Tashqi ishlar vazirligi O’zbekistonning imidjini yaxshilay oladimi?

Spread the love

2018-yilning 6-aprelida Ozodlik radiostantsiyasining veb saytida “O’zbekistonning “imidjini yaratish” Tashqi ishlar vazirligiga topshirildi” maqolasi chop etildi.  Maqoladan iqtibos: ” Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-aprel kuni Tashqi ishlar vazirligini isloh qilish nazarda tutilgan “O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo’nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmonni imzoladi.

Jumladan, farmonda:”… Mamlakatdagi keng ko’lamli o’zgarishlar va respublikaning xalqaro tashabbuslari haqida jahon hamjamiyatini xabardor qilish ishlari sust tashkil etilgan bo’lib, mamlakatning ijobiy imidjini yaratish va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash vazifalari samarali bajarilishiga to’sqinlik qilmoqda”, deyiladi.

Prezident bu muammoni hal etish maqsadida farmonda “milliy va xorijiy ekspertlar jamoalari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik va ilmiy doiralar bilan muntazam hamda maqsadli axborot almashish ishlarini kuchaytirish orqali O’zbekistonning ijobiy xalqaro nufuzini shakllantirishda “ommaviy diplomatiya” vositalarini faol qo’llash” ko’rsatmasini bergan.

Farmonda ta’kidlanishicha, buning uchun Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati negizida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi, Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo’limi tashkil etiladi. “Jahon axborot agentligi negizida esa “Dunyo” axborot agentligi va Media-markaz tuziladi.

Prezidentining “Is’tedod” jamg’armasi Tashqi ishlar vazirligiga bo’ysunadigan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi sifatida qayta tashkil etiladi.

Tashqi ishlar vazirligi amaliyotiga axborot-tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratish, xorijdagi vatandoshlar bilan har tomonlama muloqotni qo’llab quvvatlash, ularni savdo-iqtisodiy, madaniy gumanitar va ijtimoiy loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishga faol jalb qilish kabi vazifalar ham kiritilmoqda”.  Iqtibos tugadi.[1].

Bu uzun iqtibosning mazmunidan shu narsa kelib chiqadiki, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016-yilning sentyabridan buyon O’zbekistonni boshqarish davomida uning mamlakatda bo’lgan o’zgarishlarni Tashqi ishlar vazirligi orqali dunyodagi asosan biznesmenlar, investorlarni xabardor qilish, O’zbekistonga investitsiyalar kelishini ko’paytirishni maqsad qilib qo’ygan.  Prezident Shavkat Mirziyoyevning bir yarim yildan ortiq faoliyati davomida erkin konvertatsiyaga o’tildi, qo’shni mamlakatlar Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog’iston va Afg’oniston bilan iqtisodiy-siyosiy va madaniy aloqalar ancha yaxshilandi, xalq qabulxonalari tashkil qilindi, Davlat Xavfsizlik Xizmati haqida qonun qabul qilindi, ommaviy-axborot vositalari, qiynoq to’g’risidagi qonunlarga o’zgartirishlar kiritlidi.  Boj to’lovlari va soliqlarga katta o’zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda va hokazo.

Demak, Tashqi ishlar vazirligining chet eldagi elchixonalari shu o’zgarishlarni chet ellardagi targ’iboti (agitatsiya) va tashviqoti (propaganda) bilan shug’ullanishi barobarida O’zbekistonning imidjini yaxshilaydi.  Mening fikrimcha, O’zbekistonning imidjini yaxshilashda Tashqi ishlar vazirligi juda katta qiyinchiliklarga duch keladi, O’zbekistonning imidjini yaxshilashning uddasidan chiqa olmaydi. Uddasidan chiqa olmasligi sabablari haqida “Afg’oniston bo’yicha Xalqaro anjumandan keyin menda tug’ilgan fikrlar.  O’zbekistonga investitsiyalar kirib kelishi ko’payadimi?!” nomli maqolam va youtubeda chop etilgan videoda aytib o’tgan edim. [2.3].

Maqoladan iqtibos: ”Chet el investorlari O’zbekiston ommaviy-axborot vositalarining targ’ibotidan xoli muhitda yashaydi. Shu sababli ular O’zbekiston vatandoshlaridan butunlay boshqacha fikrlaydi, butunlay boshqacha harakat qiladi.

Dunyoning erkin, demokratik davlatlarida yashaydigan fuqarolar, shu jumladan investorlar birinchi navbatda O’zbekistondagi inson huquqlari vaziyatiga e’tibor beradilar.

O’zbekistondagi inson huquqlari vaziyati va biznes yuritish muhiti esa o’ta abgor holatda. Bunga men to’rtta misol keltiraman:

1.Majburiy mehnat.  O’zbekiston zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha dunyoda Shimoliy Koreyadan keyin ikkinchi o’rinda turadi.[4].

2.Korruptsiya.  O’zbekiston korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha(Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatoriga kiradi.[5].

3.Iqtisodiy erkinlik.  O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (Economic Freedom Index) 51,5 bal bilan 152-o’rinni egallaydi va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatoriga kiradi.[6].

4.Fuqaroviy va siyosiy huquqlar.  Xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekiston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 7 balga ega bo’lib, dunyoning eng 10ta yomonlari qatorida.[7].

Yana shu yerda qo’shimcha beshinchi misol sifatida Jahon Bankining tadbirkorlik muhiti (Doing Business) ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston dunyoda 74-o’rinni egallaydi.[8].

Bu ko’rsatkich menimcha har holda unchalik yomon emas.

Lekin, yuqoridagi to’rtta misoldan ko’rinib turibdiki, xalqaro investor nuqtai-nazaridan olganda O’zbekistonning investitsiya jozibadorligi o’ta abgor holatda.  Shu sababli O’zbekistonga chet el investitsiyalarining kirib kelishiga va O’zbekiston iqtisodining gullab-yashnab ketishiga menda umid kam.  Iqtibos tugadi.[2,3].

Yana bu iqtibosga men qo’shimcha qilib, O’zbekistonga xalqaro kredit reyting agentliklari: Standard & Poor’s, Fitch, va Moody’s tomonidan reyting berilmaganidir. Bu reyting agentliklari qo’shni mamlakatlar Qozog’iston, Qrg’iziston va Tojikistonga reyting bergan, lekin O’zbekistonga emas. [9,10].

O’zbekistonga kredit reyting berilmagani uning moliyaviy imkoniyatlarini cheklaydi,iqtisodiy rivojlanishini cheklaydi.

Men keltirgan misollar shuni ko’rsatadiki, dunyo jamoatchiligida O’zbekistonning imidji allaqachon shakllanib bo’lgan, bu imidj o’ta abgor holatda, bu imidj inson huquqlarini hurmat qilish, iqtisodiy erkinlik nuqtai nazaridan o’ta abgor holatda yoki obrazli qilib aytganda o’ta qora rangda.  O’ta qora rangni salgina oqartirish mumkin, lekin oq qilib bo’lmaydi.

O’zbekistonning imidjini yaxshilash uchun majburiy mehnatga barham berish kerak, korruptsiya darajasini keskin kamaytirish kerak, O’zbekiston vatandoshlariga iqtisodiy erkinlik, fuqaroviy va siyosiy huquqlar berish kerak.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

13-aprel, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Ўзбекистоннинг “ижобий имиджини яратиш” Ташқи ишлар вазирлигига топширилди. 06.04.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29149211.html ).

2. Afg’oniston bo’yicha Xalqaro anjumandan keyin menda tug’ilgan fikrlar. O’zbekistonga investitsiyalar kirib kelishi ko’payadimi?! 30.03.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/662 ).

3. Afg’oniston bo’yicha Xalqaro anjumandan keyin menda tug’ilgan fikrlar. O’zbekistonga investitsiyalar kirib kelishi ko’payadimi?! Video. 01.04.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/671#more-671 ).

4. Slavery index by countries. 2016. ( https://www.globalslaveryindex.org/findings/ ).

5. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

6. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

7. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

8. The World Bank. Doing Business. 2018.

( http://www.doingbusiness.org/rankings ).

9. Big Three (credit rating agencies) .

( https://en.wikipedia.org/wiki/Credit_rating_agency ).

10. List of countries by credit rating.

( https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_credit_rating ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.