O’zbekiston innovatsiya ko’rsatkichi bo’yicha 50ta eng ilg’or mamlakatlarga qo’shila oladimi!?

Spread the love

O’zbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yilning 21-sentyabr kuni “2019-2021-yillarda O’zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to’g’risida” farmonni tasdiqladi.

O’zAda chop etilgan farmondan iqtibos: “Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qoʻllagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi.

Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgani islohotlarni mamlakatimizning jahon sivilizatsiyasi yetakchilari qatoriga kirish yoʻlida tez va sifatli ilgarilashini taʼminlaydigan zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarga asoslangan holda amalga oshirishni taqozo etadi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil ishlab chiqarishni modernizatsiya, diversifikatsiya qilish, uning hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini koʻrsatdi”.  Iqtibos tugadi. [1].

Yana shu farmondan iqtibos: “2. Belgilansinki:

a) mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish – Strategiyaning bosh maqsadidir;

b) bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish;

barcha darajada taʼlim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini taʼminlash;

ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun taʼlim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish;

innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablagʻlar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;

boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;

mulkchilik huquqlari himoyasini taʼminlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;

barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish”.  Iqtibos tugadi. [1].

Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonni 2030-yilga kelib innovatsiya koo’rsatkichi bo’yicha dunyoning eng ilg’or 50 ta mamlakatlariga qo’shmoqchi.  Bunga erishib bo’ladimi? Erishish uchun qanday to’siqlarni yengib o’tish kerak? Muammolarni hal qilish kerak?

Men innovatsion strategiya bo’yicha 2030-yilga kelib O’zbekiston eng ilg’or 50 mamlakatlarga qo’shila olishi o’ta murakkabligi to’g’risida o’z fikrlarimni bildirmoqchiman.  Bu murakkabliklar quyidagilardan iborat.

1. O’zbekistonning global innovatsion reytingda ko’rsatilmagani, yo’qligi.  

Global innovatsion joylashuvlar 2018(Global Innovation Rankings 2018) [2].

430 betlik hisobotning 22-beti (page 22).

Shvetsariya mamlakati 68,40 ball bilan 1-o’rinni egallagan.

1.Shvetsariya, 68,40;

2.Hollandiya, 63,32;

3.Shvetsiya, 63,08;

12.Janubiy Koreya, 56,63;

13.Yaponiya, 54,95;

17.Xitoy, 53,06;

24.Estoniya, 50,51;

43.Ukraina, 38,52;

46.Rossiya Federatsiyasi, 37,90;

..

48.Moldaviya, 37,63;

50.Turkiya, 37,42;

59.Gruziya, 35,05;

74.Qozog’iston, 31,42;

82.Ozarbayjon, 30,20;

86.Belorussiya, 29,35;

94.Qirg’iziston, 27,56;

101.Tojikiston, 26,51;

126.Yaman, 15,04.

Yuqoridagi mamlakatlarning dunyodagi innovatsion ko’rsatkich bo’yicha joylashuvidan ko’rininb turibdiki, dunyodagi 126 mamlakat ichida O’zbekiston yo’q, Turkmaniston va Shimoliy Koreya yo’q kabi.

Global innovatsion ko’rsatkichning mamlakatlarning joylashuvida Turkiya 37,42 ball bilan 50-o’rinni egallagan.

1-o’rinni egallagan Shvetsariyada 68,40 ball,

Tojikiston 26,51 ball bilan 101-o’rinni egallagan.

O’zbekistonning global innovatsiya ko’rsatkichi Tojikistonga yaqin deb olsak, Turkiya darajasiga(37,42) yetish uchun 10 ball, Shvetsariya darajasiga(68,40) yetish uchun 40 ball kerak bo’ladi.

Demak, birinchidan O’zbekiston global innovatsion ko’rsatkich bo’yicha 126 mamlakatdan iborat ro’yxatga kirishga erishishi kerak.

Ikkinchidan O’zbekistonning darajasi Tojikiston darajasiday deb olganimizda, 10 balldan ko’proq ball to’plab Turkiyani quvib o’tishi kerak, lekin, Turkiya 2030-yilgacha innovatsion ko’rsatkich bo’yicha tinmay rivojlanadi.

2.O’zbekistonda davlat mulkchiligining hukmronligi.

O’zbekistonga sobiq SSSRdan davlat mulkchligi meros bo’lib qolgan. (yer,bozorlar,sanoat korxonalari va hokazo).

Hozirgacha O’zbekistonda mulkchilikning necha foizi davlat mulkchiligi, necha foizi xususiy mulkchilikka tegishliligi ochiqlanmagan.

Jahon tajribasidan ma’lumki, xususiy sektorning iqtisodiy samaradorligi doimo davlat mulkchiligining iqtisodiy samaradorligidan ancha yuqori.

3.Oliy ta’limning sifatsizligi.

O’zbekiston dunyoning eng zo’r, ilg’or 980 ta universitetlari qatorida yo’q.[3].

4.Internet tezligi juda past. O’zbekiston Sobit Keng Yo’lakli yuklab olish (Fixed Broad Band, download) ko’rsatkichi bo’yicha 133 mamlakat ichida 126-o’rinni egallagan.  Ya’ni, ro’yxatning oxiridan 7-o’rinni egallagan.

Mobil telefon uchun dunyo bo’ylab o’rtacha(Global Average) yuklab olish(download, Mbps) 23,54,

yuklab qo’yish(upload Mbps) 928.

O’zbekiston ( 8.95 Mbps, download) dunyodagi 124 mamlakat ichida 113-o’rinni, ya’ni ro’yxatning oxiridan 11-o’rinni egallagan. [4].

5.Maktab, oliy o’quv yurti o’qituvchilarining oylik maoshlari juda kam.

O’zbekistondagi yuqori sinf o’qituvchilarining maoshi bilan dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi o’qituvchilarning maoshlari bilan taqqoslasak:

O’zbekistonda yuqori sinf o’qituvchilari maoshi o’rtacha 125 AQSH dollariga teng, umuman olganda 100-200 AQSH dollari atrofida.[5,6].

Dunyoning rivojlangan mamlakatlari;

1.Lyuksemburgda yangi ishni boshlagan o’qituvchi bir yilda 80.000 dollarga teng yillik maosh oladi. 15 yil ishlagandan keyin esa 140.000 AQSH dollaridan ham ko’proq yillik maosh olishi mumkin. Ya’ni bir oylik maoshi 6.600 dollardan boshlanib 12.000 dollardan ham ko’proq bo’lishi mumkin [7].

2.Frantsiyada yangi ish boshlagan o’qituvchi bir yilda 35.000 AQSH dollari, eng ko’pi bilan 60.000 AQSH dollarigacha yillik maosh olishi mumkin. Bir oylik maosh 3.000 AQSH dollaridan 5.000 gacha olishi mumkin.

3.Janubiy Koreyada 30.000 AQSH dollari, ular eng ko’pi bilan 80.000-85.000 yillik maosh olishi mumkin. Ya’ni oylik maoshi 2.500 dan 7.000 AQSH dollarigacha bo’ladi.

4.Yaponiyada 20.000-23.000 AQSH dollaridan 60.000 AQSH dollari yillik maosh olishi mumkin. Ya’ni oylik maoshi 2.000 dan 5.000 AQSH dollarigacha.[7]”.

6.Korruptsiya darajasi juda yuqori. O’zbekiston korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha (Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatoriga kiradi.[8].

7.Iqtisodiy va siyosiy erkinliklar yo’q.

O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (Economic Freedom Index) 51,5 bal bilan 152-o’rinni egallaydi va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatoriga kiradi.[9].

Xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekiston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 7 balga ega bo’lib, dunyoning eng 10ta yomonlari qatorida.[10].

8.Iqtisodiy qoloqlik.

O’zbekiston iqtisodiyoti men avvalgi maqolalarimda ko’p marta ta’kidlab o’tganimdek, dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha sotib olish pariteti bo’yicha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish ( PPP- Purchasing Power Parity per capita) 17,300 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 7000. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 2 baravardan ko’proq orqada. [11].

Dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish bo’yicha 2017 yilda 10,714 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 1,504. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 7 baravar orqada. [12].

Yuqorida keltirilgan 8 ta murakkabliklardan ko’rinib turibdiki, ya’ni bu to’siq va muammolarni hal qilish O’zbekiston sharoitida o’ta murakkab.  Ayniqsa, iqtisodiy qoloqlik, oliy ta’limning sifatini oshirish, yerni xususiylashtirish, O’zbekiston vatandoshlariga iqtisodiy, siyosiy erkinliklar berish va internet tezligini 10 baravar oshirib internetni erkinlashtirish.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev bu muammolarni hal qila olarmikan!?  Balkim, O’zbekiston tarixida kommunizm, O’zbekistonning kelajagi buyuk kabi shiorlarday innovatsiya strategiyasi ham amalga oshmaydigan shiordir?

Zero, marhum diktator Islom Karimov davrida “O’zbekiston-kelajagi buyuk davlat” degan shior O’zbekistonliklarga havola qilingan edi.  Natijasi marhum diktator Islom Karimovning qizlari Gulnora karimova va Lola Karimova-Tillayevalar milliarder bo’lishdi. Millionlab O’zbekiston vatandoshlari esa mehnat muhojirlari bo’lib Rossiyada, Qozog’istonda, Janubiy Koreyada, Turkiyada, AQShda va boshqa mamlakatlarda ishlab yurishibdi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

28-sentyabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. 2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida. 21.09.2018. ( http://uza.uz/uz/documents/2019-2021-yillarda-o-zbekiston-respublikasini-innovatsion-ri-21-09-2018 ).

2. WIPO. Global Innovation Rankings 2018. ( http://www.wipo.int/edocs/pubdocs/en/wipo_pub_gii_2018-intro5.pdf ).

3. World University Rankings 2016-2017.(https://www.timeshighereducation.com/world-university-rankings/2017/world-ranking#!/page/0/length/100/locations/TR/sort_by/rank/sort_order/asc/cols/stats ).

4. Speedtest Global Index June 2018. ( http://www.speedtest.net/global-index ).

5. Педагогларнинг таътил пуллари қандай ҳисобланади? 13.05.2017. (http://idum.uz/archives/11394 ).

6. Average monthly salary in Uzbekistan is US$125- Statistics committee. 15.12.2017.

( http://tashkenttimes.uz/national/1814-average-monthly-salary-in-uzbekistan-is-us-125-statistics-committee ).

7. Different Teacher Salaries Around the World. 2017. (https://www.educationdegree.com/articles/teaching-salaries-around-the-world ).

8. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

9. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

10. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

11. List of countries by GDP (PPP) per capita. 2017. (https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP)_per_capita ).

12. The World Bank. 2017. GDP per capita (current US$) .(https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.CD ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.