Prezident Shavkat Mirziyoyev inson huquqlari vaziyatini yaxshilamasdan O’zbekistonni qoloqlikdan chiqara oladimi?

Spread the love

1-sentyabr kuni O’zbekiston mustaqilligining 27 yilligi nishonlanadi.  O’zbekiston 27 yil davomida iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishda nimalarga erishdi?  

O’zbekistonning dunyo mamlakatlaridagi o’rni qayerda? degan savollar paydo bo’ladi.

Afsuski, O’zbekiston ommaviy-axborot vositalarida bu savollarga javob topa olmaysiz.  Prezident Shavkat Mirziyoyevning kelajakda O’zbekistonda hammasi yaxshi bo’ladi, iqtisodiy rivojlanamiz, ijtimoiy taraqqiyotga erishamiz, farovon yashaymiz, adolatli jamiyat quramiz kabi shiorlarga mos ruhda uning chiqishlari, uchrashuvlari keng yoritilyapti.

O’zAdan iqtibos: “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 29 avgust kuni Toshkent viloyatida boʻldi.

Davlatimiz rahbari dastlab Bekobod shahrida joylashgan mamlakatimizdagi yirik ishlab chiqarish obyektlaridan biri boʻlgan “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Prezidentimizning 2018 yil 9 yanvardagi “2018-2020 yillarda ”Oʻzmetkombinat“ AJni rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida kombinatda katta hajmdagi iqtisodiy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexi shulardan biridir. Davlatimiz rahbarining tashrifi chogʻida 60 million dollarlik loyiha asosida zamonaviy, energiya tejovchi va ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu sex ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda korxona ishchi-xodimlari, soha mutasaddilari, xorijlik investorlar ishtirok etdi.

Kombinat imkoniyatlaridan unumli foydalanish, qoʻshimcha ishlab chiqarish obyektlari barpo etish, 2-3 yil ichida kamida 15-20 ming ish oʻrni yaratish kerak. Buning zamirida odamlarni rozi qilishdek ezgu maqsad mujassam, dedi Prezidentimiz.

Janubiy Koreyaning “Posco Daewoo” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilgan yangi sexda yiliga 25 ming tonna ferrosilitsiy va ferrosilikomarganes ishlab chiqariladi. Bu bilan metall mahsulotlar tayyorlaydigan tarmoqlar talabi toʻliq qondirilib, yiliga 8 ming tonna ferroqotishmani eksport qilish, shu tariqa importdan voz kechib, 35 million dollarni tejab qolish imkoniyati paydo boʻladi. 300 dan ziyod yigit-qiz ish bilan taʼminlanadi.

Prezidentimiz quyish-prokatlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qoʻydi.

Mazkur loyiha qiymati 452 million dollar boʻlib, uning amalga oshirilishi natijasida 400 dan ziyod yangi ish oʻrni tashkil etiladi. Loyiha 2020 yilda toʻliq yakuniga yetkazilib, yiliga 1 million tonna 2-12 millimetr qalinlikdagi poʻlat listlar ishlab chiqariladi. Bu poʻlat listlar importini kamaytirish imkonini beradi. Yiliga 350 million dollar tejaladi. Shuningdek, yangi qurilayotgan Toshkent metallurgiya zavodining asosiy xomashyosi boʻlgan issiq holatda prokatlangan listlarga 500 ming tonnalik yillik ehtiyoj toʻliq qoplanadi. Quyuv-prokat majmuasini Italiyaning “Daniyeli” kompaniyasi barpo etmoqda”.  Iqtibos tugadi. [1,2,3].

Yana O’zAdan iqtibos: “Prezidentimiz Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 2018-2019 yillarda amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi.

Jumladan, Quyi Chirchiq tumanida velosiped ishlab chiqarish, Yuqori Chirchiq tumanida qishloq xoʻjaligi, Boʻka tumanida paxta-tekstil klasterlarini tashkil etish, Quyi Chirchiq tumanida kanopchilik sohasini qayta tiklash va rivojlantirish, Ohangaron tumanida zamonaviy gidroponik issiqxona ochish kabi qator loyihalar rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihalarni yanada takomillashtirish boʻyicha mutassaddilarga topshiriqlar berdi”.  Iqtibos tugadi.

Yana O’z Adan iqtibos: “Mamlakatimizda bunyod etilayotgan yirik sanoat korxonalari iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan Toshkent metallurgiya zavodi shulardan biridir.

Davlatimiz rahbari ushbu korxona qurilishi bilan tanishdi.

Loyiha qiymati 286,7 million yevrolik mazkur korxonaga xorijda ishlab chiqarilgan ilgʻor va zamonaviy uskunalar keltiriladi. Korxonada avtomobil kuzovlari va maishiy texnika uchun metall listlar, metall cherepitsalar, profnastil tayyorlanadi. Korxona toʻliq quvvatda ishga tushirilgach, yiliga 500 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi. 700 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi”. Iqtibos tugadi.

Ozodlikdan iqtibos: “GM Uzbekistan AJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi qayta boshlangani va xaridorlar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olgan holda, kompaniya tomonidan O’zbekiston Respublikasi bozoridagi xaridorlar talablarini qondirish maqsadida, talab yuqori bo’lgan avtomobillar modellarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirishning tez moslashuvchan mexanizmini joriy qilish to’g’risida qaror qabul qilindi. Bu haqda GM Uzbekistanning rasmiy saytiga tayanib, kun.uz xabar qildi.

Xususan, “General Motors O’zbekiston” AJ tomonidan mexanik uzatmali “Nexia” avtomobillarini ishlab chiqarish hajmlari avgust oyidan boshlab 3 501 donaga,sentyabr oyida esa 4 143 donagacha oshiriladi, yil oxirigacha esa ushbu modelning ishlab chiqarish hajmlari 34 804 donagacha yetkaziladi.

Shuningdek, “Malibu” avtomobillarini ishlab chiqarish hajmlari oyiga 240 donadan 2 200 donaga oshirish rejalashtirilgan”.  Iqtibos tugadi. [4].

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar O’zbekiston vatandoshlarida kelajakka katta umidlar uyg’otadi.

Quyidagi ma’lumotlar esa dunyo jamoatchiligida O’zbekistonga nisbatan ijobiy umidlar uyg’otgandi, uyg’otyapti.

Marhum diktator Islom Karimov davrida o’lim jazosi bekor qilindi. Bolalar mehnati keskin kamaytirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida esa majburiy mehnat keskin kamaytirilib, O’zbekiston zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha dunyoda 2016-yilda Shimoliy Koreyadan keyin ikkinchi o’rinni egallagan bo’lsa, 2018-yilda esa dunyoda 69-o’rinni egalladi.  [5].

Keyingi yillar O’zbekiston 69-o’rinni egallaganligini dunyo jamoatchiligiga isbotlashi kerak.

Siyosiy mahbuslar – muxolifat faollari, inson huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistlar va diniy mahbuslar ozod qilindi.

15ming diniy faollar qora ro’yxatdan chiqarildi.

Bulardan tashqari erkin konvertatsiyaga o’tilganligi va qo’shni mamlakatlar bilan munosabatlar iliqlashganini, chegaralar ochilganini hisobga olsak, prezident Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston vatandoshlarining va dunyo jamoatchiligining olqishiga sazovor bo’lganini ko’ramiz.

Lekin, men O’zbekiston propagandasi ta’siridan butkul bo’lmasada ko’proq xalos bo’lgan holda shuni aytishim mumkinki, O’zbekistonning dunyodagi iqtisodiyot bo’yicha, inson huquqlari bo’yicha ko’rsatkichlari juda abgor holatda.

Mening “Internet tezligi past bo’lgan O’zbekistonda ta’lim sifati yuqori bo’lishi mumkinmi”?! nomli maqolam va shu nomdagi videodan iqtibos: [6,7].

Lekin, O’zbekiston iqtisodiyoti men avvalgi maqolalarimda ko’p marta ta’kidlab o’tganimdek, dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha sotib olish pariteti bo’yicha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish ( PPP- Purchasing Power Parity per capita) 16ming AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 7000. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 2 baravardan ko’proq orqada. [8,9].

Dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish bo’yicha 2017 yilda 10,714 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 1,504. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 7 baravar orqada. [10].

O’zbekistonda korruptsiya darajasini kamaytirish uchun kuchli fuqarolik jamiyati zarur.  Zero, Mening “Tashqi ishlar vazirligi O’zbekistonning imidjini yaxshilay oladimi?!” nomli maqolamdan[11] iqtibos:

2.Korruptsiya. O’zbekiston korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha(Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatoriga kiradi.[12].

3.Iqtisodiy erkinlik. O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (Economic Freedom Index) 51,5 bal bilan 152-o’rinni egallaydi va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatoriga kiradi.[13].

4.Fuqaroviy va siyosiy huquqlar. Xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekiston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 7 balga ega bo’lib, dunyoning eng 10ta yomonlari qatorida.[14]”. Iqtibos tugadi.

Yuqoridagi O’zbekistonning iqtisodiyot va inson huquqlari bo’yicha ko’rsatkichlariga qo’shimcha O’zbekistonning internet tezligi bo’yicha dunyoda eng oxirgi 10 mamlakatlar ichida ekanligini va O’zbekistonga xalqaro kredit reyting agentliklari: Standard & Poor’s, Fitch, va Moody’s tomonidan reyting bermaganligini hisobga olsak [15,16], O’zbekistonning abgor ahvolini yanada ayanchli ekanligini ko’ramiz.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

31-avgust, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, yangicha dunyoqarash bilan mehnat qilish – xalqimiz farovonligini yanada oshirishning muhim omilidir. 29.08.2018.

( http://uza.uz/uz/society/imkoniyatlardan-to-liq-foydalanish-yangichadunyoqarash-bilan-29-08-2018 ).

2. Ministry of Foreign Affairs, Uzbekistan. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 29-avgust kuni Toshkent viloyatida boʻldi. 30.08.2018. (https://www.youtube.com/watch?v=RpR9zKfc3qs ).

3. “O‘zbekiston24” milliarder Alisher Usmonov to‘g‘risida ko‘rsatuv namoyish qildi. 22.08.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29447746.html ).

4. GM Uzbekistan Nexia ва Malibu ишлаб чиқаришни қарийб 10 баробарга оширмоқчи. 29.08.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29459342.html ).

5. The Global Slavery Index 2018(https://cdn.globalslaveryindex.org/2018-content/uploads/2018/07/19074032/GSI-2018_FNL_180628_Digital-small_p.pdf ).

6. Internet tezligi past bo’lgan O’zbekistonda ta’lim sifati yuqori bo’lishi mumkinmi?! 03.08.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/801 ).

7. Internet tezligi past bo’lgan O’zbekistonda ta’lim sifati yuqori bo’lishi mumkinmi?! Video. 04.08.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/803 ).

8. GDP per capita, PPP – World Bank Open Data – World Bank Group.2016.( https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.PP.CD ).

9. List of countries by GDP (PPP) per capita. 2017. ( https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP)_per_capita ).

10. The World Bank. 2017. ( https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.CD ).

11. Tashqi ishlar vazirligi O’zbekistonning imidjini yaxshilay oladimi? 13.04.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/677 ).

12. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

13. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

14. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

15. Big Three (credit rating agencies) .

( https://en.wikipedia.org/wiki/Credit_rating_agency ).

16. List of countries by credit rating.

( https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_credit_rating ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.