Abdujalil Boymatov: Mo’tabar Tojiboeva va Galima Buxorboyevalar nega o’zlarini himoya qilish uchun Yevropa mamlakatlari sudlariga murojaat qilishmoqchi?!

Spread the love

 

2015- yil mahkamalar yili.

Mo’tabar Tojiboeva 2014-yilning 30-dekabr kuni Muhammadsolih Abutovning “Sahviy” radiosiga bergan interv’yusida o’ziga nisbatan tayziq-bo’hton va tuhmatlardan o’z sha’nini himoya qilish uchun O’zbekiston Xalq Harakatini Shvetsiya sudiga, “Dunyo O’zbeklari” veb-sayti muharriri Ismat Xushevni Kanada sudiga bermoqchiligini aytdi.  Shu interv’yusida  uznews.net veb saytining muharriri Galima Buxorboyevaning ham O’zbekiston Xalq Harakati veb-saytining muharririyatini Turkiya sudiga, Zamondosh veb-saytining muharriri Rizo Obidovni Gollandiya sudiga, Ismat Xushevni Kanada sudiga berishligini ham qo’shimcha qilib aytdi. Mo’tabar Tojiboeva O’zbekiston Xalq Harakatining veb-saytida Usmon Xaqnazarov taxallusi ostida yozilgan maqolalar va O’XHining “Uzbek.fm Online Radio”sidagi yoritilgan materiallar bo’yicha sudga bermoqchi.  Ismat Xushevni esa Mo’tabar Tojiboeva haqida oltita Boris Saprikin (Борис Сапрыкин) taxallusi ostida yozilgan maqolalar bo’yicha sudga bermoqchi[1].

 Mening bilishim bo’yicha Galima Buxorboyeva “Dunyo O’zbeklari” va “Zamondosh” internet saytlarini uning elektron pochtasiga xakerlar hujum qilib, uning shaxsiy yozishmalarini, uznews.net da faoliyat ko’rsatadigan jurnalistlarning ism-familiyalarini va grant beruvchi tashkilotga yozilgan moliyaviy hisobotni chop etganlari uchun mahkamaga bermoqchi.  Galima Buxorboyeva O’XHi yetakchisi Muhammad Solih va Shvetsiyada yashovchi o’zbek imomi Obid qori Nazarovning faoliyatlarini tanqid qilganligi uchun, ular o’rtasida shov-shuvli janjallarga va bahslarga sabab bo’lgan edi.  

Mo’tabar Tojiboyeva.

 Adashmasam, men Mo’tabar Tojiboyeva to’g’risida  2001-2002-yillarda “Ozodlik” radiosi eshittirishlari orqali sirtdan tanigan edim.  Mo’tabar Tojiboyeva Ozodlik, BBC radiolariga o’zi va Islom Karimov rejimi o’rtasida kelib chiqqan ixtiloflar va o’ziga nisbatan o’tkazilgan ta’qiblar, tayziqlar to’g’risida interv’yular bergan edi.  Men 2003-2005-yillarda Toshkentda ko’p piketlar, norozilik aktsiyalari  tashkil qilganman[2,3]. 2004-yilda Interkontinental mehmonxonasi oldida o’tkazilgan norozilik aktsiyasida (piket) birinchi marta  Mo’tabar Tojiboyeva bilan tanishgan edim.  O’shanda Mo’tabar Tojiboyeva Farg’ona viloyatidan besh-oltita Islom Karimov rejimining jabrdiydalarini norozilik aktsiyasiga olib kelgan edi. Mo’tabar Tojiboyevani O’zbekistonda oxirgi marta Toshkent viloyatining Do’stobod (sobiq Soldatskoe) shahridagi sud mahkamasida ko’rgan edim. Radio orqali Mo’tabar Tojiboyeva ustidan Do’stlik shaharchasida bo’layotgan mahkama xabarini eshitib, Toshkentdan Do’stlik shaharchasiga borib sud binosini topganman.  Bino ichidagi koridorda yurganimda  tasodifan Mo’tabar Tojiboyevaning ovozini eshitib qoldim.  Toshkentga qaytganimdan keyin men orqali Human Rights Watch  xalqaro tashkiloti, chet el elchixonalari va inson huquq himoyachilari bu haqda xabardor bo’lgan edi.

Mo’tabar Tojiboyeva 2005-yilning 13- mayida bo’lib o’tgan Andijon voqealaridan va Andijon voqealari kelib chiqishidan oldin 23 tadbirkorlarga bo’layotgan ta’qib va tayziqlar to’grisida jamoatchilikka xabar qilganligi uchun, ularni himoya qilganligi uchun Islom Karimov rejimi tomonidan (2005-yilning oktyabr oylari bo’lsa kerak) Irlandiyada joylashgan Front Layn (Front Line) tashkiloti tomonidan tashkillashtirilgan “Dublin Platformasi”ga ketishidan oldin hibsga olingan edi.

Keyinchalik 2006-yilda men ham Front Layn tomonidan olti oylik fellowshipga, o’zbekchasiga aytganda malaka oshirishga taklif qilingan edim. O’zbekistonni 2006-yilning 31-iyul kuni tark etib ko’p sarguzashtlar bilan 2006-yil 18-avgustida Irlandiyaning Dublin shahrida joylashgan Front Layn tashkilotiga etib kelgan edim.  Front Layn tashkiloti va O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati hamkorlikda men faoliyat yuritayotgan O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati tashkilotining qamoqdagi 8 ta a’zolari (6 oy fellowshipdan keyin 12 taga etdi) va boshqa inson huquq himoyachilarini ozod qilish bo’yicha kampaniya boshladik.

Mo’tabar Tojiboyeva bilan chet elda O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatining Frantsiyaning Anjer(Anger) shahrida bo’lib o’tgan (6-may) qurultoyidan qaytayotganda  Frantsiyaning Parij shahrida 2009-yil (7-may  bo’lsa kerak) uchrashdim.  U paytda Mo’tabar Tojiboyeva Martin Ennals mukofotini olishga sazovor bo’lgan edi, shu mukofotga sazovor bo’lishi uning ozodlikka chiqishiga sabab ham bo’lgan edi. O’zaro suhbatimizda Frantsiyaga qiynoqlar natijasida jiddiy yomonlashgan sog’lig’ini tiklashga kelishga majbur bo’lganini aytgan edi.

Galima Buxorboyeva.

Men Galima Buxorboyeva haqida birinchi marta 2003-yilning 29-aprelidan boshlab Interkontinental mehmonxonasining oldida o’sha paytdagi O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati raisi Tolib Yoqubov boshchiligida norozilik aktsiyasi(piketlar) uyushtirganimiz kunlarning birida,Tolib aka Galima Buxorboyeva press-konferentsiya uyushtiribdi,- deb gapirib qoldi.  Chet ellik jurnalistlar bilan bo’lgan press-konferentsiyada O’zbekistondagi siyosiy mahbuslarni ozod qilish, O’zbekistondagi inson huquqlari ahvoli to’g’risida jurnalistlarga ma’lumotlar bergan.  Press-konferentsiya Yevropa Qayta Tiklanish va Taraqqiyot Bankining 4-5-may kunlari bo’lib o’tadigan yillik yig’ilishi oldidan o’tkazilgan edi.

Galima Buxorboyevaning tashkiloti  tomonidan O’zbekistondagi inson huquqlarining oyoq osti qilinishi haqidagi byulletenlarni keyinchalik men Freedom House, Human Rights Watch kabi xalqaro inson huquqi bo’yicha tashkilotlarning ofislariga borib, tanishgan,o’qigan,xabardor bo’lgan edim. 2003-2005-yillar bo’lib o’tgan norozilik aktsiyalari  Galima Buxorboyeva tashkiloti xodimlari tomonidan keng yoritilgan.  Ikkita misol keltirmoqchiman:

2003, 2004-yillarda haftaning payshanba kunlari soat 10-12 lar oralig’ida O’zteleradiokompaniya binosi oldida Paxtakor metro stantsiyasining shu kompaniyaga chiqish tarafida norozilik aktsiyalari uyushtirar edik. 2003-yilning 6-noyabrida bo’lib o’tgan piketda men va Yelena Urlayeva O’zbekiston respublikasi prezidentining iste’fosini talab qilgan edik.  Biz 2 piketchi va 8 jurnalistlar, shu jumladan jurnalistlar orasida Galima Buxorboyeva ham bor edi. 50 dan ko’proq fuqaro kiyimidiga milliy xavfsizlik xizmati xodimlari va ichki ishlar xodimlari tomnidan o’rab olingan edik.  Men va Yelena “Требую отставки президента Узбекистана!”,(O’zbekiston prezidentining iste’fosini talab qilaman) degan yozuvlarni chiqarishimiz bilan, MXX va IBB xodimlari bizning qo’limizdan tortib olar edi.  Jurnalistlar ularga tayziqlar, do’q, baqiriqlarga qaramasdan bizni suratga olishga va bizdan interv’yu olishga ham muvaffaq bo’lishgan. Norozilik aktsiyasi davomida Galimaga nisbatan hujum uyushtirilgan edi. Galimaga nisbatan fuqaro kiyimidagi militsioner kuch ishlatgan, uni do’pposlagan, haqorat qilgan edi [4].

2005-yilning 9-fevralida Toshkent hokimiyati binosinig qarshi tomonida kurantlar tagida 4-5 inson huquq himoyachilari norozilik aktsiyasi o’tkazayotganimizda 10 dan ortiq MXX va IBB xodimlari tomonidan tashkillashtirilgan hujumga uchragan edik.  Bu ayollar mening qo’limdan papkamni yulqib tortib olishgan edi.  Men papkamni ulardan qaytarib olishga harakat qilganimda ular tomonidan do’pposlashga duchor bo’lgan edim, bir barmog’im o’tkir bir narsa bilan kesilganini, qo’limdan qon oqayotganini yo’lovchilar aytganidan keyin bilgan edim..  Bu do’pposlashlar yarim soatcha davom etgan, o’sha yerdagi yo’lovchilar va transport ichidagi yo’lovchilar “katta tomoshani” ko’rishgandi.  Bu norozilik aktsiyasi ham Galima Buxorboyeva tashkiloti tomonidan keng yoritlgan edi [5].

2005-yil 13-maydagi Andijon voqealarini Galima Buxorboyeva jurnalist sifatida bevosita Andijon shahridan, norozilik mitingi bo’lib o’tayotgan maydondan dunyo jamoatchiligiga taqdim qilganidan keyin, Galima Buxorboeva va uning tashkiloti xodimlari O’zbekistonni tark etishga majbur bo’lgan edilar.Galima Buxorboyeva Andijon voqealarini yoritishdagi jasorati uchun “Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi”ning 2005-yilgi mukofotiga sazovor bo’lgan edi.

2005-2014-yillar mobaynida uznews.net sayti tomonidan bizning tashkilotga bo’lgan ta’qib-tayziqlar keng yoritldi.  Galima Buxorboyeva va men birgalikda mening nomimdan Gulnora Karimovaga O’IHJining qamoqdagi a’zosi Norboy Xoljigitovni ozod qilishda yordam berishini so’rab 2009-yilning 14-avgust kuni murojaat qilgan edik. O’sha paytda Gulnora Karimova O’zbekistonning BMTdagi elchisi vazifasida ishlar edi. Norboy Xoljigitov qamoqda qiynoqlar va noinsoniy munosabatlardan azob chekayotgan edi. Gulnora Karimova Norboy Xoljigitovni ozod qilish bo’yicha hech qanday ish ham qilmadi, murojaatimizga hech qanday javob ham bermadi.  Bularning hammasi uznews.net saytida yoritildi [Hozirgi kunda www.uznews.net xakerlar hujumidan keyin ishlagani yo’q]. 

Yevropadagi fuqarolik jamiyati faollari xavf ostida.

Men fuqarolik jamiyatining Islom Karimov tomonidan qanchalik ta’qib, tayziqlarga uchraganligini Mo’tabar Tojiboeva, Galima Buxorboeva va o’zimning tajribamdan kelib chiqib, ayrim misollar keltirdim.  O’zbek fuqarolik jamiyatiga bo’lgan repressiyalarning ko’lamini yoritish uchun, ko’plab tadqiqotchilarning yillab mehnatiga ehtiyoj bor. O’zbek fuqarolik jamiyati O’zbekistonda Islom Karimov rejimining repressiyalariga bardosh bera olmaganini tushunsa bo’ladi, lekin Yevropadachi? Rivojlangan demokratik mamlakatlarda ham O’zbekistonni tark etgan o’zbek fuqarolik jamiyati faollarining faoliyati Islom Karimov rejimi tomonidan falaj holatga keltirib qo’yilyapti.  Buning sabablari ko’p, men faqat asosiy ikkitasi to’g’risida to’xtalib o’tmoqchiman:

1.O’zbek muxolifati yetakchilari Abdurahim Po’latov, Muhammad Solih va Bahodir Choriyevlarning Islom Karimovdek demokratik printsiplarga amal qilmasligidir.  Ularni tanqid qilsangiz sizga nisbatan nima sababdan demokratik printsiplarga amal qilmaganini yoki sizning iddaolaringiz noto’g’riligini asoslab javob berish o’rniga, Islom Karimov repressiyalar bilan, muxolifat etakchilari esa yolg’on, tuhmat, bo’hton va fitnalar bilan javob qaytaradilar.  Men bu to’g’rida juda ko’p yozganman, bu haqda boshqa “chaynalishni ” xohlamayman [6,7].  Galima Buxorbyeva O’XHi yetakchisi Muhammad Solihni demokrat emasligini , uning diniy mutaassiblik tomonlarini tanqid qilganida, Muhammad Solih O’XHi tomonidan uznews.net internet saytiga grant beruvchi tashkilotga  murojaat qilib xat jo’natdi.  Xatda uznews.net faoliyatini moliyalashtirishni to’xtatishni so’ralgan edi.  Mo’tabar Tojiboyeva Sahviy radioblogiga bergan interv’yusida  O’XHi va uning yetakchisi Muhammad Solih faoliyatining ayrim kamchiliklarini  tanqid qilgani uchun, O’XHi internet-saytida Usmon Xaqnazarov taxallusi bilan yozilgan uning sha’ni va obro’sini to’kuvchi, tuhmat va bo’htondan iborat maqolalar chop etilgan. “Yangi Dunyo” internet-saytining muharriri Yusuf Rasul internet-saytida Muhammad Solih, Erk demokratik partiyasi va O’HXi to’g’risida tanqidiy maqolalar chop etgani uchun uning saytini qaroqchilarcha tortib olishdi.  Men ham Muhammad Solihni tanqid qilganim uchun Erk demokratik partiyasi va O’XHi internet-saytlarida meni MXX tomonidan muxoliftaning obro’sini to’kish uchun maxsus yollangan inson huquqi himoyachisi deb bir nechta maqolalar chop etildi[6].  


2. Dunyoning rivojlangan erkin, demokratik davlatlaridan siyosiy boshpana olgan O’zbekiston “fuqarolik jamiyati” faollarining Islom Karimov rejimi bilan hamkorlik qilishi. Men yuqorida Galima Buxorboyeva “Dunyo O’zbeklari” va “Zamondosh” internet saytlarini uning elektron pochtasiga xakerlar hujum qilib, uning shaxsiy yozishmalarini, uznews.net da faoliyat ko’rsatadigan jurnalistlarning ism-familiyalarini va grant beruvchi tashkilotga yozilgan moliyaviy hisobotni chop etganlari uchun mahkamaga bermoqchiligini yozgan edim.

Yana Mo’tabar Tojiboyevaning aytishi bo’yicha, Ismat Xushevning “Dunyo O’zbeklari” internet-saytida Boris Saprikin taxallusi ostida unga nisbatan oltita maqola chop etilgan[1].  Malohat Eshonqulova ham Boris Saprikin taxallusi ostida o’n beshta maqola chop etilganligi to’g’risida facebook sahifasida yozgan edi.  “Dunyo O’zbeklari “internet-saytida Abdujalil Rahmatov taxallusi bilan O’IHJi faoli Nosir Zokir va muxolifatchi Po’lat Oxunov obro’sini to’kuvchi maqola chop etilgan edi[8].  Zamondosh internet-saytida ham kam bo’lsada, har-har zamonda O’zbekistondan kelgan “maktublar” chop etilib turiladi.

Ismat Xushev.

Men Ismat Xushevni birinchi marta 1989-yilning 9-aprelida Birlik Xalq Harakatining Toshkent shahrining Chuqursoyida ko’p ming kishilik miting(SSSR davrida 1-marta ruxsat berilgan miting)da ko’rgan edim.  Mitingda Ismat Xushev o’ta ehtiros, hissiyot bilan otashin nutq so’zlagan edi , miting ishtirokchilari, shu jumladan men ham uni olqishlab qarsaklar chalgan edik.  Keyinchalik Birlik Xalq Harakatida bo’linish paydo bo’ldi, birdaniga Ismat Xushev Birlik Xalq Harakatidan uzoqlashib, I. Karimov xizmatiga o’tib ketdi.

Ikkinchi marta men Ismat Xushevni 2003-yillarda Ozodlik radiostantsiyasi idorasida ko’rgan edim.  O’sha kuni va boshqa kunlari Ozodlik va BBCinig kechki eshittirishlarida Ismat Xushevning I. Karimov rejimi tomonidan ta’qib va tayziqlarga uchratilganligi to’g’risida eshitdim.  I. Xushevni boshqa ko’rmadim, keyin bilsam u Kanadadan siyosiy boshpana olgan ekan.

 

Irlandiyada yashayotganimda, 2010-2011- yillarda Yusuf Rasulning “Yangi Dunyo” internet-saytida I.Xushevning “Oqlanmagan ishonch qissasi” asari chop etildi.  Bu asarida I.Xushev I.Karimov va uning atrofidagi amaldorlar to’g’risida ko’p ma’lumotlar bergan va ular bilan birga ishlaganidan faxrlanishi haqida yozgan.  Bu asarni o’qib chiqqan o’quvchi, I.Xushevni I.Karimov rejimining oyoqqa turishi, mustahkamlanishida, dunyoning shafqatsiz diktatorlaridan biriga aylanishida o’ynagan rolini ko’radi. Men hayron qolaman, qanday qilib Ismat Xushev ham Islom Karimovning ham Muhammad Solihning ishonchini qozona oldi?!

 I.Xushevning 2012-yilda tashkil qilgan  “Dunyo O’zbeklari” internet-gazetasi yer kurrasi bo’ylab sochilib ketgan o’zbeklar orasida juda mashhur bo’lib ketdi.  Chunki, bu internet-saytda hohlagan mavzudagi maqolalarni topa olasiz.  O’zbek she’riyati, o’zbek prozasi, o’zbek muxolifati, dunyo voqealari va hokazo.  Bu internet-saytning yana bir ajoyib xususiyatlaridan biri, I.Karimov rejimining ashaddiy muxolifatchilari Muhammad Solih, Yusuf Juma, Toshpo’lat Yo’ldoshev, Ahmad hoji Xorazmiy va boshqa ko’p muxolifatchilarning asarlari, maqolalari va ular haqidagi maqola va asarlarning chop qilinganligidir.

Yana bu internet-gazetada turli taxalluslar bilan yozilgan inson huquq himoyachilari, muxolifat vakillari, ko’zga ko’ringan mustaqil jurnalistlarning obro’si va sha’nini to’kuvchi maqolalarning chop qilinishidir.  2014-yilda Boris Saprikin (Борис Сапрыкин) taxallusi bilan Malohat Eshonqulova(15ta), Mo’tabar Tojiboyeva (6ta), Galima Buxorboyeva va boshqalar haqida ko’plab maqolalar chop qilindi.  Abdujalil Rahmatov taxallusi bilan O’IHJida faoliyat ko’rsatayotgan Nosir Zokir, O’zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurash fondi raisi Po’lat Oxunovni va boshqalarga tuhmat, bo’htonlardan iborat maqola chop qilindi [8].  O’z-o’zidan ma’lumki, bu taxallus bilan yozilgan maqolalar ko’p ma’lumotlar to’plashni va ko’p vaqt sarflashni talab qiladi.  Bunday ish faqat MXXining qo’lidan keladi deb o’ylayman.  2014-yilning 28-dekabrida Ozodlikning “Ozod Nazar” ida I.Xushev I.Karimovning ruxsati bilan O’zbekistonga borib-kelganini faxrlanib gapirdi [9]. Kanadada siyosiy qochqin maqomini olgan Xushevning O’zbekistonga borishi uning siyosiy qochqin maqomi olganligini savol ostiga qo’yadi. I.Xushev saroy inson huquqlari himoyachisi Marat Zohidov bilan Germaniyada, Birlashgan Arab Amirliklarida uchrashgani to’g’risida maqolalar chop qildi[10,11].


O’zbekistonda Parlament va Prezident saylovlari bo’lib o’tayotgan qizg’in pallada O’tyuraklar Klubi inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining va uznew’s.net tashkilotining internet-saytlari o’z faoliyatlarinini butunlay to’xtatib qo’yib ularning 2015-yilda sudlarga murojaat qilishlari men uchun ajablanarli emas.  Men uchun ajablanarlisi shuki, biz o’zbek fuqarolik jamiyati faollari Islom Karimov rejimining ta’qib va tayziqlaridan O’zbekistonni tark etib, dunyoning erkin, demokratik davlatlaridan siyosiy boshpana olgan holatda, Yevropada ham Islom Karimov rejimining malaylariga bas kela olmayotganimizdir.

I.Karimov rejimining qo’li juda uzun ekan. Nahotki, I.Karimov rejimi dunyoning rivojlangan, demokratik mamlakatlarida shakllangan o’zbek fuqarolik jamiyatini bo’g’ib, ularni yo’q qilishga erisha olsa?  Nahotki, biz shunga rozi bo’lamiz?  Nahotki biz kurashmasdan taslim bo’lamiz?


Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati prezidenti.

Dublin, Irlandiya

8-yanvar,2015-yil.


Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Мўътабар Тожибоева; “2015 йил маҳкамалар йили бўлади”. 31.12.2014. (https://soundcloud.com/tayanch-org/2015a).

2. Абдужалил БОЙМАТОВ – Ненасильственное сопротивление репрессивной политике правительства Узбекистана. 15.04.2004. (http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1082010240).

3.Абдужалил БОЙМАТОВ – Узбекистан: обзор ненасильственного сопротивления за 2004 год. 11.01.2005. (http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1105445400)

4. “Ozod Ovoz” – Кусачая узбекская милиция угрожает журналисту Галиме Бухарбаевой. 07.11.2003. (http://www.centrasia.ru/news2.php?st=1068220440).

5. Ozod Ovoz – Ташкент: каримовская “армия” проституток избила и порезала правозащитников.11.02.2005. (http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1108143960).

6. Ўзбек мухолифати етакчилари Абдужалил Бойматовнинг танқидига қандай жавоб беришди!?. 21.08.2011.(http://uz.hrsu.org/archives/2403#more-2403).

7. Баҳодир Чориев; 2014 йилнинг сарҳисоби. 27.12.2014. (https://soundcloud.com/tayanch-org/2014a).

8. Почему распадаются оппозиционные движения Узбекистана? 04.06.2014. (http://dunyouzbeklari.com/archives/71469).

9. Исмат Хушев: Мени МХХ агенти дейдиганлар ë ақлсиз ë нодон. 23.12.2014.(http://www.ozodlik.org/media/video/26758380.html).

10. Исмат Хушев: Бирлашган Араб Амирликларига сафар. “Дубайга саёҳат” туркумидан (10).30.06.2014. (http://dunyouzbeklari.com/archives/73965).

11. “Дунё ўзбеклари” Бош муҳаррири Германиядан Амстердам (Ҳолландия)га келди.29.12.2014. (http://dunyouzbeklari.com/archives/90843).

Leave a Reply

Your email address will not be published.