Ey O’zbekistonliklar, erkin, farovon yashashni xohlaysizlarmi?

Spread the love

O’zbekiston.Qanday qilib iqtisodiy, siyosiy erkinliklarga erishish kerak?! (2019).

Men oldingi maqolam va videolarimda O’zbekistonning iqtisodi o’ta qoloqligini va bu qoloqlikdan chiqib ketish uchun mamlakatda korruptsiya darajasini keskin kamaytirish zarurligiga to’xtalib o’tgan edim.

Korruptsiya darajasini keskin kamaytirish uchun iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichini va siyosiy erkinlik ko’rsatkichini keskin oshirish lozim.

Chilida Avgusto Pinochet (1974-1990), Qirg’izistonda Asqar Akayev (1990-2005), Gurjistonda Mixael Saakashvili (2004-2013) iqtisodiy va siyosiy erkinlik ko’rsatkichlarini keskin oshirishga erishgandilar. Qozog’istonda Nursulton Nazarboyev iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichini keskin yaxshilashga erishdi.

Ayniqsa Mixael Saakashvili va Singapurni 1959-1990 yillarda boshqargan Li Kuan Yu (Lee Kuan Yew) larning korruptsiyaga qarshi kurashib erishgan muvaffaqiyatlari tahsinga sazovordir.

Lekin, afsuski prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonda iqtisodiy va siyosiy erkinlik ko’rsatkichlarini keskin oshirish va natijada korruptsiya darajasini keskin kamaytirishga erishish uchun aytarli tuzuk islohotlarni amalga oshirmayabdi.

O’zbekistondagi 5 ta qo’g’irchoq partiyalar o’z o’zidan bu yo’nalishdagi ishlarga noloyiq. Muxolifatdagi Birlik xalq harakati partiyasi, Erk demokratik partiyasi va Birdamlik xalq demokratik partiyasi esa siyosiy kuchga ega emas.

Unda nima qilish kerak?

Iqtisodiy va siyosiy erkinlik ko’rsatkichlarini oshirish yo’lida jahonda juda ulkan tajriba to’plangan. O’zbekistonliklar bu tajribani o’rganib mamlakatda qo’llashlari lozim bo’ladi.

Amerikalik siyosatshunoslik bo’yicha olim (political science), fuqaroviy qarshilik va zo’ravonliksiz kurash bo’yicha yirik mutaxassis Jin Sharp (Gene Sharp) insoniyatning erkinlik uchun kurash yo’lidagi tajribasini o’rganib o’zining mashhur “Diktaturadan- demokratiyaga” (From dictatiship to democracy) nomli ajoyib asarini yozgan. Bu asarda zo’ravonliksiz kurashning 198 usuli bayon qilingan. [1,2].

Birdamlik harakatining asoschisi va rahbari Bahodir Choriyev Jin Sharp bilan uchrashgan, uning roziligi bilan asarni o’zbekchaga o’girishni moliyalashtirgan. 2004-2014 yillarda Bahodir Choriyev Birdamlik halq harakatining yetakchisi edi, hozirgi kunda Bahodirxon Turkiston Birdamlik xalq demokratik harakati partiyasining dohiysi. [3,4].

Endi Jin Sharpning zo’ravonliksiz kurashning 198 usulini bayon qilishga o’taman.  198 usulning hammasiga to’xtab o’tishning imkoni ham yo’q, bunga zarurat ham yo’q.  To’la o’rganishni xohlaganlar Jin Sharpning “Diktaturadan demokratiyaga” nomli asarini google orqali topib o’rganishlari mumkin.  [1].

Zo’ravonliksiz norozilik va ishontirish usullari.

1.Ommaviy chiqishlar;

2.Norozilik yoki qo’llab-quvvatlash xatlari.

10.Gazeta va jurnallar;

11.Magnitofon yozuvlari, plastinkalar, radio, TV, internet (internetni men qo’shdim).

31.Ayrim shaxslarni “izma-iz ta’qib qilish”;

32.Rasmiy shaxslar ustidan kulish.

48.Norozilik mitinglari;

49.Maskirovkalangan norozilik mitinglari;

50.Seminarlar.

61.Ijtimoiy voqealar boykoti;

62.Talabalarning ish tashlashlari.

76.Umummilliy iste’molchilik boykoti;

77.Xalqaro iste’molchilik boykoti;

78.Ishchilar boykoti.

88.Qarz yoki foyizlarni to’lashni rad etish;

89.Jamg’armalar va kreditlarga nisbatan talabchanligini oshirish.

97.Norozilik yuzasidan ish tashlash;

98.Tez tarqash (“yashin tezligida ish tashlash”).

101.Majburiy mehnatdan bo’yin tovlash;

102.Mahbuslarning norozilik chiqishlari.

107.Birdamlik uchun ish tashlashlar.

122.Qarshilik ko’rsatishga chorlovchi adabiyot va ma’ruzalar.

128.Hukumat tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan tashkilotlarning boykoti.

138.O’tirgan holda ish tashlash.

159.Ochlik e’lon qilish.

164.Transportdan tushmaslik.

176.Yo’llarni to’sib qo’yish.

194.Maxfiy agentlarni fosh qilish.

198.Ikki marta suverenitetga erishish va parallel hukumatni tashkil etish.

O’zbekistonda piketlar o’tkazish, mitinglar, ayrim tashkilotlarda, korxonalarda ish tashlash, ochlik e’lon qilish, shikoyatlar yozish, intervyular berish kabi norozilik bildirishning zo’ravonliksiz usullari keng tarqalgan, katta tajriba to’plangan. [5,6,7,8]. Lekin, O’zbekistondagi eng katta kamchilik mustaqil kasaba uyushmalarining, aholining ayrim guruhlarining huquqlarini himoya qiluvchi mustaqil tashkilotlarning yo’qligidir.

Masalan fermerlarning huquqlarini, xotin-qizlarning huquqini, yoshlarning huquqini, talabalarning huquqini, nogironlarning huquqini, hayvonlarning huquqini, ekologiyani himoya qilish va hokazo huquqlarni himoya qiluvchi mustaqil tashkilotlarning yo’qligidir.  Mustaqil tashkilotlar sifatida inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar va Birlik Xalq Harakati partiyasi, Erk Demokratik partiyasi, O’zbekiston Xalq harakati, Birdamlik Xalq Demokratik partiyasi kabi tashkilotlar faoliyat yurityapti, lekin bu tashkilotlar ommaviy norozilik namoyishlarini, boykotlarni, ish tashlashlarni va ommaviy fuqaroviy bo’ysunmaslik kabi aksiyalarni o’tkazish salohiyatiga ega emas.

O’zbekiston vatandoshlarining eng katta kamchiligi davlatdan mustaqil inson huquqi tashkilotlari, kasaba uyushmalari, partiyalar, harakatlar tuzishga intilishning o’ta sustligi va mustaqil tashkilotlarga a’zo bo’lishga intilishning yo’qligidir.

Diktator va avtoritar rejimlar fuqarolarning iqtisodiy va siyosiy huquqlari, erkinliklarini cheklab zo’ravonlik, propaganda bilan mamlakatni boshqarib korruptsiyon sxemalar orqali boylik orttiradilar.

Fuqarolar diktatorga qarshi ommaviy noroziliklar uyushtirishganda diktatorlar hokimiyatdan ayrilmaslik uchun o’zlarini turlicha tutadi.

Masalan, Nicolae Chaushesku ( Nicolae Ceaușescu ) Ruminiyada (1989)va Muammar Kaddafi Liviyada (2011) ommaviy noroziliklarni bostirish uchun namoyishchilarni o’qqa tutishga buyruq beradi. Ikkala diktator ham norozilar tomonidan o’ldiriladi.

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev (2010)va Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich(2014) namoyishchilarni o’qqa tutishga buyruq beradi. Yuzlab namoyishchilar o’ldiriladi.

Ikkisi ham mamlakatni tashlab qochishga majbur bo’ladi.

Qirg’iziston prezidenti Asqar Akayev (2005) esa namoyishchilarni o’qqa tutmaslikka buyruq beradi. U o’zining prezidentlik amalini bir namoyishchining hayotidan ustun qo’ymaydi. Qoyil, Asqar Akayev!

Biroq, 1989 yildagi ommaviy norozilik namoyishlarida Xitoy kommunistik partiyasi rahbarlari namoyishchilarni shafqatsiz tanklar va o’qqa tutishlar bilan bostiradilar.

Marhum diktator Islom Karimov ham 1992 yilda talabalarning ommaviy norozilik namoyishini shafqatsiz bostiradi. Ikki talaba o’ldiriladi.

2005-yilning 13-mayida diktator Andijon shahrida 10 minglab norozilik namoyishiga chiqqan namoyishchilarni ayovsiz o’qqa tutishga buyruq beradi. 1000 lab namoyishchilar o’ldiriladi.

Marhum diktator Islom Karimov davridagi, 1989-2016 yillardagi norozilik aktsiyalari bo’yicha men yozgan [5,6,7,8] maqolalardan ko’proq ma’lumotlar olishingiz mumkin.

Marhum diktator Islom Karimovning qizlari Gulnora Karimova va Lola Karimova-Tillayevalar korruptsiya yo’li bilan O’zbekistonning milliardlab AQSH dollarida pullarini o’marib chet ellarga olib chiqib ketishgan.

Tojikiston, Iroq va Suriya kabi mamlakatlarda esa ommaviy norozilik namoyishchilarini o’qqa tutish va buning oqibatida namoyishchilarning ham qo’llariga qurol olishi 10-100 minglab insonlarning o’limiga, mamlakatning honavayron bo’lishiga olib keldi.

Eng maqbul yo’l tinch, zo’ravonliksiz norozilik namoyishlariga yo’l berish, hokimiyat tomonidan kuch ishlatmaslik, o’q otmaslik.

O’z o’zidan shunday savol tug’iladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ommaviy norozilik namoyishlariga qanday munosobatda bo’ladi?

Maqolaning oxirida O’zbekistonning AJB YIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48).

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43).

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq O’zbekistonning AJB YIMsi dunyoning o’rtacha AJB YIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [9,10].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolganligini eslatib qo’ymoqchiman.  [11].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

8-mart, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Джин Шарп.ДИКТАТУРАДАН ДЕМОКРАТИЯГА. Озод қилишнинг концептуал асослари.( https://www.aeinstein.org/wp-content/uploads/2014/07/FDTD-Uzbek1.pdf ). 58-бет.

2. Жин Шарп. Диктатурадан демократияга.(http://muxlis.at.ua/kitoblar/Huquq/d.pdf).

3. Bahodirxon Turkiston-o’zbek muholifatining yosh dohiysi! O’zbekiston vatandoshlari dohiylarning orqasidan podadek ergashib yurishni bas qilishlari kerak. 16.11.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/918 ).

4. Bahodirxon Turkiston-o’zbek muholifatining yosh dohiysi! O’zbekiston vatandoshlari dohiylarning orqasidan podadek ergashib yurishni bas qilishlari kerak. Video. 17.11.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/921 ).

5. Абдужалил Бойматов.10-ДОКЛАД О СВОБОДЕ СОБРАНИЙ В УЗБЕКИСТАНЕ.

( https://huquqbon3.wordpress.com/2010/11/11/10-%D0%B4%D0%BE%D0%BA%D0%BB%D0%B0%D0%B4-%D0%BE-%D1%81%D0%B2%D0%BE%D0%B1%D0%BE%D0%B4%D0%B5-%D1%81%D0%BE%D0%B1%D1%80%D0%B0%D0%BD%D0%B8%D0%B9-%D0%B2-%D1%83%D0%B7%D0%B1%D0%B5%D0%BA%D0%B8%D1%81%D1%82/ ).

6. А.Бойматов: Ненасильственное сопротивление репрессивной политике правительства Узбекистана.15.04.2014. (http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1082010240).

 7. А.Бойматов: Узбекистан: обзор ненасильственного сопротивления за 2004 год, 11.01.2005, (http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1105445400).

8. Abdujalil Boymatov: O’zbeklarning ommaviy norozilik chiqishlari nega ko’paymoqda?! 15.03.2016. ( http://oz.hrsu.org/archives/490 ).

9. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

10. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

11.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.