Nega prezident Shavkat Mirziyoyev o’rta sinf, fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratmayapti?!

Spread the love

2018-yilning 5-iyun kuni Ozodlik radiostantsiyasi O’zbekistonda prokuratura tizimida va soliq tizimida korruptsiyaning nihoyatda gullab-yashnagani haqida ikkita maqola yoyinladi.

Birinchi maqola prokuratura tizimidagi korruptsiyaga tegishli.

Ozodlikdan iqtibos: “5 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura binosida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot brifingi o‘tkazildi.

Bu haqda xabar bergan mahalliy nashrlarga ko‘ra¸ brifing mamlakatda ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi mavzusida bo‘lgan.

Kun.uz nashrining xabar qilishicha¸ savol-javob tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashidjon Qodirov ishi bo‘yicha borayotgan tergov jarayoniga oid ayrim tafsilotlar ochiqlangan.

Rasmiy bayonotga ko‘ra¸ Qodirov ishi doirasida jami 24 shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingan va ulardan 21 nafari hibsga olingan. Iqtibos tugadi. [1].

Yana Ozodlikdan iqtibos: “Prezident Shavkat Mirziyoev 17 mart kuni Samarqandda qilgan ma’ruzasida sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov o‘z qo‘l ostidagilardan har oyda katta miqdorda pora olib kelgani uchun qamalganini ta’kidlagandi.

Bosh prokurorni nega qamadim? Hammasi o‘g‘ri edi. Har bir tuman prokurori qanchadan pul berganini bulbuldek sayrab yotibdi turmada. Samarqandda ham 7 tuman prokurori har oyda berib turgan. Har oyda 2 ming dollardan bergan, prokuror bo‘lish uchun 35-40 ming dollardan bergan. Tayloq tumani prokurori 40 ming bergan bo‘lsa, bu pulni qaytarishi uchun Tayloqni sotishi kerak-ku? Mana qanday vaziyatda yashaganmiz”, deb iqtibos keltirdi prezident so‘zlaridan “Kun uz” nashri.

19 may kuni Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanida viloyat faollari bilan uchrashuvida esa Shavkat Mirziyoev sobiq prokurorni “ikki-uch oy ichida” televidenie orqali gapirtirishini aytdi.

– Sobiq bosh prokuror butun jamoasi bilan qamoqda. Million-million dollar topshirib yotibdi. Ikki-uch oy ichida televidenie orqali o‘zini gapirtiraman. Negaki, korrupsiyalashtirib yuborgandi, har bir tuman prokuroridan 30-40 ming dollar olgan. Hammasini qaytarib beryapti. Qodirov kim o‘zi? Qip qizil o‘g‘ri odam bo‘lgan. Shuning uchun, prokuraturada 70 foiz odam almashdi, halol odamlarni qo‘ydim. Kim xiyonat qilsa, shunday yo‘ldan boradi, – degan edi 19 may kungi chiqishida prezident Shavkat Mirziyoev. Iqtibos tugadi. [1].

Ikkinchi maqola soliq tizimidagi korruptsiyaga tegishli.

Ozodlikdan iqtibos: “Prezident Mirziyoyev 5 iyun kuni o’tgan videoselektor yig’ilishida soliq tizimidagi korruptsiya masalasini tilga oldi. Mirziyoyevning aytishicha, Toshkent bozorlaridan soliqlar byudjetga emas, amaldorlarning cho’ntagiga tushgan. “Chilonzor” buyum savdo kompleksida 791 nafar shaxs soliq to’lamasdan savdo qilib kelayotgani aniqlangan.

Toshkent shahridagi avtomobillarni saqlash joylaridagi tushumlar nazorati yo’qligi tufayli mahalliy byudjetga 18 milliard so’mdan ortiq soliq tushirilmagan. Shuncha pul cho’ntakka ketyapti”, deb aytgan prezident.

Soliq qo’mitasining sobiq raisi Botir Parpiyevning qamoqqa olinganini tilga olgan prezident: “Turmada o’tirganlar aytib beryapti-bitta soliqchi ishga joylashish uchun 30-40 ming dollar berarkan”, deb bildirgan. Iqtibos tugadi.[2].

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 oydan keyin O’zbekistonni boshqarayotganiga ikki yil bo’ladi.  Shu muddat davomida O’zbekistonda korruptsiyaning qanchalik gullab-yashnagani to’g’risida keng jamoatchilikka oshkor qildi. Prezidentning korruptsiya bo’yicha chiqishlari O’zbekiston ommaviy-axborot vositalari orqali O’zbekiston va dunyo jamoatchiligiga yetkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonda korruptsiyaning gullab-yashnaganligini oshkor qilmasdan oldin ham Transparency International tashkiloti O’zbekistonning korruptsiya bo’yicha ko’rsatkichi marhum diktator Islom Karimov davrida dunyoning eng korruptsiyalshgan 5, 10 mamlakatlari qatoridan joy olib kelgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida dunyoning 180 mamlakati ichida 157-o’rinni egallab turibdi. Ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatorida. [3].

O’zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi uchun o’rta sinf va qonun ustivorligini o’rnatish uchun kuchli fuqaroviy jamiyat lozim.  Chunki, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida iqtisodiy rivojlanishiga o’rta sinf eng katta hissa qo’shadi, kuchli fuqaroviy jamiyat esa hokimiyat faoliyatini nazorat qiladi, korruptsiyaga qarshi ashaddiy kurash olib boradi, uning gullab-yashnab ketishiga mutlaqo yo’l qo’ymaydi.

Lekin, meni ajablantirgan narsa shundaki, prezident Shavkat Mirziyoyev o’rta sinf va fuqaroviy jamiyatni shakllanishi uchun sharoit yaratish haqida lom-mim demayapti va hech qanday amaliy choralar ko’rmayapti.

Men o’rta sinfning shakllanishi uchun kichik va o’rta biznesga iqtisodiy erkinlik berish to’g’risida to’xtalib o’tmoqchiman.  Men 2018-yilning 20-21-aprel sanalarida “Nahotki, prezident Shavkat Mirziyoyevda, viloyat va tuman hokimlarida iqtisodiy erkinlik degan tushuncha bo’lmasa!?” nomli maqola va shu nomdagi videoni chop qilgan edim. [4,5].

Shu maqoladan iqtibos:”Bu uch voqea bilan tanishib chiqib, mendagi birinchi taassurot nahotki, 21-asrda O’zbekistonda prezident tomonidan, hokimlar tomonidan tomorqa egalariga nisbatan, fermerlarga nisbatan shu darajada zo’ravonlik bo’ladimi-a!? Zero, Ozbekiston konstitutsiyasida mulk daxlsizligi kafolatlangan: [6].

53-modda

Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

54-modda

Mulkdor mulkiga o’z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar etkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.

55-modda

Yer, er osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

Bu yerda mening fikrimcha ikkita nuqta bor, birinchisi huquqi buzilgan tomorqa egasi yoki fermer hokimlarning, prezidentning zo’ravonligi ustidan sudga murojaat qilishlari mumkin.  Qonun ustuvorligi hukmron bo’lgan mamlakatda mulkdorga yetkazilgan zarar qoplanadi, uning mulkiga tajovuz qilgan mansabdor shaxslar jazolanadi. Lekin, afsuski O’zbekistonda mustaqil sud tizimi yo’q, qonun ustuvorligi hukmron emas.

 Ikkinchi nuqta, O’zbekistonda yerlar asosan davlatga qarashli, shu sababli yerlarni davlat amaldorlari tasarruf qiladi, buning oqibatida tadbirkorlarning huquqlari muntazam ravishda poymol qilinib turiladi.

O’zbekistondagi iqtisodiy siyosatni 21-asrda qanday bo’lishini tasavvur qilish uchun The Heritage Foundation tashkilotining iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, 2018, mamlakatlarning o’rni (Index of economic freedom 2018, Country Rankings) ko’rib chiqamiz. [7].

 Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha mamlakatlarning o’rni 12 iqtisodiy erkinlik bilan aniqlangan.  12 iqtisodiy erkinlik 4 guruhga bo’lingan:

1.Qonun ustuvorligi (Rule of Law);

2.Hukumatning ulushi(Government Size);

3.O’yin qoidalarining samaradorligi (Regulatory Efficiency);

4.Ochiq bozorlar (Open Markets).

Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 51.5 ball bilan 180ta mamlakatlar ichida 152-o’rinni egallagan.  O’zbekiston ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar guruhiga kiradi.

Shu yerda yana qo’shimcha qilib aytishni lozim topdimki, Qirg’iziston 62.8 ball bilan 78-o’rin, Qozog’iston esa 69.1 ball bilan 41-o’rin bilan mo’tadil erkin (Moderately Free) mamlakatlar qatoriga kiradi.  Shu yerda ham ko’rinib turibdiki, O’zbekistonda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi Qozog’iston va Qirg’izistonga nisbatan o’ta abgor holatda.

Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 1-o’rinni 90.2 ball bilan Gonkong (Honkong) egallagan.

Lekin Gonkong O’zbekiston vatandoshlariga uncha tanish bo’lmaganligi uchun O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichini AQShning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bilan taqqoslaymiz.

 AQSh 75.7 ball bilan 18-o’rinda.

1.AQShning mulk huquqi bo’yicha ko’rsatkichi (Property Rights) 79.3,

O’zbekistonniki esa 48.7;

2.AQSh hukumatning halolligi (Government Integrity) 71.9,

 O’zbekistonniki esa 24.2;

3.AQSh sud tizimining samaradorligi (Judicial Effectiveness) 76.9,

O’zbekistonniki esa 35.3; Sud tizimi ham abgor holatda.

4.AQSh savdo erkinligi (Trade Freedom) 86.7,

O’zbekistonniki esa 62.5;

5.AQSh investitsiya erkinligi (Investment Freedom) 85.0,

O’zbekistonniki esa 0.0; Eng abgor ko’rsatkich.

6.AQSh Moliyaviy Erkinlik (Financial Freedom) 80.0,

O’zbekistonniki esa 10.0.

Qolgan 6ta erkinlik ko’rsatkichlarini keltirib o’tirmayman, hoxlovchilar [7]dan qarab tanishib, o’rganishlari mumkin.

Yuqorida keltirilgan iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi ballari qanchalik yuqori bo’lsa shu mamlakatning iqtisodi erkinroq bo’ladi va mamlakat shunchalik farovon bo’ladi.

Xulosa shuki, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik darajasi juda past, aholining ko’p qismi qashshoqlikda yashaydi, millionlab O’zbekiston vatandoshlari mehnat muhojiri sifatida Rossiya, Qozog’iston, Janubiy Koreya, Turkiya va dunyoning ko’plab mamlakatlariga ish izlab ketganlar.

O’zbekiston vatandoshlari farovon yashashlari uchun O’zbekiston hokimiyati o’z vatandoshlariga iqtisodiy erkinlik berishi kerak.  Yerlarni O’zbekiston vatandoshlariga xususiy mulk sifatida bo’lib berishi kerak. O’zbekistonda xususiy mulkning ulushi 70-80 foizni tashkil qilishi kerak.  Lekin, afsuski, O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, viloyat va tuman hokimlarida iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik tushunchasi yo’q. Bu katta muammo.  Nima qilish kerak?” Iqtibos tugadi.

O’zbekistonda kuchli fuqaroviy jamiyat qurish uchun O’zbekiston konstitutsiyasining VII-bob. Shaxsiy huquq va erkinliklar (24-31-moddalar), VIII-bob. Siyosiy huquqlar (32-35-moddalar),konstitutsiya moddalari hayotga tadbiq qilinishi kerak. [6].Shu yerda konstitutsiydan ikki moddani alohida ta’kidlamoqchiman;

33-modda

Fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o’tkazilishini to’xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.

34-modda.

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.

Men o’ylaymanki, O’zbekistonning iqtisodiy yuksalishi uchun rivojlangan mamlakatlardagidek o’rta sinfni shakllantirish va qonun ustuvorligini ta’minlash uchun, korruptsiyani jilovlash uchun, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun shart-sharoitlar yaratish payti keldi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

8-iyun, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Bosh prokuratura Rashitjon Qodirov ishi doirasida 24 shaxsga ayblov e’lon qilinganini bildirdi. 06.06.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29273956.html ).

2. Президент: Тошкент бозорларидан солиқлар бюджетга эмас, амалдорларнинг чўнтагига тушган. 06.06.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29274522.html ).

3. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

4. Nahotki, prezident Shavkat Mirziyoyevda, viloyat va tuman hokimlarida iqtisodiy erkinlik degan tushuncha bo’lmasa!? 20.04.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/684 ).

5. Nahotki, prezident Shavkat Mirziyoyevda, viloyat va tuman hokimlarida iqtisodiy erkinlik degan tushuncha bo’lmasa!? Video. 21.04.2018. (http://oz.hrsu.org/archives/687 ).

6. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

7. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

Leave a Reply

Your email address will not be published.