Bobur Hasan, Muhiddin Qurbonov va Rafiq G’aniyev sarguzashtlari.  Isoqjon Zokirov va Ahmad Hoji Xorazmiy O’zbekistonga kirish vizasi ololmayapti.

Spread the love

2018-yilning avgust oyiga kelib O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o’zbek fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan salbiy munosabati aniq-tiniq oydinlashdi.  Bu munosabat quyidagi fuqarolik jamiyati vakillarining sarguzashtlari misolida aniqlashtiriladi.

1.Bobur Hasan sarguzashtlari.

Amerika ovozidan iqtibos: “Rossiyadan O’zbekiston orqali Qozog’istonga uchishni rejalagan Bobur Hasan besh kun davomida O’zbekistonda bo’lish, ona yurtni ko’rish va biznes loyihasi yuzasidan muzokaralar yuritishni maqsad qildi.

Ammo Toshkent aeroportiga qo’nganidan keyin pasporti tekshirilib, uni ortga qaytarishdi – Rossiyaga deportatsiya qilishdi. Tadbirkorning o’ziga bu yuqoridan kelgan buyruq ekanligidan tashqari biror izoh berilmagan.

Chegarachilar pasportimni olib, kutib turing deyishdi. Bir soatdan keyin boshliq kelib, sizni O’zbekistonga kirishingiz mumkin emas, dedi. Men ularga O’zbekistondan 13 yil avval chiqib ketganman, meni kirishimga ruxsat yo’qligi yuzasidan biror hujjat taqdim eta olasizmi deb so’radim. Ular yo’q, bu – buyruq, deyishdi. Sizni Moskvaga qaytaramiz deyishdi. Men tranzit yo’nalishidagi fuqaro sifatida Qozog’istonga uchishga haqli ekanligimni aytdim, lekin ular bunga yo’q, sizni Moskvaga qaytaramiz deb Toshkent-Moskva reysini ikki soatgacha ushlab turishdi”, – deydi Bobur Hasan.

Bobur Hasan – bundan 13 yil muqaddam O’zbekistonni siyosiy ta’qiblar bois tark etgan muxolifatchi Bahodir Choriyevning ukasi. Uning AQShga borishi ham Karimov davridagi shu ta’qiblarga asoslanadi. Choriyev yetakchiligidagi “Birdamlik” harakati ayni paytda o’z faoliyatini to’xtatgan. Bundan tashqari Bobur Hasanning o’zi biror siyosiy faoliyatga aloqasi yo’qligini aytadi.

Men tadbirkorman, siyosatga aloqam yo’q. Bahodir Choriyev mening akam bo’lgani uchun O’zbekistonga kiritishmaganini faqat taxmin qilishim mumkin. Bu mening taxminim, lekin akam bilan mening hech qanday siyosiy, iqtisodiy aloqam yo’q. Men akam Bahodir Choriyevning harakati uchun javob bermayman, shuningdek, akam ham mening harakatim uchun javob bermaydi. Ularning men haqimda qanday fikrda ekanligi menga qorong’i, ammo niyatim ezgu edi.

Prezident Shavkat Miromonovich o’z nutqlarida bir necha marta vatandoshlarga murojaat qildi, vatanga qaytishga, sarmoyalar kiritishga chaqirdi. Men shu chaqiriqlardan ruhlanib borgan edim, niyatim iqtisodiyotdagi eng og’ir muammoli sohalarga sarmoya kiritish edi, davlatga, xalqqa foyda keltirish edi”, – deydi u.

Bobur Hasan O’zbekistondan Rossiyaga deportatsiya qilinishi ortidan Qozog’istonga borgan.

Ayni paytda u Ostonada o’z biznes loyihasi yuzasidan muzokaralar o’tkazmoqda. O’zbekiston hukumati 10 mingdan oshiq kishini ish bilan ta’minlashi mumkin bo’lgan biznes loyihaga eshikni yopdi, deydi Bobur Hasan.

Loyihaga ko’ra, O’zbekiston bo’ylab ikki mingdan oshiq zamonaviy hojatxonalar qurilishi kerak edi. Loyihaning ikkinchi qismi ko’p qavatli avtomobil turar joylarini qurish shu yilning oktyabridan ishga tushirilishi kerak edi. Bu haqdagi hujjatlar elchixonaga, tegishli idoralarga taqdim etilgan edi.

O’zbekiston turizm sohasini rivojlantirishga bel bog’lagan. Ularni qabul qiluvchi mehmonxonalar, restoranlar ko’p, ammo sayyohlarga xizmat ko’rsatuvchi zamonaviy hojatxonalar yo’qligi turizmdagi eng og’ir muammo. Mening loyiham shu muammoni hal etishga qaratilgan edi. Bundan avvalo davlat yutardi, soliqdan tashqari 12 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlanardi”, – deydi u”. Iqtibos tugadi. [1].

2.Muhiddin Qurbonov sarguzashtlari.

 Centre1.com internet veb-saytida Shvetsiyada muhojirotda yashayotgan jizzaxlik huquq himoyachisi Muhiddin Qurbonovning O’zbekistonga borib 2 soat davomida O’zbekistonda bo’lganligi to’g’risida hikoya qiladi.  Muhiddin Qurbonovning aytishi bo’yicha, u prezident Shavkat Mirziyoyevning “kimning qo’li qonga botmagan bo’lsa, marhamat O’zbekistonga kelinglar” degan so’zlariga ishonib O’zbekistonga qaytishga qaror qilgan.

– Men bu so’zlarga ishondim afsus: O’zbekiston korruptsiyaga botgan mamlakat edi, shundayligicha qolibdi deydi Muhiddin Qurbonov Shvetsiyadan Ц-1 muxbiriga.

Muhiddin Qurbonovning aytishi bo’yicha, uning O’zbekistonda yashaydigan keksa otasida rak kasalligi bo’yicha tashxis qo’yilgan.  Men otamni ko’rishni va yonida bo’lishni orzu qilardim deydi Qurbonov. 58 yoshli huquqbon, fermer va Birlik partiyasining faoli 2006-yildan beri Shvetsiyada quvg’inda yashaydi.

 U 23-may kuni O’zbekistonga kiritilmagan. Muhiddin Qurbonovni Islom Karimov nomidagi Toshkent aeroportida u uchib kelgan samolyotga o’tqazib O’zbekistondan chiqarib yuborishgan. Uning pasportiga O’zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning 2015-yildagi farmoniga binoan uni O’zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinganligi to’g’risida belgi qo’yilgan.  [2].

3.Rafiq G’aniyev sarguzashtlari.

BBCdan iqtibos: “Ezgulik jamiyatining Farg’ona viloyat bo’limi sobiq rahbari, Shvetsiyada istiqomat qilayotgan Rafiq G’aniyev O’zbekistonga kiritilmagan. G’aniyev 6 mart kuni Stokholmdan Toshkentga uchib kelgan. Biroq O’zbekiston fuqaroligidan chiqarilgan degan sabab bilan chegaradan o’tkazilmagan.

Ezgulik” jamiyati raisi Vasila Inoyatovaning BBCga aytishicha, hamkasbi uchib kelayotgani haqida unga xabar bergan.

Shifoxonada bo’lganligim sababli kutib olish uchun o’g’limni yubordim. O’g’lim Rafiq akani juda yaxshi taniydi. Ammo Rafiq aka aeroportdan chiqmagan. U kishi bilan birga uchib kelgan turmush o’rtog’ini O’zbekistonga kiritishgan”,-deydi Vasila Inoyatova.

Inson huquqlari faoli vaziyatni o’rganish uchun Toshkent xalqaro aeroporti pasport nazorati bo’limiga borgan. U yerdagi mas’ullar Rafiq G’aniyev O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2015 yili O’zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinganini va bu haqda inson huquqlari faolining xabari bo’lganligini aytishgan.

Pasport nazoratiga kirsam, ular bayonnoma tuzishgan ekan. Tanishib chiqdim. Unda, fuqaroligim yo’qligini bilardim. Balki o’tib ketarman, degan niyatda kelgandim, deb Rafiq akaning va yanganing gaplarini yozib qo’yishibdi”,-deydi Vasila Inoyatova.

Ezgulik” jamiyati faolining aytishicha, Rafiq G’aniyev O’zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev chetdagi fuqarolarni qaytarishimiz kerak, degan gapiga ishonib O’zbekistonga qaytgan”. Iqtibos tugadi. [3].

Bobur Hasan, Muhiddin Qurbonov va Rafiq G’aniyev sarguzashtlariga qo’shimcha muxolifat faoli Isoqjon Zokirov va xorazmlik olim Ahmad Hoji Xorazmiyning O’zbekistonga borish uchun viza ololmayotganliklari prezident Shavkat Mirziyoyevning o’zbek fuqarolik jamiyati faollariga munosabatini  yanada tiniqlashtiradi.

Ozodlikdan iqtibos: “O‘zbekiston prezidentining 4 iyul kungi “Chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasiga kirish tartiblarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shu davlat fuqarolari O‘zbekistonga 20 dollarga uch kun ichida viza olib safar qilishlari mumkinligi aytildi.

Bundan tashqari prezidentning qarori tranzit yo‘lovchilarga O‘zbekistonda besh kungacha vizasiz qolish imtiyozini ham berishi bildirildi.

Bu to‘rt yil avval o‘zbekiston vatandoshligini yo‘qotgan 61 yoshli AQSh vatandoshi Isoqjon Zokirov uchun o‘n ikki yillik uzilishdan so‘ng vatanini ziyorat qilishga fursat edi.

Lekin, Zokirovga O‘zbekistonga sayyohlik vizasi berilmagan.

– Men muxolifat saflarida bo‘lganim uchun berishmayotgandir, lekin men AQSh vatandoshiman, O‘zbekiston vatandoshligidan chiqarilganman. Bir sayyoh sifatida bir oyga O‘zbekistonga bormoqchiman xolos, u yerda uzoq qolish niyatim ham yo‘q, lekin menga viza berishmayapti, – deydi Isoqjon Zokirov”. Iqtibos tugadi. [4].

Yana ozodlikdan iqtibos: “O‘zbekistonga sayyohlik vizasi ololmayotgan faqat Zokirov emas.

Britaniyada sal kam 15 yildan buyon yashayotgan 81 yoshli xorazmlik olim Ahmad Xoji Xorazmiyga ham sayyohlik vizasi rad etilgan.

Xorazmlik olim prezident Mirziyoyevning xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklarga qarata “qaytinglar” degan murojaatidan ilxomlanib, vatanini ziyorat qilish uchun Londondagi o‘zbek konsulligiga sayyohlik vizasi olish uchun ariza topshirgani, lekin rad javobini olganini aytadi.

– Topshirdim, o‘n kun bo‘ldi javob yo‘q. Keyin o‘zim konsullikka telefon qildim, Toshkent hal qiladi buni, biz bu yerda pochtalyonmiz xolos, deyishdi. Keyin pasportimni qaytarib berishdi, viza yo‘q, – deydi Ahmad Xoji Xorazmiy”. Iqtibos tugadi. [4].

O’zbekiston fuqarolik jamiyati faollari Muhiddin Qurbonov, Rafiq G’aniyev, Bobur Hasanning akasi Bahodir Choriyev, Isoqjon Zokirov va olim Ahmad Xoji Horazmiy O’zbekistonni marhum diktator Islom Karimovning ta’qib, tayziqlari tufayli tark etishga majbur bo’lishgandi.

O’z-o’zidan shunday savol tug’iladi, O’zbekiston hokimiyati o’zbek fuqarolik jamiyati faollariga O’zbekistonga qaytishga ruxsat berganida, ularga O’zbekistonga kirish vizasi berganda nima bo’lardi?

Albatta, fuqarolik jamiyati faollari Muhiddin Qurbonov, Rafiq G’aniyev va Isoqjon Zokirov O’zbekistonga qaytganida fuqarolik jamiyatining O’zbekistondagi faoliyati kuchayardi.  Bu kuchayish oqibatida O’zbekistonda qonun ustuvorligi kuchayardi, korruptsiya kamayardi.

Xorazmlik olim Ahmad Hoji Xorazmiyga O’zbekistonga borishga viza berilishi, uning O’zbekistonga borishi O’zbekistonlik olimlarni ilhomlantirgan bo’lardi.  Ahmad Hoji Xorazmiy o’zbekistonlik olimlar bilan o’zining chet ellarda orttirgan tajribalari bilan o’rtoqlashardi.

Tadbirkor Bobur Hasan O’zbekistonga 50 million investitsiya kiritganda, O’zbekistonda biznes faoliyatini boshlaganda, bu faoliyat O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlanishiga katta hissa qo’shgan bo’lardi.

Afsuski, O’zbekistonni bir hovuch korruptsionerlar boshqaryapti.  Bu korruptsionerlar O’zbekistonda qonun ustuvorligi hukmron bo’lishidan, korruptsiya kamayishidan manfaatdor emaslar.

Zero, mening “Internet tezligi past bo’lgan O’zbekistonda ta’lim sifati yuqori bo’lishi mumkinmi?!” nomli maqolam va shu nomdagi videoda keltirilganidek: [5,6]

Maqoladan iqtibos:

2.Korruptsiya. O’zbekiston korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha(Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatoriga kiradi.[7].

3.Iqtisodiy erkinlik. O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (Economic Freedom Index) 51,5 bal bilan 152-o’rinni egallaydi va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatoriga kiradi.[8].

4.Fuqaroviy va siyosiy huquqlar. Xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekiston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 7 balga ega bo’lib, dunyoning eng 10ta yomonlari qatorida.[9]”.

Lekin, O’zbekiston iqtisodiyoti men avvalgi maqolalarimda ko’p marta ta’kidlab o’tganimdek, dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha sotib olish pariteti bo’yicha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish ( PPP- Purchasing Power Parity per capita) 16ming AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 7000. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 2 baravardan ko’proq orqada. [10,11].

Dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish bo’yicha 2017 yilda 10,714 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 1,504. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 7 baravar orqada. [12]”. Iqtibos tugadi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

10-avgust, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Biznes g’oya bilan borgan tadbirkor O’zbekistonga qo’yilmadi. 06.08.2018.

( https://www.amerikaovozi.com/a/uzbekistan-deportation/4515585.html ).

2. Мухиддин Курбанов: «Я поверил словам президента Шавката Мирзиёева…». 25.05.2018. ( https://centre1.com/uzbekistan/muhiddin-kurbanov-ya-poveril-slovam-prezidenta-shavkata-mirziyoeva/ ).

3. Инсон ҳуқуқлари фаоли Ўзбекистонга киритилмади. 07.03.2017. (https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-39191249 ).

4. O‘zbeklar nega o‘z yurtiga viza ololmayapti? 09.08.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29422518.html ).

5. Internet tezligi past bo’lgan O’zbekistonda ta’lim sifati yuqori bo’lishi mumkinmi?! 03.08.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/801 ).

6. Internet tezligi past bo’lgan O’zbekistonda ta’lim sifati yuqori bo’lishi mumkinmi?! Video. 04.08.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/803 ).

7. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

8. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

9. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

10. GDP per capita, PPP – World Bank Open Data – World Bank Group.2016.( https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.PP.CD ).

11. List of countries by GDP (PPP) per capita. 2017. ( https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP)_per_capita ).

12. The World Bank. 2017. ( https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.CD ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.