Prezident Shavkat Mirziyoyevga muxolifat kerakmi?!

Spread the love

Ozbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi”da [1,2] Sud tizimining, Oliy Majlisning mustaqil bo’lishi to’g’risida, Bosh vazir va vazirlarning har chorakda Oliy Majlis deputatlariga hisobot berishi to’g’risida, viloyat va tuman hokimlarining viloyat va tuman kengashlariga hisobot berishi to’g’risida va mamlakatda 2019- yilda otkaziladigan saylovlar to’g’risida to’xtalib o’tildi.

Murojaatnoma gulduros qarsaklar bilan olqishlab turildi. Lekin, meni o’ta hayron qoldirgan narsa prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatga muxolifat kerakligi, zarurligi to’g’risida lom-mim demadi.  Zero, O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 34-moddasida muxolifat huquqlari kafolatlangan. [3].

34-modda.

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.

Yuqorida aytib o’tganimdek meni o’ta hayron qoldirgan narsa nahotki prezident Shavkat Mirziyoyev 21-asrning 19-yilida yashasakda mamlakat uchun muxolifat suvday, havoday zarurligini bilmasa?  Nahotki, deputatlar ham mamlakat uchun muxolifat zarurligini bilishmasa? O’zbekiston jamiyatichi?!

Dunyoning rivojlangan mamlakatlari tarixiy tajribasi shuni ko’rsatadiki, inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilmasdan, siyosiy muxolifatsiz iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyotga erishib bo’lmaydi.

Men “O’zbekiston Fitch va Standard & Poor’slarning reytingini oldi. Soliq to’lash” nomli maqolam va videoda [4,5] ta’kidlab o’tganimdek, Fitch va Standard &Poor’s xalqaro kredit agentliklari O’zbekistonda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot $1,200 ekanligini aniqlashgan.

 Bu yerda bu ko’rsatkichning shunisi ajablanarliki, marhum diktator Islom Karimov davrida bu ko’rsatkich $2,200ga teng edi, prezident Shavkat Mirziyoyev davrida esa $1,504. [6]. Ya’ni bu ko’rsatkich marhum diktator Islom Karimov davrida ham Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ham oshirib, ko’pirtirib keltirilgan.  Endi shu narsa ma’lum bo’lyaptiki, dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish bo’yicha 2017 yilda 10,714 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda $1,504 emas [7] $1,200. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rta darajasidan 7 baravar orqada emas, 9 baravar orqada.

O’zbekiston iqtisodiyoti men avvalgi maqolalarimda ko’p marta ta’kidlab o’tganimdek, dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha sotib olish pariteti bo’yicha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish ( PPP- Purchasing Power Parity per capita) 17,300 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda $7000 emas [7], $3,500.  Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rta darajasidan 2 baravardan ko’proq orqada emas, 5  baravar orqada.

Bu ko’rsatkichlar O’zbekistonning iqtisodiy jihatdan dunyodan juda orqada qolganligini, iqtisodiy qoloq mamlakat ekanligini ko’rsatadi.

 Iqtisodiy qoloqlik siyosiy tizimning qoloqligidan kelib chiqadi.  

O’zbekistonda xonliklar davrida maddohlar xonni duolar o’qib olqishlashgan, Sovet davrida, marhum diktator Islom Karimov davrida qarsaklar bilan olqishlashgan.  Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ham prezidentning ma’ruzalari qarsaklar bilan olqishlanyapti.

Dunyoning rivojlangan, erkin, demokratik mamlakatlarida ham Prezident, Bosh vazir qarsaklar bilan olqishlanadi.  Lekin bu mamlakatlarda O’zbekistondan farqli ravishda siyosiy raqobat bor. Prezident, Bosh vazir va partiya yetakchilari erkin, demokratik saylovlarda g’olib chiqsalar qarsaklar bilan olqishlanadilar.

 Hanuz 2019-yil kelibdiki, O’zbekistonda erkinlik yo’q, erkin, demokratik saylovlar yo’q, siyosiy raqobat yo’q.  O’zbekiston siyosiy jihatdan, iqtisodiy jihatdan, ijtimoiy jihatdan hanuz qoloq.

Yana shu yerda o’zbek muxolifatiga to’xtalib o’tishimga to’g’ri keladi.  Dastlab Birlik Xalq harakati nomidagi harakatni va keyinroq shu nomdagi partiyani 29 yildan beri boshqarib kelayotgan Abdurahim Po’latov, Erk demokratik partiyasini 28 yildan beri , O’zbekiston Xalq harakatini 7 yildan beri boshqarib kelayotgan Muhammad Solih va Birdamlik Xalq demokratik harakatini va keyinroq shu nomdagi partiyani 14 yildan beri boshqarib kelayotgan Bahodirxon Turkiston (Bahodir Choriyev) kabi dohiylar koalitsiyaga uyushib siyosiy kuchga aylanishni umuman xohlashmaydi. [8,9].

O’zbek muxolifati qariyb 30 yil davomida siyosiy kuchga aylana olmadi.  O’zbek muxolifati yetakchilari yetakchilikdan dohiylarga aylanib qolishdi.

 O’zbekiston jamiyati 30 yil o’tdiki, iqtisodiy erkinlik uchun, siyosiy erkinlik uchun siyosiy kuchga aylanib kurasha olmayapti.

 Natijada O’zbekistonda hanuzgacha baquvvat o’rta sinf va kuchli fuqaroviy jamiyat shakllana olmadi. O’zbekiston jamiyati maddohvozlikdan va dohiylarning orqasidan podadek ergashib yurishni bas qilishlari payti keldi deb o’ylayman.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

4-yanvar, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. UZBEK TV. 28.12.2018. Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг Олий Мажлисга Мурожаатномаси. Манба: Ўзбекистон Миллий Телерадио Компанияси.

( https://www.youtube.com/watch?v=cyw-fEU7zks ).

2. Президент Мурожаатномаси: тўлиқ матн. 29.12.2018. (https://kun.uz/news/2018/12/28/prezident-murojaatnomasi-toliq-matn ).

3. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

4. O’zbekiston Fitch va Standard & Poor’slarning reytingini oldi. Soliq to’lash. 28.12.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/962 ).

5. O’zbekiston Fitch va Standard & Poor’slarning reytingini oldi. Soliq to’lash. Video. 29.12.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/965 ).

6. The World Bank. 2017. GDP per capita (current US$) .(https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.CD ).

7. List of countries by GDP (PPP) per capita. 2017. (https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP)_per_capita ).

8. Bahodirxon Turkiston-o’zbek muholifatining yosh dohiysi! O’zbekiston vatandoshlari dohiylarning orqasidan podadek ergashib yurishni bas qilishlari kerak. 16.11.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/918 ).

9. Bahodirxon Turkiston-o’zbek muholifatining yosh dohiysi! O’zbekiston vatandoshlari dohiylarning orqasidan podadek ergashib yurishni bas qilishlari kerak. Video. 17.11.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/921 ). (https://www.youtube.com/watch?time_continue=11&v=xbdlccMgHzY ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.