Fermerlar, vrachlar qasamyodi, internet tezligi va XVJ tavsiyalari.  Afsuski, O’zbekistonda siyosiy, iqtisodiy erkinliklar uchun kurash yo’q?!

Spread the love

O’zbekiston mustaqil bo’lganiga 27 yil bo’ldi.  Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni boshqarayotganiga 2 yildan oshdi.

O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 2, 13 va 15-moddalarida mamlakat vatandoshlarining huquq va erkinliklari hurmat qilinishi va kafolatlanishiga davlat organlari, mansabdor shaxslar mas’uldirlar.  [1].

2-modda.

Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.

13-modda.

O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

15-modda.

O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so’zsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko’radilar.

Lekin, hanuz O’zbekistonda iqtisodiy, siyosiy erkinliklar cheklangan.

Mamlakatda avtoritarizm, ma’muriy buyruqbozlik boshqaruv usuli hukmron.

Quyidagi ikki ma’lumot O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasi va qonunlarining qanchalik qadrsizlangani va uchinchi ma’lumot Xalqaro Valyuta Jamg’armasi(XVJ)ning tavsiyalari xususida.

1-ma’lumot.  Fermerlar va vrachlarning qasamyodi.

Ozodlikdan iqtibos: “O‘zbekiston Fermerlar kengashi tashabbusi bilan 16-22 noyabr kunlari mamlakat bo‘yicha fermerlarni ommaviy qasamyodga keltirish jarayoni bormoqda.

Ozodlik suhbatlashgan bir qator viloyat va tuman hokimliklari rasmiylari¸ fermerlar “shartnomada ko‘zda tutilgan rejadan ortiq g‘alla yetishtirib¸ uni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki bozorga sotaman”, degan mazmundagi qasamyodni o‘z “ixtiyorlari bilan” keltirayotganini iddao qildi.

Ayni paytda¸ Ozodlikka o‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gapirgan Sirdaryo¸ Toshkent¸ Namangan va Farg‘ona viloyatidagi fermerlar¸ bunday qasamyod qilmagan fermerlarning yerlari tortib olinishi haqida hokim va sektor boshliqlaridan ochiq tahdid bo‘lganini bildirdi.

O‘zi ayni jarayon ishtirokchisi bo‘lgan tuman hokimlaridan biri mutasaddisi Ozodlikka¸ Bosh vazir Abdulla Aripov va Bosh prokuror o‘rinbosari o‘tgan hafta o‘tkazgan selektor yig‘inida berilgan topshiriq Fermerlar kengashi tashabbusi sifatida amalga oshirilayotganini bildirdi. Bu ma’lumotni matbuotga sizdirish oqibatidan cho‘chigan bu mulozim shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi.

Sirdaryodagi namunaviy qasamyod marosimi…

16 noyabr kuni Sirdaryo viloyat markazi Guliston shahri hokimligi qarshisida “g‘alladan mo‘l hosil yetishtirishga azmu qaror qilgan fermerlarni “yurt taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shish, nopok ishlarga qo‘l urmaslik” bo‘yicha qasam ichtirish jarayoniga oid xabar va suratlar mahalliy matbuotda keng tarqadi.

Bu tadbirda¸ Sirdaryo hokimligi rasmiy nashriga ko‘ra¸ viloyat hokimi¸ prokurori¸ IIB boshlig‘i va soliq inspeksiyasining viloyat rahbarlari shaxsan qasamyod qabul qilgan.

Sirdaryo viloyat hokimligining Ozodlik gaplashgan mas’ullaridan biri¸ bu tadbirning O‘zbekiston Fermerlar kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgani va qasamyod matnining ham kengashdan jo‘natilganini bildirdi.

Bu tadbir butun mamlakat bo‘yicha o‘tayapti. Sirdaryo birinchilardan bo‘lib bu tadbirni tantanali ravishda o‘tkazdi. Bu jarayonda fermerlarni majburlash bo‘lmadi¸ ular o‘z ixtiyorlari bilan kelib¸ og‘zaki qasamyod qilishdi”¸ dedi Sirdaryo viloyati bo‘yicha o‘tkazilgan tadbir mas’ullaridan biri 19 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda”. Iqtibos tugadi. [2].

Yana Ozodlikning shu maqolasidan iqtibos: “Bir sahifalik qasamyod matnining bo‘sh o‘rinlariga o‘z fermer xo‘jaligi nomi¸ shartnomada ko‘zda tutilgan g‘alla uchun yer maydoni sathini to‘ldirgan fermer¸ o‘ziga berilgan yerdan muayyan tonna g‘alla hosili olish yoki gektaridan 60-70 ts/t hosil olishga qasam ichadi.

Buning uchun qilinishi shart etib belgilangan uch turdagi ishlarni sanab o‘tgan fermer qasamyodning so‘nggi paragrafida «zimmamga olgan shartnomaviy majburiyatimni halol va vijdonan bajarmagan¸ qonun buzilishiga yo‘q qo‘yib¸ fuqaro¸ jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazgan taqdirimda, qonun oldida javob beraman” deya va’da beradi”. Iqtibos tugadi.

Maqolada hukumatga fermerni nega qasamyodga keltirish kerak bo’lib qolishi sababi keltirilgan.  ““Hukumat talabiga ko‘ra¸ g‘alla ekish 20 oktabrgacha tugashi kerak edi. Ertaga 20 noyabr – haliyam ekilmagan erlar ko‘p. Birinchi va asosiy sababi¸ bu yilgi paxta cho‘zilib ketdi. O‘quvchi-studentlar¸ o‘qituvchi-vrachlarni yoppasiga paxtaga olib chiqishmagani uchun bu yil terim kechikti.

Ikkinchisi¸ ko‘p joyda paxtadan keyin g‘alla sug‘orish muammo bo‘lib turipti. Fermer sug‘oraman¸ desa¸ tok yo‘q – nasos ishlamaydi. Keyin¸ mineral o‘g‘it¸ yonilg‘i bilan ham muammolar ko‘p. Tepadagilar bularning hammasi ertaga g‘alla hosilining kechikishi¸ yoki yomon bo‘lishiga olib kelishidan qo‘rqib¸ fermerni shunaqa ogohlantirayapti. Yuridik kuchga egami-yo‘qmi¸ bilmayman¸ lekin hokim¸ prokuror¸ melisa va soliq nachalniklari oldida qilingan qasamdan keyin fermerning qo‘rquvi yanayam kuchayishi aniq. Endi bor-budini sarflab bo‘lsayam¸ g‘allasini ekib¸ hosilini undirish hisobini qiladida fermer”¸ deydi farg‘onalik fermerlardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Fermerlarning qasamyodi bo’yicha BBC o’zbek xizmati Londonda istiqomat qilayotgan jamiyatshunos Alisher Ilhomovga murojaat qildi.  

Alisher Ilhomovning fikri: “So’zsiz, bu-ahmoqona tashabbus. Buni, ta’bir joiz, mehnat lageri yaratish yo’lida qo’yilgan bir qadamga ham qiyoslash mumkin. Bunda fermer go’yoki harbiy xizmatchiga tenglashtiriladi. Qasamyod ham xuddi shundan kelib chiqadi. Chunki, agar, siz fermerni harbiy xizmatchiga aylantirmoqchi bo’lmasangiz, bu kabi qasamyod nega kerak? Ya’ni, fermer o’zining odatiy ish faoliyatini shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqib emas, qandaydir burchlar, oliy vatanparvarlik tuyg’ularidan kelib chiqib bajarishi kerak bo’lsa… Bu kabi voqe’lik, so’zsiz, O’zbekistonning hozirda marhum prezidenti Islom Karimov deyarli to’lig’icha saqlab qolgan Sovetlar davri merosi bilan bog’liq voqe’lik”. [3].

Yana shu maqoladan iqtibos: “Alisher Ilhomov: O’zbekistonda fermerlarning ommaviy qasamyodga keltirilish darajasiga borilgani-bu mamlakat qishloq xo’jaligi, ayniqsa, paxta yetishtirish sohasida ahvol bilan bog’liq. Bir tomondan, Shavkat Mirziyoyev bu sohada majburiy mehnat bilan bog’liq muammolar borligini tan oldi. Aholining muayyan toifasini qishloq xo’jalik ishlariga jalb etmaslikka farmoyish berdi. Ammo, boshqa tarafdan, paxta sanoatida ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan eski boshqaruv modeli saqlanib qoldi. Ya’ni, boshqaruvning haddan ziyod markazlashgani, barcha richaglarning davlat qo’lida ekani, paxta ishlab chiqarish va uning eksportidan tushayotgan mablag’larga ham davlatning egalik qilishi… Boshqaruvning shu kabi vertikal modeli shu turishicha saqlab qolingan. Bu ikki tententsiya, ya’ni bir tomondan, majburiy mehnat hollariga chek qo’yish mas’uliyati, ikkinchi tarafdan, kvotalar ko’rinishidagi mintaqalar, tumanlar, fermerlar uchun davlat rejasining bajarilishini shart qilib qo’yuvchi haddan ziyod markazlashgan boshqaruv modeli bir-biriga muvofiq emas,zid. Agar, paxta sanoatining normal faoliyat yuritishi, yuqoridan berilgan buyruqqa emas, manfaatlarga asoslangan holda qurilgan bo’lishini istasangiz, siz bu sohaning o’zini isloh qilishingiz kerak. Ammo bunday bo’lmadi”.

O’zbekistonda nafaqat fermerlar vrachlar ham qasamyod qildirilmoqda.

Ozodlikdan iqtibos: “20 noyabr kuni Samarqand viloyat, Kattaqo’rg’on tuman tibbiyot birlashmasining 150 nafar shifokori va 150 nafar hamshiralari tuman mutasaddilari, keng jamoatchilik oldida qasamyod qabul qildi, deb xabar qildi zarnews.uz sayti.

-Tumanimizdagi shifokor va hamshiralar inson salomatligini asrashga, bu yo’lda bor bilimlarini ayamaslikka qasamyod qilishdi,-degan tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Olim Xo’jambardiyev. – Bu ularning mas’uliyatini, fidoiyligini oshirishga xizmat qiladi. O’ylaymanki, har bir tibbiyot xodimi ushbu qasamyodiga sodiq qoladi”. Iqtibos tugadi. [4].

Fergananews.com internet saytining xabar berishicha, Sirdaryo viloyatining vrachlari mamlakat prezidentiga ommaviy qasamyod qilishgan.  Vrachlar o’z kasblariga sadoqatli bo’lishga, nopok ishlar bilan shug’ullanmaslikka qasamyod qilishgan. [5].

2-ma’lumot.  O’zbekistonda internet tezligining ayanchli ahvolda ekanligi.

Irlandiyaning Ookla kompaniyasiga tegishli speedtest.net saytida dunyo mamlakatlari bo’yicha internet tezligi keltirilgan.  [6].

Speedtest Global Index. October 2018, ya’ni o’zbekchasiga 2018-yilning oktyabri uchun internet tezligining global ko’rsatkichi.

Men shuni eslatib o’tishni lozim topdimki, internet tezligi mobil telefonlar uchun alohida va sobit keng yo’lakli (fixed broadband) xizmati uchun -alohida.

O’zbekiston mobil telefonlar uchun yuklab olish (download) internet tezligi bo’yicha 9.73 Mbps bilan dunyoda 124 mamlakat ichida 110-o’rinda.

Norvegiya 67.7 Mbps bilan 1-o’rinda va dunyo bo’yicha o’rtacha ko’rsatkich (global average) 50.88 Mbpsligini hisobga olsak, O’zbekistondagi tezlik dunyoning o’rtacha darajasidan 5 baravar orqada, bu juda ayanchli ahvol.

O’zbekiston sobit keng yo’lakli xizmati uchun yuklab olish uchun internet tezligi 9.28Mbps bilan dunyoda 130 mamlakat ichida 112-o’rinda.

Singapur 181.47 Mbps bilan dunyoda 1-o’rindaligi va dunyo bo’yicha o’rtacha ko’rsatkich 23.80 Mbpsligini hisobga olsak, O’zbekistondagi tezlik dunyoning o’rtacha tezligidan 2 baravardan ko’proq pastdir.

3-ma’lumot.  Xalqaro Valyuta Jamg’armasi(XVJ)ning O’zbekiston iqtisodini kreditlash bo’yicha tavsiyalari.

Fergananews.com internet saytining yozishi bo’yicha [7] XVJ O’zbekiston hokimiyatiga inflyatsiyani 25 foizgacha ushab turish uchun mamlakat iqtisodini kreditlashi o’sishini chegaralash va jamoatchilikka narxlarni liberallashish zarurligini aniq-tiniq tushuntirishni tavsiya qilgan.  Bu tavsiyalar XVJning O’zbekistonga missiyasi bo’yicha yakuniy bayonotida keltirilgan.

Bayonot XVJning internet saytida 20-noyabrda e’lon qilingan. Bayonot jamg’arma xodimlarining joriy yilning 30-oktyabridan 8-noyabrgacha Toshkentda O’zbekiston hokimiyati vakillari bilan bu muammolarning muhokamasidan so’ng tayyorlangan.

XVJ narxlarning liberallashishni davlat korxonalarini islohot qilish bilan birgalikda olib borishni tavsiya qilgan. Yana XVJ soliq byudjet operatsiyalarini nazoratini yaxshilanganligi va iqtisodiy statistikani yaxshilanganligini alohida ta’kidlab o’tgan.  [7].

Fermerlar va vrachlarning qasamyodi bo’yicha mening fikrim shuki, bu qasamyod keltirishlar O’zbekiston vatandoshlarining fikrlarini chalg’itib ularning avtoritar tuzumga tobeligini, qaramligini (loyalnost) oshiradi.  

O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi O’zbekiston vatandoshlari va O’zbekiston davlati o’rtasidagi shartnomadir.

O’zbekiston vatandoshlarining huquq va erkinliklari O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 2,13 va 15 moddalarida kafolatlangan bo’lsada, ammo bugungi kunda cheklangan.

Qasamyodga keltirish O’zbekiston vatandoshlarini iqtisodiy va siyosiy erkinlikari uchun kurashishdan chalg’itib ularning amaldorlarga tobeligini, qaramligini kuchaytiradi.

Negadir prezident Shavkat Mirziyoyevning ommaviy axborot vositalarida marhum diktator Islom Karimovning prezidentlik qasamyodida O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasiga O’zbekiston vatandoshlarining huquq va erkinliklarini himoya qilishga Qur’on kitobiga qo’lini qo’yib qasamyod qilganligi mutlaqo eslanmayapti.

 Diktator Islom Karimov davrida O’zbekiston vatandoshlarining huquq va erkinliklari ommaviy tarzda, sistematik tarzda oyoq osti qilingan.

Bularga bolalar mehnati, majburiy mehnat, qiynoqlar, Andijon qirg’ini, huquqbonlar, mustaqil jurnalistlar, muxolifat faollarining tinmay tayziq va ta’qiblarga duchor qilinishi va diktatorning O’zbekiston konstitutsiyasiga zid ravishda 10 yil emas 27 yil mamlakatni zo’ravonlarcha boshqarishi va hokazolar misol bo’ladi.

 Diktator Islom Karimovning 27 yillik hukmronligi davomida uning qizlari Gulnora Karimova va Lola Karimova-Tillayevalar korruptsiya yo’li bilan milliarder bo’lishdi.

Nega endi marhum diktator Islom Karimov o’z qasamyodiga butunlay teskari jinoyatlar qilgan bo’lsada, bu jinoyatlar haqida lom-mim deyilmasdan uning nomi ulug’lanyapti, unga haykallar qo’yilyapti, muzeylar ochilyapti, aeroportlarga, ko’chalarga, oliy o’quv yurtlariga uning nomi berilyapti?  Bu tushunarsiz?!

Hanuzgacha O’zbekistonda internet erkin emas, internet tezligi judayam past.

 O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmron. Davlat mulkchiligi hukmron bo’lgan mamlakatda iqtisodiy samaradorlik xususiy mulkchilik hukmron bo’lgan mamlakatga nisbatan past bo’ladi.  Shu sababli prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro banklardan ko’p kreditlar olishi O’zbekistonni qarz botqog’iga botishiga olib kelishi mumkin.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

23-noyabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

2. Mamlakat bo‘ylab fermerlar “davlatga mo‘l hosil yetkazib berishga” qasam ichtirilmoqda. 19.11.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29609331.html ).

3. Ўзбекистон, Тошкент ва Мирзиёев: Оммавий қасамёдлар нима дегани? 21.11.2018. ( https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-46279488 ).

4. Каттақўрғонда тиббиёт ходимлари қасам ичди. 21.11.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29612565.html ).

5. Сырдарьинские врачи вслед за фермерами поклялись в верности президенту. 20.11.2018. ( http://www.fergananews.com/news/34208 ).

6. Speedtest Global Index .October 2018

( http://www.speedtest.net/global-index ).

7. МВФ рекомендовал Узбекистану сдержать рост кредитования экономики. 21.11.2018. ( http://www.fergananews.com/news/34218 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.