O’zbekistonda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimi qanchalik modernizatsiya bo’ldi?!

Spread the love

Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonni prezident sifatida boshqarishga kirishishi bilan O’zbekistonni rivojlantirishning besh yo’nalishini ma’lum qildi:

1.Davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish;

2.Sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish;

3.Iqtisodiyotni liberallashtirish;

4.Ijtimoiy sohada islohotlar;

5.Tashqi siyosat tamoyillari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yilning 14-dekabr kuni mamlakatni prezident sifatida boshqarayotganiga ikki yil to’ladi.   Shu davr mobaynida davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimida modernizatsiya qanchalik amalga oshganini quyidagi uch voqeadan yaqqol tasavvur qilsak bo’ladi.

1-voqea.  Fermerlardan musodara qilingan 100dan ortiq traktorni sotib yuborilishi.  [1].

Ozodlikdan iqtibos: “Toshkent viloyat, Pskent tuman MIB ( Majburiy ijro byurosi) xodimlari fermer xo‘jaligi hisobida turmagan avtomobillar va uy jihozlarini ham musodara qilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishlaricha, garchi ularda bankdan olgan kreditini yopish imkoni bo‘lsa ham, MIB xodimlari musodara jarayonini boshlab yuborgan”. Iqtibos tugadi.

Yana Ozodlikning shu maqolasidan iqtibos: “Bekzod Shiranov 51 gektar yerga bug‘doy va paxta ekkan. Bug‘doy rejasini ortig‘i bilan bajargan. Tuman hokimining iltimosi bilan rejadan ortiq yana 15 tonna bug‘doy topshirgan.

Bu yil paxta rejasini 88 foiz bajargan. Yog‘ingarchilik tufayli paxta 5-sortga olinayotgani, foydasidan zarari ko‘p bo‘lgani uchun terimni to‘xtatgan.

“Qonunlar teskari ishlayapti”

Fermerning aytishicha, u Agrobankning Pskent tuman filialidan 156 million so‘m kredit olgan. Lekin shu paytgacha, davrli kreditlarni muddatidan oldin yopib kelgan:

– Kreditni yopish uchun 18 million so‘m qolgan. Lekin, hali paxta zavodida pul bo‘lmagani uchun oxirgi topshirgan paxtam puli tushmagan. Bundan tashqari 40 million so‘m sug‘urtadan tushadi. Men o‘ynab-o‘ynab yopaman, o‘zimga ham qoladi. Ammo, bular hech narsani tushunishni istamaydi, yuqoridan aytilgan deb, ko‘ziga ko‘ringan narsaga yopishadi. Hamma joyda qonun buzilyapti, Birinchidan, kreditni yopish muddatiga hali olti oy bor, ikkinchidan, MIB xodimlari ijro varaqasi ham ko‘rsatmasdan fermerlarning hisobida turmagan mol-mulkni musodara qilyapti, uchinchidan, iqtisodiy sud MIBga noqonuniy jarima va qarorlar chiqarib beryapti. Sudyaga bu ishini aytsam, “yuqoridan shunaqa buyruq bo‘lgan”, deydi. Biz qanaqa davlatda yashayapmiz?- deydi fermer Bekzod Shiranov.

Fermerning aytishicha, u tenderdan yana 33 gektar yer yutib olgan, lekin tuman hokimi shu paytgacha qaror chiqarib bermayapti:

– 12 oktabrda yutib olganman. Qarorini uch kunda olishim kerak edi. Mana ikki oy o‘tyapti, qarshilik qilib, bermayapti. Men u yerga kuzgi bug‘doy ekishim kerak edi. Mana hali bir so‘tix ham ekolmadim, yerni haydata olganim yo‘q, -deydi Bekzod Shiranov.

Ozodlikka Pskent tumanidan yana boshqa fermerlar ham murojaat qilib, MIB xodimlari hali iqtisodiy sudning ajrimi ular qo‘liga yetib kelmasdan turib, MIB xodimlari ularning fermer xo‘jaligi balansida bo‘lgan-bo‘lmagan mol-mulkini musodara qilishga kirishganini aytdi”. Iqtibos tugadi.

Ozodlikning shu maqolasidan yana iqtibos: “MIB xodimining aytishicha, fermerlardan tortib olingan texnikalar klaster firmaga tendersiz, juda arzon narxda sotib yuborilyapti:

Tumanda 180 ortiq fermerning 30 milliard so‘m qarzi bor edi. Deyarli undirib bo‘ldik, hozir 80 million so‘m qolgan, xolos. Masalan, 150 million so‘m turadigan traktorni 40-50 million so‘mdan “To‘qimachi” degan klaster firma sotib olyapti. Keyin fermer nomiga bankdan plastik kartochka ochtirib, o‘shanga tashlab beryapti, fermerning bankdagi hisobiga tashlamayapti, chunki, fermerning soliqdan qarzi bor, soliq olib qo‘yadi. MIB xodimlari kartochkani fermerdan qo‘lini qayirib bo‘lsa ham olib qo‘yadida, plastigidan olib to‘lattirib yuboryapti. Hozir fermerlarning 100dan ortiq texnikasi ana shunday arzon-garovga auksionsiz sotilib ketdi. Qonun bo‘yicha bu texnikalar auktsionda sotilishi kerak, lekin bunday bo‘lmadi”, deydi MIB xodimi.” Iqtibos tugadi.

2-voqea.  YHX inspektorlarining xolis guvohlardan bo’sh qog’ozga qo’l qo’ydirib olishi.  [2].

Ozodlikdan iqtibos: “Andijon shahridan Ozodlikka yuborilgan videoda yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlarining mast holda avtomobil boshqarganlikda gumonlangan haydovchi bilan bo‘lgan holat qonunga zid ravishda hujjatlashtirilayotgani aks etgan.

Haydovchi inspektorlar uning ishtirokisiz mashinani tintuv qilgani va xolislarga bo‘m-bo‘sh qog‘ozga imzo qo‘ydirib olishganini aytadi va bu holat videoda aks etgan.

Voqea ishtirokchisi bo‘lgan haydovchining iddao qilishicha, inspektorlar uni harakatlanmayotgan avtomobilning yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan paytda noqonuniy tarzda javobgarlikka tortgan.

Voqea ishtirokchisining aytishicha, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi bu ishni sudga oshirgandan keyin, viloyatdagi oltita ma’muriy sud bu ishni ko‘rib chiqqan, lekin bittasi ham biror qarorga kelolmagan”. Iqtibos tugadi.

Yana Ozodlikning shu maqolasidan iqtibos: “Inspektorlar bilan tortishayotgan yigit Andijon shahrida yashovchi tadbirkor, 29 yashar Davronbek Shokirov ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Shokirovning Ozodlikka aytishicha, videoda Andijon viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining 1-safarbarlik guruhi inspektorlari S.U., R. M., S.T., Sh.S. va U. Q. uni noqonuniy jazolagan holatlari aks etgan.

Tadbirkor so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 25 mart kuni u o‘z mashinasida, lekin yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan paytda, YHX inspektorlari uni mast holda mashina boshqarganlikda gumonlab, ushlashgan:

– Andijon shahrida bo‘ldi voqea. Mening mashinam to‘xtab turgan edi, men ozgina ichganim uchun avtomobilni boshqarishni o‘rtog‘imga bergan edim. U hojat chiqargani tushib ketgan edi. Men yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan edim. Shu payt inspektorlar kelib mendan hujjat so‘rab, “ichib oldingizmi”, dedi. Men ularga, “ichganmanmi-yo‘qmi, men rulda emasmanku, nima qilasiz mendan hujjat so‘rab”, dedim. Keyin bittasi mashinaga shart o‘tirdida, reyd qilayotgan joylariga haydab ketdi. U yerdan esa narkologiyaga olib borishdi, – dedi Davronbek Shokirov.

Tadbirkorning iddao qilishicha, narkologiya bo‘limida unga yuzaki tashxis qo‘yilgan:

– Do‘xtir yuz tuzilishimga qarab turib, ichgan deb yozib beryapti. Mening davleniyam oshgan, o‘lchamasdan har narsani yozib beraverasizmi, desam, “ha, yozib beraveramiz”, dedi, – deydi tadbirkor.

Davronbek Shokirovning aytishicha, inspektorlarning noqonuniy harakatlarini u tasvirga tushirishga muvaffaq bo‘lgan:

– Men ularga bir necha marta men haydovchi emas, yo‘lovchi o‘rindig‘ida bo‘lganimni aytdim, lekin quloq solishmadi. Ikkinchidan, ular mashinamni mening ishtirokimsiz, noqonuniy tintuv qilishdi. Uchinchidan, tintuv paytida go‘yoki xolis sifatida ishtirok etgan ikki guvohdan bo‘m-bo‘sh qog‘ozga imzo qo‘ydirib olishdi. Keyin nima xohlashsa shuni yozishgan. Bu hujjatni qalbakilashtirish emasmi? Bu holatlarning hammasi videoda bor”. Iqtibos tugadi.

3-voqea.  Umumjahon Inson Huquqlari deklaratsiyasining 70 yilligiga bag’ishlangan Samarqanddagi xalqaro forumga (Inson Huquqlari bo’yicha Osiyo Forumi, 22-23-noyabr, Samarqand shahri – Asian Human Rights Forum) huquqbonlarning borishi omadsiz bo’ldi.  [3].

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatining veb-sayti xabar berishicha, “Sharqning ozod qilingan ayollari” ( Освобожденные Женщины Востока) guruhi a’zolari Tatyana Dovlatova, Gulbahor Karimbekova, Munisa Ochilova va Xolida Shirinova 21-noyabr kuni tunda avtoulovda Samarqandga jo’nashgan.

 Ular Samarqandga eson-omon yetib borishgan. Samarqandda ular yomg’ir bilan kutib olingan. Ertalab ular forum qatnashchilari joylashgan prezident saroyini izlashgan. Ularga yo’lda huquqbonlar Adeliya Xudoyberganova va Mahfuza Normurodova qo’shilishgan.

Saroyga 100 metrcha yetmasdan fuqaro kyimidiga bir guruh odamlar va militsionerlarga duch kelishgan.  Forum bo’ladigan bino o’rab olingan va binoga kirish uchun besh metrlik baland devor yonidagi archalarni aylanib o’tishga to’g’ri kelgan. Baland devorning tugash qismida huquqbonlarni qimmatbaho norkali shuba kiygan ayollar va fuqaro kiyimidagi erkaklar kutib turgan bo’lgan. Ularning hammasi peydjiksiz bo’lgan, birontasiyam guvohnomasini ko’rsatmagan.

 Qisqasi shuba kiygan ayollar va fuqaro kiyimidagi erkaklar huquqbonlarni forumga kiritishmagan va hattoki bannerlar yonida suratga tushishga ham ruxsat berishmagan.  Keyinchalik ularga Toshkentdan kelgan bir guruh ayollar Nigora Qodirova, Malika Hayitova, Sonya Osimova, Dilfuza Eshmurodova va yana to’rt ayollar kelib qo’shilgan.

Huquqbonlarni xalq qabulxonasiga olib borishgan, qabulxonadagi uchrashuvlar tugagandan keyin ularni mikroavtobuslarda Toshkentga olib borib qo’yishgan.  Toshkentda huquqbonlarni militsionerlar so’roqqa tutishgan. Forumga borishni kim tashkil qilgan? Kim moliyalashtirgan? Forumga borishni kim sizlarga maslahat bergan? Nima uchun sizlar Samarqandga bordilaring?

Yuqorida keltirilgan voqealardan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston vatandoshlari prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ham o’z huquq va erkinliklari buzilsa sud-huquq tizimlariga murojaat qilib adolat topish o’rniga, sud-huquq tizimlari tomonidan ularning huquq va erkinliklari oyoq osti qilinyapti.  O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 25, 26,27 va 33-moddalari ishlamaypti. [4].

25-modda.

Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.

Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

26-modda.

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.

Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.

Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.

27-modda.

Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.

Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.

33-modda

Fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o’tkazilishini to’xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.

O’zbekistonda hanuz siyosiy, iqtisodiy erkinliklar cheklangan.  Xalq qabulxonalariga, sud-huquq tizimlariga murojaat qilib O’zbekiston vatandoshlari adolat topishlari mushkul.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

30-noyabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Tuman MIBi fermerlardan musodara qilingan 100 dan ortiq traktorni sottirib yubordi. 29.11.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29626746.html ).

2. Andijonda YHX inspektorlari xolis guvohlardan bo‘sh qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib oldi(VIDEO). 27.11.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29624224.html ).

3. ПОЕЗДКА В САМАРКАНД НА МЕЖДУНАРОДНЫЙ ФОРУМ В ЧЕСТЬ 70-ЛЕТИЯ ВСЕМИРНОЙ ДЕКЛАРАЦИИ ПРАВ ЧЕЛОВЕКА НЕ УВЕНЧАЛАСЬ УСПЕХОМ. 25.11.2018. (http://ru.hrsu.org/archives/6106#more-6106 ).

4. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.