O’zbekiston. O’ta siyosiy savodsizlik?! (2019)

Spread the love

Men oldingi “O’zbekiston. Shavkat Mirziyoyev. O’ta iqtisodiy qoloqlik?! (2019)” nomli maqolam va videoda O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq holatida ekanligi haqida batafsil to’xtalib o’tgan edim.[1,2].

Maqola va videodan iqtibos:” O’zbekistonning AJB YIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48).

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43).

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq O’zbekistonning AJB YIMsi dunyoning o’rtacha AJB YIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [3,4].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [5].” Iqtibos tugadi.

Men yana maqola va videoda marhum diktator Islom Karimov davridan meros bo’lib qolgan O’zbekiston iqtisodining ko’proq erkin emasligi, siyosiy erkinliklarning juda cheklanganligi va korruptsiya darajasining juda yuqoriligi asosiy sabablar ekanligi ta’kidlab o’tgandim.

Maqola va videodan yana iqtibos:”Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[6].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [7].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[8].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [9].

O’z o’zidan iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan, siyosiy erkinmas, korruptsiya bo’yicha dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakati qatorida bo’ldan [9] O’zbekistonda aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan yalpi mahsulot va ko’rsatilgan xizmatlar AJB YIM (GDP per capita) va AJB SOP (sotib olish pariteti) (PPP per capita) ham o’ta iqtisodi qoloq mamlakatlardek bo’ladi?!”. Iqtibos tugadi.

O’zbekistonda ishbilarmonlar va tadbirkorlar partiyasi O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi (O’zLiDeP) 2003 yildan beri faoliyat olib boradi. Partiya yetakchisi: Maxamatjon Ahmedovich Ahmedjanov. Ma’lumoti oliy, iqtisodchi.

Bu partiyaning qonunchilik palatasida 52 a’zosi deputat maqomida faoliyat ko’rsatadi. Eslatib o’tmoqchiman, Oliy Majlisda 250 deputat, Quyi palatada 150, senatda 100 deputat faoliyat olib boradi. [10].

Marhum diktator Islom Karimov 2007 va 2015 yillarda va joriy prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda O’zLiDeP tomonidan prezidentlikka nomzod etib ko’rsatilgan.[11,12].

Biroq, bu partiya 16 yillik faoliyati davomida biron marta O’zbekiston iqtisodi ko’proq erkin emasligi, siyosiy erkin emasligi, eng yomonlarning yomoni bo’lgan 13 mamlakat qatorida ekanligi va O’zbekiston korruptsiya botqog’iga botib qolganligi haqida lom mim demagan. O’zbekistonning iqtisodi o’ta qoloqligi haqida ham churq etmagan.

Partiya o’z nomi bilan liberal-demokratik partiyadir, ya’ni liberal va demokratik qadriyatlar uchun kurashishi kerak. Lekin, bu partiya liberal, demokratik qadriyatlar uchun kurashmaydi. Marhum diktator Islom Karimovni olqishlash bilan band bo’lgan. Hozirgi kunda prezident Shavkat Mirziyoyevni olqishlayabdi.

O’zbekistonda xususiy mulk emas, davlat mulki hukmron!

O’zbekistonda erkinlik, demokratiya yo’q!

Erkin, demokratik saylovlar yo’q!

Mustaqil sud tizimi yo’q!

Mustaqil parlament yo’q!

Siyosiy muxolifat yo’q!

Siyosiy raqobat yo’q!

Internet erkin emas, erkin matbuot yo’q!

O’zLiDeP bularni bilmaydimi?! Bilsayam,bilmasayam O’zLiDePning liberal,demokratik g’oyalar uchun kurashmasligi uning siyosiy savodsizligini ko’rsatadi.

Na iqtisodiyy,na siyosiy erkinlik bo’lmagan O’zbekistonda 28 yildan beri avval marhum diktator Islom Karimov, hozirda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan erkin,demokratik jamiyat quramiz deb safsata sotilganini,sotilayotganini O’zLiDeP bilmaydimi, O’zbekiston xalq demokratik partiyasi bilmaydimi, O’zbekiston adolat sotsial demokratik partiyasi bilmaydimi, O’zbekiston milliy tiklanish demokratik partiyasi bilmaydimi, O’zbekiston ekologik partiyasi bilmaydimi?!

Qolaversa, O’zbekiston vatandoshlari, O’zbekiston jamiyati bilmaydimi?

Nahotki, O’zbekiston jamiyati shunchalik siyosiy savodsiz bo’lsa?!

O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi bo’yicha O’zbekiston erkin, demokratik mamlakat. [13].

2-modda.

Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.

13-modda.

O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

Real hayotda esa marhum diktator Islom Karimov davrida shafqatsiz, zulmkor va mustabid diktatura o’rnatilgan edi, prezident Shavkat Mirziyoyev davrida esa iqtisodi ko’proq erkinmas, siyosiy erkinliklar cheklangan va korruptsiya botqog’iga botgan avtoritar rejim.

Nahotki, O’zbekiston jamiyati DXX,o’zbek militsiyasining va propogandaning iskanjasidan chiqib keta olmasa?!

Nahotki, o’zbek muxolifati dohiylari Abdurahim Po’latov ( Birlik xalq harakati partiyasini va oldin shu nomdagi harakatni 30 yildan beri boshqarib kelyabdi), Muhammad Solih ( Erk demokratik partiyasini 29 yildan beri, O’zbekiston xalq harakatini 8 yildan beri boshqarib kelyabdi), Bahodir Choriyevlar ( Birdamlik xalq demokratik partiyasini va oldin shu nomdagi harakatni 15 yildan beri boshqarib kelyabdi) demokratik partiya va harakatlarda yetakchilar 5,10 yilda almashib turishlarini bilishmasa?!

Nahotki, o’zbek jamiyati o’ta siyosiy savodsizligicha qolaveradi?!

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

1-mart, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O’zbekiston. Shavkat Mirziyoyev. O’ta iqtisodiy qoloqlik?! (2019). 22.02.2019. ( http://oz.hrsu.org/archives/1020 ).

2. O’zbekiston. Shavkat Mirziyoyev. O’ta iqtisodiy qoloqlik?! (2019). Video. 23.02.2019. ( http://oz.hrsu.org/archives/1022 ).

3. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

4. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

5. 7. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

6. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

7. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

8. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

9.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

10. Oʻzbekiston liberal demokratik partiyasi.

( https://uz.wikipedia.org/wiki/O%CA%BBzbekiston_liberal_demokratik_partiyasi ).

11.Shavkat Mirziyoyev. Wikipedia.

( https://en.wikipedia.org/wiki/Shavkat_Mirziyoyev ).

12. Islam Karimov. Wikipedia.

( https://en.wikipedia.org/wiki/Islam_Karimov ).

13. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.