Afg’oniston bo’yicha Xalqaro anjumandan keyin menda tug’ilgan fikrlar. O’zbekistonga investitsiyalar kirib kelishi ko’payadimi?!

Spread the love

Toshkentda 27 mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va “mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afg’oniston bo’yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferentsiyasi bo’lib o’tdi.

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil qilingan mazkur konferentsiya jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg’otdi. Konferentsiyada Afg’oniston Respublikasi prezidenti Muhammad Ashraf G’ani, BMTning Afg’onistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo’yicha Oliy vakili Federika Mogerini, shuningdek jami 25 davlat va xalqaro tashkilot vakillari qatnashdilar.[1].

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro anjumanda nutq so’zladi. [2].

Shavkat Mirziyoyev nutqidan iqtibos:-” Bu zamindagi keskinlik Markaziy Osiyo mamlakatlari jahon iqtisodiyotining faol integratsiya jarayonlaridagi ishtirokiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Misol uchun, tinch Afg’oniston savdo -iqtisodiy, transport-logistik imkoniyatlari bilan O’zbekistonga boshqa mintaqalarga dengiz orqali qisqa yo’l bilan chiqish imkonini berar edi“. Iqtibos tugadi.

Bu Xalqaro anjuman oldin bo’lib o’tgan voqealarning mantiqiy yakuni bo’ldi.  Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonni bir yarim yil davomida boshqarayotganidan beri erkin konvertatsiyani amalga oshirdi, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iziston bilan sovuq munosabatlar ancha iliqlashdi, Qozog’iston bilan esa munosabatlar yanada yuqoriroq darajaga ko’tarildi.

15-mart kuni Qozog’iston poytaxti Ostona shahrida Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg’iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston parlamentining senat spikeri Akja Nurberdiyevalar, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining o’zaro birinchi maslahat uchrashuvi bo’lib o’tgan edi.[3].

 Bu bo’lib o’tgan voqealardan menda shunday taassurot tug’ildiki, O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtisod nuqtai-nazaridan qaraganda Markaziy Osiyodagi 6ta mamlakatni qamrab olgan umumiy bozor yaratmoqchi. Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi umumiy bozor bu mamlakatlar o’rtasidagi o’zaro iqtisodiy aloqalarning kuchayishi bu mamlakatlarning iqtisodi rivojlanishiga olib keladi. Ya’ni O’zbekiston fuqarolarida, Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarida bu mamlakatlarda iqtisod rivojlanib, hamma yoq gullab-yashnab ketadigandek taassurot paydo bo’ladi.

O’zbekiston vatandoshi O’zbekiston ommaviy-axborot vositalari targ’iboti (propagandasi) ta’sirida O’zbekiston erkin konvertatsiyaga o’tganligi, qo’shni mamlakatlar bilan iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar yaxshilanganligi tufayli O’zbekistonning xalqaro miqyosda imidji yaxshilandi, endi O’zbekistonga investitsiylar kirib keladi, iqtisod rivojlana boshlaydi, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol yaxshilanadi degan umid paydo bo’ladi.

 Lekin, bu umidning tagi puch, nega? Chet el investorlari O’zbekiston ommaviy-axborot vositalarining targ’ibotidan xoli muhitda yashaydi. Shu sababli ular O’zbekiston vatandoshlaridan butunlay boshqacha fikrlaydi, butunlay boshqacha harakat qiladi.

Dunyoning erkin, demokratik davlatlarida yashaydigan fuqarolar, shu jumladan investorlar birinchi navbatda O’zbekistondagi inson huquqlari vaziyatiga e’tibor beradilar.

O’zbekistondagi inson huquqlari vaziyati va biznes yuritish muhiti esa o’ta abgor holatda. Bunga men to’rtta misol keltiraman:

1.Majburiy mehnat.  O’zbekiston zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha dunyoda Shimoliy Koreyadan keyin ikkinchi o’rinda turadi.[4].

2.Korruptsiya.  O’zbekiston korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha(Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatoriga kiradi.[5].

3.Iqtisodiy erkinlik.  O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (Economic Freedom Index) 51,5 bal bilan 152-o’rinni egallaydi va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatoriga kiradi.[6].

4.Fuqaroviy va siyosiy huquqlar.  Xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekiston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 7 balga ega bo’lib, dunyoning eng 10ta yomonlari qatorida.[7].

Yana shu yerda qo’shimcha beshinchi misol sifatida Jahon Bankining tadbirkorlik muhiti (Doing Business) ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston dunyoda 74-o’rinni egallaydi.[8].

Bu ko’rsatkich menimcha har holda unchalik yomon emas.

Lekin, yuqoridagi to’rtta misoldan ko’rinib turibdiki, xalqaro investor nuqtai-nazaridan olganda O’zbekistonning investitsiya jozibadorligi o’ta abgor holatda.  Shu sababli O’zbekistonga chet el investitsiyalarining kirib kelishiga va O’zbekiston iqtisodining gullab-yashnab ketishiga menda umid kam.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonning investitsiya jozibadorligini oshirish uchun majburiy mehnatga barham berishi kerak, korruptsiyani keskin kamaytirishi kerak va albatta O’zbekiston vatandoshlariga iqtisodiy va siyosiy erkinlik berishi kerak.  Va albatta bu ishlarni amalga oshirish uchun O’zbekistonda o’rta sinfning va fuqarolik jamiyatining oyoqqa turib olishi uchun sharoit yaratilishi kerak.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

30-mart, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Афғонистон бўйича Тошкент декларацияси қабул қилинди. 27.03.2018.( http://uza.uz/oz/politics/af-oniston-b-yicha-toshkent-khal-aro-konferentsiyasi-deklara-27-03-2018?ELEMENT_CODE=af-oniston-b-yicha-toshkent-khal-aro-konferentsiyasi-deklara-27-03-2018&SECTION_CODE=politics&print=Y ).

2. Шавкат Мирзиёевнинг Тошкент Конференциясида сўзлаган нутқи. 27.03.2018. ( https://www.youtube.com/watch?v=RuuWdH1sLD0 ).

3. Марказий Осиё давлат раҳбарларининг биринчи маслаҳат учрашуви. 15.03.2018. ( http://uza.uz/oz/politics/markaziyafaf-osiye-davlat-ra-barlarining-birinchi-masla-at-uchra-15-03-2018 ).

4. Slavery index by countries. 2016. ( https://www.globalslaveryindex.org/findings/ ).

5. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

6. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

7. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

8. The World Bank. Doing Business. 2018.

( http://www.doingbusiness.org/rankings ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.