Man qilingan: New York moda haftaligi ortidan Gulnora Karimovadan boshqalar ham yuz o‘girmoqdami?

Spread the love

Britaniyaning ES Magazine jurnalida chop etilgan maqolaga mana shu surat hamrohlik qiladi

“Garvard tahsildori, pop yulduzi, modeler, elchi, kiborlar davrasining kunda-shundasi… O‘zbekistonning yetakchi qizi uchun hamma narsa shunday yaxshi ketayotgandi. Keyin uni surbetlarcha Nyu York Modalar Haftaligidan chiqarib tashlashdi. Gulnora uchun ziyofat tugadimi?”

O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova haqida Britaniyaning ES Magazine jurnalida chop qilingan maqola ana shunday misralar bilan boshlanadi.

“Man qilingan” deya nomlangan maqola Gulnora Karimovaning shu oy o‘rtasida inson huquqlari tashkilotlarining noroziliklari tufayli Nyu Yorkdagi nufuzli modalar haftasidan chiqarib yuborilishini yoritadi va uning shaxsiyatiga chuqurroq nazar tashlaydi.

Maqolaga binoan, bu kabi sharmandalik o‘zini xalqaro sahnadagi mashhur yulduzlar safiga qo‘shishga urinayotgan Karimova xonim uchun yirik zarba bo‘lgan.

Modalar haftaligining homiylari bo‘lmish Mercedes-Benz va IMG, o‘zbek paxtasining yetishtirilishidagi bolalar mehnatidan norozilik oshib borar ekan, Gulnora Karimovaning Linkoln Markazidagi “Guli” modalar shousini bekor qilishdi.

Homiylar Gulnoraning 30 ming dollarlik ariza pulini ham qaytarib berishlarini ommaga e‘lon qilishgani prezident qizi uchun uyatli hol edi.

Gulnora Karimovani Ovro‘po va Amerikadagi yuqori darajali taqdimot marosimlari va ziyofatlarda ko‘rish mumkin.

“Guli” shousi so‘ngra Chipriani restoraniga ko‘chirildi. “Biroq u yerda podium yo‘q edi, uning o‘rniga majnuntoldek modellar bahaybat o‘zbek gilami ustida, marmar ustunlar oralab yurib berishdi. Dizaynerning o‘zi kelmadi ham,” deb yoziladi maqolada.

Muallif Stiven Robinsonga ko‘ra, London, Nyu York va Jeneva o‘rtasida bir ziyofatdan ikkinchisiga uchib yuradigan va pardoz-andozi benuqson Gulnorani ko‘rganlar uni o‘ta boy bankirning xotini deb o‘ylasalar ajab emas.

“Sun‘iy ravishda yoqimli”

Gulnora Karimovani Toshkentdagi rasmiy ziyofatlarda uchratgan sobiq britan elchisi Kreyg Marreyga ko‘ra, birinchi taassurot aldamchi bo‘lishi mumkin.

“U do‘stona, sun‘iy ravishda yoqimli. Ziyofatlarda ko‘rganingizda, uni yoqtirishsa kerak deb o‘ylaysiz. Lekin, u dahshatli rejimning begunoh qizchasi emas. Aslo. U bu rejimning bir qismi,” deydi janob Marrey.

Gulnoraning otasi haqida gap ketar ekan, muallif “Nimadan boshlaylik?” deb so‘raydi va g‘arb davlatlarining Islomiy tahdiddan xavotirlarini bir-biriga zid qo‘yish, hamda o‘ziga muxolif har qanday shaxsni qiynoqqa tutish bilan 90-yillardan beri hokimiyatga tish-tirnog‘i bilan yopishib kelayotgan rahbar haqida gapiradi.

“Karimov rejimi kamida bir muxolifatchini qaynatib o‘ldirgani isbotlangan” deb yozadi muallif.

Maqolaga ko‘ra, korruptsiyaga botgan O‘zbekistonda iqtisodning eng asosiy mahsuloti bo‘lmish paxta majburiy bolalar mehnatiga asoslangan.

“Hatto 11 yoshli bolalar ham ikki oygacha maktabdan olib ketilib, paxta terishga majburlanadi. O‘n minglab bolalar kimyoviy moddalar va pestitsidlar qoplangan paxtani teradilar. Bu esa Gulnora Karimovaning oilasini misli ko‘rilmagan darajada boyitgan.”

Maqolaga ko‘ra, GAP va H&M kabi shirkatlar o‘zbek paxtasini olishni to‘xtatishgan, biroq o‘zbek paxtasining aksar qismi Rossiya orqali eksport qilinishi bilan, uning manbasi sir qolishi mumkin.

Gulnora Karimovaning “Guli” kollektsiyasida o‘zbek ipagidan tikilgan liboslar taqdim etiladi

Gulnora Karimovaning “agressiv biznes tajribasi”ga misol tariqasida, muallif WikiLeaks sahifasi oshkor qilgan AQSh diplomatik maktublarini keltiradi.

Ularda Gulnora biznes raqiblarini ezib tashlab, ularning shirkatlarini tortib oladigan, hamda Rossiya mafiyasiga yaqin bo‘lgan shaxs deya tasvirlangandi.

Chaqilmas yong‘oq

Muallif yana Gulnora Karimovaning ziyofat va ko‘ngilhushlikka qo‘ygan muhabbatiga qaytadi.

“London Gulnora uchun chaqilmas yong‘oq bo‘ldi, u poytaxtdagi ziyofatlar sahnasida ko‘rimsiz bir shaxs sifatida qolmoqda,” deb yozadi u.

Unga ko‘ra, Gulnoraning hatto milliarderlar imorati sanalmish Naytsbridj mavzesidagi hashamatli One Hyde Park binosidan kvartira sotib olgani ham uning Britaniyadagi nufuzini oshirolmagan.

“U hech qachon o‘zini Londonda hush qarshi olingandek sezmagan. Chunki u va uning oilasi qiladigani ishlarga nisbatan siyosiy yovqarash mavjud,” deydi Kreyg Marrey.

Maqolada aytilishicha, Gulnora Karimovaning shaxsiy veb sahifasida mashhur qo‘shiqchi Elton Jon bilan tushgan surati chop qilingan, biroq muallifga ko‘ra, Elton Jon o‘z ziyofatiga Karimova xonimning kimgadir qo‘shilib kelganidan norozi bo‘lgan.

Maqola, shuningdek, Gulnora Karimova haqida salbiy xabarlar ko‘payib borishi bilan, Barselona futbol klubi va Chopard zargarlik brendlari u bilan hamkorlikni tugatishga bel bog‘lashayotgani namoyon bo‘layotgani haqida yozadi.

“Aftidan Gulnora ixotalangan Sibirga aylanmoqda, va bu uni juda hafa qilish tayin,” deb yozadi muallif.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/09/110926_latin_gulnara_es_magazine.shtml

Leave a Reply

Your email address will not be published.