Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonni korruptsiya botqog’idan olib chiqa oladimi?

Spread the love

2018-yilning 8-iyun kuni mening “Nega prezident Shavkat Mirziyoyev o’rta sinf, fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratmayapti?!” nomli maqolamda va shu nomda 9- iyunda youtubeda qo’yilgan videoda O’zbekistondagi prokuratura va soliq tizimidagi korruptsiya haqida o’z fikrlarimni bayon etgan edim.  [1,2].

2018-yilning 13,14 iyun kunlari “Ozodlik”da O’zbekistondagi korruptsiyaga tegishli uchta maqola chop etildi.  Bu maqolalar O’zbekistondagi soliq tizimiga, bojxona tizimiga va prokuratura tizimiga tegishli.

Birinchi maqola  soliq tizimiga tegishli.  Ozodlikdan iqtibos: “Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga uch yil rahbarlik qilgan Muzaffar Pardaev hibsga olingan. Bu haqda Ozodlikning O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasiga yaqin ikki manbasi bir-biridan mustaqil ravishda xabar qildi.

Bu ikki manbaning bir xil ma’lumotlariga ko‘ra, “yirik kamomad”da gumonlanayotgan Pardaev o‘n kundan buyon Davlat xavfsizlik xizmatining tergov izolyatorida so‘roq qilinmoqda.

Muzaffar Pardaev 2015 yil iyunidan buyon Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Ozodlikning Soliq qo‘mitasiga yaqin birinchi manbasiga ko‘ra, Pardaev soliq tizimida olib borilayotgan tekshiruvlar doirasida 4 iyun kuni hibsga olingan.

Hibs etilishidan bir kun o‘tib Muzaffar Pardaevning lavozimidan olingani e’lon qilindi va o‘rniga uning muovini bo‘lib ishlagan Normat Tursunov Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga boshliq etib tayinlandi.

– Shahar byudjetiga tushumlar tekshirilgan, yirik kamomad chiqqan. Hozir Pardaev soliq tizimidagi boshqa o‘nlab amaldorlar bilan birga so‘roq qilinmoqda, – dedi Ozodlikning O‘zbekiston Soliq qo‘mitasiga yaqin ikkinchi manbasi”. Iqtibos tugadi. [3].

Ikkinchi maqola Bojxona tizimiga tegishli.  Ozodlikdan iqtibos;”O’zbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg’ona viloyatining Oltiariq tumanida viloyat faollari ishtirokida o’tkazilgan videoselektor yig’ilishida import bilan bog’liq vaziyatdan norozi bo’lib, bojxonachilarni keskin tanqid qildi. Daryo.uzning bu haqda xabar qilgan Farg’onadagi muxbiri Prezident so’zlaridan iqtibos keltirgan:

O’zi sizlarni, mana, nechtangni qamadim. Hammang bulbulday sayrab yotibsan, bir-biringga pora berganingni. Bitta tashkilotga vakil eding hammang. Go’yo sizlar juda adolatli. Eng katta poraxo’r-sizlar”,-degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bundan oldingi chiqishlarida moliyachilarni “kalamushlar”, prokuratura xodimlarini “o’g’ri va axlat”, deya atagan.

G’o’daygan it”, “davlat sotqinlari”, “Surxondaryoni ot o’yin qilib tashlagan”, “bu noinsoflar harom qilib tashlagan”, “bir yerini pisib majlisga kelib o’tirsin”, “hammang poraxo’rlik qilib hamma yerni sharmanda qilib yuribsan”.

Bu so’z birikmalari va jumlalarni Shavkat Mirziyoyev 19 yanvar kuni Qiziriq tuman hokimligi binosida Surxondaryo viloyat faollari bilan o’tkazgan uchrashuvdagi nutqi davomida ishlatgan edi”.  Iqtibos tugadi. [4].

Uchinchi maqola prokuratura tizimiga tegishli.

Ozodlikdan iqtibos:”Ozodlikka bir necha manbadan kelgan ma’lumotga ko‘ra, joriy oy boshida Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevning yigirmaga yaqin qarindoshi uyida bir kunning o‘zida tintuv o‘tkazilgan. Bu xabarni huquq tizimidagi mulozim tasdiqladi.

Tintuvga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi mulozimlari yetakchilik qilgan.

Ozodlikning mazkur voqea yuzasidan ma’lumot so‘rab Bosh prokuratura matbuot xizmatiga qilgan murojaatiga “bu ish yuzasidan tergov ketayotganligi sababli qaerda va qanday tergov harakatlari o‘tkazilayotganligi haqida batafsil ma’lumot bera olmaymiz”¸ degan javob berildi.

Ozodlikka bu voqea yuzasidan huquqiy izoh bergan advokat¸ O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq tergov amaliyotlari davomida bunday tintuvlar o‘tkazish va moddiy ashyolarning olib qo‘yilishi qonuniyligini bildirdi.

Tintuvlar tafsiloti

Tintuv o‘tkazilgan oilalardan biriga yaqin tadbirkorga ko‘ra¸ Mirzaevlar oilasi ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida ularga tegishli boylik qidirilmoqda va tintuv o‘tkazilgan qarindoshlar nomiga rasmiylashtirilgan mulk va boylikning¸ aslida sobiq prokurorga qarashli ekani taxmin qilinmoqda.

1 iyun kuni Mirag‘lam Mirzaev va uning xotini Muhabbat Mirzaevaning yaqin qarindoshlaridan 20 tasini uyini birdan bosishdi. Gruppa kirib kelgan va nima to‘g‘ri kelsa¸ hammasini akt qilib olib ketishgan. Sanikimi¸ Mirag‘lamnikimi¸ farqi yo‘q – naqd pul¸ tilla-brilliant¸ mashina hammasini olishgan. Ochig‘i¸ Mirzaevlar qamalishi bilan ularning yaqinlari bekitadigani bekitib bo‘lgan edi. Olib ketilganlar undan qolgani¸” dedi shaxsi ochiqlanishini istamagan Mirzaevlarga yaqin manba.”. Iqtibos tugadi. [5].

Prezident Shavkat Mirziyoyev  soliq tizimidagi, bojxona tizimidagi, prokuratura tizimidagi davlat xavfsizlik xizmati(DXX), sobiq MXX tizimidagi, maorif, sog’liqni saqlash tizimidagi korruptsiyalashgan amaldorlarni tinmay fosh qilib kelyapti.  Men prezident Shavkat Mirziyoyevning korruptsiyalashgan amaldorlarga qarshi “mardonavor” kurashishidan “ilhomlanib” bir necha maqolalar yozdim, videolar tayyorladim.

Endi o’ylanib qoldim, prezident Shavkat Mirziyoyevning korruptsiyaga qarshi kurashishi qanchalik samarali bo’ladi?

Prezident Shavkat Mirziyoyevday korruptsiyaga qarshi keskin kurashgan post sovet rahbarlardan biri Belorussiya prezidendi Aleksandr Lukashenkodir.  Aleksandr Lukashenko 1994-yili prezidentlik saylovlarida Belorussiyada korruptsiyaga qarshi kurashchi sifatida g’alaba qozongan edi.

Transparency International tashkilotining 2017-yil korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perception Index 2017) bo’yicha Belorussiya 44 ball bilan dunyodagi 180 mamlakat ichida 68-o’rinni egallagan.

O’zbekiston esa 22 ball bilan 157-o’rinda. [6].

Yuqoridagi ko’rsatkichlardan ko’rinib turibdiki, Belorussiyada korruptsiya darajasi O’zbekistonga qaraganda ancha past.

Freedom House tashkilotining siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar ko’rsatkichi bo’yicha Belorussiya 21 ball bilan erkin bo’lmagan mamlakatlar qatorida,

O’zbekiston ham 7 ball bilan erkin bo’lmagan mamlakatlar qatorida.  [7].

Erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha Belorussiya ham, O’zbekiston ham erkin bo’lmagan mamlakatlar qatorida bo’lsada, Belorussiya O’zbekistonga qaraganda ozgina erkinroq.

Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha(2018 Index of economic freedom) Belorussiya  58.1 ball bilan dunyodagi 180 mamlakat ichida 108-o’rinda,

O’zbekiston esa 51.5 ball bilan 152-o’rinda.  [8].

O’zbekiston ham, Belorussiya ham iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida bo’lsada, Belorussiyaning iqtisodi O’zbekistonnikiga nisbatan erkinroq.

Uchala ko’rsatkichlardan ko’rinib turibdiki, Belorussiyaning siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar bo’yicha erkinroq bo’lgani va iqtisodi O’zbekistonga nisbatan erkinroq bo’lgani uchun ham Ozbekistonga nisbatan Belorussiyada korruptsiya darajasi ancha past.

Shu yerda yana qo’shimcha qilib aytmoqchimanki, Aleksandr Lukashenko Yevropaning eng oxirgi diktatori hisoblanadi.  U Belorussiyani prezident sifatida 24 yildan beri boshqarib kelyapti. Lekin, Yevropaning eng oxirgi diktatori o’g’li bilan kartoshka kavlashdan or qilmaydi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev o’g’li, qizlari bilan paxta terganini eslayolmayman.

Korruptsiyaga qarshi kurashib eng samarali, yaxshi yutuqlarga erishgan Gruziya prezidenti Mixail Saakashvilidir.

Transparency International tashkilotining 2017-yil korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perception Index 2017) bo’yicha Gruziya 56 ball bilan dunyodagi 180 mamlakat ichida 46-o’rinni egallagan.

O’zbekiston esa 22 ball bilan 157-o’rinda. [6].

Yuqoridagi ko’rsatkichlardan ko’rinib turibdiki, Gruziyada korruptsiya darajasi O’zbekistonga qaraganda judayam past.

Freedom House tashkilotining siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar ko’rsatkichi bo’yicha Gruziya 64 ball bilan erkin mamlakatlar qatorida,

O’zbekiston esa 7 ball bilan erkin bo’lmagan mamlakatlar qatorida.  [7].

Erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha Gruziya erkin mamlakatlar qatorida, O’zbekiston esa erkin bo’lmagan mamlakatlar qatorida.

Erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha farq juda katta, ya’ni Gruziya O’zbekistonga qaraganda nihoyatda erkin.

Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (2018 Index of economic freedom) Gruziya  76.2 ball bilan dunyodagi 180 mamlakat ichida 16-o’rinda,

O’zbekiston esa 51.5 ball bilan 152-o’rinda.  [8].

Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha Gruziya post sovet respublikalari ichida eng yuqori ko’rsatkichga erishgan (Estoniyadan keyin).

Pezident Shavkat Mirziyoyevning bir yarim yildan ortiq prezidentlik faoliyatidan ko’rinib turibdiki, hozircha uning Aleksandr Lukashenko yoki Mixail Saakashvili yo’lidan borishi noma’lum.  Gruziyadagidek korruptsiya bo’yicha kurashda samarali, juda yaxshi natijalarga erishish uchun prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston vatandoshlariga iqtisodiy, siyosiy erkinliklar berishi kerak va 10 yildan keyin Mixail Saakashvilidek prezidentlikdan ketishi kerak.

Biroq, afsuski, Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston vatandoshlariga na iqtisodiy, na siyosiy erkinlik berish to’g’risida, na o’zining 10 yildan keyin prezidentlik lavozimidan ketish-ketmasligi to’g’risida lom-mim degani yo’q.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

15-iyun, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Nega prezident Shavkat Mirziyoyev o’rta sinf, fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratmayapti?! 08.06.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/745 ).

2. Nega prezident Shavkat Mirziyoyev o’rta sinf, fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratmayapti?! Video. 09.06.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/747 ).

3. Toshkent shahrining bosh soliqchisi “yirik kamomad”da gumonlanib hibsga olindi. 14.06.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29289275.html ).

4. Мирзиёев божхоначиларни “энг катта порахўрлар”, деб атади. 13.06.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29288619.html ).

5. Toshkent prokurori eks-muovinining boyligi qidirilmoqda. Qarindoshlari uyida tintuv o‘tkazildi.14.06.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29290779.html ).

6. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

7. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

8. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.