilish kerak, izlanish kerak, shu paytgacha mahkam yopiq turgan eshiklarni ochishga harakat qilish kerak.

O'zbekiston  elchixonasi qarshisida piket
Vashingtonda O’zbekiston elchixonasi qarshisida piket… Bulardan foyda nima deb so’rasangiz, namoyishchilarning javobi shuki, bu chiqishlar ozmi ko’pmi dunyo ahlini ularning vatanidagi muammolardan voqif qiladi.

Muhojirlar orasida birdamlik, hamfikrlik yo’q ekan, deydi faol, “xalqimizga nafimiz tegayapti” deb maqtanish qiyin.

“Xorijga chiqib ketganlarning hammasi O’zbekiston xalqiga foyda keltirayapti deb aytolmayman. Chunki ko’pchilik harakatsiz, o’zaro qarshilik kuchli. Juda oz sondagi faollar O’zbekistonda fuqaro jamiyati uchun, ahvolni yaxshilash uchun kurashayapti. Bu ishlar bugun ertaga ko’zga ko’rinadigan narsalar emas. Lekin men va men singari insonlarning sa’y-harakatlari o’z mevasini beradi degan umiddaman. Kelajak avlod uchun… O’zgarishlar, yaxshilanishlarga o’zimiz ham guvoh bo’lamiz deb ishonaman”,- deydi Mo’tabar Tojiboyeva.

O’zbekistondagi holatni tashvishlanarli deb baholaydigan xalqaro tashkilotlar nazarida odamlarni tirikchilikka berilib, siyosat va huquq masalasiga loqayd deb ayblash to’g’ri emas.

Har bir fuqaro, qanchalik fidoiy bo’lmasin, o’z ravnaqi, oilaviy farovonligi haqida qayg’uradi. O’zbekiston ommasi qo’rquvda yashashga o’rganib ketgan, odamlar nima bo’layotganini biladi, ammo uni ochiq aytishdan hayiqadi.

Ishonmasangiz, mamlakat qamoqxonalarida o’tirgan yoki o’tirib chiqqan faollardan so’rang, deydi ular. Ularning esa safi keng. Tanqidchi shoir Yusuf Jumadan tortib, mustaqil jurnalist Dilmurod Sayidgacha. Ro’yxatning naqadar uzun ekanini ko’rib dahshatga tushasiz, deydi huquq himoyachilari. Ko’pining taqdiri qorong’u.

Mar 222010
 
Maxfiy asirlar va O’zbekiston; BMT maxsus vakili bilan suhbat


22/03/2010
Manfred Nowak
Manfred Novak, BMTning Qiynoqlarga qarshi maxsus vakili

Terrorga qarshi urushda asirga tushganlar uchun yashirin qamoqxonalar qayerda bo’lgani va ular bir mamlakatdan boshqasiga qanday olib o’tilganini tekshirib chiqqan BMT hay’atiga ko’ra, O’zbekiston bu borada Qo’shma Shtatlar, xususan uning Markaziy Razvedka Boshqarmasi bilan hamkorlik qilgan. Continue reading »

Feb 182010
 
Ismoil Somoniy
Tojikiston davlati asoschisi deya tilga olinadigan Ismoil Somoniy haykali, Dushanbe

Tojikistonda saylovlar yaqin, islomiy muxolifat umidga to’la



18/02/2010

28 fevralda Tojikistonda parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar o’tkaziladi.

Saylov kampaniyasi davrida muxolifat o’ta faollik ko’rsatmoqda. Xususan prezident Imomali Rahmon raislik qiluvchi Xalq demokratik partiyasi keskin tanqid ostida.

Mamlakatda iqtisodiy ahvol og’irligicha qolmoqda. Ishsizlik va korrupsiya bu jamiyatni azaldan ezib kelayotgan muammolar. Sog’liqni saqlash va ta’lim tizimlari, maishiy xizmatlar xarob ahvolda.

??jikiston respublikasi saylov va referendumlar o’tkazish Markaziy komissiyasining bildirishicha, jarayonni xorijlik 400 dan ortiq mehmon, Mustaqil Hamdo’stlik Davlatlaridan 50 dan ziyod vakil, va 3000 ga yaqin mahalliy mutaxassislar kuzatmoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti xodimlari ham mamlakat bo’ylab saylov tizimi qanday joriy etilgani bilan tanishmoqda.

Tojikistonda Oliy Majlis deputatligiga nomzodlik huquqini olish uchun 1600 dollar atrofida o’ziga xos garov puli to’lash uslubi ko’pgina partiya va shaxslar imkoniyatini cheklab qo’ygan.

Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi So’g’d viloyat bo’limi raisi Hoji Naimjon Sa’miyev fikricha saylovda partiya ishtiroki juda faol. Uning aytishicha mahalliy majlislarga nomzod ko’rsatishda Islom uyg’onish partiyasi ancha ilgariga ketgan.

[insert caption here]
Prezident Rahmon saylovlar demokratik o’tadi deya va’da bergan

“Viloyatga agar 70 deputat saylanadigan bo’lsa, bizdan 38 nomzod bor. Nohiyalarda esa 600 joydan 240tasiga bizning vakillar da’vogarlik qilishmoqda. Bu esa mahllaiy deputatlarning 70 foizini tashkil etadi. Bu 2005 yildagiga qaraganda ancha oldinga siljiganimizni ko’rsatadi”,-deydi u.

Sa’miyev deydiki, ko’pgina saylov havzalari va uchastkalarida komissiya a’zoligiga ulardan vakillar kiritilishiga to’sqinlik bo’lgan.

Islom Uyg’onish partiyasi So’g’d viloyat saylov shtabi boshlig’i Mirzoqul Hojimatov quyidagilarni ta’kidlaydi:

“Qonunga ko’ra saylovni hukumat o’tkazmaydi, lekin hamma biladiki, saylov havzalarida 99 foiz hukumat odamlari. Yo biron idorani raisi yo hukumatda ishlaydiganlar, eng kichkinasi o’qituvchilarki, hammasi hukumatga qarashli odamlar, ham ularning 90 foizdan ortigi hukmron partiya a’zolaridir”.

Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasidan Oliy Majlis deputatligiga nomzod bo’lgan Dilbar Samadova fikricha, saylovlarga sanoqli kunlar qolgan bo’lsa ham, saylovoldi kampaniyasi respublikada qurilishi boshlangan Rog’un GESi targ’iboti soyasida qolib ketmoqda.

Prezident Imomali Rahmon saylovlar oshkora o’tadi deya so’z bergan.

Lekin Islom uyg’onish partiyasi faollari saylovoldi kampaniyasida bo’layotgan adolatsizliklar ustidan sud va xalqaro tashkilotlarga murojaat qilmoqchi.

Bu yilgi saylovda oldinga siljish bor, deydi muxolifat a’zolari, ammo qonunbuzarlik holatlari hali ham ko’p uchraydi. ”

“Biz kamida 5-6 nohiya boshliqlarini sudga beramiz, hatto sudlarni ustidan ham ariza yozishga to’g’ri keladi. Shikoyatlarga hozircha javob yo’q. Qonunda aytganki, saylov haqida bo’lgan shikoyatlar 3 kun ichida hal bo’lishi kerak. Lekin ularni na javobu yo’q, na savoli yo’q”,- deydi Naimjon Sa’miyev.

“Shunaqa davlat. Lekin biz bu davlatni fuqorolari, bu davlatni ulardanam biz yaxshi ko’ramiz. Biz, inshoolloh, sabr bilan harakat qilamiz. Bu demokratiya hech qaysi davlatga o’n yoki yigirma yilda kelmagan. Sabr,tortishuvlar, harakat va tushintirish bilan, inshoolloh, qadam ba qadam oldinga borish bor. Mana ba’zi nohiyalarda, alhamdulillohki, qabul qildilarku (deputatlikka nomzodlarni ro’yxatga olishdi demoqchi), xay, kelgusi saylovda hamma nohiyalarda qabul bo’ladi,- deydi Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi saylov shtabi boshlig’i Mirzoqul Hojimatov.