Nahotki, prezident Shavkat Mirziyoyevda, viloyat va tuman hokimlarida iqtisodiy erkinlik degan tushuncha bo’lmasa!?

Spread the love

Ozodlik radiostantsiyasi 2018-yilning 16-17-18-aprel kunlari O’zbekistonda ikkitasi tomorqa xo’jaligiga tegishli bo’lgan, bittasi fermer xo’jaligiga tegishli bo’lgan ajablanarli, ensani qotiradigan voqealardan bizni xabardor qildi.

Birinchi voqea.

Ozodlikdan iqtibos: “Farg’ona viloyat, Furqat tumanida aholi tomorqasiga ekilgan terak daraxtlari yoppasiga kesib tashlanyapti. Farg’onaliklarning Ozodlikka aytishicha, maxsus ishchi guruh uyma-uy yurib, teraklarini kesmagan aholining tomorqasi tortib olinishi yoki 3 barobar ko’p soliq solinishini aytib, tahdid qilayapti. Hokimlik kesilgan teraklar o’rniga qalampir ektirayapti.

 Iqtibosning davomi: ”Furqat tumanida shunaqa tadbir bo’layapti. Teraklarni yoppasiga kestiryapti. Tomorqamizga pomidor, kartoshka va piyozdan tashqari terak ham ekkanmiz. Teraklarni odamlar sotib, daromad qilishi umkin yoki o’z ehtiyoji uchun uy qurilishida ishlatishi mumkin. Deyarli hamma tomorqasining 3-4 sotix joyiga terak ekkan. Bizning tomorqamiz jami 15 sotix, shundan 3 sotixiga terak ekilgandi. Ukamga uy qurish uchun terak o’stirayotgandik. Hammasi kesib tashlandi. Kesilgan teraklar kichkina bo’lgani bois ular kichkina xodadan boshqa narsaga yaramaydi ham”, deydi Furqat tumanida yashovchi ayol Ozodlik bilan suhbatda.

Furqat tumanida yashovchi yigitga ko’ra, maxsus ishchi guruh kesilgan terak o’rniga qalampir ekishni buyurgan:

Hozir prezident qalampir ekishga katta e’tibor qaratayapti” deyishdi, Bu haqda televizorda ham eshitgandim. Hokimiyatdagilar “shuning uchun qalampir ekinglar, qalampirdan katta daromad ko’rasizlar”, deyishdi. Lekin hamma qalampir eksa, uni kimga sotamiz, qanday sotamiz? Bu bilan hech kimning ishi yo’q. Ekilgan qalampirning bir qismini o’zimiz yermiz, lekin qolganini nima qilamiz? Hamma hayron, ba’zilar qo’rqqanidanqan qalampir ekishni boshladi. Lekin biz nima qilishni bilmay o’tiribmiz”, dedi farg’onalik yigit“.  Iqtibos tugadi.[1].

Ikkinchi voqea.

Yana ozodlik maqolasidan iqtibos: “Toshkent viloyatining Yangiyo’l tumanida fermer xo’jalik yerlari paxta maydonlariga aylantirilishi va’ji bilan ziroat ekinlari vayron qilingan. Tumandagi Grain Wheel fermer xo’jaligi rahbari Alisher Tursunov Ozodlik bilan suhbatda bu yil 16 gektar maydonga chet elga eksport qilish uchun no’hat ekkani, hokimlik esa o’sib turgan no’xatni ustidan haydab, ag’darib, o’rniga paxta urug’i ektirganini aytdi. Ammo, Yangiyo’l tumani hokimining o’rinbosari fermerni no’xatni noqonuniy ekkanlikda aybladi.

Yangiyo’llik fermer Alisher Tursunov o’zining Grain Wheel fermer xo’jaligiga biriktirilgan 16 gektar yerga bu yil no’xat ekib, paxtaga nisbatan bir necha baravar ko’p daromad olishni rejalashtirgandi.

Lekin fermerning Ozodlikka arz qilishicha, tuman hokimiyati o’sib turgan no’xat maydoni ustiga traktor haydab, o’rniga paxta ektirgan.

-Toshkentdan kilosini 15 ming so’mdan no’xat urug’i olib kelganman. Gektariga 100 kilodan urug’ ketgan. 16 gektar maydonga ekdik. Bundan tashqari mineral o’g’it solganman, fosfor solganman, kaliy solganman, yerni haydaganman, ekkanman. Qurtga qarshi dori sepganman. To’rtta-beshta shoxli bo’lib, katta bo’lib chiquvdi. Hokim kelib traktor tashlab hammasini vayron qildi, o’rniga paxta ektirdi.Shuncha mehnat va mablag’ zoe ketdi,- deydi yangiyo’llik fermer Tursunov.  Iqtibos tugadi.[2].

Uchinchi voqea.

Ozodlikdan yana iqtibos:”Buxoro viloyat, Jondor tuman hokimi Kamol Kamolov aholi tomorqasidagi pishib qolay degan bug’doy, arpa va bedani xom o’rdirtirib, o’rniga chigit ektirdi.

Ozodlik suhbatlashgan jondorliklarning aytishicha, qamish va o’t bosib ketgan bu yerlar, paxta yaxshi hosil bermay qo’yganidan so’ng, aholiga bundan ikki yil oldin 10 sotixdan bo’lib berilgan edi. Hammasi bo’lib 200 dan ortiq xo’jalikning tomorqasi buzilgani aytildi.

Aholi o’z hisobidan bu yerlarni o’zlashtirib, hosildor qilganidan so’ng yilning boshida tayinlangan tuman hokimi aholiga hosilini yig’ishtirib olishiga imkon bermadi.

Jondor tumanining Xumin qishlog’ida yashaydigan dehqon Suhrob Hakimovning aytishicha, 8 aprel kuni tuman hokimi qishloqda majlis o’tkazib, ortiqcha yerlarni qaytarib olishi haqida gapirgan:

Hokim Jondor tumani necha yildan buyon paxta plani to’lmayotgani va shuning uchun aholiga tomorqa sifatida berilgan 10 so’tixlik yerlarni olib qo’yishga qaror qilganini aytdi. Odamlar, mayli, hech bo’lmasa hosilimizni yig’ib olaylik, bug’doylar boshoq tortib qoldi, xalq shunga ko’zini tikib turibdi, desa ham hokim rozi bo’lmadi”, deydi Suhrob Hakimov.

Uning aytishicha, ikki kundan keyin prokuror bilan ichki ishlar xodimlari kelib, aholidan tomorqadagi ekinlarni o’rib olishni, aks holda shunday ag’darib tashlashini aytgan:

Odamlar norozilik bildirsa, bu prezidentning qarori, kim prezidentga qarshi chiqadi, deb do’q urdi. Aholining endi bosh tortayotgan bug’doyu arpasi uvol bo’ldi. Odamlar hech bo’lmasa xashak bo’lar deb, ko’zlarida yosh bilan o’rib oldi. Keyin plug solib hammasini haydab tashlashdi”, deydi Suhrob Hakimov. [3].  Iqtibos tugadi.

Bu uch voqea bilan tanishib chiqib, mendagi birinchi taassurot nahotki, 21-asrda O’zbekistonda prezident tomonidan, hokimlar tomonidan tomorqa egalariga nisbatan, fermerlarga nisbatan shu darajada zo’ravonlik bo’ladimi-a!?.  Zero, Ozbekiston konstitutsiyasida mulk daxlsizligi kafolatlangan: [4].

53-modda

Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

54-modda

Mulkdor mulkiga o’z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar etkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.

55-modda

Yer, er osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

Bu yerda mening fikrimcha ikkita nuqta bor, birinchisi huquqi buzilgan tomorqa egasi yoki fermer hokimlarning, prezidentning zo’ravonligi ustidan sudga murojaat qilishlari mumkin.  Qonun ustuvorligi hukmron bo’lgan mamlakatda mulkdorga yetkazilgan zarar qoplanadi, uning mulkiga tajovuz qilgan mansabdor shaxslar jazolanadi. Lekin, afsuski O’zbekistonda mustaqil sud tizimi yo’q, qonun ustuvorligi hukmron emas.

 Ikkinchi nuqta, O’zbekistonda yerlar asosan davlatga qarashli, shu sababli yerlarni davlat amaldorlari tasarruf qiladi, buning oqibatida tadbirkorlarning huquqlari muntazam ravishda poymol qilinib turiladi.

O’zbekistondagi iqtisodiy siyosatni 21-asrda qanday bo’lishini tasavvur qilish uchun The Heritage Foundation tashkilotining iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, 2018, mamlakatlarning o’rni (Index of economic freedom 2018, Country Rankings) ko’rib chiqamiz. [5].

 Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha mamlakatlarning o’rni 12 iqtisodiy erkinlik bilan aniqlangan.  12 iqtisodiy erkinlik 4 guruhga bo’lingan:

1.Qonun ustuvorligi (Rule of Law);

2.Hukumatning ulushi(Government Size);

3.O’yin qoidalarining samaradorligi (Regulatory Efficiency);

4.Ochiq bozorlar (Open Markets).

Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 51.5 ball bilan 180ta mamlakatlar ichida 152-o’rinni egallagan.  O’zbekiston ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar guruhiga kiradi.

Shu yerda yana qo’shimcha qilib aytishni lozim topdimki, Qirg’iziston 62.8 ball bilan 78-o’rin, Qozog’iston esa 69.1 ball bilan 41-o’rin bilan mo’tadil erkin (Moderately Free) mamlakatlar qatoriga kiradi.  Shu yerda ham ko’rinib turibdiki, O’zbekistonda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi Qozog’iston va Qirg’izistonga nisbatan o’ta abgor holatda.

Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 1-o’rinni 90.2 ball bilan Gonkong (Honkong) egallagan.

Lekin Gonkong O’zbekiston vatandoshlariga uncha tanish bo’lmaganligi uchun O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichini AQShning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bilan taqqoslaymiz.

 AQSh 75.7 ball bilan 18-o’rinda.

1.AQShning mulk huquqi bo’yicha ko’rsatkichi (Property Rights) 79.3,

O’zbekistonniki esa 48.7;

2.AQSh hukumatning halolligi (Government Integrity) 71.9,

 O’zbekistonniki esa 24.2;

3.AQSh sud tizimining samaradorligi (Judicial Effectiveness) 76.9,

O’zbekistonniki esa 35.3; Sud tizimi ham abgor holatda.

4.AQSh savdo erkinligi (Trade Freedom) 86.7,

O’zbekistonniki esa 62.5;

5.AQSh investitsiya erkinligi (Investment Freedom) 85.0,

O’zbekistonniki esa 0.0; Eng abgor ko’rsatkich.

6.AQSh Moliyaviy Erkinlik (Financial Freedom) 80.0,

O’zbekistonniki esa 10.0.

Qolgan 6ta erkinlik ko’rsatkichlarini keltirib o’tirmayman, hoxlovchilar [5]dan qarab tanishib, o’rganishlari mumkin.

Yuqorida keltirilgan iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi ballari qanchalik yuqori bo’lsa shu mamlakatning iqtisodi erkinroq bo’ladi va mamlakat shunchalik farovon bo’ladi.

Xulosa shuki, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik darajasi juda past, aholining ko’p qismi qashshoqlikda yashaydi, millionlab O’zbekiston vatandoshlari mehnat muhojiri sifatida Rossiya, Qozog’iston, Janubiy Koreya, Turkiya va dunyoning ko’plab mamlakatlariga ish izlab ketganlar.

O’zbekiston vatandoshlari farovon yashashlari uchun O’zbekiston hokimiyati o’z vatandoshlariga iqtisodiy erkinlik berishi kerak.  Yerlarni O’zbekiston vatandoshlariga xususiy mulk sifatida bo’lib berishi kerak. O’zbekistonda xususiy mulkning ulushi 70-80 foizni tashkil qilishi kerak.  Lekin, afsuski, O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, viloyat va tuman hokimlarida iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik tushunchasi yo’q. Bu katta muammo.  Nima qilish kerak?

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

20-aprel, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Фарғонада терак “қирғини” томорқаларга етди. Терак ўрнига қалампир экиш буюрилди. 16.04.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/terak-qalampir-fargona-prezident-mirziyoyev-uzbek/29170583.html ).

2. Янгийўлда ҳоким фермер нўхатини ҳайдаттириб пахта эктирди. 17.04.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/ozbekiston-miliciya-zoravonlik-hokim-nohat/29172651.html ).

3. Бухорода ҳоким аҳолининг бошоқлаётган буғдойини буздириб ташлади . 18.04.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/jondor-aholining-pishmagan-bugdoyi-buzib-tashlandi/29174855.html ).

4. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

5. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

Leave a Reply

Your email address will not be published.