O’zbekiston va Irlandiya. Oliy o’quv yurtlariga kirish tartiblari bo’yicha ayrim kuzatishlarim

Spread the love

 

O’zbekistonda yashagan paytimda barcha sohalarda poraxo’rlik, korruptsiyaning yuqoriligi, ayniqsa ta’lim sistemasidagi poraxo’rliklar, ko’pchilik qatori meni ham tashvishlantirardi. O’zbekistondan boshqa mamlakatlarda poraxo’rlik, korruptsiya darajasi qanday ekan  deb o’ylardim.  Mana Irlandiyada to’rt yildan ortiq yashayotgan bo’lsam, biror sohada pul ta’ma qilgan holatni yoki bo’lmasa kimdir pora berib o’qishga kirganini yoki pora berib biror ishini bitirganini umuman uchratmadim, o’zim  bunday holga duch kelmadim ham. Irlandiyaga kelganimda internet orqali hech qanday to’siqsiz, Irlandiya erkin,demokratik davlat hamda internet ham erkinbo’lgani uchun , hohlagan veb-saytlarga kirib, dunyo mamlakatlarida har qaysi yo’nalish bo’yicha ko’rsatkichlari qaysi darajada ekanligi to’g’risida kerakli ma’lumotni bemalol topish imkoniyati tug’ildi. Jumladan oliy ta’lim sohasi bo’yicha ham dunyo davlatlarining tutgan o’rni haqida ayrim ma’lumotlar to’pladim va shular asosida O’zbekiston bilan taqqoslashga harakat qildim.  Boshqa davlatlardagi ta’lim sistemasi qanday yo’lga qo’yilgan ekan degan savol javobini qisman topgandayman va shu o’rganganlarimning ayrimlarini  sizlar bilan baham ko’rishni istadim.


O’zbekiston o’z mustaqilligiga erishganidan beri sobiq Sovet Ittifoqi davridagiga qaraganda ham,  oliy o’quv yurtlariga kirishda poraxo’rlik avj olganligi kuzatiladi va bilim sifati ham ancha pasaygan.  Sobiq Sovet Ittifoqi davrida O’zbekistonda oliy ma’lumotlilar 14 foizni tashkil qilgan bo’lsa, hozirga kelib 9 foizni tashkil etadi.

O’zbekistonda oliy ma’lumotlilar soni kamayganini quyida


Rossiya Milliy Tadqiqot Universiteti – Iqtisodiyot Oliy maktabi xodimi Anna Smolentsevaning olib borgan tadqiqotlari asosida yozganlaridan ham ko’rishimiz mumkin.


1991-2010 yillarda O’zbekistondan tashqari, Sobiq Sovet Ittifoqi Respublikalarida oliy o’quv yurtlari soni qariyb ikki baravar va undan ortiq ko’paygan, .


Masalan: 


 O’zbekistonda institutlar soni 1991 yilda 52 ta , 2010 ilda esa 63ta,


 Belorussiyada institutlar soni 19991 yilda 33 ta, 2010 yilda esa 55 ta,


 Qozog’istonda 1991 yilda 61 ta institut bo’lgan bo’lsa, 2010 yilda kelib 149 taga etgan,


Qirg’izistonda institutlar soni 1991 yilda 12 ta bo’lgan bo’lsa, 2010 yilda 56 taga etgan,


 Rossiyada institutlar soni 1991 yilda 519 ta, 2010 yilda 1115 taga etgan,


 Turkmanistonda institutlar soni 1991 yilda 9 ta, 2010 yilda 18 taga etgan,


hattoki, Turkmanistonda institutlar soni  kam bo’lsa ham ikki baravar oshganini ko’rish mumkin(http://www.salzburgglobal.org/fileadmin/user_upload/Documents/2010-2019/2012/495/Session_Document_AccesstoHigherEducation_495.pdf) . 


Menimcha O’zbekistonda sobiq Sovet Ittifoqi davrida oliy o’quv yurtlariga kirishda pora, tanish-bilishchilik degan gaplar birmuncha kam edi. O’zbekiston o’z mustaqilligiga erishganidan beri bu illatlar keskin kuchaydi. 


O’zbekistonda oliy o’quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshirishdan boshlab qiyinchilikka duch keladilar. Hohlovchilarga bu mavzuda Ozodlik radiosining veb saytidagi “Oliygohlarga hujjat topshirish kirishdan ham qiyin bo’lmoqda”, maqolasini o’qishni tavsiya qilaman(http://www.ozodlik.org/content/article/25452500.html).  Ataylabdan uzun navbatlar, ur-yiqitlar keltirib chiqariladi.  Bu navbatlarning asl mohiyati esa pul undirish, ya’ni kimdir uzundan-uzoq navbatda turgisi kelmasdan, qanday qilib bo’lsayam hujjatini osonroq topshirib olish yo’lini qidirishga majbur bo’ladi.  Shu paytda pul bersangiz yordam taklif qilib ishingizni bitirib beradiganlar topiladi.  Shunday qilib hali institut talabasi bo’lmasdan turib pora berish boshlanadi.


O’zbekistonda o’z bilimi bilan o’qishga kirib bitirganlar ham bor, lekin juda kam, tanish-bilish orqali pora berib o’qishga kiruvchilar ko’pchilikni tashkil etadi.

 “Ozodlik” radiosida (http://www.ozodlik.org/content/article/25477417.html)abiturientlarning  o’qishga kirish uchun pora, o’qish davomida yaxshi baho olish uchun yana o’qituvchilarga pora berishi to’g’risida shikoyat qilib gapirganlarini ko’p eshitganman.  Bular hammasi o’zbek jamiyatini orqaga tortadigan illatlar-ku axir, hammasini pul bilan hal qilgan studentdan qanaqa soha mutaxassisini kutish mumkin?  Sobiq Sovet Ittifoqi davrida ham, hozirgi mustaqillik davrida ham huquqshunos (yurist)lar, prokuror, sud’yalar, militsiya xodimlari pora bilan o’qishni bitiradi, bitirgandan keyin sarflagan pullarining o’rnini to’ldirish uchun insonlarning huquqarini himoya qilish o’rniga ularning pullarini har qanday yo’l bilan tortib olish payida bo’ladi.  Poraxo’rlik, korruptsiya taraqqiyotni bo’g’adi. Qolgan boshqa sohalarda ham bilimi bo’lmasa, qanaqa rivojlanish bo’lishi mumkin?  Pora bilan o’qishni bitirgan, yetarli bilimga ega bo’lmagan o’qituvchi o’quvchilarga sifatli bilim bera olmaydi, malakasiz vrach bo’lsa bemorni to’g’ri davolay olmaydi, chalasavod siyosatchi bo’lsa qaysi joyda nima qilish kerakligini bilmaydi va hokazo.


O’zbekistonda 2013-2014- o’quv yilida O’zbekiston oliygohlaridagi 56 ming 722 o’rin uchun 543 mingdan ziyod  abiturient hujjat topshiribdi. Bu yil oliygohlarda har bir o’rin uchun da’vogarlik qiluvchilar soni 9 kishi (aniqrog’i 9,36)dan oshadi.


2013-2014 yilgi o’quv yili uchun bir yillik shartnoma puli 4 million

600 ming so’mdan (qora bozor kursi bo’yicha 1400 AQSH dollari) 6 million 640 ming so’mgacha ( qora bozor kursi bo’yicha 2000 AQSH dollari) belgilangan. (http://www.ozodlik.org/content/transcript/25470344.html). 


Jahon Bankining yoshidan qat’iy nazar o’rta maktabni tugatgandan so’ng oliy ma’lumotli bo’lishi aholi umumiy soniga nisbatan foiz hisobida bergan ma’lumotiga ko’ra:


AQSHda 94%,


Belorussiyada 91%,


Ukrainada 80%,

Rossiyada 76%,

Irlandiyada 71%, 

Turkiyada 69%,

Qozog’istonda 45%,

 Qirg’izistonda 41%,

Tojikistonda 22%,

Ozarbayjonda 20%,

Ugandada 9%, 

O’zbekistonda ham 9%, 

Turkmaniston to’g’risida esa umuman ma’lumot berilmagan.

 (http://data.worldbank.org/indicator/SE.TER.ENRR).

O’zbekiston oliy ma’lumotlilar soni bo’yicha sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari bilan taqqoslaganda ham, Markaziy Osiyo davlatlariga taqqoslaganda ham eng oxirgi o’rinda.  Mayli Qozog’istonni gapirmaylik, hatttoki, aholisi 5 millionli Qirg’izistonda ham oliy ma’lumotlilar soni 41 foizni tashkil etadi. O’zbekistonda mustaqillik yillarida ta’lim sohasida qanchadan-qancha islohotlar o’tkazilgan, lekin natijasi O’zbekiston Afrika davlatlaridan biri Uganda bilan bir qatorda.

Irlandiyada oliy o’quv yurtlariga kirishda hujjat topshirish uchun hech qanaqa navbatlarda turish, ur-yiqitlar yo’q, hammasi studentlar uchun qulay qilib yo’lga qo’yilgan.  Irlandiyada oliy o’quv yurtlariga kirish uchun arizani internet orqali Arizalarni Qabul Qiluvchi Markaziy Ofis(Central Applications Office)ga jo’natiladi.  Arizalar har yili 5-noyabrdan 1-fevralgacha jo’natiladi.  Shu vaqt oralig’ida har kim o’ziga yoqadigan oliy o’quv yurtlaridan  10 ta 4 yillik kurs(fakul’tet), 10 ta 2-3 yillik kurslarni tanlab, ro’yxatini jo’natadi.  Agar fikri o’zgarib qolsa, 5-maydan 1- iyulgacha tanlagan kurslarini boshqasiga o’zgartirish huquqiga ega. Avgust oyining boshlarida attestat (Leaving Certificate) uchun topshirilgan imtihon natijalari ma’lum bo’ladi.  Har kimning olgan balliga qarab oliy o’quv yurtlarining 4 yillik kurslaridan bitta taklifnoma, 2-3 yillik kurslaridan bitta taklifnoma keladi.  Har bir student o’ziga eng maqulini tanlaydi.  Masalan, mening o’g’lim 410 ball to’plagan edi,  o’g’limga Blanchardstovn Texnologiya Instituti (Institute of Technology, Blanchardstown)ning 4 yillik kursidan va yana 3 yillik qaysidir kursdan  taklifnoma kelgan edi.  O’g’lim Blanchardstovn Texnologiya Institutini tanladi va hozirgi kunda shu institutda tahsil olmoqda.


Irlandiyada attestat(Leaving Certificate) olish uchun topshirilgan imtihon natijalari 2014 yil 13 avgust  kuni e’lon qilindi. E’lon qilingani bo’yicha mening 1995 yilda tug’ilgan o’g’lim Mustafo ham 13 avgust kuni  bir yil davomida tahsil olgan kolleji(Pearse College of Further Education)ga borib imtihon natijalarini – attestatini olib keldi. O’g’lim 410 ball  to’plabdi.  Attestatda qaysi fandan qanday natija olganligi ko’rsatilgan, bu erda ball(point) bilan hisoblanadi.  Irlandiyada studentlar(maktab o’quvchilarini ham student deyiladi) attestat(Leaving Certificate) olish uchun eng kami 6ta fandan, eng ko’pi 9ta fandan imtihon topshiradilar.   9 ta fandan imtihon topshirgan bo’lsa ham faqat 6 ta fandan olgan natijalari hisobga olinadi. Ya’ni 9 ta fandan imtihon topshirsa yuqori ball olish imkoniyati ko’proq bo’ladi, ya’ni 9 taning ichidan eng yuqori ball olingan 6 ta fandan olingan natijalar tanlab olib hisoblanadi. Eng yuqori ball 600 ball, ya’ni har bitta fandan 100 balldan to’plansa, umumiy yig’indi 600 ballni tashkil etadi  Hamma uchun asosiy fanlar ingliz tili va matematikadan tashqari nechta fandan va qaysi fandan imtihon topshirishni har bir student o’zi tanlaydi.   Irlandiyada o’rta maktab yoki bir yillik kollejlarda topshirgan imtihoni natijalari  oliy o’quv yurtlarida tahsil olish huquqini beradi. Oliy o’quv yurtlariga alohida kirish imtihonlari topshirilmaydi.


Imtihonlar juda xolis va haqqoniy o’tkazilganiga  o’g’limning o’rta maktab va kollejni bitirayotganda  topshirgan imtihoni misolida yaqqol guvohi bo’ldim.


Birinchisi:


imtihon varaqasida har bir studentning ism-familiyasi emas imtihon raqami yozilgan bo’ladi, ya’ni bunda imtihon natijalarini tekshiruvchilar kimning natijalarini tekshirayotganini bilmaydi, ya’ni tanish-bilishchilikka yo’l qo’yilmaydi. 


Ikkinchisi: 

kim bo’lishidan qat’iy nazar oliy o’quv yurtiga kirish uchun yetarli ball to’plamagan bo’lsa, birorta kollejga borib qaytadan tayyorlanib, kelgusi yili qaytadan imtihon topshiradi.


O’g’lim  2012- 2013 o’quv yilida  Dublin shahridagi o’rta maktab (Pobalscoil Rosmini School)ning yuqori sinfida bitirish imtihonlari topshirgan edi, lekin natijalar qoniqarli chiqmagan, 155 ball to’plagan edi, ya’ni oliy o’quv yurtlariga kirishga etarli ballni to’play olmagan edi. Bunga sabab O’zbekistondan Irlandiyaga kelib, ingliz tilini yahshi o’rganib ulgurguncha, boshqa fanlardan yaxshi o’zlashtira olmay qolgan edi deb hisoblayman. Oldingi xato va kamchiliklarini tushunib yetib, bu yil qaytadan tayyorgarlik ko’rishiga to’g’ri keldi. Oldingi yili oliy o’quv yurtiga kira olmagan bo’lsa-da, 2013-2014 o’quv yilida, ya’ni bir yil davomida kollejda qaytadan tahsil oldi va dadasi uyda o’g’lim bilan matematikadan   qo’shimcha shug’ullandi. Mana mehnat natijasi bu yil o’z mevasini berdi va o’g’lim Blanchardstovn Texnologiya Instituti (Institute of Technology, Blanchardstown)ga o’zi tanlagan komp’yuter yo’nalishi bo’yicha o’qishga kirdi. Endigi maqsadi institutda 4 yil astoydil o’qish va kelajakda  O’zbekistonning rivojlanishiga hissasini qo’shadigan  yetuk mutaxassis bo’lib yetishish. 

 Irlandiyada imtihon natijalarini hech qanaqa muammosiz olinadi, student o’zi borib olishi mumkin yoki jo’natma pochta orqali olishi mumkin, Davlat Imtihon Komissiyasi(SEC) sayti orqali ham olish mumkin, buning uchun Davlat Imtihon Komissiyasining saytiga (https://www.examinations.ie/index.php?l=en&mc=ex&sc=er) kiriladi, student o’z imtihon raqamini yozib, o’z natijalarini ko’ra oladi.


Irlandiyada imtihonlar o’tkazish juda a’lo darajada yo’lga qo’yilgan desam adashmayman. Imtihon xonasiga kirayotganda  studentlarga sumkalarini ichidagi narsalari bilan imtihon topshiriladigan xonaning orqa burchagida qoldirilishi aytiladi, studentlar ham tartibga o’rgangan, belgilangan joyda narsalarini qoldiradilar, o’zlari bilan faqat ruchka, havo issiq bo’lsa suv oladilar.  Shpargalka yoki telefondan foydalanish  birorta studentning xayoliga ham kelmaydi, faqat olgan bilimlari asosida imtihon topshiradi. 


Yana eslatib o’taman, Irlandiyada o’rta maktab yoki kollejni bitirayotganda topshirilgan imtihon natijalari oliy o’quv yurtiga kirib o’qish huquqini beradi.


O’g’limning aytishicha attestat, ya’ni Leaving Certificate olish uchun birinchi marta imtihon topshirayotgan student imtihon o’tkazish xarajatlari uchun 120 yevro, agar qaytadan imtihon topshiradigan bo’lsa 300 yevro pul to’lar ekan. O’g’lim kam ta’minlangan oiladan bo’lganligi uchun, meditsina kartochkasi(medical card) bor bo’lganligi uchun bu to’lovlardan ozod bo’lganini aytdi. Irlandiya erkin-demokratik davlat bo’lishi bilan birga ijtimoiy himoya juda yaxshi yo’lga qo’yilgan. Shuning uchun ham kam ta’minlangan oila farzandlari barcha qatori bilim olish huquqiga va imkoniyatiga ega.

Barcha davlat fuqarolari uchun to’lov badali (vznos) 2750 yevro.  Bu to’lov badali puli studentlarning ro’yxatdan o’tishi, yil davomida o’qiyotgan oliygohida  komp’yuterdan foydalanishiga,  imtihon xarajatlariga ishlatiladi.


Bundan tashqari bir yillik o’qish uchun to’lov Irlandiya va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar fuqarolari uchun 2,868 yevro, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lmagan davlatlar fuqarolari uchun 8,760 yevro. Bu to’lovlar Irlandiyaning har bir oliy o’quv yurtlarida har xil, bu ma’lumotlar Blanchardstovn Texnologiya Institutiga tegishli. Aytishingiz mumkin, chet davlatlarda ham o’qish narxi juda qimmat ekan-ku deb, to’g’ri o’qish narxi qimmat, lekin kam ta’minlangan oila farzandlariga davlat tomonidan grant beriladi, o’qish haqini to’lashiga yordam beradi.To’langan pullar kassaga to’lanadi va nimalarga sarflangani to’g’risida barcha studentlar va ularning ota-onalari xabardor qilib boriladi.

 Irlandiyada 2013-2014 o’quv yilida 57 ming student attestat(Leaving Certificate) uchun imtihon topshiribdi. 


46 ming student oliy o’quv yurtlariga kirish uchun ariza bergan. 


Irlandiya bo’yicha 64 ta student eng yuqori 600 ball to’plabdi(.http://www.rte.ie/news/2014/0813/636771-leaving-cert/).


Men O’zbekistonda oliy o’quv yurtiga kiradiganlar sonini kamida ikki baravarga ko’paytirish,studentlarni majburiy mehnatga jalb qilinishini to’xtatish kerak deb hisoblayman.  Bu ularning bilimi sifatini yaxshilanishiga olib keladi. Agar majburiy mehnatga jalb qilish davom etar ekan, bu bilim sifatining pasayishiga va malakasiz kasb egalarining ko’payishiga olib keladi. Sifatsiz bilim bilan institutni bitirib chiqqanlardan qaysi sohada bo’lmasin, sifatli, yahshi xizmatni kutib bo’lmaydi.


Salomatoy Boymatova
O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati a’zosi

Dublin, Irlandiya.

29-dekabr, 2014-yil

Leave a Reply

Your email address will not be published.