Abdujalil Boymatov: O’zbeklar erkin, demokratik jamiyat qura oladilarmi?

Spread the love

21- dekabr kuni O’zbekistonda Oliy Majlisga va Mahalliy Kengashlarga saylovlar bo’lib o’tdi.  Afsuski, bu saylovlarni men inson huquqlari himoyachisi sifatida erkin, demokratik saylovlar deya olmayman.

1991- yilda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1-moddasida: “O’zbekiston-suveren demokratik respublika.  Davlatning “O’zbekiston Respublikasi” va “O’zbekiston” degan nomlari bir ma’noni anglatadi”-deyilgan. Konstitutsiyaning yuqoridagi keltirilgan moddasida ko’rsatib o’tilganidek Ozbekiston erkin,demokratik davlat qurishni maqsad qilib qo’ygan edi.  Oradan 23 yil o’tdi, hamon O’zbekistonda erkinlik, demokratiya yo’q [1].

Nega shunday bo’ldi? Biz qanday xatolarga yo’l qo’ydikki erkin, demokratik jamiyat qura olmadik?  

Men buning to’rt sababi bor deb o’ylayman:

1.O’zbekistonni 1989-yildan beri boshqarib kelayotgan Islom Karimov hokimiyatni uzurpatsiya qilib oldi, ya’ni O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 90-moddasi: “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga 35 yoshdan kichik bo’lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O’zbekiston hududida muqim yashayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin.  Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O’zbekiston Respublikasining Prezidenti bo’lishi mumkin emas” -deb yozilgan. Islom Karimov 2010-yilda Prezidentlik vakolati tugaganiga qaramasdan hanuzgacha O’zbekistonni Prezident sifatida, diktator sifatida boshqarib kelyapti.  Hozirgi kunga kelib O’zbekistonda poraxo’rlik, korruptsiya, zo’ravonlik, inson huquqlari va erkinliklarining ommaviy oyoq osti qilinishi keng tarqalgan.  Islom Karimovning qizlari Gulnora Karimova va Lola karimova korruptsiya, zo’ravonlik bilan milliardlab boylik to’plab olishga erishishdi.

2.Islom Karimov rejimiga muxolifatda bo’lgan “Birlik Xalq Harakati Partiyasi”, “Erk Demokratik partiyasi, O’zbekiston Xalq Harakati va Birdamlik Xalq Harakati Partiyalarida demokratiyaning yo’qligidir.  Abdurahim Po’latov Birlik Xalq Harakatini 1989-yildan 2003-yilgacha va shu nomdagi partiyani ya’ni Birlik Xalq Harakati Partiyasini 2003-yildan hozirgi kungacha ya’ni hammasi bo’lib 25 yildan ortiq boshqarib kelyapti [2].

 Muhammad Solih Erk Demokrati Partiyasiga 1990-yildan beri, ya’ni 24 yildan ziyod rahbarlik qilib kelmoqda.  Muhammad Solih O’zbekiston Xalq Harakatiga 2011-yil tashkil topganidan beri rais. O’XHi nizomiga ko’ra rais bir yil muddatga saylanar edi, harakatning 2012-yildagi qurultoyida nizomga rais uch yilga saylanishi to’g’risida o’zgartirish kiritldi. Muhammad Solih O’XHi raisligini uzurpatsiya qilib oldi deb qat’iy ishonch bilan ayta olaman.  2015-yilda O’XHining navbatdagi qurultoyi bo’lishi kerak, bu qurultoyda ham Muhammad Solih rais bo’lib saylanishiga shubha yo’q.

 

Birdamlik Xalq Harakati raisi Bahodir Chorievga nisbatan menda u o’zining tashkilotida erkinlik, demokratiya printsiplariga amal qiladi degan ishonch bor edi.  Shu sababli men bu harakatda oddiy a’zo sifatida faoliyat yuritdim, 2011-yildan esa aktiv faoliyat olib bordim.  2014-yilning 26-27-aprel kunlari AQSHning Sent-Luis shahrida Birdamlik Xalq Demokratik Harakatining navbatdagi qurultoyi bo’lib o’tdi [3].  Bu qurultoyda Birdamlik Xalq Demokratik Harakati Birdamlik Xalq Demokratik Harakati Partiyasi deb o’zgartirildi.  Birdamlik Xalq Demokratik Harakati Partiyasining nizomiga ko’ra partiya raisi har uch yilda qayta saylanadi.  Lekin nizomda partiya raisi necha marta saylanishi ko’rsatilmagan. Bahodir Chorievning “Sahviy” radiopsiga bergan intervyusida partiya raisi necha marta saylanishi cheklanmagan[4, 5]. Ya’ni boshqacha aytganda Bahodir Choriev ham Islom Karimov, Abdurahim Po’latov va Muhammad Solihlarning yo’lini tanladi.   Men Birdamlik Xalq Demokratik Harakati Partiyaga aylanganligi sababli o’z-o’zidan  bu tashkilot a’zoligidan chiqib ketdim.

 

3.O’zbekistonda faoliyati taqiqlangan O’zbekiston Islomiy Harakati, Islomiy Jihod Ittifoqi, Hizbut-Tahrir partiyalari O’zbekistonda shariat asosida boshqariladigan davlat yoki xalifalikni o’rnatishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yganlar. Bu islomiy tashkilotlarning (Hizbut-Tahrirdan tashqari) faollari Afg’oniston, Pokiston, Iroq va Suriya jang maydonlarida faoliyat ko’rsatmoqdalar.

4.O’zbekiston fuqarolari erkin, demokratik jamiyatda yashab ko’rmaganlari uchun, siyosiy faoliyat yuritish tajribasi yo’qligi tufayli aksariyat fuqarolik jamiyati tashkilotlarida faoliyat yuritmayaptilar, ya’ni boshqacha aytganda ular O’zbekistondagi muxolif harakatlar, partiyalar, inson huquqlari tashkilotlari, so’z erkinligi uchun kurashuvchi va hokazo tashkilotlarga a’zo bo’lib faoliyat ko’rsatmayaptilar.


Meni hayron qoldiradigan narsa shuki, diktator Islom Karimov 23 yildan beri O’zbekistonda erkin, demokratik jamiyat qurdik deb iddao qilib keladi. Diktator Islom Karimov va dunyoviy muxolifat yetakchilari  Abdurahim Po’latov, Muhammad Solih, Bahodir Chorievlar O’zbekistonda erkin, demokratik jamiyatni qog’ozda,og’izda iddao qilsalarda amalda esa butunlay teskarisi.  O’XHi etakchisi Muhammad Solihning o’ta dindorligi va bu harakatning aksariyat a’zolari dindorligini hisobga olsak, bu tashkilotning dunyoviy jamiyat qurishiga katta shubham borligini ta’kidlab o’tmoqchiman.  Diniy tashkilotlarning erkin, demokratik jamiyat qurishi to’g’risida gapirmasak ham bo’ladi. Yuqoridagi to’rt sababga ko’ra O’zbekistonda erkin, demokratik jamiyat o’rniga shafqatsiz diktatura o’rnatilganligiga ajablanmasak ham bo’ladi.

Bunday holatda nima qilish kerak degan savol kelib chiqadi.  O’z-o’zidan ma’lumki, Islom Karimovning erkin, demokratik jamiyat qurish yo’nalishida siyosiy,iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishidan umid yo’q, chunki bu uning manfaatlariga zid. O’zbek muxolifati yetakchilarining o’rinlarini yoshlarga bo’shatib berishlari ham dargumon.   O’zbekiston Islomiy Harakati, Islomiy Jihod Ittifoqi, Hizbut-Tahrir kabi tashkilotlarning O’zbekiston Respublikasining ikki moddasini:

61-modda. Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi.

41-modda.Har kim bilim olish huquqiga ega.Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.  Maktab ishlari davlat nazoratidadir”  kabi moddalarni hurmat qilib dunyoviy muxolifat bilan hamkorlik qilishi to’g’risida gapirishning o’zi ham kulgilidir.

 

Bunday sharoitda O’zbekiston fuqarolaridan erkin, demokratik jamiyat qurish yo’lida faollikni kutish amri mahol.

 

Biz o’zbeklar uchun erkin, demokratik jamiyat qurishning Turkiya modeli o’rnak bo’la oladi deb o’ylayman. Chunki, Turkiyada ham O’zbekistondagiday Mustafo Kamol Ota-Turk davridan din davlatdan va maorifdan ajratilgan. 2013 yilga tegishli ma’lumotga ko’ra O’zbekistonda aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan mahsulot 3.800 dollar, Turkiyada esa 15 300 dollardir. O’zbekistonning iqtisodiy rivojlanish darajasi Turkiyaning 1985-yildagi darajasiga to’g’ri keladi.[6,7]

Turkiyada 2002 yildagi parlament saylovlarida 2001 yilda tashkillashgan Adolat va Taraqqiyot partiyasi katta g’alaba qozondi. Partiya parlamentdagi 550 o’rinning uchdan ikki qismdan ko’prog’ini egallashga erishgan. O’sha paytda Turkiyada aholi jon boshiga ishlab chiqilgan mahsulot 7000 AQSH dollari bo’lgan. Bugungi kunda yuqorida aytib o’tiganidek 15.300 AQSH dollariga teng. Bundan ko’rinib turibdiki Turkiya Adolat va Taraqqiyot partiyasi qudratga kelgandan beri iqtisodiy ijtimoiy o’sishda eng salmoqli natijalarga erishdi. Partiyaning hozirgi kunda 7.5 million (2013) a’zosi bor. Partiyaning ideologiyasi iqtisodiy liberal, ijtimoiy konservativdir.[8]

O’zbekiston jamiyati uchun ham Turkiyadagidek Adolat va Taraqqiyot partiyasiga o’xshagan partiya o’ta zarur. Hamma gap O’zbekistonda ham musulmonlar ichidan ilg’or, zamonaviy fikrlaydigan ziyolilar shunday partiya tuza oladilarmi?!

Ozodlik, BBC, Amerika Ovozi radiostantsiyalarida O’zbekiston dunyoviy muxolifati yetakchilarining demokratik yetakchilar emasligi, O’zbekistonda erkin, demokratik jamiyatni qurish uchun nimalar qilish kerak, xatolar,kamchiliklar,yutuqlar to’g’risida bahs-munozarali eshittirishlar tashkil qilinmayapti?! Muxolifat yetakchilari Abdurahim Po’latov, Muhammad Solih va Bahodir Choriyev bilan radio eshituvchilar o’rtasida to’g’ridan to’g’ri muloqot tashkil qilinmayabdi. Buning o’rniga Ozodlik, BBC Muhammad Solihni muxolifatning yagona yetakchisi qilib ko’rsatish bilan ovora.  Hozirgi qiyin vaziyatdan chiqishning yagona yo’li O’zbekistondagi siyosiy,iqtisodiy, ijtimoiy vaziyatni, dunyoviy muxolifatdagi, diniy tashkilotlardagi vaziyatni Ozodlik, BBC, Amerika Ovozi radiostanstiyalari yoritishi kerak.Erkin, demokratik jamiyat qurishdagi musulmon mamlakatlarining tajribasini, dunyo tajsribasini keng yoritib, muhokama qilib, bu og’ir vaziyatdan chiqib ketish yo’llarini topish mumkin.


Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati prezidenti

23-dekabr 2014-yil 

Dublin, Irlandiya


Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Ўзбекистон Республикасининг Конституцияси. (http://lex.uz/Pages/GetAct.aspx?lact_id=20596).

2. Ўзбек мухолифати етакчилари Абдужалил Бойматовнинг танқидига қандай жавоб беришди!?. 21.08.2011.(http://uz.hrsu.org/archives/2403#more-2403).

3. Баҳодир Чориев демократми?! 04.05.2014. (http://uz.hrsu.org/archives/6770).

4. Баҳодир Чориев радио тингловчилар саволларига жавоб берди. 01.12.2014.(https://soundcloud.com/tayanch-org/jprcwm5y81wp).

5. Ҳуқуқбон ташкилотлар ичида нега ёшлар йўқ? (Давра суҳбати). 02.12.2014. ( https://soundcloud.com/tayanch-org/tybtk7p7wncv).

6. Turkey GDP – per capita (PPP).(http://www.indexmundi.com/turkey/gdp_per_capita_%28ppp%29.html).

7. Uzbekistan GDP – per capita (PPP).(http://www.indexmundi.com/uzbekistan/gdp_per_capita_%28ppp%29.html).

8. Justice and Development Party (Turkey).(http://en.wikipedia.org/wiki/Justice_and_Development_Party_%28Turkey%29).

Leave a Reply

Your email address will not be published.