Zokir Aliyev, Rustam Usmonov, Shoira Hasanova va fermerlar ishi

Spread the love

1.Zokir Aliyev ishi.

Amerika ovozidan iqtibos: “25 yildan so’ng AQShdan tarixiy vataniga qaytgan Zokir Ali O’zbekiston islomiy harakatiga (O’IH) aloqadorlikda ayblanmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati uning O’IHga qasamyod keltirganlikda, Afg’onistondagi janglarda qatnashganlikda ayblanayotgani to’g’risida ma’lumotnoma tarqatgan.

Inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” tashkilotining O’zbekiston bo’yicha vakili Stiv Sverdlov Aliyev taqdiridan xavotirda ekanini bildirib, uning huquqlari hurmat va himoya qilinishi kerak, deya chaqirmoqda. Adolat qaror topishi uchun sharoit yaratilishi shart, deya eslatmoqda Sverdlov.

Uning O’zbekistondagi qarindoshlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning chaqiriqlaridan ilhomlanib vatanga qaytgan Zokir Aliga nisbatan tuhmat qilinayotganini ta’kidlashmoqda.

AQSh fuqarosi Zokir Ali ayni paytda Davlat xavfsizlik xizmati hibsxonasida saqlanmoqda. U 16-iyun kuni 25 yillik tanaffusdan so’ng O’zbekistonga qaytgan, o’zi tug’ilib o’sgan Chiroqchi tumaniga yetib borishi ortidan hibsga olingan.

Zokir Ali ikki kunlik tergov harakatlari ortidan terrorchi guruh hisoblangan O’IHga aloqadorlikda, Afg’onistondagi jangovar harakatlarda qatnashganlikda ayblanmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatining matbuotda e’lon qilingan xabarida ta’kidlanishicha, Zokir Aliyev qidiruvda bo’lgan, unga nisbatan 2005-yilda jinoiy ish qo’zg’atilgan. Xabarda ta’kidlanishicha, Aliyev o’z aybiga iqrorlik bildirgan. Iqtibos tugadi. [1].

Ozodlikdan iqtibos: “O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining milliy agentlikka bildirishicha¸ 2014 yili AQSh fuqaroligini olgan asli qashqadaryolik Zokir Aliev dunyoning aksar davlatlari¸ xususan¸ AQShda xalqaro terrorchi guruhlar ro‘yxatiga kiritilgan “O‘zbekiston islomiy harakati”ga a’zolik aybi bilan 16 iyun kuni qo‘lga olingan.

46 yashar chiroqchilik Zokir Aliev mazkur guruh faoliyatiga aloqadorlikda gumonlanib¸ 2000 yillar boshidan O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan.

DXXning O‘zAga bildirishicha¸ Aliev “qo‘lga olish jarayonida noqonuniy faoliyatiga iqror bo‘lgan”.

Milliy agentlik chop etgan rasmiy baënotga ko‘ra¸ Aliev 2000 yili O‘IHga bay’at keltirgan¸ Afg‘onistonda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib¸ hukumat va xalqaro koalitsiya qo‘shinlariga qarshi janglarda qatnashgan.

O‘IHning boshqa a’zolari bergan ko‘rsatmalar asosida O‘zbekiston DXXsi (sobiq MXX) 2005 yili Alievga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159 (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish)¸ 223 (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) va 2442 ( Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik aybi bilan 646-sonli jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

AQShdagi O‘zbekiston elchixonasi tomonidan berilgan viza bilan O‘zbekistonga qaytgan Aliev ustidan bundan 13 yil avval ochilgan jinoiy ishning bundan so‘ng davom etish-etmasligiga oid rasmiy ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistonda rasman qidiruvda bo‘lgan shaxsning Vashingtondangi o‘zbek elchixonasidan qanday qilib o‘zbek vizasi olgani tafsilotlari ham hozircha ochiqlanmadi. Iqtibos tugadi. [2].

Yana ozodlikdan iqtibos:”AQShda yashayotgan o‘zbek jurnalisti Jahongir Muhammad O‘zbekiston DXXsi siyosiy va diniy ayblovlarda ayblab, qo‘lga olgan Zokir Alievni shaxsan tanishini, hatto ketayotgan kuni u bilan oshxo‘rlik qilganini aytadi.

Jahongir Muhammad Zokir Alievning hibsga olinishini prezident Mirziyoevning xorijdagi vatandoshlarni qaytarish harakatlarini to‘xtatish urinishi sifatida baholaydi. “Shu orqali Mirziyoevni qo‘rqitishmoqchi” deydi suhbatdosh.Iqtibos tugadi. [3].

Centre1.com internet saytining 21-iyun kungi maqolasida yozilishicha Qarshi shahrining DXX boshqarmasi Zokir Aliyev bilan uchrashuvga kelgan uning advokati Umid Davlatovga ruxsat bermagan.  [4].

2.Rustam Usmonov ishi.

Ozodlikdan iqtibos: “Moskva politsiyasi O‘zbekistondagi ilk xususiy bank asoschisi Rustamjon Usmonovga O‘zbekiston elchixonasi oldida futbol bo‘yicha Jahon chempionati yakuniga qadar norozilik piketi uyushtirishga ruxsat yo‘qligini bildirdi. Xalq orasida “Rustambank” nomi bilan tanilgan tadbirkor uni 19 yil qamoqda saqlagan amaldorlar jazoga tortilishini talab qilmoqda. O‘zbekiston elchixonasi esa tadbirkorning talablaridan xabari yo‘qligini bildirdi.

14 iyun kuni taniqli o‘zbekistonlik tadbirkor, respublikadagi ilk xususiy bank ta’sischisi Rustamjon Usmonovning Feysbuk sahifasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga qilgan murojaati paydo bo‘ldi.

Karimov davrida umrining 19 yilini panjaralar ortida o‘tkazib, mamlakatda eng uzoq qamoqda saqlangan siyosiy mahkumlardan biri sifatida tanilgan Rustam Usmonov O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi oldida yakka piket o‘tkazishini e’lon qildi.

“Men Moskvada. 15 iyundan O‘zbekiston Bosh prokuraturasidagi pogondagi poraxo‘rlarga qarshi norozilik aksiyasi boshlanadi… Sud va tergovsiz prokurorlar meni sudning soxta hukmi bilan 19 yil garovda saqlashdi”, deb yozdi ishi qayta ko‘rib chiqilishini talab qilayotgani va aksiya 5 kun davom etishini bildirgan o‘zbekistonlik tadbirkor.

Ammo 15 iyun kuni O‘zbekiston elchixonasi oldida yakka norozilik piketiga chiqqan Rustamjon Usmonov elchixona eshigiga yaqinlashishi bilanoq politsiya xodimlari qurshoviga olindi.

“Rustambank” vakolatxona oldiga “O‘zbekiston prokurorlari meni noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum etishdi. Ular meni 19 yil qamoqda ushlashdi va 30 000 000 dollar so‘rashdi. Ochiq sud mahkamasi o‘tkazilishini talab qilaman!!!” degan yozuvlar bitilgan plakatni ko‘tarib chiqqandi.

Ammo politsiyachilar Rustamjon Usmonovga futbol bo‘yicha Rossiyada o‘tkazilayotgan Jahon Kubogi kunlarida norozilik namoyishlari, yakka piketlar va norozilik aksiyalariga Vladimir Putinning maxsus buyrug‘i bilan taqiq qo‘yilganini bildirishdi”. Iqtibos tugadi. [5].

3.Shoira Hasanova ishi.

BBCdan iqtibos: “2011 yili Shoira Hasanova oʻz ona shahri Chelakda yangidan qayta qurilayotgan dehqon bozoriga sarmoya yotqizishga jazm qildi.

Kanadada yashovchi Hasanova bozor va doʻkonlarni oʻz ichiga olgan markazga 150 ming dollar sarmoya sarfladi.

Uch oydan soʻng bozor bitib, odamlar doʻkonlarni ijaraga olib ishlay boshladilar. Yuzlab ish oʻrinlari yaratildi.

Oʻzining ham bolalik yillari shu bozorda oʻtgan Shoira Hasanovaning aytishicha, ona shahrida odamlarga kun koʻrish imkonini yaratganidan juda hursand edi.

Lekin 2015 yil yozida Shoira Hasanova ona shahriga borgan vaqti eshitdiki, bozor buzilar ekan.

Yangi tayinlangan hokim Abdumoʻmin Joʻrayev buyrugʻi va taklif qilgan yangi loyihasi tufayli bozor vayron etilishini eshitgan doʻkonlarni sotib olgan yoki ijaraga olganlar u yerdan keta boshladilar.

Sarflagan sarmoyasidan hali biron soʻm foyda koʻrmagan Shoira Hasanova hokim huzuriga borib izoh talab qildi.

Bozorning buzilishiga turli vajlarni keltirgan hokim, soʻngida buzmaymiz deb vaʼda berdi.

Lekin Shoira Hasanova 2016 yili noyabr oyida Chelakka borganda koʻrdiki, bozor vayron etilgandi.

Savdogarlar ishsiz, bizneslar toʻxtagan, ketkazilgan sarmoya koʻkka sovurilgan”. Iqtibos tugadi. [6,7].

4.Farg’onalik fermerlar ishi.

Ozodlikdan iqtibos: “Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan ikki nafar fermer, har gektar yerdan topshiriladigan bug‘doy sentneri hokimning buyrug‘i bilan 4-5 sentnerga sun’iy ravishda oshirilganidan shikoyat qildi.

Fermerlar so‘zlariga ko‘ra, ular davlatga bug‘doy topshirish borasidagi kontraktatsiya shartnomasini bajargan bo‘lsa ham, rejadan ortgan bug‘doy zo‘rlik bilan o‘rib olinmoqda.

Hokimlik mulozimi ba’zi fermerlar bilan shunday holat bo‘lganini inkor qilmadi.

O‘zbekiston tumanining Qolgandaryo massivida bug‘doy yetishtirgan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, so‘nggi o‘n besh yil ichida birinchi marta har gektar yerga belgilangan sentner asossiz ravishda oshirilgan:

Prezidentimiz bu yilni “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlagan edi. Lekin bizda teskarisi bo‘lyapti. Mana men, 15 yildan buyon fermerlik qilayotgan bo‘lsam, shu paytgacha biror marta sentner ko‘tarilmagan-da. Masalan har yili men har gektar yerdan 26 sentner bug‘doy topshirardim. Bundan ortganini ishchilarimga bo‘lib berardim, o‘zimga qolardi. Bu yil esa hokimning buyrug‘i bilan har gektar yerdan 30 sentnerdan topshirasan, deb bor bug‘doyimni o‘rib ketishdi. O‘zimga bir kilo ham qolmadi, qariyb 20 nafar ishchimga nima beraman endi, boshimni changallab qolaverdim”, deydi fermer. Iqtibos tugadi. [8].

Oldingi maqolalarim va videolarimda ko’p marta ta’kidlanganidek, O’zbekiston konstitutsiyasida mulk daxlsizligi kafolatlangan: [9].

53-modda

Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.

Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

54-modda

Mulkdor mulkiga o’z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar etkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.

55-modda

Yer, er osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

O’zbekiston konstitutsiyasining 25-moddasida shaxs daxlsizligi kafolatlangan:  [9].

25-modda.

Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.

Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

Zokir Aliyev AQShda xususiy soliq kompaniyasining rahbari, Rustam Usmonov O’zbekistonda birinchi bo’lib xususiy bank ochgan, Shoira Hasanova sarmoyador(investor) va Farg’onalik fermerlar, bular hammasi tadbirkorlardir.  Yana boshqachasiga zamonaviy til bilan aytganda bular o’rta sinf vakillaridir. Dunyoda o’rta sinf vakillari har qanday mamlakatning iqtisodini rivojlantiruvchi asosiy kuchdir. O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lug’atida o’rta sinf iborasi bo’lmasada, bu iborani ishlatmasada, lekin tadbirkor so’zini ko’p ishlatadi.  Prezident Shavkat Mirziyoyev “ikki ish joyi yaratgan tadbirkorni boshimda ko’tarib yuraman” degan gapini barcha O’zbekiston fuqarolari eshitgan.

O’zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolning o’ta yomonligini hamma biladi, shu jumladan prezident ham. Lekin, O’zbekiston iqtisodini rivojlantirishga katta hissa qo’shmoqchi bo’lgan tadbirkorlarning shaxsiy va mulkiy daxlsizligi qo’pol ravishda oyoq osti qilingan.

Albatta, tadbirkorlarning huquqlari oyoq osti qilinishiga O’zbekiston hokimiyati aybdor.  Biroq, men aybni faqatgina O’zbekiston hokimiyatiga ag’darish bilan chegaralanib qolmoqchi emasman. Rossiyada, Qozog’istonda millionlab mehnat muhojirlari og’ir sharoitlarda ishlab, O’zbekistonga pul jo’natmoqdalar. O’zbekiston iqtisodining rivojlanishiga katta hissa qo’shyaptilar.

Lekin, mehnat muhojirlarining huquqlari oyoq osti qilingan paytda ularga yordam beradigan inson huquqi tashkilotlari yaratilmagan. (Usmon Barotovning “Vatandosh” tashkiloti bor, lekin bu tashkilot millionlab mehnat muhojirlariga xizmat ko’rsatish imkoniyatiga ega emas).

Ya’ni millionlab o’zbek muhojirlari inson huquqlari tashkilotlariga uyushishni, ularga a’zo bo’lishni, ularni moddiy qo’llab-quvvatlashni bilishmaydi, bilganlari ham amaliy harakat qilmaydi.  15-20 yillar davomida mehnat muhojirlari o’zlarining huquqlarini himoya qiladigan ko’plab inson huquqi tashkilotlari tuzishlari mumkin edi, lekin, bu ish qilinmadi, bu ishning amalga oshmaganiga faqat O’zbekiston, Rossiya, Qozog’iston rahbarlarini ayblash noinsoflik bo’lar edi.  Ya’ni O’zbekiston vatandoshlarida va shu jumladan mehnat muhojirlarida ham o’z huquqlari uchun kurashish, birdamlik tuyg’usi rivojlanmagan.

Shuningdek, ko’plab O’zbekiston vatandoshlari dunyoning rivojlangan erkin,demokratik mamlakatlarida (Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSh, Kanada va hokazo) yashamoqdalar.  Huquqbonlar Mo’tabar Tojiboyeva, Umida Niyozova, Ulug’bek Bakir, Nadejda Atayeva va kamina Abdujalil Boymatov Yevropa Ittifoqining Frantsiya, Germaniya, Norvegiya va Irlandiya mamlakatlarida faoliyat ko’rsatyaptilar. Lekin, afsuski, bu mamlakatlarda yashovchi O’zbekiston vatandoshlari bu huquqbonlar atrofiga uyushmadilar.

 Qisqasi, O’zbekiston vatandoshlari marhum diktator Islom Karimov rejimining qo’li yetmaydigan xavfsiz mamlakatlarda yashab ham, mavjud inson huquqlari tashkilotlarini kuchli, baquvvat inson huquqlari tashkilotlariga aylantira olmadilar.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

22-iyun, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Nurali Aliyev: Ukamga tuhmat qilishyapti, u Afg’onistonda bo’lmagan. 18.06.2018. ( https://www.amerikaovozi.com/a/uzbekistan-arrest/4443622.html ).

2. DXX AQShdan qaytgan Zokir Alievning sobiq O‘IH a’zosi sifatida hibsga olinganini bildirdi. 18.06.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29301769.html ).

3. OzodNazar: Aliev ishi Mirziyoevni qo‘rqitish uchun qilingan. 19.06.2018.

( https://www.ozodlik.org/a/29304855.html ).

4. К Закиру Алиеву в изолятор СГБ в Карши не допустили адвоката. 21.06.2018. ( https://centre1.com/uzbekistan/k-zakiru-alievu-v-izolyator-sgb-v-karshi-ne-dopustili-advokata/ ).

5. Rustambank: Meni sud qilishlarini talab qilaman (VIDEO). 20.06.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29307056.html ).

6. Xorijlik sarmoyador Oʻzbekistonga moliya yotqizishdan ogohlantirmoqda. 19.01.2017. ( https://www.bbc.com/uzbek/lotin-38678480 ).

7. Millioner Hasanova: Sichqonning dumini kesmadim, boshqa hamma ishni qildim! 08.03.2017. ( https://www.ozodlik.org/a/28358110.html ).

8. Farg‘onalik fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyi tortib olinyapti. 20.06.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29307043.html ).

9. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.