O’zbekiston. Shavkat Mirziyoyev. Siyosiy firibgarlik. (2019).

Spread the love

Oxirgi paytlarda O’zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida firibgarlik bo’yicha jinoiy ishlar ochmaslik, tergov ishlari olib bormaslik, ichki ishlar profilaktika inspektorlarining maoshlari miqdorining ular undirgan jarimalar miqdoriga bog’liq qilib qo’yilganligi , korruptsioner investorlarga mamlakatga investitsiyalar kiritishga keng yo’l ochilgani va soxta ish o’rinlari yaratishga olib keluvchi yuqoridan buyruqlar paydo bo’lgani haqida xabarlar tez tez yoritilyabdi.

1.Firibgarlik.  Jarimalar. [1].

Ozodlikdan iqtibos: “Ozodlikka murojaat qilgan Ichki ishlar vazirligi tizimi xodimlari¸ ayni paytda¸ oddiy o‘zbekistonliklar¸ ayni kunlarda Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik bo‘yicha tushgan arizalarni rasmiylashtirish to‘xtatilganini bildirdi.

Ular ta’kidicha¸ bu jarayon jinoyatchilik bo‘yicha statistikani kamaytirish maqsadida qilinmoqda.

Ayni paytda¸ profilaktika inspektorlari aholini ma’muriy qonunchilikni buzganlikda ayblab¸ ularni jarimaga tortish bo‘yicha maxsus plan berilgani va ularning oylik olish-olmasligi ana shu planning bajarilishiga qaram bo‘lib qolganini bildirdi.

Bu ma’lumot va shikoyatlar yuzasidan IIV Matbuot xizmatidan munosabat olishning imkoni bo‘lmadi – vazirlik rasmiy saytida mazkur xizmat uchun berilgan telefon raqamlariga 6 may kuni hech kim javob bermadi.

Firibgarlik O‘zbekistonda jinoyat bo‘lmay qoldi…mi?

Ozodlikka murojaat qilgan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tizimi xodimlari o‘zlarining Toshkent shahar¸ qolaversa¸ ayrim viloyatlarda profilaktika inspektori bo‘lib ishlashlarini bildirdi.

Ishdan haydalish va rahbariyat qahriga uchrash tahdidi bois¸ ular shaxslari ochiqlanmasligini so‘radi.

Ozodlikka bir-biridan mustaqil ravishda gapirgan bu rasmiylarga ko‘ra¸ prezidentga jinoyatchilikni kamaytirdik¸ deb hisob berishni maqsad qilgan joriy kampaniya bois o‘z hududlarida Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik bo‘yicha tushayotgan arizalarni qabul qilish va ular asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atish deyarli to‘xtatilgan.

Hozirgi kunda qo‘limizda 100 million so‘mlik firibgarlik¸ yoki og‘ir turdagi tan jarohati bilan bog‘liq arizalar bor¸ lekin boshlig‘imiz qabul qildirmayapti. Mabodo tergovga o‘tkazaman¸ desangiz¸ darrov “tizimga dushmanmisan” deb boshlaydi. Tergovga material o‘tkazmasak¸ unda tergov xizmati nima kerak? Tergovchi xodimlar ham qo‘rqib yurishibdi¸ material berishmayapti¸ delo chiqarmayapmiz¸ oxiri nima bo‘larkan¸ deb. Jinoyatchilik falon foizga kamaydi¸ deb katta rahbarlarimiz aldashni bilishadi¸ aslida jinoyat ishi qo‘zg‘atmay¸ kelgan arizaning yechimini yechmay¸ soxtakorlik qilishayapti”¸ deydi Toshkent shahar tumanlaridan birida profilaktika inspektori bo‘lib ishlayotgan huquqshunos.

Amaldagi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasida “Firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish” jinoyat deb belgilangan va bu jinoyatga “eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishdan to 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi”¸ deyiladi JKning 168-moddasida jumladan.

Firibgarlikni qaydga olmaslik og‘ir jinoyatlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi”

O‘zbekiston IIV tizimi mulozimlaridan biri – oddiy profilaktika noziridan kelgan bu ma’lumotning haqiqat ekani va bu jaraën ildizi prezidentning “jinoyatchilikni kamaytirasan¸ yoki ishdan ketasan”¸ deb IIV va prokuratura rahbarlariga bergan buyrug‘iga borib taqalishini aytdi:

Firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi ochmaslik faqat Toshkent emas¸ hamma joyda bo‘laëtgan gap. Jinoyatchilik¸ uning qachon va qanday oshib-kamayishi haqida tushunchaga ega bo‘lmagan odamlardan chiqqan bu tashabbus va buyruq¸ nihoyatda xatarli. Uyi¸ mashinasi¸ katta pulini moshenniklar olib¸ jazosiz qolsa¸ odamlar adolat istab qaerga boradi. Samosud boshlanadi – ular firibgarlar bilan o‘z bilganicha razborka qilishga o‘tadi – borib pichoqlashadi¸ uyiga o‘t qo‘yadi¸ mashinasini yondiradi¸ hatto o‘ldirishgacha boradi. Ikkinchi yo‘l¸ ko‘cha – mafiyaga bosh urib boradi – aka falonchidan falon pulimni olib bering¸ falon foizi sizniki deb. Yaqin orada jinoyatchilikni kamaytirishning bunday noprofessional yondashuvining qanchalik xavfli ekanini yashirib bo‘lmay qoladi – og‘ir turdagi jinoyatlar ko‘payib ketadi”¸ deydi jinoyat qidiruv sohasi mutaxassisi.

Ozodlikka Toshkent va Namangan viloyatidan murojaat qilgan oddiy o‘zbekistonliklar¸ o‘zlarini chuv tushirgan firibgarlik ustidan bergan shikoyat arizasi ro‘yxatga olinmaganini bildirdilar.

Profilaktika inspektori mening arizam bo‘yicha jinoyat ishi ochishni so‘rab IIB boshlig‘i nomiga ariza yozdi. Ammo boshliq¸ mening murojaatim bo‘yicha surishtiruv natijasida unda “jinoyat alomatlari yo‘qligi va shu bois¸ jinoyat ishi ochmaslik haqida qaror qabul qilgan”ini bildirdi. IIB boshlig‘i xatining oxirida¸ norozi bo‘lsangiz¸ asoslantiruvchi dalillar bilan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishingiz mumkin¸ deb yozipti. Bu jinoyatchilikni xaspo‘shlash va arizachining ustidan kulishdan boshqa narsa emasku!”¸ deyiladi Namangandan Ozodlikka yuborilgan murojaatda.

(Bu murojaatga ariza¸ profilaktika inspektori bayonnomasi va IIB boshlig‘ining rasmiy javobi ilova qilingan – tahr.)

Katta jinoyatlarni xaspo‘shlab¸ ma’muriy protokol bo‘yicha plan qo‘yishdi”

Ozodlikka murojaat qilgan profilaktika inspektorlari¸ firibgarlik bo‘yicha murojaatlarni bosti-bosti qilish bilan ayni paytda¸ aholini ma’muriy qonunbuzarlik uchun jarimaga tortish bo‘yicha plan belgilanganini bildirdi.

Prezident 10 yanvar kungi selektorda¸ qaysi mahallada jinoyatchilik kamaysa¸ inspektoriga mukofot ber¸ dedi. Bular teskarisini qilayapti – qaerdan bo‘lsa ham bahona topib¸ ma’muriy protokol tuzasan¸ bo‘lmasa oylik yo‘q¸ deydi. Biz top desa¸ bahona topishimiz mumkin¸ lekin xalkniyam o‘ylash kerakku! Xalqni himoya qilish o‘rniga¸ ko‘chadagi bir bechorani protokol qilib¸ bola-chaqasini rizqini qiyish kerakmasku. Keyin xalq bizni yomon ko‘radida!”¸ deydi Ozodlikka bog‘langan inspektorlardan biri”. Iqtibos tugadi. [1].

2.Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi o’zbekistonlik oligarxga berildi.  [2].

Ozodlikdan iqtibos: “Prezidentning maxsus qarori bilan Farg’ona vodiysidagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodining 100 foizlik ulushiga egalik haqini olgan Indoneziyaning “PT Trans Asia Resources” shirkati egalari asli o’zbekistonlik Aslanovlardir.

Hozirga qadar rasmiy matbuotda “sohada katta tajribasi, jahon bozorida o’z o’rni bor” xorijiy investor deb taqdim etilgan “PT Trans Asia Resources” shirkati egasi A’zam Aslanov Mirziyoyevning Farg’ona neftni qayta ishlash zavodiga tashrifi chog’ida u bilan uchrashdi.

Prezident matbuot xizmati “investor” deb ismi-sharifini Aslanov shirkati va Toshkent hukumati bilan tuzilgan kelishuvga muvofiq “zavodga joriy yilning o’zida kamida 300 million dollar to’g’ridan to’g’ri investitsiyalarni jalb etiladi. Bu mablag’ evaziga ikki oy davomida hozirda ishlamay turgan 11 qurilmaning 7 tasidan foydalanish tiklanadi. Buning natijasida 7 ming 100 ta ish joyi saqlab qolinadi”. Asli o’zbekistonlik deb aytiladigan Aslanovlar va ularning biznesiga oid ochiq manbalarda deyarli ma’lumot yo’q-Farg’ona zavodiga 875 million dollardan ko’proq investitsiya kiritilishi aytilayotgan “PT Trans Asia Resources” shirkatining rasmiy sayti ham mavjud emas”.  Iqtibos tugadi. [2].

3.Prezident farg’onaliklarni qalbaki ishlarga majburlab ketdi.  [3].

Ozodlikdan iqtibos: “Farg’ona. 7 may kuni Farg’ona viloyatida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. M. Mirziyoyev soat 9.30 da boshlangan yig’ilishini 13.30 da tugatdi.

Yig’ilish yakunida 3 ta narsa aniq bo’ldi:

1. Farg’ona viloyatida Favqulodda holat e’lon qilinadi. Bu bo’yicha Prezident devoni rahbari Nizomiddin Shaxobiddinovga qaror tayyorlash topshirildi. Bu qarorga binoan hamma viloyatda har qanday ish “favqulodda holat” holatida bajariladi. Rahbarlarning o’z ishiga bo’lgan mas’uliyati oshiriladi.

2. Rishton tumani bo’yicha Vazirlar Mahkamasining qarori tayyorlanadi. Qarorni Bosh vazir o’rinbosari J.A. Qo’chqarovga topshirdi. Prezidentning o’z mablag’lari hisobidan sanoat va tuman infratuzilmasi o’zgarish bo’yicha. Bu qarorini Rishton tumani aholisi oldidagi qarzi sifatida topshirdi.

3. Viloyat hokimi SH. M. G’aniyev faqat investorlar va investitsiya bilan shug’ullanishi ta’kidlandi. Hamda viloyatda ipakchilikni rivojlantirish orqali 300 000 ta yangi ishchi o’rin yaratilishi lozim.

Eng qizig’i, I. Karimov vaqtida har yili m1 mln yangi ishchi o’rin yaratilardi. Respublika bo’yicha 50 foizi qo’shib yozish bo’lar edi.

Bugun viloyat, shahar va tuman hokimliklari shok holatda. Sababi 300 000 ta ishchi o’rnini yaratish uchun har bir hokimga 25 mingtadan yangi ishchi o’rin yaratish belgilangan.

Soliq inspektsiyasi tadbirkorlarni to’playapti. Har biriga 100 tagacha ishchi o’rin yaratasan deb reja qo’yilyapti.

Ayniqsa ayollar bandligiga e’tibor berishyapti.

Iqtisodiyot bo’limlari shok holatda kechadan beri 25 mingni tarmoqlarga bo’lib chiqishyapti.

Hech kim Prezidentning topshirig’ini tushunmayapti. O’zi eski tuzumni yaxshi bilar edi. O’zi qalbaki ishlarga majburlayapti”. Iqtibos tugadi. [3].

Siyosiy firibgarlik.  

Yuqorida keltirilgan firibgarlik bo’yicha jinoiy ishlarni ochmaslik, tergov olib bormaslik, profilaktika inspektorlarining maoshining miqdorini jarimalar miqdoriga bog’liq qilib qo’yilishi va korruptsioner investorlarning mamlakatga investitsiya qilishiga keng yo’l ochib berilganligi va soxta ish o’rinlarining yaratilishiga olib keluvchi buyruqlarning prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilishi O’zbekistonda iqtisodiy va siyosiy erkinlikka yo’l ochilmasligini bildiradi.  

O’zbekistonning investitsiya jozibadorligini oshirish uchun mamlakatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinishi kerak va mamlakatda korruptsiya darajasi keskin kamaytirilishi kerak.  Buning uchun mamlakatda o’rta sinf va fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratilishi kerak.

Afsuski, mamlakatda O’zbekiston konstitutsiyasining 53, 33 va 34-moddalari qo’pol ravishda oyoq osti qilinyapti.  [6].

53-modda.

Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

33-modda

Fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o’tkazilishini to’xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.

34-modda.

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.

Mamlakatda fuqaroviy erkinliklar cheklangan.  Men shu o’rinda “Hanuzgacha O’zbekistonda internet erkin emas, tezligi past, so’z erkinligi yo’q” nomli maqolam va shu nomdagi videodan [4,5] iqtibos keltirishni o’rinli topdim:

O’zbekistonda hanuzgacha asosiy 5 siyosiy erkinliklar yo’q. Shu sababli kuchli fuqarolik jamiyati shakllanishi uchun hech qanday sharoit yo’q.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 43-moddasida O’zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklari ta’minlanishi ta’kidlanadi. [6].

43-modda.

Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.

Biroq, O’zbekistonda

1- Tinch norozilik namoyishi erkinligi huquqi;

2-Tashkilotlarga uyushish erkinligi huquqi;

3-So’z erkinligi huquqi;

4- Erkin kochish va istagan joyda yashash erkinligi huquqi;

5- E’tiqod erkinligi huquqlari yo’q, ta’minlanmagan, yumshoqroq qilib aytganda cheklangan.

O’zbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy o’zgarishlar vatandoshlar ishtirokida 2 holatda ro’y berishi mumkin:

1. O’zbekiston vatandoshlari o’z noroziliklarini tinch yo’l bilan norozilik namoyishi orqali ifodalay olsa;

2. Erkin, demokratik saylovlar bilan hokimiyat almashishi ro’y bersa.

Lekin, O’zbekistonda na tinch yo’l bilan norozilik bildirish erkinligi huquqi bor, na erkin, demokratik saylovlar bor”. [4,5].Iqtibos tugadi.

O’zbekistondagi iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi va korruptsiya ko’rsatkichlarining abgorligi mamlakat investitsiya jozibadorligining ham abgorligini ko’rsatadi.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[7].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [8].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[9].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [10].

O’zbekistondagi iqtisodiy, siyosiy erkinliklarning yo’qligi, buning oqibatida mamlakatda korruptsiya darajasining o’ta yuqoriligi va mamlakat iqtisodiyotining o’ta qoloqligi O’zbekiston va Boltiqbo’yi respublikalarining SSSR parchalangandan keyingi qariyb 30 yillik taraqqiyotini taqqoslasak yaqqol ko’rinadi.

Siyosiy firibgarlikning oqibati.

Oxirgi paytlarda, ayniqsa 1-9 may kunlari, xususan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning 2-mayda O’zbekistonga kelishi arafasida va rasmiy uchrashuvlarni yakunlab jo’nab ketganidan keyin ham rus tiliga davlat maqomi berish va o’zbek tilining davlat maqomi bo’yicha baxs munozaralar avj oldi. [11]. Men ham rus tiliga davlat tili maqomi berilishiga qarshiman.

SSSRda Mixail Gorbachev boshchiligida oshkoralik va qayta qurish siyosati avj olgan 1989 yillarda Boltiq bo’yi respublikalar Estoniya, Latviya va Litvada o’z tillariga davlat tili maqomi berish va iqtisodiy erkinlik uchun harakatlar juda jo’shqinlangan edi. Ularga SSSR hokimiyati tomonidan Boltiq bo’yi davlatlariga o’z tillariga davlat tili maqomi berishga, iqtisodiy erkinlik berishga to’sqinliklar kuchayib ketgandan keyin ular SSSR dan siyosiy mustaqilligini e’lon qildilar.

SSSR yo’q bo’lib ketganiga qariyib 30 yil o’tdi. Hozirgi kunda Estoniya, Latviya va Litvalar Yevropa Ittifoqi a’zosi. Ular siyosiy erkinliklarga, iqtisodiy erkinliklarga erishdilar. Eston, latish va litva tillari mustahkam, obro’li davlat maqomiga ega. O’zbekistonda esa na iqtisodiy erkinlik, na siyosiy erkinlik bor. Mamlakatda korruptsiya, zo’ravonlik gullab yashnayabdi. O’zbek tili to’la lotin yozuvida is’temol qilinmayabdi. Rus tiliga davlat tili maqomi berish haqida murojaatnomalar paydo bo’lmoqda. “O’lmas polk” kabi SSSR davrini qo’msovchi, boshqacha shaklda SSSR 2 ni tiklashga intiluvchi kuchlarning ruxsat berilmaganiga qaramay tadbirlari bo’lib o’tmoqda. [12].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

10-may, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. IIV xodimlari: Firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilmayapti. 06.05.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29924855.html ).

2. Фарғона нефтни қайта ишлаш заводи ўзбекистонлик олигархга берилди. 07.05.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29926047.html ).

3. ФАРҒОНА – “Президент фарғоналикларни қалбаки ишларга мажбурлаб кетди”.08.05.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/sizdan-telegram-mirziyoyev/29929038.html ).

4. Abdujalil Boymatov. Hanuzgacha O’zbekistonda internet erkin emas, tezligi past, so’z erkinligi yo’q. 21.12.2018. ( http://oz.hrsu.org/archives/955 ).

5. Abdujalil Boymatov. Hanuzgacha O’zbekistonda internet erkin emas, tezligi past, so’z erkinligi yo’q. Video.22.12.2018. (http://oz.hrsu.org/archives/957 ).

6. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

7. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

8. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

9. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

10.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

11. OzodLive: Бош вазир Арипов рус тилига расмий мақом бериш таклифига охирги нуқтани қўйди. 09.05.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29931883.html ).

12. Ruxsat berilmaganiga qaramay, Toshkentda “O‘lmas polk” tadbiri o‘tkazildi (VIDEO). 09.05.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29931870.html ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.