Armanistonda erkin, demokratik parlament saylovlari, O’zbekistondachi?!

Spread the love

2018-yilning 9-dekabr, yakshanba kuni Armanistonda navbatdan tashqari parlament saylovlari bo’lib o’tdi.  [1]. Saylovlarda Nikol Pashinyanning “Mening qadamim” alyansi 70.4% ovoz olganini Markaziy Saylov Komissiyasi e’lon qildi.  

Nikol Pashinyanning alyansi parlamentda ko’pchilik o’rinni egalladi va korruptsiyani jilovlash, iqtisodni isloh qilish programmasini amalga tadbiq qilish imkoniyatiga ega bo’ldi.  Navbatdan tashqari parlament saylovlari Armanistonda 100 minglab namoyishchilarning 9 oy oldingi ommaviy namoyishlaridan keyin bo’lib o’tdi. Saylovlarda sobiq hokimiyatdagi Respublikachilar partiyasi 4.7% ovoz olib 101 o’rinlik Milliy assambleyaning (parlamentning) 5% lik to’sig’idan o’ta olmadi.

Mening qadamim” alyansining raqibi boy tadbirkor Gagik Sarukyanning “Farovon Armaniston” partiyasi 8.3% ovoz oldi.

Liberal, g’arbparast Edmon Marukyanning (Pashinyanning sobiq hamkori) “Kelajagi porloq Armaniston” partiyasi 6.4% ovoz olib 3-o’rinni egalladi.

Dashnaqtsutyun partiyasi 3.9%ovoz oldi.  Saylov komissiyasiga ko’ra saylovda umumiy saylovchilarning 48.6% qatnashgan, bu 2017-yilning aprelida bo’lib o’tgan parlament saylovlaridan 12% kam.

Nikol Pashinyanning iddaosi bo’yicha, Armanistonda birinchi marta erkin, demokratik saylovlar bo’lib o’tgan.  Uning aytishi bo’yicha “Mening qadamim” alyansining maqsadi kelajakda Armanistonda demokratik yutuqlarni mustahkamlash va iqtisodiy revolyutsion o’zgarishlarni amalga oshirish.  [1,2].

Men yana qo’shimcha qilib aytamanki, Armanistonda nafaqat birinchi marta erkin, demokratik saylovlar bo’lib o’tdi, yana buning ustiga Armaniston vatandoshlariga tinch norozilik bildirish erkinligi huquqi berildi.

 SSSR parchalangandan 27 yil o’tib Armaniston erkin, demokratik mamlakatga aylandi.  Undan oldin Latviya, Litva, Estoniya, Moldaviya, Gruziya, Ukraina va Qirg’iziston erkin, demokratik mamlakatlar qatoriga qo’shilgan edi.

Afsuski, O’zbekiston Rossiya Federatsiyasi, Qozog’iston, Belorussiya, Ozarbayjon,Tojikiston, Turkmaniston kabi erkin, demokratik bo’lmagan mamlakatlar qatorida.

Zero, xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra Armaniston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 44 ballga ega,

O’zbekiston esa 7 ballga ega bo’lib, dunyoning 10 ta eng yomonlari qatorida.  [3].

Armaniston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (Economic Freedom Index) 68.7 bal bilan 44-o’rinni egallaydi va iqtisodi mo’tadil erkin (Moderately Free) mamlakatlar qatorida, O’zbekiston esa 51.5 bal bilan 152-o’rinda va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.  [4].

Yuqoridagi ikki ko’rsatkichdan ko’rinib turibdiki, Armaniston O’zbekistonga qaraganda siyosiy va iqtisodiy ancha erkinroq.

Armanistonda aholi jon boshiga sotib olish pariteti (PPP-Purchasing Power Parity) 9,908, O’zbekistonda esa 6,990 AQSh dollari. [5].

O’zbekistonda gaz, oltin, uran kabi boyliklar bisyor, lekin iqtisodiy, siyosiy erkinliklar yo’q, Armanistonda esa gaz, oltin, uran kabi boyliklar yo’q, biroq iqtisodiy, siyosiy erkinliklar O’zbekistonga nisbatan ko’proq.

Armaniston Nikol Pashinyanning bosh vazirligi davrida yanada siyosiy, iqtisodiy erkinroq bo’ladi.  O’zbekiston esa prezident Shavkat Mirziyoyev davrida siyosiy, iqtisodiy erkinroq mamlakatga aylanishi dargumon.

O’zbek muxolifati esa siyosiy kuchga ega emas.  Dastlab Birlik Xalq harakati nomidagi harakatni va keyinroq shu nomdagi partiyani 29 yildan beri boshqarib kelayotgan Abdurahim Po’latov, Erk demokratik partiyasini 28 yildan beri , O’zbekiston Xalq harakatini 7 yildan beri boshqarib kelayotgan Muhammad Solih va Birdamlik Xalq demokratik harakatini va keyinroq shu nomdagi partiyani 14 yildan beri boshqarib kelayotgan Bahodirxon Turkiston (Bahodir Choriyev) kabi dohiylar koalitsiyaga uyushib siyosiy kuchga aylanishni umuman xohlashmaydi.  [6,7].

Afsuski, O’zbekiston vatandoshlari o’zlarining siyosiy, iqtisodiy erkinliklari uchun ommaviy uyushib kurashmayaptilar.

Quyidagi ikki ma’lumot kelajakka umid uyg’otadi.

1-ma’lumot.  Frantsiyaning iqtisodni boshqarish dasturiga qarz berishi.  [8].

Ozodlikdan iqtibos: “Frantsiya Taraqqiyot agentligi O’zbekistonga iqtisodiy boshqaruvni yaxshilash dasturini amalga oshirish uchun 150 million yevro qarz beradigan bo’ldi. Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, bu boradagi shartnoma 12 dekabrda imzolandi.

Mazkur dastur Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Dasturning amalga oshirilishi O’zbekistonda qo’shimcha ish joylarini yaratilishiga va ijtimoiy infrastrukturani rivojlanishiga xizmat qiladi.

Frantsiya qarzni 20 yilga olti yillik imtiyoz bilan bermoqda.

Frantsiya Taraqqiyot agentligi Frantsiya hukumati tomonidan belgilab berilgan rivojlanish loyihalarini moliyalash maqsadida tashkil etilgan”. [8]. Iqtibos tugadi.

2-ma’lumot.  O’zbekiston jahon taraqqiyot uyushmasining eng yirik 10 qarzdor mamlakatlar qatorida.  [9].

Fergana.agency internet saytining xabar berishicha, O’zbekiston xalqaro taraqqiyot uyushmasining (Международная ассоциация развития) eng yirik 10 qarzdor mamlakatlari qatoriga kirdi.  Bu haqda Jahon bankining “Qashshoqlikka barham berish. investitsiyalar-imkoniyatlarni kengaytirish uchun” nomli hisoboti tashkilotning rasmiy saytida chop qilingan.

 Hozirgacha O’zbekiston uchun ajratilgan qarz 740 million AQSh dollari.

O’zbekiston qatorida bankdan eng ko’p qarz olgan mamlakatlar Efiopiya ($3,1mlrd), Bangladesh ($2.9mlrd), Nigeriya ($2,5mlrd), Pokiston ($1,9 mlrd), Keniya ($1,2 mlrd), Fil suyagi qirg’og’i ($987million), Tanzaniya ($955 million), Nepal ($706 mln) va Uganda ($640mln).

O’zbekiston iqtisodni o’zgartish bo’yicha islohotlarni o’tkazishda ikki yil davomida ijobiy natijalarga erishgan, shu sababli Jahon Banki O’zbekiston bilan bozor iqtisodiyotini qurishda, davlat institutlarini isloh qilishda, vatandoshlar bilan muloqotni kengaytirish va inson kapitalini rivojlantirish uchun investitsiyalar kiritish bo’yicha hamkorlik strategiyasini qayta ko’rib chiqqan.

 Bank 2018-yilda O’zbekistonda besh yangi loyihalarni amalga oshirish uchun – energiya samaradorligini oshirish, bog’dorchilik va sabzavotchilikni rivojlantirish hamda tez tibbiy yordam xizmati sifatini yaxshilash uchun $1,4 mlrd pul ajratgan.

Bank O’zbekistondagi loyihalar uchun hammasi bo’lib $3,3 mlrd moliyaviy yordam ko’rsatmoqchi.

Bu yordam O’zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o’tishida hamda transport, ta’lim, shaharni rivojlantirish, suv bilan ta’minlash va sanitariya bo’yicha islohotlariga ko’maklashish maqsadida ajratilganligi haqida hisobotda aytiladi.  

Yana shuni ta’kidlab o’tish kerakki, Jahon Banki O’zbekiston hukumati bilan qishloq xo’jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish bo’yicha va mamlakatda majburiy mehnatga barham berish amaliyotida yordam berish bo’yicha hamkorlik qilmoqchi.

Yuqorida keltirilgan ikki ma’lumotdan kelib chiqadiki, balkim kelajakda O’zbekiston siyosiy va iqtisodiy erkinroq mamlakatga aylanar.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

14-dekabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Pashinian Alliance Scores ‘Revolutionary Majority’ In Landslide Armenian Win. 10.12.2018. ( https://www.rferl.org/a/armenian-elections-pashinian-my-step-sarkisian-hhk/29645721.html ).

2. Алексей Романов. РЕВОЛЮЦИЯ ПРОДОЛЖАЕТСЯ? Как проходили выборы в Армении. 10.12.2018. ( https://www.youtube.com/watch?v=FvkV1hsAPw4 ).

3. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

4. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

5. List of countries by GDP (PPP) per capita. 2017. (https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP)_per_capita ).

6. Bahodirxon Turkiston-o’zbek muholifatining yosh dohiysi! O’zbekiston vatandoshlari dohiylarning orqasidan podadek ergashib yurishni bas qilishlari kerak. 16.11.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/918 ).

7. Bahodirxon Turkiston-o’zbek muholifatining yosh dohiysi! O’zbekiston vatandoshlari dohiylarning orqasidan podadek ergashib yurishni bas qilishlari kerak. Video. 17.11.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/921 ). (https://www.youtube.com/watch?time_continue=11&v=xbdlccMgHzY ).

8. Франция иқтисодни бошқариш дастурига 150 миллион евро қарз берди. 13.12.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29653412.html ).

9. Узбекистан вошел в десятку крупнейших заемщиков Международной ассоциации развития. 10.12.2018. ( https://fergana.agency/news/103419/ ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.