Hanuzgacha O’zbekistonda internet erkin emas, tezligi past, so’z erkinligi yo’q.

Spread the love

O’zbekistonda hanuzgacha asosiy 5 siyosiy erkinliklar yo’q.  Shu sababli kuchli fuqarolik jamiyati shakllanishi uchun hech qanday sharoit yo’q.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 43-moddasida O’zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklari ta’minlanishi ta’kidlanadi.  [1].

43-modda.

Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.

Biroq, O’zbekistonda

1- Tinch norozilik namoyishi erkinligi huquqi;

2-Tashkilotlarga uyushish erkinligi huquqi;

3-So’z erkinligi huquqi;

4- Erkin kochish va istagan joyda yashash erkinligi huquqi;

5- E’tiqod erkinligi huquqlari yo’q, ta’minlanmagan, yumshoqroq qilib aytganda cheklangan.

 O’zbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy o’zgarishlar vatandoshlar ishtirokida 2 holatda ro’y berishi mumkin:

1. O’zbekiston vatandoshlari o’z noroziliklarini tinch yo’l bilan norozilik namoyishi orqali ifodalay olsa;

2. Erkin, demokratik saylovlar bilan hokimiyat almashishi ro’y bersa.

Lekin, O’zbekistonda na tinch yo’l bilan norozilik bildirish erkinligi huquqi bor, na erkin, demokratik saylovlar bor.

Quyida men so’z erkinligi, ommaviy axborot vositalari erkinligi, internet erkinligiga oid 3 ma’lumot keltiraman.

1-ma’lumot.  O’zbekistonda so’z erkinligi yo’qligi.

Centre1.com veb-saytining Bosh muharriri Galima Buxorboyevaning “Галима Бухарбаева / Ташкент провалил маленький тест с большими последствиями” [2] nomli maqolasida yozishicha prezident Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatda 2 yil bo’lishiga qaramasdan O’zbekiston vatandoshlarining so’z va fikr erkinligi huquqini ta’minlay olmadi.

 U ham oldingi prezident Islom Karimovday hech qanday ahamiyatga ega bo’lmagan bo’m-bo’sh nutqlari va qarorlari bilan cheklandi.

Yana Galima Buxorboyeva aytadiki, 27 yil davom etgan Islom Karimov diktaturasidan keyin, ya’ni mamlakat xo’jaligining hamma sohalarida va barcha jabhalar faoliyatida turg’unlik va inqiroz ro’y bergandan so’ng O’zbekistonda o’zi haqida emas mamlakat haqida o’ylaydigan, fikrlashi va kelajak haqida o’z dunyoqarashiga ega bo’lgan haqiqiy davlat arboblari borligini izlash va aniqlashga to’g’ri keldi.  Ma’lum bo’ldiki, bunday davlat arboblari yo’q ekan.

Maqolada yana shu narsa ta’kidlanadiki, hokimiyat hattoki 2018-yil bo’lsa ham O’zbekistonni erkin matbuotsiz, so’z erkinligisiz hamda muxolifatsiz, erkin saylovlarsiz va mustaqil sud tizimisiz boshqarish mumkin deb hisoblaydi  [2].

2-ma’lumot.  Internet tezligining oshmaganligi.

2018-yilning boshlanishidan beri prezident Shavkat Mirziyoyev va O’zbekistondagi ommaviy axborot vositalari shu yilning 1-dekabridan internet tezligi 10 baravar oshishi to’g’risida gapirib, xabar berib kelayotgan edi.

 Lekin, 1-dekabrda internet tezligi sezilarli oshmadi.

Irlandiyaning Ookla kompaniyasiga tegishli speedtest.net saytida dunyo mamlakatlari bo’yicha internet tezligi keltirilgan.  [3].

Speedtest Global Index. November 2018, ya’ni o’zbekchasiga 2018-yilning noyabri uchun internet tezligining global ko’rsatkichi.

Men shuni eslatib o’tishni lozim topdimki, internet tezligi mobil telefonlar uchun alohida va sobit keng yo’lakli (fixed broadband) xizmati uchun -alohida.

O’zbekiston mobil telefonlar uchun yuklab olish (download) internet tezligi bo’yicha 10.44 Mbps bilan dunyoda 123 mamlakat ichida 108-o’rinda.

Islandiya 72.54 Mbps bilan 1-o’rinda va dunyo bo’yicha o’rtacha ko’rsatkich (global average) 24.40 Mbpsligini hisobga olsak, O’zbekistondagi tezlik dunyoning o’rtacha darajasidan 2 baravardan ko’proq orqada.

O’zbekiston sobit keng yo’lakli (fixed broadband) xizmati uchun yuklab olish uchun internet tezligi 9.98Mbps bilan dunyoda 126 mamlakat ichida 111-o’rinda.

Singapur 185.25 Mbps bilan dunyoda 1-o’rindaligi va dunyo bo’yicha o’rtacha ko’rsatkich 52.16 Mbpsligini hisobga olsak, O’zbekistondagi tezlik dunyoning o’rtacha tezligidan 5 baravardan ko’proq pastdir. [3].

3-ma’lumot.  Toshkent shahrida Wi-Fi tarmog’ining ishga tushirilishi.  [4].

Ozodlikdan iqtibos: “Toshkentda 17 dekabr kuni shahar Wi-Fi tarmog’i ishga tushirildi. Bu haqda xabar bergan mahalliy nashrlarning yozishlaricha, loyihani Asia Wireless Group shirkati amalga oshirmoqda. Wi-Fi operatori SOLA brendi ostida ishlaydi.

Asia Wireless Group tarqatgan press-relisda “Toshkent internetga simsiz keng polosali kirish umumshahar tarmog’i mavjud Markaziy Osiyodagi birinchi shaharga aylandi”,-deb iddao qilindi.

Xabarlarda aytilishicha, hozir Toshkentda 1200 ta Wi-Fi nuqtasi ishlamoqda. Bahorgacha ularning sonini besh mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

SOLA tizimida internetga pulli va pulsiz asosda kirish mumkin. Bepul kirish uchun avval reklama roligini tomosha qilish lozim. Pulli tariflarda abonoment kunlik, haftalik yoki oylik obuna bilan tuganmas internetdan foydalana oladi”,deyiladi xabarda.

Yaqin kelajakda Jizzax, Samarqand, Farg’ona, Andijon, Namangan, Buxoro, Navoiy, Urganch va Qarshi kabi shaharlarda 45 mingta Wi-Fi nuqtasi tashkil etish rejalashtirilayotgani ham bildirildi”.Iqtibos tugadi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasida O’zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkinligi va senzuraga yo’l qo’yilmasligi ta’kidlanadi.

67-modda.

Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.
Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yuqoridagi 1-ma’lumotda O’zbekistonda so’z erkinligi va ommaviy axborot vositalari erkin emasligi ta’kidlangan.  Bu degani O’zbekiston hokimiyati tomonidan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasi hanuzgacha oyoq osti qilinayotganligidir.

2-ma’lumotda esa O’zbekistonda internet tezligining pastligi keltirilgan.  O’zbekistonda Facebook va youtubega proksi serverlarsiz, VPNlarsiz kirishning ilojsizligini va internet erkinmasligini hisobga olsak, O’zbekiston vatandoshlarining axborot izlash, olish, tarqatish erkinligi huquqi oyoq osti qilinayotganligini ko’rsatadi. [1].

29-modda.

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

Zero, Chegara bilmas muxbirlar ( Reporters Without Borders) tashkilotining 2018-yilgi hisobotiga ko’ra, matbuot erkinligi bo’yicha O’zbekiston 180 mamlakat ichida 60,84 ball bilan 165-o’rinda. [5].

Freedom House tashkilotining Internetda erkinlik 2018 (Freedom House. FREEDOM ON THE NET 2018 ) hisobotiga ko’ra O’zbekiston 65 mamlakat ichida internet erkin bo’lmagan mamlakat bo’lib, ro’yhatning oxiridan 7-o’rinda joylashgan. Internet erkinligi O’zbekistondan yomon bo’lgan mamlakatlar V’etnam, Kuba, Efiopiya, Suriya, Eron va Xitoydir. Internet erkinligi Xitoyda eng yomon. [6, page 24].

Xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekiston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 7 balga ega bo’lib dunyoning eng 10 ta yomonlari qatorida.  [7].

3-ma’lumotdan shunday xulosa kelib chiqadiki, O’zbekiston hokimiyati o’zining vatandoshlarining so’z erkinligi, ommaviy axborot vositalari erkinligi haqida emas, ko’proq chet el turistlari haqida g’amxo’rlik qilayotgandek.

Yuqoridagi ma’lumotlardan, fikrlardan menda o’z-o’zidan shunday savol tug’ildi. Biz 21-asrning 18-yilida yashayapmiz, qachon O’zbekiston vatandoshlari o’zlarining 5 asosiy erkinliklari uchun kurashni boshlaydilar?

Zero, siyosiy va iqtisodiy erkinliklarsiz, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga erishib bo’lmaydi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

21-dekabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

2. Галима Бухарбаева / Ташкент провалил маленький тест с большими последствиями. 10.12.2018. ( https://centre1.com/uzbekistan/galima-buharbaeva-tashkent-provalil-malenkij-test-s-bolshimi-posledstviyami/ ).

3. Speedtest Global Index November 2018. (http://www.speedtest.net/global-index ).

4. Тошкентда шаҳар Wi-Fi тармоғининг 1200та нуқтаси ишга туширилгани хабар қилинди.18.12.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29662077.html ).

5. Reports without borders. 2018 World Press Freedom Index.(https://rsf.org/en/ranking_table ).

6. Freedom House. FREEDOM ON THE NET 2018

( https://freedomhouse.org/sites/default/files/FOTN_2018_Final%20Booklet_11_1_2018.pdf ).

7 Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.