Abdujalil Boymatov: O’zbeklarning ommaviy norozilik chiqishlari nega ko’paymoqda?!

Spread the love

Ommaviy noroziliklar.

2016-yilning 15-martigacha o’zbeklarning 6 ta ommaviy norozilik chiqishlari bo’lib o’tdi.  Ularning 5 tasi O’zbekistonda, 1 tasi Rossiyada bo’lib o’tdi.

 

 1- norozilik chiqishi  G’azalkent shahrida bo’lib o’tdi.

Iqtibos: Toshkent viloyati Bo’stonliq tumani G’azalkent shahrining yigirma kun davomida gazsiz o’tirgan aholisi yangi yil arafasida norozilik bildirib, bir hafta davomida deyarli har kuni shahar hokimligi va tuman gaz ta’minotini idorasiga borishdi. Bayram kunlari to’polon chiqishidan qo’rqqan mutasaddilar gaz ta’minotini yaxshilashga qaror qilishgan.

…Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan g’azalkentlikka ko’ra, yigirma kun davomida gazsiz o’tirgan aholi gaz ta’minoti yaxshilanishini qat’iy talab qilgachgina, ularning talabi inobatga olingan: “Dekabr boshida qor yoqqach, gaz bosimi juda pasayib ketdi. Shaharning ayrim joylari, masalan, Dilbar mavzesi tomonlarda gaz umuman o’chib qoldi.

Boshqa joylarda bir kun gaz bo’lsa, bir kun bo’lmadi. Joniga tekkach odamlar yig’lib, hokimlikka va gaz idorasiga qatnay boshladi. Gorgazga jaloba qilib borishdi. Hokimiyatga jaloba qilib borishdi. Yoshi katta qariyalar har kuni qatnashdi. Shundan keyin gazni yoqib berishdi”, dedi ismini ochiqlamaslikni so’ragan g’azalkentlik manba.

Boshqa bir g’azalkentlikka ko’ra, har kuni taxminan 100 nafar shaharlik yig’ilib, hokimlik va gaz idorasiga borib, gaz ta’minoti yaxshilanishini talab qilgan.Iqtibos tugadi [1].

2- norozilik chiqishi So’xda bo’lib o’tdi.

Iqtibos: O’zbekistonning Qirg’iziston ichkarisida joylashgan So’x eksklavida haydovchilar 25 va 26 yanvar kunlari ish tashlagani haqidagi ma’lumotni Ozodlikning So’x tumanidagi davlat idoralaridan birida ishlovchi manbasi tasdiqladi.

Uning aytishicha, hayqovchilarning ish tashlashiga Qirg’iziston huquq-tartibot idoralari, chegarachilari va bojxonachilarning haddan oshgan ta’magirligi sabab bo’lgan. Haydovchilar tuman hokimligidan bu muammoni hal qilib berishni so’ragan.

-Haydovchilardan 500-600 kishi to’planib, So’x tuman hokimligiga chiqishdi. Ular: “Bizni bu ta’magirliklardan kim qutqaradi, biron chora ko’rmaysizlarmi” deb talab qilishdi,-dedi manba.

Uning aytishicha, 26 yanvar kuni So’x tuman hokimi qo’shni Qirg’izistonning Qadamjoy tumani hokimi bilan uchrashgan va 27 yanvar kuni bu muammo hal etilgan. Iqtibos tugadi[2].

3- norozilik chiqishi Ulug’nor tumanida 31-yanvar kuni bo’lib o’tdi.

Iqtibos: Andijon viloyati Ulug’nor tumanining Uchko’prik qishlog’ida istiqomat qilgan 17 yashar Tohirni “Andijonbaliq” jamiyatining qorovullari yakshanbaga o’tar kechasi urib o’ldirib qo’ygan. Jamiyat mulozimlari bola baliq o’g’irlashga kelgan payti o’zi suvga cho’kib o’lganini iddao qilmoqda. Yakshanba kuni Uchko’prik qishlog’ining yuzga yaqin aholisi bolaning qotillari jazolanishini talab qilib chiqishdi. Ulug’nor tumanining Uchko’prik qishlog’ida istiqomat qilgan 17 yashar Tohir ismli bola 30 yanvar kuni kechasi shu qishloq hududida joylashgan “Andijonbaliq” hissadorlik jamiyatiga qarashli sun’iy hovuzlardan birida kaltaklab o’ldirildi.

“Bola o’lganning ertasi kuni hamma bundan juda darg’azab bo’ldi. Yuzga yaqin odam, aksariyati ayollar, bolani o’ldirib qo’ygan qorovullarni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilishdi. Hokimiyatdan vakillar keldi, hamma yoqni militsiya bosdi. Hokim o’rinbosari bu ish albatta o’rganilishini, haqiqat qaror toptirilishini aytganidan so’ng, kechga borib odamlar tarqaldi”, dedi manba. Iqtibos tugadi[3].

4-norozilik chiqishi Xo’jayli shahrida bo’lib o’tdi.

Iqtibos: Qoraqalpog’istonning Xo’jayli shahridagi 3-sonli maxsus internatning bir kunda ishdan haydalgan 21 nafar o’qituvchisi 15 fevral kuni norozilik bildirib Qoraqalpog’iston Xalq ta’limi vazirligiga borishdi. Vazir Kadirbay Bekturdiyev norozilar bilan shaxsan uchrashib, ularning barchasini qayta tiklashga va’da bergan. Iqtibos tugadi[4].

5-norozilik chiqishi Toshkent shahrining Chilonzor tumanida bo’lib o’tdi.

Iqtibos: Toshkent shahri Chilonzor tumanining oltinchi mavzesida istiqomat qiladigan aholi ko’p qavatli uylar o’rtasidagi chinorlar kesilayotganiga qarshi norozilik bildirmoqda. Toshkent shahar hokimiyatining ruxsati bilan bu yerdagi o’nlab oltmish yillik chinorlar kesila boshlandi.

Avtomobillar turar joyi va ikkita ko’p qavatli uy qurilishi rejalangan bu joy, shaharliklar fikricha, eng go’zal chinorzor, dam oladigan maskan va bolalarning o’yin maydonchasi bo’lgan.

Toshkent shahri Chilonzor tumanining oltinchi mavzesida aholining chinorlar kesilishiga qarshi noroziligi ikki kundan buyon davom etmoqda.

-Kecha mana shu uylarda yashovchi uylardan ellikdan ortiq qattiq norozilik bildirdi. Odamlar yo’lni to’sdi, KamAZ haydovchisi esa bosib kelaverdi. Qiy-chuv, to’polon bo’ldi. Ishchilar aholining noroziligiga qaramasdan qurilish bo’ladigan joyning atrofini o’rab oldi. Lekin tepadan kesilayotgan chinorlarni ko’rib, yuragimiz ezilib ketyabdi.

O’tgan asrning 60 yillarida ota-onalarimiz bu yerni bog’, chinorzor qilgan edi. Shavqatsizlar hech kimning fikrini inobatga olmayabdi, dedi Larisa. Iqtibos tugadi [5,6].

6-norozilik chiqishi Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida bo’lib o’tdi.

Iqtibos: Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida futbol bo’yicha 2018 yilgi jahon chempionatiga mo’ljallangan stadion qurilishida qatnashayotgan 250 o’zbekistonlik ish tashladi. Quruvchilardan Ozodlikka bo’lgan murojaatga ko’ra, ishchilarning ikki oylik mehnat haqi berilmagani sabab ular norozilik sifatida ishga chiqmayabdi.

Nijniy Novgoroddagi stadion qurilishida ishlayotgan o’zbekistonlik mehnat muhojirlari Ozodlikka maktub yo’llab, o’z vaziyatlarini bayon qilishdi:

Bizga yordam bering. Rossiyaning Nijniy Novgorod shaxrida futbol bo’yicha 2018 yilgi jaxon chempionatiga mo’ljallangan stadion qurilishida 250 dan ortiq O’zbekistonlik ishlaymiz. Gap shundaki ikki oydan beri maoshimiz berilmayapti. Biz ishlayotgan firma “ООО Ма-на Строй” egalari turklar hisoblanadi. Stationni qurib bitgazish uchun masul kompaniya bu “Стройтрансгаз”.

Hozir pul bermayotgani uchun ishni to’xtatganmiz. Bizni shirkat “стг” pul o’tkazmayapti deb baxona qilyapti. Hozir hammamizni vahima bosgan, aldanib qolishdan qörqayapmiz. Qölimizda shartnoma yo’q. Sizlarga yozishimizdan maqsad, shu ikkala shirkat bilan bog’lanib shurishtirishingizni iltimos qilamiz. Chunki bu dunyo ahamiyatidagi loyiha bo’lganligi sabab bu voqealarni jamoatchilikka oshkor bo’lishi, sizlarni aralashuvingiz qandaydir bosim bo’ladi va natija beradi deb o’ylayman” deyiladi quruvchi-muhojirdan kelgan maktubda. (Maktub tahrir qilinmagan holda e’lon qilinayabdi.-tahr) Iqtibos tugadi [7].

Islom Karimov diktaturasi davrida norozilikning 3 to’lqini va siyosiy talablar.

2015-yilda o’zbekistonliklar 5 marta norozilik chiqishi qilishgan bo’lsa [8], 2016-yilning ikki yarim oyida 6 marta norozilik chiqishi qilishdi.  Bu norozilik chiqishlarida quyidagi muammolar ko’tarildi:

Navoiy viloyati Xatirchi tumani Mirzo Ulug’bek dehqon fermerlar uyushmasi hududida yashovchi fuqarolar, Farg’ona viloyatining Uchko’prik tumanidagi bir necha qishloq aholisi, Farg’ona shahrining Qirgulidagi Marg’ilon ko’chasida istiqomat qiladigan fuqarolar, Farg’ona viloyati Marg’ilon shahrining “Saxovat” mahallasi, Toshkent viloyati Bo’stonliq tumani G’azalkent shahrining norozilari suv, elektr ta’minotini yaxshilashni talab qilishdi.

 

Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi paxta tozalash ochiq hissadorlik jamiyatining ellikka yaqin ishchisi besh oydan beri maosh berilmayotganligiga noroziligini bildirib ish tashlagandi, Fargo’na viloyati So’x tumanining 500-600 haydovchilarining ish tashlashiga Qirg’iziston huquq-tartibot idoralari, chegarachilari va bojxonachilarining haddan oshgan ta’magirligi sabab bo’ldi, Qoraqalpog’istonning Xo’jayli shahridagi 3-sonli maxsus internatning bir kunda ishdan haydalgan 21 o’qituvchisi ishga qayta tiklashni, Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida futbol bo’yicha 2018 yilgi jahon chempionatiga mo’ljallangan stadion qurilishida qatnashayotgan 250 o’zbekistonlik ikki oylik mehnat haqini berishni talab qilib norozilik  chiqishi qilishdi, ish tashlashdi.

Andijon viloyati Ulug’nor tumanining Uchko’prik qishlog’i norozilari hovuz qorovullarini jinoiy javobgarlikka tortish, ya’ni ijtimoiy adolat o’rnatish talabi bilan chiqishdi.

Toshkent shahri Chilonzor mavzesining norozilari chinorlar kesilishiga qarshi, ya’ni ekologik talab, atrof muhitni muhofaza qilish talabi bilan chiqishdi.

Yuqoridagi norozilik ishtirokchilarining talablaridan ko’rinib turibdiki, bu talablar asosan ijtimoiy-iqtisodiy talablar, siyosiy talablar yo’q.  Nega shunday?

Buning sababini tushunish uchun men o’zbek muxolifatining tarixiga nazar tashlashdan javob topsa bo’ladi deb o’ylayman.  O’zbeklarning norozilik chiqishlarida 3 to’lqinni kuzatamiz:

1-to’lqin. 1989-1992-yildagi norozilik chiqishlari.  Bu davrda Birlik Xalq Harakati, Erk Demokratik partiyasi ommaviy norozilik chiqishlarini tashkil qilishgan.  Bu norozilik chiqishlarida Orol muammosi, O’zbek tiliga davlat maqomi berish, paxta yakkahokimligini yo’q qilish, O’zbekiston mustaqilligi, muxolif partiya va harakatlarni ro’yxatga olish va hokazo talablar qo’yilgan.

2-to’lqin. 2003-2005-yillar,bu davrda  norozilik chiqishlarini inson huquq himoyachilari(O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati tomonidan ko’p norozilik chiqishlari tashkil qilingan), Ozod Dehqonlar partiyasi, Erk Demokratik Partiyasi, Birlik Xalq Harakati, Birdamlik Xalq Harakati (2004-yildan boshlab) va O’zbekiston fuqarolari tashkil qilgan norozilik chiqishlarida qamoqdagi inson huquq himoyachilarini, siyosiy mahbuslarni ozod qilish, iqtisodiy-siyosiy islohotlar o’tkazish, amaldorlarning zo’ravonliklarini(MXX, IIB, prokuratura, sud, hokimiyat xodimlarining zo’ravonligini) to’xtatishni, tadbirkorlaga, savdogarlarga  solinadigan patta va soliqlarning ko’payishiga qarshi, Islom Karimov iste’fosi va hokazo talablar qo’yilgan. [9,10].

3-to’lqin. 2015-2016-yilning 1-choragi hozirgi kungacha. Bu norozilik chiqishlarini uyushtirishda, tashkil qilishda inson huquq himoyachilari, O’zbekiston Xalq harakati, Birlik Xalq Harakatlarining hech qanday ishtiroki yo’q.  Birdamlik Xalq Harakati, Ozod Dehqonlar Partiyasi bugungi kunda faoliyatsiz, Erk Demokratik Partiyasining faoliyati ko’zga ko’rinmaydi.  Muxolifat etakchilari Abdurahim Po’latov, Muhammad Solih, Bahodir Choriev, Sanjar Umarov, Nigora Hidoyatovalar ta’qib va tayziqlar tufayli O’zbekistondan tashqarida faoliyat yurityaptilar.[8].

Inson huquq himoyachilari Yelena Urlayeva, Malohat Eshonqulova, Shuhrat Rustamov va boshqalar norozilik piketlari uyushtirishyabdi, lekin ularning ommaviy norozilik chiqishlariga aloqasi yo’q. Mo’tabar Tojiboyeva boshchiligida Muqobil O’zbekiston muvofiqlashtiruvchi kengashi ham chet elda juda faol, biroq ularning ham ommaviy norozilik chiqishlariga ta’siri yo’q.

Bu davrdagi norozilik chiqishlarida yuqorida aytib o’tilganidek, ijtimoiy-iqtisodiy talablar: svet, gaz taqchilligi, ishga tiklash, maosh, ish haqlarini vaqtida berish, ta’magirlikka qarshi, ekologik talablar qo’yilmoqda.  Lekin bu talablar ichida siyosiy talablar:Inson huquq himoyachilari, siyosiy mahbuslarni ozod qilish, inson huquq tashkilotlari, muxolif partiya va harakatlarni ro’yxatga olish, so’z erkinligi, ommaviy axborot vositalari erkinligi, internet erkinligi, mustaqil sud, mustaqil parlament va siyosiy, iqtisodiy islohotlar o’tkazish talablari yo’q.

Norozilikning 3-to’lqini Islom Karimovning yovuz diktaturasiga barham bera oladimi?!

 2015-yilda 5 ta ommaviy norozilik chiqishlari bo’lib o’tdi, 2016-yilning 1-choragi tugamasdan O’zbekistonda 5 ta norozilik chiqishlari, Rossiyada esa o’zbeklar tomonidan 1 ta norozilik chiqishlari bo’lib o’tdi.  Bu yerda ochiqdan-ochiq ko’rinib turibdi, 2016-yilda 3-norozilik to’lqini yuqoriga ko’tarilyapti, nega shunday bo’lyapti?  Sababi hammaga ayon, O’zbekistonga Rossiya va Qozog’istondan mehnat muhojirlari tomonidan jo’natilayotgan pullar keskin kamaydi(7-8 milliard AQSH dollaridan 3-4 milliard AQSH dollariga tushib qoldi). O’zbekistonda eksport mahsulotlari paxta, gaz, oltinning narxi kamaydi.  O’zbek avtomobillarining sotilishi Rossiyada keskin qisqardi[11,12].  

O’zbekiston iqtisodining inqirozi o’zbek so’mining qadrsizlanishida yaqqol ko’rindi.  2014-yili qora bozorda 1 AQSH dollari 3000 so’m atrofida edi, 2015-yilning noyabrida 1 AQSH dollari 6000 so’mgacha qadrsizlandi , 2016-yilning 26-fevralida 6700 bo’ldi [13].

Mening Toshkent shahrida ishlaydigan  tanishim 2014-yilda 600.000 so’m maosh olar edi, qora bozor kursi bo’yicha 200 AQSH dollari, 2015-yilning noyabriga kelib maoshi o’zbek so’mi qadrsizlanganidan 100 AQSH dollariga tushib qoldi, 1 AQSH dollari 6700 so’mga teng bo’lganda esa maoshi 89,5 AQSH dollariga tushib qoldi. Toshkentlik tanishimning maoshi 200 AQSH dollaridan 89,5 dollarga kamayib ketganidan boshi qotib qolgan.  O’zbekistonda mening tanishimga o’xshab boshi qotganlar bir necha millionlarni tashkil etadi.

Rossiyadagi 2 milliondan ortiq mehnat muhojirlarining ham boshi qotgan, chunki, 2014-yilda 1 AQSH dollari 32 rubl bo’lgan bo’lsa, 2016-yilning 12-martida 70.31 rublga teng.  Qozog’istondagi 1 millionga yaqin mehnat muhojirlarining ham boshlari qotgan. 2014-yilda 1 AQSH dollari 180 tenge bo’lgan bo’lsa, bugungi kunda 1 AQSH dollari 342.5 tenge.

Bunga qo’shimcha O’zbekistonda maosh 3-4 oy, hattoki 5 oylab kechikib berilyapti. Iqtisod bo’yicha ekspertlarning prognozi bo’yicha 2016-yilda o’zbek so’mi, rossiya rubli, qozoq tengesining qadrsizlanishi yanada davom etadi, boshi qotganlar soni yanayam ortadi.   2003-2005-yillarda juda ko’p iqtisodiy, ijtimoiy sharoitdan norozi bo’lganlar ommaviy Rossiyaga, Qozog’istonga, Janubiy Koreyaga ish izlab ketgan edi.

2015-2016-yilning 1-choragida ijtimoiy, iqtisodiy sharoitdan norozi bo’lganlar Rossiya, Qozog’istondan O’zbekistonga ommaviy qaytib kelmoqda.  Norozilik chiqishlari ko’payishi yaqqol ko’rinib turibdi.  O’zbekistondagi 3-to’lqinning Islom Karimov rejimini ag’darib tashlash darajasiga eta oladimi yoki yo’qmi buni yaqin 1-2 yilda guvohi bo’lamiz. 

Islom Karimov rejimi 3- to’lqinning ko’tarilib ketishini oldini olish uchun jon jahdi bilan choralar ko’rmoqda:

1. 2015-yilning 31-iyulidan boshlab Skype va Viberlar to’sib qo’yildi;

2. Fermerlarning yerlari o’rtacha 43.9 gektardan 36.1 gektarga tushirildi, ya’ni fermerlar soni ko’paytirildi unda ishlovchilar soni ham ko’paytirildi;[14].

3. O’zbekiston IIV va MXXga kur’yerlik jo’natmalarini tekshirish huquqi berildi;[15].

4. Toshkentga viloyatlardan kelib ishlovchi O’zbekiston fuqarolari 6 oyga ruxsatnoma olishlarii kerak;[16].

5. MXX xorijga ketganlarning ota-onalari va oila a’zolarini sazoyi qilyapti va hokazo.[17].


Islom Karimov rejimining menga nisbatan o’tkazgan ta’qib tayziqlarining qisqacha bayoni.

Kamina, 1989-1992, 2003-2005 yillardagi,1-chi, 2-chi to’lqin norozilik chiqishlarida tashkilotchi, qatnashuvchi sifatida faol qatnashgan edim. !989-1992 yillardagi Birlik Xalq Harakatining Yadro fizikasi ilmiy tadqiqot institutidagi yoshlar bo’limi raisi maqomida norozilik chiqishlarida faolligim uchun 5 marta sudlanib jarimaga tortilgan, ogohlantirilgan edim.

O’zbekiston SSR fanlar akademiyasi prezidiumidan meni ishdan bo’shatish haqida buyruq kelgan edi, biroq Yadro fizikasi institutida Birlik Xalq Harakati bo’limi kuchli bo’lganligi, Birlikchilardan Muhammadamin Narziqulov, Izzatilla Nuriddinov, To’lqin Tillayev, Anvar Madumarov va boshqalar meni qattiq himoya qilganliklari tufayli ishdan bo’shatisha olmagan edilar.

2003-2005 yillardagi O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatining kotibiyat a’zosi maqomida norozilik chiqishlarini tashkillashtirishda, qatnashishda faolligim uchun 3 marta sudlangan, 3 marta do’pposlangan, Andijon voqealaridan so’ng 10 kundan ortiq uy qamog’ida bo’lgan edim.

2006 -yilning 31- iyuliga qadar, yani O’zbekistonni tark etishimgacha O’zbekistondagi norozilik chiqishlarida eng ko’p qatnashganman deb baralla ayta olaman. Hozirgi vaqtda norozilik chiqishlarida eng ko’p qatnashuvchilar Yelena Urlayeva, Malohat Eshonqulova, Abdulla Tojiboy o’g’li, Shuhrat Rustamov va boshqalardir.

3-chi to’lqin, 2015, 2016 -yil birinchi choragi ommaviy norozilik chiqishlarini Irlandiyaning Dublin shahridan monitoring etyabman.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati prezidenti

Dublin, Irlandiya

15-mart, 2016-yil

Foydalanilgan xabarlar va maqolalar:

1. Газ йўқлигидан норози ғазалкентликларнинг талаби қондирилди. 04.01.2016.(http://www.ozodlik.org/content/article/27466799.html).

2. Сўхда ҳайдовчилар икки кун иш ташлади. 27.01.2016. (http://www.ozodlik.org/content/article/27514109.html).

3. Андижонликлар 17 яшар боланинг уриб ўлдирилганига қарши норозилик намойиши ўтказди. 05.02.2016. (http://www.ozodlik.org/content/article/27534295.html).

4. Ишдан ҳайдалган ўқитувчилар норозилигидан сўнг қайта ишга тикланаяпти.

16.02.2016. (http://www.ozodlik.org/content/article/27555744.html).

5. Тошкентда чинорлар кесилишидан норози аҳоли кўчага чиқди. 16.02.2016. (http://www.ozodlik.org/content/article/27555736.html).

6. Чилонзор чинорлари Тошкент ҳокими рухсати билан кесилгани маълум бўлди. 23.02.2016. (http://www.ozodlik.org/content/article/27569233.html).

7. Жаҳон чемпионати учун стадион қураётган 250 ўзбек иш ташлади. 10.03.2016. (http://www.ozodlik.org/content/article/27602643.html).

8. Абдужалил Бойматов: Ўзбек фуқаролик жамияти чуқур инқирозда. 03.01.2016. (http://uz.hrsu.org/archives/7676#more-7676).

9. А.Бойматов: Ненасильственное сопротивление репрессивной политике правительства Узбекистана.15.04.2014. (http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1082010240);

10. А.Бойматов: Узбекистан: обзор ненасильственного сопротивления за 2004 год, 11.01.2005, (http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1105445400);

11. РФда ўзбек автомобиллари савдоси 11ой давомида 47 фоизга тушиб кетди. 10.12.2015(http://www.ut.uz/uz/iqtisodiyot/rfda__ozbek__avtomobillari_savdosi_11oy_davomida_47_foizga_tushib__ketdi).

12. Россиядаги ўзбекистонлик меҳнат муҳожирларининг ватанларига пул жўнатмалари 2,5 баробарига, тожикистонликларники эса деярли уч баробарига камайди. 15.12.2015.(http://uzbek.fergananews.com/news.php?id=10511&mode=snews).

13. Ўзбекистон қора бозорида доллар 6700 сўмга чиқди. 26.02. 2016. (http://www.ozodlik.org/content/news/27575796.html).

14. Мақбуллаштириш: Ер эгаси ўзгармади¸ фермер сони кўпайтирилди. 18.02.2016. (http://www.ozodlik.org/content/article/27560216.html).

15. Ўзбекистон ИИВ ва МХХга курьерлик жўнатмаларини текшириш ҳуқуқи берилади. 23.02.2016. ( http://www.ozodlik.org/content/news/27568783.html).

16. Мардикорлар кунбай иш рухсатномасини олиши шарт. 11.03.2016. (http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan/2016/03/160311_uzbek_internal_labour).

17. МХХ хорижга кетганларнинг ота-оналари ва оила аъзоларини сазойи қилаяпти. 12.03.2016. (http://www.ozodlik.org/content/article/27606539.html).

Leave a Reply

Your email address will not be published.