Salomatoy Boymatova: O’zbekiston va Irlandiyada  savdo xizmati (kuzatishlarim)

Spread the love

O’zbekistonni tark etgunimgacha, ya’ni 2010-yilning 13-iyunigacha oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, uy-ro’zg’or buyumlari va shunga o’xshagan mahsulotlarni sotib olishda asosan Kadishev, Qo’yliq, Chorsu va Otchopar(Ippodrom)  bozorlaridan foydalangan edim.  Toshkent shahrida yashaydigan tanishlarimning aytishlari bo’yicha hozirgi kunga kelib O’zbekiston poytaxti Toshkent shahrida ham gipermarket, supermarket va minimarketlar ochilibdi.

  Irlandiyaning Dublin shahrida O’zbekistonning Toshkent shahridagi Kadishev, Qo’yliq, Chorsu, Oloy bozorlariga o’xshagan  bozorlarning o’rnini bosadigan bir nechta supermarketlar joylashgan katta savdo markazlari, alohida supermarketlar,  do’konlar bor. 

Irlandiyaga kelganimdan buyon oziq-ovqat mahsulotlarini Tesco, Lidl, Aldi supermarketlaridan, kiyim-kechaklar, oyoq kiyimlari va uy-ro’zg’or  uchun zarur narsalarni esa Dunnes Stores, Marks & Spencer, Penneys va boshqa yirik supermarketlardan xarid qilaman.   Ayrim hollarda  Spar, Daybreak, Centra kabi kichik do’konlardan foydalanaman.

Yana sut, qatiq mahsulotlaridan qaymoq (smetana), tvorog, qatiq (kefir) mahsulotlarini Polsha, Latviya, Litva tadbirkorlari ochgan katta-kichik do’konlardan xarid qilaman.  Halol mahsulotlar, go’sht mahsulotlarini Osiyo oziq-ovqat(Asian Food)do’koni, turkiyaliklar va boshqa musulmon davlat tadbirkorlari ochgan do’konlardan sotib olaman.

Dublin shahri markazida kichik bozorcha bor bo’lib, u yerda asosan meva-sabzavotlar, gullar sotiladi.  Ko’rinishi xuddi O’zbekistondagi kabi ko’chma temir peshtaxtalarda Irlandiyaning supermarketlarida sotilmaydigan ayrim qishloq xo’jalik mahsulotlari turlarini, shu yerning o’zidagi fermer-dehqonlar  yetishtirgan karamning yumshoq bargli turi, gulkaram, qizil lavlagini esa kavlab olinib, yuvilib, barglari olib tashlanmaganini  shu kichik bozorchadan xarid qilaman.  Lekin O’zbekistondagidan farqli tomoni ularning hammasi to’lovlarni qonuniy to’laydilar. Bu bozorcha taxminan 20-25 savdo joyini tashkil etadi.

O’zbekistonda soliq va pattalar haddan tashqari yuqori bo’lganligi uchun uni to’lashga hammaning ham qurbi yetmaydi va aksariyat tadbirkorlar soliqchilar bilan kelishib kamroq to’lashga harakat qiladilar. Bu holatda noqonuniy to’langan pullar davlat xazinasiga emas, soliqchining cho’ntagiga tushadi va o’z navbatida korruptsiyani rivojlantiradi.

Korruptsiyaning rivojlanishiga  yana  O’zbekistonda bozor va do’konlarni har 2-3 yilda buzib qayta qurilishi, bunda ham har safar bozor va do’konlar  buzib qayta qurilganda  tadbirkorlar pul to’lab sotib olishlariga to’g’ri keladi.  Barcha holatlarda ham tadbirkorlar zarar ko’radilar, faqat ayrim rahbarlar foyda ko’radilar.

O’zbekistonda diktatura hukmron, erkinlik ham, demokratiya ham yo’q, qonun ustivorligi ham yo’q. Shuning uchun MXX, prokuratura, sud, soliq  idorasi xodimlari va bozorkomlarning tanishlari soliq-patta to’lamasdan ham bemalol yuraveradilar.

Irlandiya erkin, demokratik, boy davlat.  Irlandiyada qonun ustivorligi hukmron, ya’ni eng yuqori rahbardan tortib, oddiy fuqarogacha qonun oldida teng.  Prezident oilasi bo’ladimi, yoki oddiy fuqaromi, kim bo’lmasin, tadbirkorlik bilan shug’ullanyaptimi, qonun asosida soliq-pattalarni to’lashga majbur.

O’zbek so’mining qadrsizlangani ham o’zbekistonliklarning savdo-sotiq ishlarini amalga oshirishlarida ko’plab qiyinchiliklar keltirib chiqaradi.  Naqd pul bilan muomala qilaman desalar qoplab pullarni ko’tarib yurishlari kerak.  Plastikdan naqd pulga aylantiraman desalar, uning 10-15 foizidan ayriladilar.

“Plastikka 15-20 foizga pul qilib beradiganlarga ham navbat ekan. Plastik ko’payib ketganiga bunaqalar ham yetmayapti¸ deydi Namangan viloyati Pop tumanida yashovchi bir guruh pensionerlar nomidan murojaat qilgan suhbatdosh”, – deb yozgan edi Ozodlik radiosi 24.07.2015-yildagi maqolasida.  (http://www.ozodlik.org/content/article/27150632.html)

Hozirgi paytda respublikamiz bo‘yicha salkam 14 million dona plastik kartochka muomalaga chiqarilgan, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Markaziy banki rasmiy sayti.  Elektron hamyondan to‘lovlarni uzluksiz qabul qilish uchun tijorat banklari tomonidan 163 mingdan oshiq chakana savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari to‘lov terminallari bilan ta’minlandi. To‘lov terminallarini chekka hududlardagi chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlariga ham o‘rnatish, eskilarini yangisi bilan almashtirish choralari ko‘rib borilmoqda. Aholi gavjum joylarda 2 mingga yaqin ko‘pfunksiyali infokiosk va bankomatlar o‘rnatildi – deyiladi daryo.uz saytidagi maqolada. (http://daryo.uz/2015/05/06/ozbekistonga-muomalaga-chiqarilgan-plastik-kartochkalar-soni-14-millionga-yetdi/)

Daryo.uz sayti maqolasini  o’qiganlarda O’zbekistonda plastik kartochkadan foydalanishda hech qanaqa muammo yo’q ekanku degan tushuncha hosil bo’ladi. Menimcha, haqiqiy ahvolni O’zbekiston ichkarisidagilardan so’rab-surishtirib bilishimiz mumkin bo’ladi.

1994-yilda 1 AQSH dollari 6 o’zbek so’miga teng bo’lgan,2016-yilda qora bozor kursi bo’yicha 6500-6700 so’m.

Chet ellik sayyohlar O’zbekistonga borganida 100 AQSH dollarini o’zbek so’miga aylantirganida bir sumka pul bo’ladi, hattoki, sanashga ko’p vaqt ketganidan kilolab tortib o’lchaganlarini ko’ramiz.

Yoki bo’lmasa o’zbekistonliklarning ham dollarni so’mga almashtirganda shunday muammolarga duch kelganlarini ko’p marta guvohi bo’lganmiz.

Nega o’zbek xalqi qoplab pul ko’tarib yurishi kerak? Nega o’zbek so’mi qadri tushib ketgan bo’lsa, qadrli pulga almashtirish mumkin emas?  Nega O’zbekiston hukumati rahbarlari xalq to’g’risida g’amxo’rlik qilmaydi?

O’zbekistonda yashagan paytlarimda savdo do’konlarida odamlar tartib bilan navbatga turganlarining guvohi bo’lmaganman.(Hozirgi paytga kelib tartibli navbatlar yo’lga qo’yilgan bo’lsa, barcha vatandoshlarimdan uzr so’rayman).  O’zim duch kelgan holatni misol keltiraman.

2008-yil bo’lsa kerak, Toshkent shahridagi  o’zim yashab turgan ko’p qavatli uyimizning birinchi qavatidagi oziq-ovqat do’konida mendan oldingi mijozning xaridni tugatishini kutib navbatda turgan edim, mendan oldinda bittagina mijoz bor edi, sotuvchi u mijozga xizmat ko’rsatib bo’lishini kutib turdim, shu payt tashaqaridan boshqa bir mijoz kirib to’g’ridan-to’gri sotuvchiga yuzlandi va nimadir sotib ola boshladi.  Shunda men e’tiroz bildirdim, men navbatda turibmanku, mendan keyin navbatga turishingiz kerak edi dedim.  Lekin sotuvchi ham u mijoz ham meni to’g’ri tushunmadilar.  To’g’ri aytasiz, albatta har bir mijoz navbatga turishi kerak deyish  o’rniga, “voy hech qancha vaqt ketmadiku, mana hozir sizga ham xizmat ko’rsataman” dedi.

Bu bir kichik do’kondagi holat, katta do’konlarda mijozlar ko’p bo’lgan joylarda bo’lsa ko’p muammolar keltirib chiqarishi mumkin.  Har bir odam avvalo o’zini hurmat qilsin va boshqalarning huquqlari buzilishiga olib keladigan harakatlardan saqlanishga o’rganishi lozim deb hisoblayman.

 Irlandiyaning men yashab turgan Dublin shahridagi savdo do’konlarida yana mening e’tiborimni tortgan holat mijozlarning tartib bilan, hech qanday shovqinsiz navbatlarga turishi. Kassalar oldida odamlar navbat bo’lib turadilar, yoshi kattalar ham, va hattoki, bittagina mahsulotga pul to’lamoqchi bo’lgan mijoz ham.

Dublin shahrida besh yildan ortiq yashayotgan bo’lsam, hali biror marta orqada navbatda turgan odam oldinga o’tishga harakat qilganini ko’rmadim.  Lekin bu yerda ham xuddi O’zbekistondagi kabi navbatni “buzish” hollari ham uchrab turadi. Bir kuni 4-5 odam navbatda turgan edik, bir qariya orqaroqda turgan ekan, boshqa bir mijoz oldinda turganlardan roziligini olib, keyin o’sha mijozni oldinga o’tkazib qo’ydi va u mijoz hammaga rahmat aytib olgan mahsulotlarining pulini to’lab ketdi.

Agar savdo do’konida 3 ta kassa ishlayotgan bo’lsa-yu kassalar oldida mijozlar ko’payib ketsa, darhol qo’shimcha kassani ochib, birpasda mijozlarga qo’shimcha kassada mahsulotlariga pul to’lashlariga imkon yaratadilar.  Chunki Irlandiyada mijozlarga xizmat ko’rsatish birinchi o’rinda turadi, agar sifatli xizmat ko’rsatilmasa mijozlari kamayib ketishidan va o’z ishini yo’qotishdan qo’rqadilar. 

 Supermarketlarning katta-kichikligiga qarab 2 tadan 10tagacha, kassir xizmat korsatadigan kassa, 4 yoki 6 ta o’z-o’ziga xizmat ko’rsatish mashinalari (self-service machine) bor. O’z-o’ziga xizmat ko’rsatish mashinalaridan foydalanish juda qulay.

Kompyuter ekranida ingliz tilida “buyruqlar” yozilgan bo’ladi:  “boshlang”(start)  tugmachasini bosiladi, hamma mahsulotlaringizni ekrandan o’tkazib bo’lib, “tugadi”(finish) degan tugmachani bosgandan keyin, ekranda “naqd pul bilan to’laysizmi yoki kartochka bilan” degan yozuv chiqadi, keraklisini tanlab bosiladi.  Jami summani to’lash uchun qog’oz pullar uchun alohida va tangalar uchun alohida joy bor, o’sha yerga tashlanadi, avtomat qaytim va chekni chiqarib beradi va “narsalaringizni sumkangizga joylashingiz mumkin” degan buyruqni beradi.  Shunday qilib mahsulotlarni xarid qilinib pullarini to’lab ketiladi.

Savdo xizmati ko’rsatadiganlar shunaqangi xushmuomalada bo’ladiki, odamning kayfiyati kotarilib, xarid qilib chiqib ketadi. Har bir do’kondan xarid qilib bo’lganingizdan keyin savdo xodimlari xushmuomalalik bilan rahmat, xayr deb qoladilar.

Yana bir narsani aytib o’tmoqchiman: Irlandiyada har bir bayramlar oldidan  do’konlarda narxlar arzonlashtiriladi, O’zbekistonda esa aksincha narxlar ko’tarilib ketganini ko’rish mumkin.

Irlandiyaning Dublin shahridagi savdo shoxobchalarida insonlar o’zlari olgan mahsulotlarining pulini kassa oldida o’tirgan kassirga   yoki o’z-o’ziga xizmat ko’rsatish mashinasi(self-service machine)dan foydalanib to’laydi.  To’lovlarni naqd pul yoki plastik kartochka orqali to’lash mumkin, har ikkala holatda ham bir xil narxda to’lanadi.

Dublin shahridagi har bir bankning tashqarisida ham ichkarisida ham bankomatlar bor bo’lib bank ichkarisidagi bankomatlar naqd pul chiqarib olish(withdraw) uchun va yana boshqasi hisob raqamiga pul qo’yish (lodgement) uchun ishlatiladi.  Bank tashqarisidagi bankomatlardan plastik kartochkadan naqd pul chiqarib olinadi. Bu bankomatlardan sutkaning hoxlagan paytida, bank yopiq paytlarida ham bemalol foydalanish mumkin.

O’zbekiston va Irlandiyaga doir ayrim rasmiy ma’lumotlar:

O’zbekistonning 2016-yil 18-mart sanasidagi aholisi soni  30 969 232. //countrymeters.info/en/ Uzbekistan

O’zbekistonning 2014-yildagi taxminiy exporti: $13.32 milliard,

 Importi esa: $12.5 milliard.

O’zbekiston quyidagi mahsulotlarni eksport qiladi:

Energiya mahsulotlari,

paxta,

oltin,

mineral o’g’itlar,

qora va rangli metallar,

tekstil mahsulotlari

oziq-ovqat mahsulotlari,

uskunalar va avtomobillar.

O’zbekiston import qiladigan mahsulotlar:

Mashina va uskunalar,

oziq-ovqat,

kimyo,

qora va rangli metallar.

Irlandiyaning 2016-yil 18-mart sanasidagi aholisi soni 4 855 194 (http://countrymeters.info/en/Ireland)

Irlandiyaning 2014 yildagi exsporti: €89.07 milliard,

 importi esa €53.59 milliard.

Irlandiya exsport qiladigan mahsulotlar turlari:

Mashina va uskunalar,

Kompyuterlar,

kimyoviy moddalar

tibbiy qurilmalar

farmatsevtika

Oziq-ovqat mahsulotlari

hayvon mahsulotlari.

Irlandiya import qiladigan mahsulotlar:

Ma’lumotlarni ishlash uskunalari

boshqa mashina va uskunalar

kimyoviy moddalar

neft va neft mahsulotlari

to’qimachilik

kiyim-kechaklar.


O’zbek so’mining qadri qay darajadaligini taqqoslash uchun ayrim rasmiy ma’lumotlar, 2016-yil, 18-mart

1 AQSH dollari:

3.50 Turkman manatiga teng,

7.87 Tojik Somoniysiga teng,

72.16 Qirg’iz somiga teng,

345.20 Qozoq tengesiga teng,

6700 O’zbek so’miga teng.

O’zbekistonda qachonki iqtisodiy-siyosiy erkinliklar berilsa, inson huquqlari va erkinliklari himoya qilinsa, erkin konvertatsiya amalga oshirilsa, ana undan keyin savdo xizmati va boshqa sohalarda ijobiy o’zgarishlarni kutishimiz mumkin.

Salomatoy Boymatova

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati a’zosi

Dublin shahri.Irlandiya.

19-mart 2016-yil.

Leave a Reply

Your email address will not be published.