O’zbekiston. Shavkat Mirziyoyev. Iqtisodiy erkinlik?! (2019)

Spread the love

Heritage Foundation tashkiloti 2019-yil uchun iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichini ochiqladi.  [1].

Ozodlikdan iqtibos: “Jahon davlatlaridagi iqtisodiy erkinlik reytingida O’zbekistonning pozitsiyasi o’tgan yildagiga nisbatan 12 pog’ona yuqoriladi.  Yil sayin iqtisodiy erkinlik reytingini ochiqlab boruvchi Heritage Foundation tashkilotining yangi hisobotida o’tgan yili 180 davlat orasida 152-o’rinda bo’lgan O’zbekiston joriy yilda 140-o’ringa qo’yildi”.  Iqtibos tugadi. [2].

O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3ga teng.[1].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

 Tojikistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 55.6 ball,

Belorussiyaniki 57.9 ball,

Xitoyniki 58.4 ball,

Rossiyaniki 58.9 ball,

Qirg’izistonniki 62.3 ball,

Turkiyaniki 64.6 ball,

Ozarbayjonniki 65.4 ball,

Qozog’istonniki 65.4 ball va

reytingda 3-o’rinni egallagan Yangi Zelandiyaniki 84.4 ball,

2-o’rinni egallagan Singapurniki 89.4 ball va

1-o’rinni egallagan Gong Kongniki 90.2 balligini hisobga olsak, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik bo’yicha ko’rsatkichi juda abgor bo’lmasada juda yomonligini ko’ramiz.  Ya’ni, 180 mamlakat qatorida 140-o’rinni egallashi juda yomon holat. Nega endi juda yomon holatligiga batafsilroq to’xtab o’tmoqchiman.

Birinchidan, O’zbekiston iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan mamlakatlarning tubida joylashgan.  

Ikkinchidan, iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 12 ta erkinliklardan iborat bo’lib, 4 guruhga bo’lingan.

1.Qonun ustuvorligi (Rule of Law)

2.O’yin qoidalarining samaradorligi (Regulatory Efficiency)

3.Hukumatning ulushi (Government Size)

4.Bozorlarning ochiqligi (Open Markets).

Qonun ustuvorligi guruhiga tegishli  3 erkinligi va bozorlar ochiqligining 2 erkinligi O’zbekistonda o’ta abgor holatda.  Ya’ni 50 balldan past.

Qonun ustuvorligi guruhiga tegishli Mulk Daxlsizligi (Property Rights) 49.8 ball, Hukumatning Halolligi (Government Integrity) 25.2 ball, Sud Tizimining Samaradorligi (Judicial Effectiveness) 34.3 ball va Bozorlar Ochiqligi guruhiga tegishli Investitsiya Erkinligi (Investment Freedom) 10 ball, Moliyaviy Erkinlik (Financial Freedom) 10 ball.

O’zbekiston vatandoshlari uchun mulk daxlsizligi erkinligi juda tanish, juda tushunarlidir.  O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasi bo’yicha yer davlat mulkidir. Shu sababli hokimlar fermerdan hoxlagan paytda yerni tortib olib boshqa fermerga berib yuboradi.  Savdogarlarning do’konlarini istagan paytda buzib tashlanib, do’konning bozor bahosidagi narxi qisman to’lanadi yoki to’lanmaydi. [3,4,5].

Hukumatning halolligiga kelsak, prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazirlikka tavsiya qilgan Abdulla Aripov, senator, prezident maslahatchisi Rustam Inoyatov (sobiq MXX raisi) lar dunyo jamoatchiligi nazariga tushgan, ko’zga ko’ringan korruptsionerlardir.[6,7]. Oxirgi paytlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayev ham dunyo jamoatchiligi nazariga hokimlik mavqeidan foydalanib O’zbekiston vatandoshlarining uy joy mulklarini zo’ravonlarcha buzib tashlash, mehnat huquqlarini oyoq osti qilishlari va korruptsiya ishlari bilan tushib qoldi. [8,9].

Sud tizimining samaradorligiga kelsak, Surxondaryo viloyati, Jarqo’rg’on tumanida va Toshkent viloyatining Pskent tumanida  fermerlarning yerlari, texnikalarining hokimlarning buyrug’i asosida sud qarori bilan musodara qilinishidir.  Fermerlar 14 oyga kredit olgan bo’lsada kreditning 6 oyini to’lab bo’lgandan keyin yana 8 oy kredit to’lash uchun muddat bo’lishiga qaramasdan ularning yerlari va texnikalari noqonuniy musodara qilingan.  [3,4,10].

Investitisiya erkinligi va moliyaviy erkinliklar to’g’risida iqtisodchilar o’z fikrlarini aytsa o’rinli bo’lardi.  Lekin iqtisodchi bo’lmagan har bir o’zbekistonlik bu erkinliklar ko’rsatkichining 10 ball ko’rsatkichning o’ta abgorligini osongina tushunadi.

Xulosa shuki, O’zbekistonda iqtisodiy erkinlik yo’q hisobi.  Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha ko’proq erkinmas (Mostly Unfree) O’zbekistonda o’rta sinf shakllana olmaydi.  O’zbekiston erkin, ravon rivojlana olmaydi. O’zbekistonning o’ta qoloq mamlakatlar qatoridan chiqib ketishi dargumon.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

1-fevral, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

2. Иқтисодий эркинлик рейтингида Ўзбекистон 12 поғона юқорига кўтарилди. 28.01.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29734969.html ).

3. Fermerlar “Agrobank”ni kredit shartini buzganlikda aybladi. MIB fermer mulkini musodara qilmoqda. 06.11.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29586153.html ).

4. Tuman MIBi fermerlardan musodara qilingan 100 dan ortiq traktorni sottirib yubordi. 29.11.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29626746.html ).

5. KunUZ. 6,5 MILLIARD SO’M KREDIT OLINIB QURILGAN MEHMONXONANI HOKIM BUZDIRIB TASHLADI. 31.01.2019.

( https://www.youtube.com/watch?v=xfByUYtBx9c ).

6. KunUz.NAMUNALI UYLAR HAQIDA QASHQADARYOLIKLAR HIKOYASI – CHIROQCHI VA G‘UZOR TUMANLARI MISOLIDA. 29.01.2019.

( https://www.youtube.com/watch?v=iGjWc4jWvwg ).

7. KunUZ.MUROJAATCHI: “ARZON UY-JOY DEGANI SHUNDAY BO’LADIMI?”. 30.01.2019. ( https://www.youtube.com/watch?v=5av6a9OH3TQ ).

8. Toshkent hokimiga qarashli kompaniya ishchilari o‘zlarining quldek ishlatilayotganini aytmoqda. 28.01.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29736445.html ).

9. Тошкент ҳокими Akfaнинг эгаси эканлигини, лекин компания бошқарувни бошқаларга топширганини айтди. 31.01.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29743975.html ).

10. O’zbekistonda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimi qanchalik modernizatsiya bo’ldi?! 30.11.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/932 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.