O’zbekistonliklar yana marhum diktator Islom Karimov davridagiday ahmoq bo’lyabdimi?!

Spread the love

Ozodlikda:- “Xalq ta’limi vazirligidagi barcha boshqarma va bo’lim boshliqlari ishdan olindi”.  Bu sarlavhani o’qiboq Xalq ta’limi vazirligida ulkan o’zgarishlar bo’layotgan bo’lsa kerak deb maqolani o’qiy boshladim.

Maqoladan iqtibos:”Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov vazirlik markaziy apparatidagi barcha boshqarma va bo‘lim boshliqlarini 25 iyun kuni ishdan bo‘shatdi.

Mazkur qaror prezident Shavkat Mirziyoevning vazirlik kadrlari tarkibini yangilash ko‘rsatmasiga asosan qabul qilindi”, deyiladi “Gazeta uz” vazirlikka tayangan holda tarqatgan xabarda.

Sherzod Shermatov xodimlar bilan uchrashuvda vazirlikning faoliyati sifat, adolat va shaffoflik prinsiplari asosida olib borilishini, asosiy maqsad esa har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalash bo‘lishini ta’kidlagan.

Faqat mana shu maqsad va uch asosiy prinsipga amal qila olganlargina vazirlikda qoladi, bunga tayyor bo‘lmaganlar bilan esa xayrlashamiz”, degan vazir.

20 iyunda 2013 yildan buyon xalq ta’limi vaziri lavozimda ishlab kelgan Ulug‘bek Inoyatov ishdan olinib, uning o‘rniga innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Sherzod Shermatov tayinlangan edi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Qodirboy Bekturdiev, vazir o‘rinbosarlari Jahongir Sidiqov va Dilshod Kenjaev ham lavozimidan ozod qilingan.Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimini faqatgina Alisher Sa’dullaev saqlab qolgandi

Ishdan olinganlar o‘rniga Toshkentdagi Inha universiteti rektori bo‘lib ishlagan Sarvar Boboxo‘jaev, innovatsion rivojlanish vazirining sobiq o‘rinbosarlari Otabek Nazirov va Alisher Umarovlar vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

21 iyunda o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov viloyat, shahar, tuman hokimlariga maktab direktorlari va o‘qituvchilarini turli darajadagi yig‘ilishlarga chaqirishni taqiqlagan edi.

Bosh vazir maktablarni hokimlar nazoratidan chiqargan va endilikda o‘quv muassasalari faqat Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunishini aytgan.

Bosh vazir yangi rahbarlar oldiga o‘qituvchilar obro‘sini, malakasini va ish haqqini oshirish, o‘quv dasturlarini yaxshilash, o‘qituvchilarni ortiqcha qog‘ozboo‘lik ishlaridan bo‘shatish kabi vazifalarni qo‘ygan.

Avvalroq Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portalida prezidentining “Xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqeini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilingan.

Muhokamasi 28 iyunda yakunlanadigan va kuchga kiradigan mazkur qarorda 2018 yil 1 sentabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining yuqori sinf o‘qituvchilarining oylik ish haqlarini 24 foizga, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining oylik ish haqlarini esa 10 foizga oshirish nazarda tutilgan”.  Iqtibos tugadi. [1].

Bu maqolani o’qish davomida mening ensam qotdi, chunki, yillar davomida men uchun xalq ta’limi majburiy mehnat, korruptsiya, zo’ravonlik, huquqsizlik o’chog’i sifatida o’qituvchilar esa hokimlarning salkam mardikori sifatida gavdalanardi.

Zero, O’zbekiston zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha dunyoda Shimoliy Koreyadan keyin 2-o’rinni egallaydi. [2].

Transparency International tashkilotining 2017-yil korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha(Corruption Perceptions Index 2017)

O’zbekiston 22 ball bilan dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinda.

(Yangi Zelandiya 89 ball bilan 1-o’rinni egallagan, ya’ni Yangi Zelandiyada korruptsiya darajasi eng kam). [3].

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonning majburiy mehnat, korruptsiya bo’yicha dunyoda sharmandali o’rinni egallagani to’g’risida mutlaqo gapirmaydi.  O’zbekistondagi ommaviy-axborot vositalari ham bu to’g’rida lom-mim demaydi. Lekin, O’zbekistonning bu sharmandali holatidan dunyo xabardor. O’zbekistonda majburiy mehnatga barham berish uchun, korruptsiyaga qaqshatqich zarba berish uchun kuchli fuqarolik jamiyati zarur.

Ozodlikdan iqtibos:”Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun- O’zbekiston Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida jurnalistlarga yo’llagan tabrigida o’zbek matbuotida “oshkoralik” va “xolis tanqid” ruhi paydo bo’lganini olqishladi.

Gazetalarimiz, tele-radiokanallarimizda oshkoralik, tahlil va xolis tanqid ruhi kuchaygani, bevosita xorijiy mamlakatlardan tayyorlanayotgan materiallar soni ortib borayotganini biz har tomonlama qo’llab- quvvatlaymiz”, deyiladi prezidentning tabrigida.

Ayni paytda Mirziyoyev ommaviy axborot vositalarini chinakam to’rtinchi hokimiyatga aylanishi uchun ko’p ishlar qilinishi lozimligini urg’uladi.

Ommaviy axborot vositalari so’zda emas, amalda “to’rtinchi hokimiyat” darajasiga ko’tarilishi zarur. Bu -zamon talabi, islohotlar talabi”, deb ta’kidladi prezident”. Iqtibos tugadi. [4].

Amerika Ovozidan iqtibos:”Muammolarga uchray boshlagan o’zbek matbuoti tanqiddan xoli kelayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyevdan najot kutmoqda. Bir haftadirki, mamlakatdagi ilg’or axborot agentliklarining internet sahifalariga kirish qiyinlashgan. Ulardan biri, tezkor chiqishlari bilan tanilgan Kun.uz sahifasiga kirish to’silgan.

Nashrlardan yana biri Sof.uz o’z bayonotida O’zbekistonda aynan tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan axborot vositalari “texnik” muammolarga uchrayotganiga diqqat qaratdi. So’nggi yilda ildamlashgan o’zbek matbuotining “texnik” bosimga uchray boshlashi ijtimoiy tarmoqlarda norozilik uyg’otgan, prezidentga murojaat qilinmoqda.

O’tgan haftadan boshlab ochilishi qiyinlashgan Kun.uz, Sof.uz. Azon.uz, Qalampir.uz, Xabar.uz kabi ilg’or nashrlar saytlari ayni paytda bir qadar muammodan xoli. Faqat Kun.uz butunlay to’silganicha qolmoqda”. Iqtibos tugadi. [5].

Centre1.com internet-saytining yozishi bo’yicha O’zbekiston inson huquqlari al’yansi yetakchisi Yelena Urlayeva 26-iyun kuni Toshkent shahar sudining Jinoiy ishlar bo’yicha raisi B. Islomovdan xat olgan. Yelena Urlayeva bu xatdan 11-iyun kuni Toshkentdagi Sergeli tuman sudi 2-ruhiy dispanser bosh vrachining Yelena Urlayevani majburiy davolash bo’yicha so’rovini rad qilganligini bildi.

Sudning qaroriga ko’ra, Yelena Urlayeva bu kasalxonada “majburiy uydan qatnab (ambulatoriya) davolanish”i zarurligi ta’kidlangan. Yelena Urlayeva marhum diktator Islom Karimov davrida 2002, 2005, 2012, 2015, 2016 va 2017-yillarda ruhiy kasalxonada majburiy davolantirilgan. [6].

Bu holat hozirgi prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ham takrorlanyapti.

 Kun.uz va Yelena Urlayeva bilan bo’lgan vaziyat prezident Shavkat Mirziyoyevning og’izdagi “xalqparvarlik” siyosatining amaldagi haqiqiy ko’rinishidir.  Zero, kuchli fuqarolik jamiyatisiz majburiy mehnat va korruptsiyaga qarshi samarali kurashib bo’lmaydi.

O’qituvchilarning maoshiga kelsak, men “Prezident Shavkat Mirziyoyev majburiy mehnatga barham bera oladimi?  Diana Yenikeyeva o’limi” nomli maqolam va shu nomdagi videoda O’zbekistondagi yuqori sinf o’qituvchilarining maoshi bilan dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi o’qituvchilarning maoshlari taqqoslangan edi.

Maqoladan iqtibos: “O’zbekistonda yuqori sinf o’qituvchilari maoshi o’rtacha 125 AQSH dollariga teng, umuman olganda 100-200 AQSH dollari atrofida.[7,8].

Dunyoning rivojlangan mamlakatlari;

1.Lyuksemburgda yangi ishni boshlagan o’qituvchi bir yilda 80.000 dollarga teng yillik maosh oladi.  15 yil ishlagandan keyin esa 140.000 AQSH dollaridan ham ko’proq yillik maosh olishi mumkin. Ya’ni bir oylik maoshi 6.600 dollardan boshlanib 12.000 dollardan ham ko’proq bo’lishi mumkin [9].

2.Frantsiyada yangi ish boshlagan o’qituvchi bir yilda 35.000 AQSH dollari, eng ko’pi bilan 60.000 AQSH dollarigacha yillik maosh olishi mumkin.  Bir oylik maosh 3.000 AQSH dollaridan 5.000 gacha olishi mumkin.

3.Janubiy Koreyada 30.000 AQSH dollari, ular eng ko’pi bilan 80.000-85.000 yillik maosh olishi mumkin.  Ya’ni oylik maoshi 2.500 dan 7.000 AQSH dollarigacha bo’ladi.

4.Yaponiyada 20.000-23.000 AQSH dollaridan 60.000 AQSH dollari yillik maosh olishi mumkin.  Ya’ni oylik maoshi 2.000 dan 5.000 AQSH dollarigacha.[9].

O’zbekistonda o’qituvchilarning maoshini O’zbekiston iqtisodi rivojlana boshlasa oshirsa bo’ladi, O’zbekiston iqtisodi esa, qachonki, o’rta sinf shakllanishi uchun sharoit yaratilsa rivojlanadi.

Ozodlikdan iqtibos: ”Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida bug‘doy rejasini bajara olmagan fermerlar tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan muntazam kaltaklanmoqda.

27 iyun kuni shunday iddao bilan jabrlangan fermerlarning o‘zlari Ozodlikka murojaat qildi.

Ozodlik gaplashgan qarshilik fermerlar, militsiya boshlig‘i planni bajarmaganlarni bir safga terdirib, ikki marta kaltaklagani va qo‘shni fermerlardan bug‘doy sotib olib, rejani bajarishni talab qilganini hikoya qildi.

Qarshi tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rajabov Ozodlik savollariga javob berishdan o‘zini olib qochdi”. Iqtibos tugadi. [10].

Yana ozodlikdan iqtibos: “Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida fermerlik qilgan 50 yashar fermer Sherali Davronov 18 iyun kechqurun o‘z joniga qasd qildi.

Ozodlikka kelgan bu xabarni tasdiqlagan ichki ishlar mulozimiga ko‘ra, Sherali Davronov uy ayvonining to‘siniga o‘zini osgan.

Fermerning yaqinlari o‘sha kuni tuman hokimi uni bug‘doy rejasini bajarmagani uchun majlisda urib haqorat qilganidan so‘ng uyga kelib o‘z joniga suiqasd qilganini iddao qilmoqda.

Tuman hokimi fermerni so‘kkani va urgani haqidagi iddaolarni inkor qildi”.  Iqtibos tugadi. [11].

Yuqorida keltirilgan O’zbekiston hokimiyati tomonidan fermerlarga bo’lgan zo’ravonlikning ikki ko’rinishi va mening “Zokir Aliyev, Rustam Usmonov, Shoira Hasanova va fermerlar ishi” nomli maqolam va shu nomdagi videoda O’zbekiston hokimiyati tomonidan o’rta sinf vakillarining huquqlari va erkinliklari oyoq osti qilinganligi, O’zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev davrida o’rta sinf vakillarining ayanchli ahvolini ko’rsatyapti. [12,13].

Mening fikrimcha, xalq ta’limidagi rahbarlarning ishdan bo’shatilib, ularning o’rniga yangi rahbarlarning keltirilishi faqatgina kichik kosmetik o’zgarishlarga olib kelishi mumkin. Lekin kuchli fuqarolik jamiyatisiz korruptsiyaga qaqshatqich zarba berib bo’lmaydi.

O’zbekiston iqtisodiyoti korruptsiya darajasi yuqori bo’lgan O’zbekistonda o’rta sinf vakillarining huquq va erkinlari oyoq osti qilingan vaziyatlarda ham bir amallab, zo’riqib birmuncha rivojlanishi mumkin.  Bu zo’riqiqb birmuncha rivojlanishdan yuqori darajadagi bir hovuch korruptsionerlar foyda ko’radi.

Biroq, O’zbekiston vatandoshlari bu “iqtisodiy rivojlanishdan” foyda ko’rmaydilar. Ammo, O’zbekiston vatandoshlari “iqtisodiy rivojlanish” natijasida kelib chiqqan O’zbekiston qarzini kelajakda to’lashlariga to’g’ri keladi.

O’zbekiston vatandoshlari marhum diktator Islom Karimovning O’zbekistonni 27 yil boshqaruvi davrida ahmoq bo’lib qolgan edilar.

Nahotki, prezident Shavkat Mirziyoyevning boshqaruvi davrida ham yana ahmoq bo’lib qoladilar!?

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

29-iyun, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Xalq ta’limi vazirligidagi barcha boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishdan olindi. 27.06.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29322131.html ).

2. Slavery index by countries. 2016. ( https://www.globalslaveryindex.org/findings/ ).

3. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

4. Мирзиёев ўзбек матбуотида “ошкоралик ва холис танқид руҳи” пайдо бўлганини олқишлади. 28.06.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29324763.html ).

5. “Texnik” muammoga uchragan saytlar prezidentdan najot kutmoqda. 25.06.2018. ( https://www.amerikaovozi.com/a/uzbekistan-blocked-websites/4453687.html ).

6. Суд – за очередное принудительное лечение Елены Урлаевой. 27.06.2018. ( https://centre1.com/uzbekistan/sud-za-ocherednoe-prinuditelnoe-lechenie-eleny-urlaevoj/ ).

7. Педагогларнинг таътил пуллари қандай ҳисобланади? 13.05.2017. (http://idum.uz/archives/11394 ).

8. Average monthly salary in Uzbekistan is US$125- Statistics committee. 15.12.2017.

( http://tashkenttimes.uz/national/1814-average-monthly-salary-in-uzbekistan-is-us-125-statistics-committee ).

9. Different Teacher Salaries Around the World. 2017. (https://www.educationdegree.com/articles/teaching-salaries-around-the-world ).

10. Qarshi militsiyasi boshlig‘i bug‘doy rejasini bajara olmagan fermerlarni ayovsiz kaltaklamoqda. 28.06.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29325208.html ).

11. Hokim kaltagidan so‘ng qashqadaryolik fermerning o‘zini osgani iddao qilindi. 23.06.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29315542.html ).

12. Zokir Aliyev, Rustam Usmonov, Shoira Hasanova va fermerlar ishi. 22.06.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/759 ).

13. Zokir Aliyev, Rustam Usmonov, Shoira Hasanova va fermerlar ishi. Video. 23.06.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/761 ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.