O’zbekistonda hokimiyat zo’ravonligi va afsuski nega kuchli fuqaroviy jamiyat yo’q?!

Spread the love

O’zbekistonning investitsion jozibadorligi uchun va iqtisodiy rivojlanishi uchun shaxs daxlsizligi va mol-mulk daxlsizligi muhim ahamiyatga egaligini tushuntirishning hojati yo’q.  Shaxs daxlsizligi O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 19, 25-moddalarida o’z ifodasini topgan. [1].

22-modda.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi.

19-modda

O’zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo’lgan huquqlari va burchlari bilan o’zaro bog’liqdirlar.
Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo’yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo’yishga hech kim haqli emas.

Mulk daxlsizligi O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 53 moddasida o’z ifodasini topgan.

53-modda

Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

O’zbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatni boshqarishni boshlagan paytida ikki ish o’rnini yaratgan tadbirkorni boshida ko’tarib yurishini bir necha marta ta’kidlagan edi.  Oxirgi paytda negadir bu gapini mutlaqo aytmay qo’ydi.

Avtoritar jamiyatda shaxs va mulk daxlsizligini kafolatlash mantiqsizdir.  Shaxs va mulk daxlsizligini O’zbekistonda kafolatlash uchun nimalar qilish kerak degan savolga javob berishdan oldin O’zbekiston vatandoshlarining shaxs va mulkiy daxlsizligi oyoq osti qilingan uch hodisani ko’rib chiqamiz.

1-hodisa.  Toshkentda yangi qurilgan turar-joy kompleksining Bosh vazir Abdulla Aripovning og’zaki buyrug’i bilan buzib tashlangani.

Ozodlikdan iqtibos: “Toshkentlik 28 yashar tadbirkor puliga “Unique arh project” shirkati tarafidan joriy yili Ulug‘bek tumanida tiklangan 3 qavatli turar-joy binosi¸ barcha hujjatlari mavjud bo‘lishiga qaramasdan¸ Bosh vazirning og‘zaki buyrug‘i bilan 4 noyabr kuni buzib tashlangani aytilmoqda. Uyni moliyalagan Muhammadbobur Xo‘jaevning 6 noyabr kuni Ozodlikka aytishicha¸ sud qarorisiz chiqarilgan bunday noqonuniy harakat oqibatida tadbirkor bir kunning o‘zida 620 ming AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rgan.

Toshkent shahar hokimligining Ozodlik gaplashgan mulozimi¸ Muhammadbobur Xo‘jaev tomonidan Chilonzor tumanining Dilxush ko‘chasida qurilgan 37-uyda yashayotgan Nigina Inog‘omovaning 3 qizi va 1 o‘g‘li 31 oktabr kuni is gazidan zaharlanib o‘lishidan darg‘azab bo‘lgan Bosh vazir shunday buyruq berganini bildirdi.

“Shu bois Abdulla Nig‘matovich (Bosh vazir) Jahongir Obidovichga (shahar hokimi) topshiriq berdi. Bu investor qurgan boshqa uylarni ham tekshiringlar¸ deb. Shu topshiriq asosida Ulug‘bek tumani Rishton tor ko‘chasidagi 106-uy shanba kechqurun buzildi. Bularning hammasi og‘zaki buyruq asosida bo‘ldi”¸ dedi ismi aytilmasligini istagan hokimlik mulozimi.

Bu mulozim¸ tadbirkor tomonidan qurilgan Ulug‘bek tumanidagi uyni buzish uchun sud qarori bo‘lmaganini e’tirof qildi.

Ozodlik Bosh vazir idorasidan bu voqea yuzasidan izoh olishga hozircha muvaffaq bo‘la olmadi.

Tadbirkor hasrati

Ozodlik suhbatlashgan Muhammadbobur Xo‘jaev bu “bedodlik”dan keyin bir kechada sochi oqarib ketganligini aytadi:

– Uy qurilishi uchun izn berilgan barcha o‘nlab hujjat bor. Ammo uyni hech bir hujjatsiz¸ sud qarorisiz¸ Bosh vazirning bir og‘iz emotsional gapi bilan buzishdi. Bundan tashqari¸ mening moliyam asosida uy qurgan pudratchililarga bir hafta ichida boshqa bir nechta uyni ham buzib¸ uy egalariga kompensatsiya to‘lashni buyurishdi¸ deydi suhbatdosh”.  Iqtibos tugadi. [2].

2-hodisa.  Fermerning hokim tomonidan kaltaklanishi va 30 fermerning 3 soatga qamalishi.

Ozodlikdan iqtibos: “Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani hokimi Yo‘lchivoy Boyyigitov 6 noyabrdan 7 noyabrga o‘tar kechasi soat 12da boshlangan majlisda paxta topshirmagan fermer Qurbonali Jo‘raevni bo‘g‘ib urgan va uning ustidan jinoyat ishi ochish haqida tuman prokuroriga ko‘rsatma bergan.

Bunday iddao ayni majlisda qatnashgan ba’zi fermerlar tomonidan iddao qilindi.

Fermerlarning Ozodlikka aytishlaricha, bu voqeaga tuman prokurori va ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari tomoshabin bo‘lib qarab turgan.

Ularga ko‘ra, 6 noyabr kuni paxta topshirolmagan o‘ttizdan ortiq fermer ichki ishlar bo‘limida soat 03.30gacha ushlab turilgan va so‘ngra qo‘yib yuborilgan.

Ammo, tuman hokimining yordamchisi Yo‘lchivoy Boyyigitovning fermerni urgani haqidagi iddaoni rad qildi.

Yozyovon tumani hokimi Yo‘lchivoy Boyyigitovning majlisda Qatortol hududida fermerlik qilayotgan 60 yashar Qurbonali Jo‘raevni urganini ayni majlisda tumanning turli hududlarida yashovchi uch nafar fermer Ozodlikka ma’lum qildi.

Ma’lumot bergani uchun jazolanishidan cho‘chib¸ ismi ochiqlanmasligini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, hokim va fermer o‘rtasida boshlangan janjalga fermerning o‘sha kuni paxta topshirmagani sabab bo‘lgan:

Fermer Qurbonali aka bilan hokim tortishib ketdi. Hokim arizangni yoz va yerni topshir, faqat ko‘p narsa yozma, faqat yerimni oling deb yoz, dedi. Fermer esa, paxta planini to‘ldiraman, to‘ldirmasam, yerimni olishlariga roziman, deb yozgan ekan, shuning orqasidan janjal chiqdi. Arizani o‘qigan hokim, nega sen paxta planini bu yerga qo‘shasan, deb asabiylashib, tepadan yugurib tushib keldida, fermerning bo‘yniga chang solib bo‘g‘a boshladi. Keyin yoqasidan ushlab, haqorat qilib siltab-siltab tashladi. Prokuror ham, militsiya boshlig‘i o‘rinbosari ham tomoshabin bo‘lib qarab turdi”, deydi voqeaga guvoh bo‘lgan fermerlardan biri”.  Iqtibos tugadi. [3].

Yana Ozodlikning shu maqolasidan iqtibos: “Ismi sir qolishini so‘ragan, tumanning Qatortol hududida ishlaydigan fermerning aytishicha, hokim 6 noyabr kuni paxta topshirolmagan 30dan ortiq fermerni ichki ishlar bo‘limiga olib borib qamab qo‘yishni shu majlisda ishtirok etgan ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosariga buyurgan:

Bularni hammasini olib borib qamang, tushuntirish xatlarini yozib oling, dedi. Keyin taxminan 200 metr nariroqdagi ichki ishlar bo‘limiga olib borishdi. U yerda soat 3 yarimgacha qolib ketdik. Hammamizning ism-sharifimizni ro‘yxat qilib yozib olishdi-da, boringlar endi paxtalaringni teringlar deb qo‘yib yubordi”, deydi fermer”. Iqtibos tugadi.

3-hodisa.  Fermerlarning mulkini MIB (Majburiy Ijro Byurosi) tomonidan musodara qilinishi.

Ozodlikdan iqtibos: “Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani Majburiy ijro byurosi paxta terish kampaniyasi davom etayotgan bir paytda, bankdan kredit olgan fermerlarning mol-mulkini xatlash va musodara qilishga kirishdi.

Fermerlarning aytishlaricha, kreditni yopish muddatiga hali qariyb yarim yil bo‘lishiga qaramay, Agrobankning Jarqo‘rg‘on tumani filiali fermerlarni sudga bergan.

Sud esa fermerlarning qarzni vaqtida yopish-yopa olmasligini surishtirmay turib¸ ular mol-mulkini musodara qilish hisobiga kreditni qoplatish haqida ajrim chiqargan.

Fermerlarning Ozodlikka aytishicha¸ sud hukmi chiqar-chiqmas¸ MIB xodimlari ularning avtomobili, traktor, pritsep va chorvasini musodara qilishga kirishgan.

Agrobankning Jarqo‘rg‘on filiali raisi¸ kredit to‘lovi uchun berilgan muhlat tugamay¸ fermerlarning sudga berilishi noqonuniy bo‘lganini inkor qilmadi. Ayni paytda¸ bu ishning selektor yig‘ilishida berilgan og‘zaki buyruq asosida qilinayotganini bildirdi”. Iqtibos tugadi. [4].

Yuqorida keltirilgan uch hodisadan ko’rinib turibdiki, Bosh vazir Abdulla Aripov, Yozyovon tuman hokimi Yo’lchivoy Boyyigitov, sud, prokuroratura, militsiya, MIB xodimlari, bank xodimlari tomonidan tadbirkorlarning shaxsiy, mulkiy daxlsizligi ochiqdan-ochiq, namoyishkorona oyoq osti qilinyapti.

 O’zbekiston vatandoshlarining huquq va erkinliklarini ochiqdan-ochiq, namoyishkorona O’zbekiston hokimiyati tomonidan oyoq osti qilinishi O’zbekistonning investitsion jozibadorligini va iqtisodiy rivojlanishini keskin savol ostiga qo’yadi.

O’zbekistonning bunday ayanchli holatdan chiqib ketishi uchun O’zbekiston hokimiyati ham, tadbirkorlar ham, fuqarolik jamiyati ham jiddiy o’ylab ko’rishi kerak?!  O’zbekiston jamiyati jiddiy o’ylashga va jiddiy harakatlarga qodirmi?!

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

9-noyabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

2. Toshkentda yangi qirilgan turar-joy kompleksi Bosh vazirning og‘zaki buyrug‘i bilan buzib tashlangani aytilmoqda. 06.11.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29586157.html ).

3. Hokim bir fermerni urib, o‘ttiz fermerni 3 soatga qamatgani iddao qilindi. 07.11.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29588096.html ).

4. Fermerlar “Agrobank”ni kredit shartini buzganlikda aybladi. MIB fermer mulkini musodara qilmoqda. 06.11.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29586153.html ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.