O’zbekiston.  Shavkat Mirziyoyev.  Pinochet?! (2019)

Spread the love

Pinochet nomini eshitganimizda yoki tilga olganimizda davlat to’ntarishini amalga oshirib hokimiyatga kelgan qonxo’r diktator ko’z oldimizda namoyon bo’ladi.  

Biroq, Avgusto Pinochet qonxo’r diktator bo’lishidan tashqari uning iqtisodiy va siyosiy islohotlari Chilini erkin, demokratik va farovon mamlakat bo’lishiga olib keldi.  Shu sababli Pinochetning ijobiy va salbiy jihatlarini alohida-alohida e’tiborga olib, ijobiy tomonlarini, ya’ni iqtisodiy va siyosiy islohotlarini O’zbekistonga tadbiq qilsa bo’ladi.

 Zero, hozirgi kunda O’zbekiston iqtisodiy jihatdan o’ta qoloq, iqtisodiy erkinliklar, siyosiy erkinliklar o’ta chegaralangan mamlakat. O’zbekistonda baquvvat o’rta sinf va kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanmagan.  Endi Pinochet faoliyatining salbiy va ijobiy jihatlarini alohida-alohida ko’rib chiqamiz.

Salbiy jihatlari. Jinoyatlari.

Avgusto Pinochet 1973-yilning 11-sentyabrida Chilida davlat to’ntarishini amalga oshirib hokimiyat tepasiga keladi.  [1].

O’sha paytda Chilini 1970-yildan beri boshqarib kelayotgan Salvador Allende prezident edi.  Harbiy xunta putchni amalga oshirgandan keyin Salvador Allende o’zini otib o’ldiradi.

Pinochet Chilining prezidenti sifatida muxolif partiyalarni taqiqlaydi, muxolifat faollarini ta’qib-tayziqlarga oladi, 1200-2300gacha so’lchilarni, sotsialistlarni va siyosiy tanqidchilarni qatl ettiradi.  80mingcha kishilarni qamaydi va ularning 10minglartachasi qiynoqlarga va noinsoniy munosabatlarga duchor qilinadi.

Pinochetning jinoyatlarini o’rgangan Chilining hukumatiga ko’ra qatl qilinganlar va Pinochet tufayli bedarak yo’qolganlar soni 3095 kishiligi aniqlangan.

Pinochet diktatorlik davrida u prezidentlikdan ketgandan keyin Chili armiyasining Bosh qo’mondoni va senator sifatida mamlakatni boshqarishda ishtirok etishini ta’minlovchi konstitutsiyani qabul qildirishga erishadi.

Ijobiy jihatlari. Iqtisodiy-siyosiy islohotlari.

Avgusto Pinochet 1974-1990-yillarda, ya’ni Chilini u prezident sifatida boshqargan yillari mamlakatda chuqur iqtisodiy va prezidentligining oxirgi yillarida chuqur siyosiy  islohotlarni amalga oshirgan.

Pinochet “Chikago O’g’lonlari” (Chicago Boys) erkin bozor iqtisodiyoti nazariyasiga havas qilib, Chilida keng ko’lamli xususiylashtirishni amalga oshirgan.  Salvador Allende davrida 600 tadbirkorlarning davlat tassarufiga o’tkazilgan mol-mulkini tadbirkorlarga qaytarib berdi. Xususiylashtirish ta’lim va sog’liqni saqlash sohalarini ham keng qamrab olgan.  Pinochetning shiori “Chili proletariatlar mamlakati emas, xususiy mulkdorlar mamlakati” edi.

Pinochet hokimiyatga kelgan paytda mamlakatning oltin, valyuta zahiralari bo’m-bo’sh, inflyatsiya juda yuqori va mamlakat yalpi ichki mahsuloti keskin pasayib ketayotgan edi.  Pinochet hokimiyati hayotga tadbiq qilgan iqtisodiy modelning 3 asosiy xususiyati bor edi:

1.Iqtisodiy liberalizatsiya;

2.Davlat korxonalarini xususiylashtirish;

3.Inflyatsiyani jilovlash.

Pinochet iqtisodiy reformalari natijasida mamlakatda ijtimoiy tengsizlik kuchaydi, ishchilarning maoshlari, ularga berilgan imtiyozlar va ish sharoitlari keskin yomonlashgan.  Pinochet prezidentligining oxirgi yillarida Chilidagi oilalarning 44% qashshoqlikda yashagan. Lekin, 10% boylarning daromadlari 83%ga oshgan.

1988-yilning 5-oktyabrida Pinochet yana 8 yil mamlakat prezidenti sifatida mamlakatni boshqarish uchun referendum o’tkazadi.  Referendumdan oldin mamlakatdagi ichki noroziliklar kuchayganligi bois va xalqaro miqyosdagi bosim sababli Pinochet 1987-yilda siyosiy partiyalarning faoliyatiga yo’l ochadi.

 Referendumda uning 1997-yilgacha prezidentligi uchun “Ha” yoki “Yo’q” deb ovoz berishni taklif qiladi.  1988-yil 5-oktyabrdagi referendumda “Yo’q”chilar 55.99% bilan g’alaba qozonadi, “Ha”chilar 44.01% bilan mag’lubiyatga uchraydi.  Pinochet referendum natijalarini qabul qilishga majbur bo’ladi. Keyingi yili esa prezident va parlament saylovlari bo’lib o’tadi.

Avgusto Pinochet diktatorligi, prezidentligi davrida chuqur iqtisodiy islohotlar natijasida xususiy mulkdorlar sinfi shakllanadi, bugungi zamonaviy til bilan aytganda o’rta sinf shakllanadi.  Baquvvat o’rta sinfning shakllanishi esa kuchli fuqaroviy jamiyat yaratish uchun iqtisodiy zamin bo’lib xizmat qiladi.

Hozirgi kunda Chili erkin, demokratik va farovon mamlakat.

Chili va O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik va siyosiy erkinlik (siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar) ko’rsatkichlari bo’yicha taqqoslab ko’ramiz.

Chilining iqtisodiy erkinlik bo’yicha ko’rsatkichi 75 ball bilan ko’proq erkin (Mostly Free), O’zbekiston esa 51.5 bal bilan ko’proq erkinmas (Mostly Unfree).  [2].

Chili siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar ko’rsatkichi bo’yicha 94 ball bilan erkin mamlakatdir. O’zbekiston esa 7 bal bilan erkinmas mamlakatdir.  [3].

Chilining yalpi ichki mahsuloti 2019-yil uchun $267.162milliard,

O’zbekistonniki esa $68.475 milliard [4].  (O’zbekiston statistik ma’lumotlariga ko’ra $48,6 milliard [5]).

Chilining YIM (Yalpi Ichki Mahsulot)  AJB (Aholi Jon Boshiga) (SOP) sotib olish pariteti bo’yicha 2019-yil uchun $26,329.95, O’zbekistonniki esa $7,688.04.  [6].

Chilining aholisi 18 million, O’zbekistonniki esa 33 million.

Pinochet davlat to’ntarishi yo’li bilan hokimiyatga kelganda dunyoda SSSR va AQSh o’rtasida siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy jabhalarda keskin kurash ketayotgan edi. Dunyo ikki lagerga sotsialistik va kapitalistik lagerga bo’lingan edi.

Bugungi kunda SSSR yo’q. Shu sababli prezident Shavkat Mirziyoyev diktator Avgusto Pinochetning iqtisodiy va siyosiy islohotlarini tanqidiy o’rganib O’zbekistonga tadbiq qilsa bo’ladi. Pinochet tajribasi shunisi bilan muhimki, diktaturadan demokratiyaga tez va samarali o’tiladi.

21-asrda Pinochet amalga oshirgan iqtisodiy va siyosiy islohotlarni O’zbekiston sharoitida hayotga tadbiq qilish uchun 15 yil emas, 10 yil yetarli bo’lar, balkim yanada kamroq yillar ketar.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

25-yanvar, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Augusto Pinochet. ( https://en.wikipedia.org/wiki/Augusto_Pinochet ).

2. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

3. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

4. Country Listing in Year 2019. ( http://www.economywatch.com/economic-statistics/year/2019/ ).

5. Ички ялпи маҳсулот 2018 йилда 48,6 миллиард доллар даражасида бўлди.24.01.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29727970.html ).

6. Economic Indicators : GDP Per Capita (PPP), US Dollars 2019.

Economic Indicator Listing in Year 2019. (http://www.economywatch.com/economic-statistics/economic-indicators/GDP_Per_Capita_PPP_US_Dollars/2019/ ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.