O’zbekiston. Shavkat Mirziyoyev. Siyosiy raqobat?

Spread the love

Erkin, demokratik mamlakatlarda hokimiyat almashishi erkin, demokratik saylovlar orqali amalga oshadi.  Saylovlarda hokimiyat uchun asosan siyosiy partiyalar o’rtasida kurash boradi, siyosiy raqobat bo’lganligi uchun.

 Tarixan olganda O’zbekistonda siyosiy raqobat, siyosiy kurash bo’lmagan.   Qo’qon xoni Xudoyorxon (1865-75) davrida ham siyosiy raqobat bo’lmagan.

Buxoro amiri  Amir Olimxon (1910-20) davrida ham siyosiy raqobat bo’lmagan.

 Xiva xonlari Asfandiyorxon (1910-18) davrida ham, Junaidxon davrida ham, Said Abdullaxon (1918-yil oktyabr-1920-yil 2-fevral) davrida ham siyosiy raqobat bo’lmagan.

 O’zbekiston Kommunistik partiyasining 1-kotibi Sharof Rashidov (1959-1983) rahbarligi davrida ham siyosiy raqobat, siyosiy kurash bo’lmagan.

O’zbekistonning 1-prezidenti marhum diktator Islom Karimov rahbarlik qilgan (1991-2016) mustaqil O’zbekistonda ham siyosiy raqobat bo’lmagan.

 O’zbekistonni 2016-yilning sentyabridan beri boshqarib kelayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi yillarida ham siyosiy raqobatga yo’l qo’yilmayapti.

 O’z-o’zidan tushunarliki, xonliklar davrida mamlakat shariat va xon farmonlari asosida boshqarilgan. U davrlarda konstitutsiya, qonunlar, siyosiy partiyalar, inson huquqlari va erkinliklari, erkin, demokratik saylovlar degan tushunchalarning o’zi ham bo’lmagan.

 SSSR davrida esa konstitutsiya, qonunlar bo’lgan. Biroq, SSSRda Kommunistik partiyaning yakka hokimligi hukmron edi. Inson huquqlari va erkinliklari oyoq osti qilinardi.

Marhum diktator Islom Karimov davrida esa Konstitutsiya kuni keng nishonlanardi, mamlakatni demokratlashtirish haqida balandparvoz gaplar gapirilardi, lekin real hayotda O’zbekiston vatandoshlarining huquq va erkinliklari chegaralangan edi.  To’rtta qo’g’irchoq partiyalar va O’zbekiston ekologiya harakati go’yoki siyosiy raqobatda hokimiyat uchun siyosiy kurash olib borardi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O’zbekistonda esa hanuzgacha siyosiy raqobat yo’q.  Siyosiy maydonda Shavkat Mirziyoyev bilan raqobatlashadigan siyosatchi paydo bo’lishiga yo’l qo’yilmaydi.  Shavkat Mirziyoyev ham marhum diktator Islom Karimov yo’lidan borib 2019-yil 8-yanvar kuni O’zbekiston ekologiya harakatini O’zbekiston ekologiya partiyasiga aylantirdi.  Go’yoki O’zbekistonda yangi bitta siyosiy partiya paydo bo’ldi.

Ozodlikning xabar berishi bo’yicha O’zbekistonda demokratiya yo’nalishida vaziyat biroz yaxshilangan.  [1,2].

Ozodlikdan iqtibos: “The Economist nashri e’lon qilgan Democracy Index 2018 reytingida O’zbekiston 165 mustaqil davlat va ikki hudud ichida 156-o’rinni egalladi. Hisobot mualliflariga ko’ra, O’zbekistonda mavjud demokratik vaziyat biroz yaxshilangan.

Hisobotda O’zbekiston Sharqiy Yevropa hududidagi yettita avtoritar tuzum ichida ijobiy demokratik o’zgarishlar kuzatilgan yagona mamlakat sifatida tilga olinadi.

Shunga qaramay, O’zbekiston xalqaro reytingda eng quyi o’rinlardan birini egallaganicha qolmoqda.

Hisobotda, demokratik ahvol keskin yomonligi bo’yicha, O’zbekistondan keyin Yaman (158-o’rin), Tojikiston (159-o’rin), Turkmaniston (162-o’rin), Suriya (166-o’rin) va Shimoliy Koreya (167-o’rin) keltirilgan.

O’zbekiston demokratik holat 10 ballik tizim bo’yicha 2.01 ballga baholangan [10-eng yaxshi; 0-eng yomon].

Bu O’zbekiston 2015-2017 yillar (1.95 ball)dan ko’ra 0.06 ballga demokratlashganini anglatadi”. Iqtibos tugadi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentligining 3-yilligida ko’rinib turibdiki, O’zbekistonda siyosiy raqobatga yo’l qo’yilmaydi.  O’zbekistonda davlat mulkchiligining hukmronligi davom etadi.

Yerlar xususiylashtirilmaydi.  Faqatgina uy-joy qurilishi uchun ajratilgan yerlar va korxonalar qurilgan yerlar mahalliy hokimiyatning qarori bilan xususiylashtirilishi mumkin.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

18-yanvar, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Демократия Индекси-2018: Ўзбекистонда вазият бироз яхшиланган. 12.01.2019. ( https://www.ozodlik.mobi/a/29706051.html ).

2. Democracy Index by country (2018). ( https://en.wikipedia.org/wiki/Democracy_Index ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.