Nega inson huquqlari va erkinliklari Irlandiyada hurmat qilinadiyu, O’zbekistonda hurmat qilinmaydi?!

Spread the love

Nega Irlandiyada inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinadi degan savolga oddiygina, chunki Irlandiya erkin, demokratik mamlakat, O’zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari nega hurmat qilinmaydi degan savolga oddiygina qilib, chunki O’zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyevning boshqaruvi avtoritar, undan oldin marhum diktator Islom Karimov davrida 27 yil diktatorlik usuli bilan va undan oldinlari ham kommunistik totalitar usulda boshqarilgan edi deb javob berish mumkin.

Lekin, O’zbekistonda ham Irlandiyadagiday erkin, demokratik jamiyat qurish uchun nima qilish kerak? degan savolga yuqoridagiday oddiygina qilib javob berish yetarli emas.

Meni bu maqolani yozishga va videoni tayyorlashga quyidagi to’rt voqea sababchi bo’ldi.

1-voqea.  Rossiyaning Tula shahri ko’chalarida migrantlarning asirlardek olib o’tilishi.

Ozodlikdan iqtibos: “Rossiyaning Tula shahrida Rosgvardiya va politsiya olib borgan reydlar natijasida asosan o‘zbekistonlik va tojikistonlik bo‘lgan 300 ziyod muhojir ushlandi. Maxsus amaliyot davomida migrantlarni harbiy asirlar kabi “konvoy” qilinayotgani aks etgan fotosuratlar jamoatchilik g‘azabi va e’tirozlarini uyg‘atdi.

2018 yilning 20 oktabridan Tula shahrining Xlebniy maydonidagi bozor va uning atrofidagi ko‘chalarda ommaviy tekshiruvlar va oblavalar o‘tkazildi.

Soat ertalabki 10-larda boshlangan va “noqonuniy mehnat muhojirlarini aniqlashga” qaratilgani aytilgan amaliyotda mahalliy politsiya, Rosgvardiya, FSB, OMON va SOBR tezkor guruhlari ishtirok etdi.

Bozor hududi va yon atrofdagi Pirogova va Kaminskogo ko‘chalarida ushlangan 300 yaqin shaxs ko‘zdan kechirilib, avtobuslarda tuman politsiya bo‘limiga olib borildi.

Maxsus amaliyot o‘tkazilganini tasdiqlagan Tula viloyati Ichki ishlar boshqarmasida reyddan ko‘zlangan maqsad – “Rossiya hududida noqonuniy yashab kelayotgan yoki boshqa migratsiya qoidalarini buzayotgan xorijlik shaxslarni aniqlash” ekanini Ozodlikka bildirishdi.

Biroq, jamoatchilik e’tiborini “Tulskie novosti” axborot agentligi saytida chop etilgan fotosuratlar o‘ziga jalb qildi. Unda Tula bozori atrofida ushlangan 200 yaqin qo‘llari bir-birining yelkasiga qo‘yilgan mehnat migranti, jumladan ayollarning maskadagi politsiyachilar “konvoy” qilayotganini ko‘rish mumkin.

Orqama-ketin bir qatorga terilgan muhojirlar mahalliy grajdanlar ko‘z oldida jinoyatchilar kabi olib ketilayotgani ko‘pni ko‘rgan huquq himoyachilari va oddiy grajdanlarni hayratga soldi”.  Iqtibos tugadi. [1].

Yana shuni qo’shimcha qilib aytish kerakki,ijtimoiy tarmoqlarda tulalik huquq muhofazachilari reydlarni “fashistlar” va “nasistlar” hati-harakatlariga qiyoslashdi.

2-voqea.  Buxorolik mardikorning militsiya zobiti tomonidan do’pposlanishi.

Ozodlikdan iqtibos: “Buxoroda yashovchi 46 yoshli mardikor Rustam Mavlonov “militsiya zobiti uni do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolgani” haqida Ozodlikka shikoyat qildi.

Mavlonovning iddaosicha, kapitan unvonidagi Jamshid ismli militsiya zobiti uni 19 oktabr kuni sherigi bilan birga ushlab, Buxoro tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib borgan va maqsadsiz yurganini pesh qilib, kaltaklagan.

Mavlonov Buxoro shahar kasalxonasiga yotqizilgani va qovurg‘asi singani haqdagi hujjatlarni Ozodlikka taqdim etdi. Lekin u militsiya xodimi kaltaklagani yuzasidan huquq-tartibot idoralariga shikoyat qilmagan.

Buxoro tumani bozorida mardikorlik qiluvchi Rustam Mavlonovning Ozodlikka aytishicha, 19 oktabr kuni u sherigi bilan uyiga qaytayotganida kapitan unvonidagi militsiya zobiti ularni “maqsadsiz yurganlik”da ayblab, militsiya bo‘limiga olib borgan va do‘pposlagan.

– Sherigim Shavkat bilan ishdan qaytayotganimizda, militsiya xodimi bizni to‘xtatib hujjat so‘radi. “Nimaga maqsadsiz yuribsizlar”, deb militsiya bo‘limiga olib ketdi. “Nega maqsadsiz yurar ekanmiz, bozorda mardikorlik qilamiz, o‘g‘irlik qilganimiz yo‘q, jinoyat qilganimiz yo‘q, nega bu yerga asossiz olib keldingiz”, desak, “xohlasam qamab ham qo‘yishga haqqim bor”, deb qornimga tepdi. Yotib qoldim, yerga yiqildim. “Seni hozir kameraga qamayman”, deb yerda yotgan holimda yana tepdi. Sherigimni ham do‘pposladi, – deb iddao qildi Rustam Mavlonov.

Buxorolik yana bir mardikor, 38 yoshli Shavkat To‘raev sherigi Rustam Mavlonovning militsiya bo‘limida kaltaklanganiga shaxsan guvoh bo‘lgani, o‘zi ham militsiya zobitidan kaltak eganini Ozodlikka aytdi:

– Hammasi mening ko‘z o‘ngimda bo‘ldi. Bo‘limga olib borib do‘pposlashdi, sherigimni yomon qilishdi, qovurg‘asiniyam sindirishdi, men gap qaytarmaganim uchun uncha ko‘p urishmadi. Militsiyadan chiqqanimizdan so‘ng tez yordam chaqirtirib, Buxoro shahar kasalxonasi xirurgiya bo‘limiga olib bordik, u yerda qovurg‘asi singanini aytishdi”.  Iqtibos tugadi. [2].

Yana Ozodlikdan iqtibos: “Mavlonov ham To‘raev ham militsiya bo‘limida kaltaklangani yuzasidan huquq-tartibot idoralariga arz qilishmagan.

– Arz qilsalaring “qamattirvoraman”, deb qo‘rqitdi. Kasalxonadagilar ham “shikoyat qilishing kerak”, deyishdi, men “yo‘q” dedim. Shikoyat qilganning foydasi yo‘q, ular doim o‘zinikini himoya qilar ekan, aybli biz bo‘lib qolar ekanmiz, – deydi Mavlonov”.  Iqtibos tugadi.

3-voqea.  Fermerning qo’ylarini militsionerlar tomonidan so’yib tashlanishi.  [3,4].

Fergananews.com internet saytining yozishi bo’yicha O’zbekistonning Sirdaryo viloyati Sardoba tumani huquqni himoya qilish organlarining xodimlari Navoiy viloyatidagi “Zimboshi” fermer xo’jaligiga tegishli qo’y va echkilardan iborat podaning bir qismini yo’q qilishgan.  Kun.uz bu voqea 17-oktyabrda bo’lganini xabar qilgan.

Zimboshi” fermer xo’jaligining raisi Dilshod Uzoqovning aytishi bo’yicha, 800 boshdan iborat jonivorlar podasi Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining mahalliy fermerlari bilan kelishilgan holda o’tlatilgan. Xususan Sardoba tumanida “Abduaziz chorvasi” xo’jaligi chorvadorlarga o’zining o’tloqlarini o’tlatishga taqdim qilgan.

 Biroq, tuman ichki ishlar bo’limining xodimlari noma’lum sabablarga ko’ra, podaning bir qismini go’shtga so’yishga qaror qilishgan.  Ular umumiy hisobda 28 qo’y va echkini so’yishgan, yana 7 qo’yni o’zlari bilan olib ketishgan. Natijada fermer xo’jaligi 35 bosh jonivorini yo’qoqtgan.  Militsionerlar tomonidan so’yilgan jonivorlarning keraksiz qoldiqlari polda sochilib yotardi.

Abduaziz chorvasi” xo’jaligi raisi Akrom Xo’janovning aytishi bo’yicha, uning shartnoma bo’yicha o’tlog’ini taqdim qilgan hamkasbiga hech qanday da’vosi yo’q.  Uning aytishi bo’yicha jonivorlar uning ekinlariga hech qanday zarar yetkizmagan. Shu sababli fermer huquqni himoya qilish organlariga murojaat qilmagan va mahalliy militsionerlar nega bunday qilganini u tushunmagan.

Dilshod Uzoqov bo’lgan hodisa to’g’risida O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev virtual qabulxonasiga va Respublika Bosh prokuraturasiga shikoyat jo’natgan.  U uning jonivorlarining bir qismini so’yib va olib ketgan ichki ishlar xodimlarini jazolanishiga umid qiladi. [4].

4-voqea.  Forishda maktab direktorlariga yarim million so’mdan paxta solig’i solinishi.

Ozodlikdan iqtibos: “Forish. “Jizzax viloyati Forish tumanidan yozmoqdaman. 23 oktyabr kuni Forish tumani xalq ta’limi bo’limida 64 ta direktor ishtirokida yig’ilish bo’lib o’tdi. Xalq ta’limi bo’limi mudiri Oybek Erxonov har bir maktab direktori paxta uchun 500 ming so’mdan berishi kerakligini aytdi. Bu tuman hokimining topshirig’i ekan. O’n besh kun oldin xalq ta’lim bo’limi mudiriga 100 mingdan yig’ib bergandik. Shunda ham, “Odam chiqar!” deb holi-jonimizga qo’ymagandi hokim, prokuror va xalq ta’limi bo’limi mudiri. Endi esa yarim milliondan talab qilishmoqda. Jonga tegdi-ku bu! Prezident o’qituvchiga tegma desa ham, tumanlardagi rahbarlar ta’lim xodimlarini kuppa-kunduzi to’nash bilan ovora…”. Iqtibos tugadi. [5].

Qisqa qilib aytganda, yuqoridagi ro’y bergan to’rt voqeada O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 22, 19, 53-moddalari oyoq osti qilingan.  [6].

22-modda.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi.

19-modda

O’zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo’lgan huquqlari va burchlari bilan o’zaro bog’liqdirlar.
Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo’yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo’yishga hech kim haqli emas.

53-modda

Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

O’zbekiston va Rossiya davlatlari tomonidan BMTning ikki Pakti va ko’plab konventsiyalari ratifikatsiya qilinganini e’tiborga olsak, O’zbekiston vatandoshlarining huquq va erkinliklari O’zbekiston va Rossiya hududlarida hurmat qilinishi kerak, kafolatlanishi kerak.

Biroq, O’zbekiston va Rossiya hokimiyat organlari o’z vatandoshlarining huquq va erkinliklarini hurmat qilmasligi, kafolatlamaganligi dunyo jamoatchiligiga ma’lum.  Bu mamlakatlarda inson huquqlari va erkinliklarining hurmat qilinmasligiga asosiy sabab sifatida hokimiyat organlarida ishlovchi amaldorlar aybdor hisoblanadi.

Ikkinchi navbatda bu mamlakatlar vatandoshlarining o’z huquqlari va ekinliklari uchun kurashmasliklari yoki kurashishni bilmasliklari yanada kurashishni bilish uchun harakat qilmasliklari ham muhim sabablardan biridir.

Bunga yaqqol misol sifatida bosh qarorgohi Londonda joylashgan Amnesty International tashkilotidir.  Bu tashkilotning dunyo bo’ylab 7milliondan ko’proq a’zosi bor. [7].

Amnesty Internationalning Irlandiya bo’limida esa 20 mingdan ko’proq a’zosi bor. [8].

Bu a’zolar moliyaviy imkoniyatlariga qarab, uch xil shaklda faoliyat ko’rsatadilar.  

1-Xodim sifatida.

Tashkilotning xodimi sifatida va boshqaruv organlarida faoliyat ko’rsatish uchun inson huquqlari sohasida katta bilim va tajribaga ega bo’lish kerak.

2-Homiy.

O’ziga toq odamlar tashkilotga moddiy yordam beradilar, pul o’tkazadi yoki tashkilot tadbirlarini o’tkazishni yoki tashkilotga kerak bo’ladigan jihozlarni sotib olishni moliyalaydi.

3-Ko’ngillilar(Volontyorlar).

Tashkilotning tadbirlarida ko’ngilli bo’lib faoliyat ko’rsatuvchi a’zolar.  Ko’ngillilar asosan dam olish kunlari, ish ta’tilida yoki zarurat bo’lgan paytda ishdan bo’sh vaqtlarida tashkilotning tadbirlarida beg’araz ishtirok etadilar.

Erkin, demokratik mamlakatlarda tashkilotning xodimlari, homiylari, ko’ngillilari o’z mamlakatlarida va dunyoning boshqa mamlakatlarida inson huquqi va erkinliklarining kafolatlanishini o’ta muhim deb hisoblaydilar va shuning uchun vijdonan, mas’uliyatni bo’yniga olib kurashadilar.

Afsuski, O’zbekiston va Rossiya kabi mamlakatlarda ko’plab vatandoshlar o’z huquqlari va erkinliklarining kafolatlanishiga faqat hokimiyat organlarini mas’ul deb biladilar.

Dunyoning erkin, demokratik mamlakatlarida vatandoshlarning konstitutsion huquq va erkinlari uchun kurashuvchi, qashshoqlikka qarshi, korruptsiyaga qarshi, qiynoqlarga qarshi, so’z erkinligi uchun, norozilik bildirish erkinligi uchun, tashkilotlarga uyushish erkinligi uchun, harakatlanish erkinligi huquqi uchun, ayollar, bolalar, nogironlar hamda ekologik va boshqa ko’plab huquqlar uchun kurashadigan tashkilotlar bisyor.

Erkin, demokratik mamlakatlarda vatandoshlarning har biri biron bir inson huquq tashkilotida xodim sifatida, homiy sifatida, ko’ngilli sifatida ishtirok etishni o’zining fuqaroviy burchi deb biladi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

26-oktyabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Migrantlar Tula ko‘chalaridan asirlardek olib o‘tildi (VIDEO+FOTO). 23.10.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29559732.html ).

2. Buxorolik mardikor militsiya zobiti do‘pposlagani haqda arz qildi. 24.10.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29561784.html ).

3. FERMERNING MULKIGA CHANG SOLISHDI. KunUZ .Published on Oct 23, 2018. ( https://www.youtube.com/watch?v=c4BcGRb6dEc ).

4. Сырдарьинские милиционеры устроили налет на стадо баранов. 24.10.2018. ( http://www.fergananews.com/news/33575 ).

5. ЖИЗЗАХ – “Форишда мактаб директорларига ярим миллион сўмдан пахта солиғи солинди”. 24.10.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/paxtagram-maktab-forish/29561160.html ).

6. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

7. Amnesty International is a global movement of more than 7 million people who take injustice personally. We are campaigning for a world where human rights are enjoyed by all.( https://www.amnesty.org/en/who-we-are/ ).

8. Amnesty International is a global movement of more than 7 million people who take injustice personally. We are campaigning for a world where human rights are enjoyed by all.

In Ireland, our 20,000 members and supporters campaign on issues like reproductive rights, ending torture and protecting migrant & refugee rights, among others. We are independent of any political ideology, economic interest or religion. We are funded by our members and supporters.

( https://www.amnesty.ie/who-we-are/ ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.