O’zbekistonda nimalar o’zgardiyu, nimalar o’zgarmadi? Prezident Shavkat Mirziyoyevning 5 yutuqlari va 5 o’ta abgor holatlar.

Spread the love

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ikki yillik faoliyatiga baho berishda uning faoliyatini marhum diktator Islom Karimov davridagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy holat bilan taqqoslab baho berish mumkin, yoki O’zbekistonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy ko’rsatkichlar bo’yicha dunyodagi o’rni qandayligi bilan taqqoslab baho bersa bo’ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyatidagi 5 yutuqlar va 5 abgor holatlarga (o’zgarmagan holatlarga) baho berishdan oldin O’zbekistonning iqtisodiyoti men avvalgi maqolalarimda ko’p marta ta’kidlab o’tganimdek, dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha sotib olish pariteti bo’yicha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish ( PPP- Purchasing Power Parity per capita) 17,300 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 7000. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 2 baravardan ko’proq orqada. [1].

Dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish bo’yicha 2017 yilda 10,714 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 1,504. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 7 baravar orqada. [2].

Prezident Shavkat Mirziyoyevning  ikki yillik faoliyatidagi 5ta yutuqlar:

1.Erkin konvertatsiya.

O’zbekistonda 2017-yilning 5-sentyabrida AQSh dollarining qora bozordagi kursi bilan rasmiy kurs tenglashtirildi.  AQSh dollarining qora bozordagi kursi 8.000 so’mdan ko’proq edi, rasmiy kursi esa 4.000 so’mdan ko’proq edi. Marhum diktator Islom Karimov mustaqil O’zbekistonni 26 yil boshqargan davrida amalga oshira olmagan erkin konvertatsiyaga o’tish amalga oshirildi.  Faqat bitta katta kamchilik bilan, ya’ni banklar O’zbekiston vatandoshlaridan rasmiy kurs bo’yicha AQSh dollarini sotib oladi lekin, AQSh dollarini (har qanday valyutani) O’zbekiston vatandoshlariga sotmaydi.

2.O’zbekistonning tashqi dunyoga ochilishi.

Birinchi navbatda prezident Shavkat Mirziyoyev qo’shni mamlakatlar Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan bo’lgan avvalgi sovuq munosabatlarni keskin o’zgartirib bu mamlakatlar bilan do’stona yaxshi qo’shnichilik aloqalarini o’rnatdi.  Qozog’iston bilan munosabatlarni yanada yaxshiladi. Ya’ni boshqacha aytganda Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg’oniston, Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston o’rtasida yaxshi qo’shnichilik, siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda yaxshi o’zaro hamkorlik yo’lga qo’yildi.

Dunyoning yetakchi mamlakatlari AQSh, Xitoy, Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston va boshqa davlatlar bilan yaxshi siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalar o’rnatildi.

O’zbekistonga turistlar kelishini osonlashtirish uchun ko’p mamlakatlar uchun vizalar bekor qilindi, elektron vizalar berish yo’lga qo’yildi va hokazo.

3.Majburiy mehnat.

O’zbekiston marhum diktator Islom Karimov davrida majburiy mehnatga 4 foizcha aholi jalb qilingan bo’lib, dunyoda Shimoliy Koreyadan keyin 2-o’rinni egallagan edi,

2018-yilda esa O’zbekiston dunyoda 69-o’rinni egalladi.  Bu ma’lumot 2018-yilning sentyabrigacha bo’lgan ma’lumot.  [3,4,5].

Bu yilgi (2018) paxta mavsumida talabalar, o’qituvchilar, shifokorlar majburiy mehnatga nihoyatda kam jalb qilindi.  Biroq, bu yil ham davlat muassasalarida ishlovchi xodimlar ko’plab majburiy mehnatga jalb qilindi. Paxta mavsumi hattoki 1-dekabrgacha davom etdi.  Marhum diktator Islom Karimov davrida bolalar mehnati keskin kamaytirilganini hisobga olsak, O’zbekistonda majburiy mehnat bo’yicha anchagina ijobiy siljish bor.  Lekin baribir ham O’zbekiston vatandoshlari majburiy mehnatdan qutildik deyishiga bir necha qovun pishig’i bor.

4.Internet tezligi.

O’zbekistonda 2018-yilning 1-dekabrigacha internet tezligi juda ayanchli ahvolda edi. Irlandiyaning Ookla kompaniyasiga tegishli speedtest.net saytida dunyo mamlakatlari bo’yicha internet tezligi keltirilgan.  [6].

Speedtest Global Index. October 2018, ya’ni o’zbekchasiga 2018-yilning oktyabri uchun internet tezligining global ko’rsatkichi.

Men shuni eslatib o’tishni lozim topdimki, internet tezligi mobil telefonlar uchun alohida va sobit keng yo’lakli (fixed broadband) xizmati uchun -alohida.

O’zbekiston mobil telefonlar uchun yuklab olish (download) internet tezligi bo’yicha 9.73 Mbps bilan dunyoda 124 mamlakat ichida 110-o’rinda.

Norvegiya 67.7 Mbps bilan 1-o’rinda va dunyo bo’yicha o’rtacha ko’rsatkich (global average) 50.88 Mbpsligini hisobga olsak, O’zbekistondagi tezlik dunyoning o’rtacha darajasidan 5 baravar orqada, bu juda ayanchli ahvol.

O’zbekiston sobit keng yo’lakli xizmati uchun yuklab olish uchun internet tezligi 9.28Mbps bilan dunyoda 130 mamlakat ichida 112-o’rinda.

Singapur 181.47 Mbps bilan dunyoda 1-o’rindaligi va dunyo bo’yicha o’rtacha ko’rsatkich 23.80 Mbpsligini hisobga olsak, O’zbekistondagi tezlik dunyoning o’rtacha tezligidan 2 baravardan ko’proq pastdir.

2018-yilning 1-dekabridan boshlab internet tezligi 10 baravar oshishi oldindan ko’plab marta e’lon qilingan edi.  Lekin, centre1.com internet saytining yozishi bo’yicha [7] 1-dekabrdagi internet tezligining oshishi hammani ham xursand qilmagan. O’zbektelekom milliy operatori internet trafikning o’tkazish qobiliyatini 10 marta oshirgan.

Lekin, 1-dekabr kuni o’zbekistonlik 20 milliondan ko’proq  internet foydalanuvchilari hayratdan yoqalarini ushlashgan.  2 kun davomida internet ishlamagan. Biroq, 3-dekabr ya’ni dushanba kuni internet ishlashni boshlagan, ayrim internet foydalanuvchilari internet tezligi oshganligidan xursand bo’lishgan ayrimlari esa internet tezligining oshganini umuman sezishmagan.  Facebook va youtube avvalgidek butunlay ishlamagan.

O’zbektelekomning bir xodimining aytishi bo’yicha, (bu xodim o’z nomini aytishni xohlamagan) internet tezligini oshirish bo’yicha modernizatsiya muvaffaqiyatli bo’lgan va bu o’zgarishni faqatgina optik internetdan foydalanuvchilar sezishgan.  Eski optik bo’lmagan infrastrukturadan foydalanganlar esa internet tezligining oshganini umuman sezishmagan.

Qisqasi, O’zbekistonda internet tezligi oshgan, internet tezligini oshirish bo’yicha eski infratuzilmani (infrastruktura) modernizatsiya qilish davom ettiriladi.

5.Vijdon mahbuslarining ozod etilishi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ko’plab vijdon mahbuslari-huquqbonlar, mustaqil jurnalistlar va siyosiy faollarning ko’plari (30dan ortiq) ozod etildi. Shu jumladan O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyatining 7 a’zosi ham ozodlikka chiqarildi. 16 ming diniy muxolifatga tegishli qora ro’yxat bekor qilindi.

Yuqorida keltirilgan 5ta yutuqdan tashqi dunyoga ochilish va vijdon tutqunlarining ozod qilinishi bo’yicha ko’zga ko’rinarli, sezilarli ijobiy natijaga erishilgan, lekin, erkin konvertatsiya, majburiy mehnat va internet tezligi bo’yicha to’la yutuqqa erishilgan deya olmayman.  Biroq, ijobiy o’zgarish -bu muammolarga barham berishga kuchli intilish borligini tan olishga majburman.

Endi ijobiy o’zgarishlar bo’lmagan 5 o’ta abgor holatlarga navbat.

1.Tengsizlik.  

 Tengsizlikni kamaytirish bo’yicha majburiyat (qat’iyat) ko’rsatkichi -2018, 3-jadval, 19-bet( Commitment to Reducing Inequality Index 2018,table 3, page 19).  [8].

Bu jadvalda mamlakatlarning tengsizlik bo’yicha joylashuvi ta’lim, tibbiy xizmat, soliq siyosati, mehnat huquqlari va maoshlarni hisobga olgan holda joylashtirilgan.

Jadvalning 1-o’rnida Daniya mamlakati joylashgan.

O’zbekiston(156) 157 mamlakat ichida oxiridan 2-o’rinda Nigeriyadan keyin(157).

Yana shu narsa ko’rinib turibdiki, O’zbekistondagi tengsizlik Afg’onistondan ham yomon ahvolda, dunyoda ham eng yomon ahvolda.

Jadvalga ko’ra, O’zbekiston ta’lim va tibbiy xizmat bo’yicha dunyoda 42-o’rinda, soliq siyosati bo’yicha 156-o’rinda, mehnat huquqlari va maoshlar bo’yicha 132-o’rinda.

Ta’lim va tibbiy xizmat bo’yicha dunyoda 42-o’rinni egallaganligini bu sohalarning sovet tuzumidan meros bo’lib qolganligi va hozirgi paytda millionlab mehnat muhojirlari O’zbekistonga jo’natayotgan bir necha milliardlab dollar pullarning bu sohalarga sarflanayotgani bilan asoslash mumkin.

Soliq siyosati bo’yicha 156-o’rinni egallaganligi esa, O’zbekistondagi korruptsiya darajasining yuqoriligi bilan belgilanadi.  Ya’ni O’zbekistondagi yuqori lavozimni egallagan amaldorlarga tegishli bo’lgan tadbirkorlarning (vazirlar, viloyat,tuman hokimlari bozorkomlar va hokazo amaldorlar) soliq to’lamasligi.

Mehnat huquqlari va maoshlar bo’yicha dunyoda 132-o’rinni egallaganini esa, O’zbekistondagi kasaba uyushmalarning ishchi, xodimlarning mehnat huquqlarini amalda himoya qilmasligi bilan izohlanadi.

2.Korruptsiya.

Marhum diktator Islom Karimov davrida O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha dunyodagi o’ta korruptsiyalashgan eng 5, eng 10 mamlakatlar qatoriga kirar edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida esa O’zbekiston korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha (Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatoriga kiradi.[9].

Ya’ni bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, O’zbekiston o’ta korruptsiyalshgan 5, 10 mamlakatlar qatorida bo’lganda iqtisodiy taraqqiyotga erisha olmagandi, endi eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlar qatorida bo’lib iqtisodiy taraqqiyotga erisha oladimi?!

3.Raqobatdoshlik.

Global raqobatdoshlik ko’rsatkichi 4.0 (Global Competitiveness 4.0). [10].

Global raqobatdoshlik ko’rsatkichi 4.0 bo’yicha AQSh 85.6 ball bilan 1-o’rinda joylshgan.

Global raqobatdoshlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston dunyodagi 140 mamlakat ichida yo’q.

 Bu nima degan gap? Dunyodagi iqtisodi eng qiyin holatda bo’lgan Venesuela, Zimbabve, Mozambik, Brundi va hattoki qo’shni mamlakatlar Qirg’iziston, Tojikiston bu ro’yxatda bo’lgani holda O’zbekiston yo’q, xuddi Shimoliy Koreya va Turkmaniston bu ro’yxatda yo’q bo’lgani kabi.

4.Dunyodagi 1000 eng ilg’or universitetlar.

 Dunyo Universitetlarining o’rni 2019 (World University Rankings 2019) [11] ro’yxatida dunyodagi 1000 universitetlar keltirilgan, lekin bu ro’yxatda O’zbekistondan birorta ham universitet yo’q.  Mintaqalar (regionlar) bo’yicha ham eng ilg’or universitetlarning ro’yxati tuzilgan. [12].

Shu jumladan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo’yicha (QS.EECA University Rankings 2019)[12] ro’yxatda 300 eng ilg’or universitetlar keltirilgan.

Ro’yxatda Turkiya, Rossiya, Chexiya, Bolgariya, Ukraina, Belorussiya, Qozog’iston va boshqa ko’plab mamlakatlarning ilg’or universitetlari keltirilgan.  Biroq, bu ro’yxatda O’zbekistondan bironta ham universitet yo’q.

5.Iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik.

O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (Economic Freedom Index) 51,5 bal bilan 152-o’rinni egallaydi va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatoriga kiradi.[13].

Chegara bilmas muxbirlar ( Reporters Without Borders) tashkilotining 2018-yilgi hisobotiga ko’ra, matbuot erkinligi bo’yicha O’zbekiston 180 mamlakat ichida 60,84 ball bilan 165-o’rinda. [14].

Freedom House tashkilotining Internetda erkinlik 2018 (Freedom House. FREEDOM ON THE NET 2018 ) hisobotiga ko’ra O’zbekiston 65 mamlakat ichida internet erkin bo’lmagan mamlakat bo’lib, ro’yhatning oxiridan 7-o’rinda joylashgan. Internet erkinligi O’zbekistondan yomon bo’lgan mamlakatlar V’etnam, Kuba, Efiopiya, Suriya, Eron va Xitoydir. Internet erkinligi Xitoyda eng yomon. [15, page 24].

Xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekiston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 7 balga ega bo’lib dunyoning eng 10 ta yomonlari qatorida.  [16].

Yuqorida keltirilgan 5ta o’ta abgor holat bo’yicha ijobiy natijaga erishish prezident Shavkat Mirziyoyev uchun O’zbekiston vatandoshlariga iqtisodiy, siyosiy erkinliklar bermasdan, ya’ni baquvvat o’rta sinf va kuchli fuqarolik jamiyati yaratmasdan ijobiy natijaga erisha olmaydi.

Yuqorida keltirilgan o’ta abgor holatlarga quyidagi abgor holatlarni sanab o’tishni lozim topdim.

1.O’zbekistonning global innovatsion reytingda ko’rsatilmaganligi, yo’qligi. [17].

O’zbekistonning global innovatsion reytingda ko’rsatilmagani, yo’qligi.  

Global innovatsion joylashuvlar 2018(Global Innovation Rankings 2018) [18].

430 betlik hisobotning 22-beti (page 22).

Shvetsariya mamlakati 68,40 ball bilan 1-o’rinni egallagan.

Yuqoridagi mamlakatlarning dunyodagi innovatsion ko’rsatkich bo’yicha joylashuvidan ko’rininb turibdiki, dunyodagi 126 mamlakat ichida O’zbekiston yo’q, Turkmaniston va Shimoliy Koreya yo’q kabi.

Global innovatsion ko’rsatkichning mamlakatlarning joylashuvida Turkiya 37,42 ball bilan 50-o’rinni egallagan.

1-o’rinni egallagan Shvetsariyada 68,40 ball,

Tojikiston 26,51 ball bilan 101-o’rinni egallagan.

O’zbekistonning global innovatsiya ko’rsatkichi Tojikistonga yaqin deb olsak, Turkiya darajasiga(37,42) yetish uchun 10 ball, Shvetsariya darajasiga(68,40) yetish uchun 40 ball kerak bo’ladi.

Demak, birinchidan O’zbekiston global innovatsion ko’rsatkich bo’yicha 126 mamlakatdan iborat ro’yxatga kirishga erishishi kerak.

Ikkinchidan O’zbekistonning darajasi Tojikiston darajasiday deb olganimizda, 10 balldan ko’proq ball to’plab Turkiyani quvib o’tishi kerak, lekin, Turkiya 2030-yilgacha innovatsion ko’rsatkich bo’yicha tinmay rivojlanadi.

2.O’zbekistonda davlat mulkchiligining hukmronligi.

O’zbekistonga sobiq SSSRdan davlat mulkchiligi meros bo’lib qolgan. (yer,bozorlar,sanoat korxonalari va hokazo).

Hozirgacha O’zbekistonda mulkchilikning necha foizi davlat mulkchiligi, necha foizi xususiy mulkchilikka tegishliligi ochiqlanmagan.

Jahon tajribasidan ma’lumki, xususiy sektorning iqtisodiy samaradorligi doimo davlat mulkchiligining iqtisodiy samaradorligidan ancha yuqori.

3.Xalqaro reytinglar berilmagani.

O’zbekistonga xalqaro kredit reyting agentliklari: Standard & Poor’s, Fitch, va Moody’s tomonidan reyting berilmagan.  Bu reyting agentliklari Turkiyaga reyting bergan, shu jumladan Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonga reyting bergan, lekin O’zbekistonga emas.[19,20].

4. O’zbekiston Jahon Savdo tashkilotiga a’zo bo’lmagan.

5. O’zbekistonda oltin bo’yicha ma’lumotlarning oshkor emasligi.

6. Gaz, svet, suv muammolari.

7. Orol fojeasi, chinorlar qirg’ini, daraxtlar qirg’ining boshlanishi, qurilayotgan AESning xavfliligi.

8. Narxlarning maoshlarga nisbatan tez o’sishi.  Inflyatsiya.

9. Sud-huquq tizimining adolatsizligi.

10.Norozilik bildirish, erkin, demokratik saylovlarning yo’qligi.

Yuqorida keltirib o’tilgan yutuqlar, o’ta abgor va abgor holatlarni sanab o’tish meni ham juda qiynab yubordi, maqolani o’quvchilar ham keltirilgan yutuq va muammolarni o’qishdan juda charchagan bo’lsalar kerak.

Biroq, O’zbekistonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy qoloqligi dunyoda qanday darajaligini ko’rsatish uchun yuqoridagi ma’lumotlarni keltirishga majbur bo’ldim.

Bu siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy qoloqlikdan chiqish uchun naqadar ko’p ishlar qilinishi kerak.  Albatta, bu qoloqliklardan chiqsa bo’ladi. Chunki, 5ta yutuqqa erishildiku.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

7-dekabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. List of countries by GDP (PPP) per capita. 2017. (https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP)_per_capita ).

2. The World Bank. 2017. GDP per capita (current US$) .(https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.CD ).

3. Abdujalil Boymatov. O’zbekiston zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha dunyoda 69-o’rinda!? Shimoliy Koreyadan keyingi 2-o’rinda emas. 27.07.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/793 ).

4. The Global Slavery Index 2018. ( https://cdn.globalslaveryindex.org/2018-content/uploads/2018/07/19074032/GSI-2018_FNL_180628_Digital-small_p.pdf ).

5. The Global Slavery Index 2016. ( http://un-act.org/publication/the-global-slavery-index-2016/ ).

6. Speedtest Global Index .October 2018

( http://www.speedtest.net/global-index ).

7. Насколько улучшился доступ в Интернет в Узбекистане? И улучшился ли? 04.12.2018. ( https://centre1.com/uzbekistan/naskolko-uluchshilsya-dostup-v-internet-v-uzbekistane-i-uluchshilsya-li/ ).

8. Commitment to Reducing Inequality Index 2018.Table.3: CRI Index 2018 country rankings, page. 19 (https://oxfamilibrary.openrepository.com/bitstream/handle/10546/620553/rr-commitment-reducing-inequality-index-2018-091018-summ-en.pdf ).

9. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

10. World Economic Forum, Global Competitiveness Report 2018. Global Competitiveness Index 4.0 ( http://reports.weforum.org/global-competitiveness-report-2018/competitiveness-rankings/ ).

11. QS World University Rankings® 2019. (https://www.topuniversities.com/university-rankings/world-university-rankings/2019 ).

12. QS EECA University Rankings 2019.

( https://www.topuniversities.com/university-rankings/eeca-rankings/2019 ).

13. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

14. Reports without borders. 2018 World Press Freedom Index.(https://rsf.org/en/ranking_table ).

15. Freedom House. FREEDOM ON THE NET 2018

( https://freedomhouse.org/sites/default/files/FOTN_2018_Final%20Booklet_11_1_2018.pdf ).

16. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

17.Abdujalil Boymatov. O’zbekiston innovatsiya ko’rsatkichi bo’yicha 50ta eng ilg’or mamlakatlarga qo’shila oladimi!? 28.09.2018.(http://oz.hrsu.org/archives/864 ).

18. WIPO. Global Innovation Rankings 2018. ( http://www.wipo.int/edocs/pubdocs/en/wipo_pub_gii_2018-intro5.pdf ).

19. Big Three (credit rating agencies) .

( https://en.wikipedia.org/wiki/Credit_rating_agency ).

20. List of countries by credit rating.

( https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_credit_rating ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.