O’zbekistondagi korruptsiya va prezident Shavkat Mirziyoyevning Frantsiyaga rasmiy tashrifi

Spread the love

Men bu maqolada O’zbekistondagi gullab-yashnayotgan korruptsiya va O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilning 8-9-oktyabr kunlari rasmiy viziti to’g’risida o’z fikrlarimni aytmoqchiman.

Ozodlikdan iqtibos: “O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Frantsiyaga tashrifi doirasida avtomobil transportida tashish, turizm, harbiy texnikaviy hamkorlik, texnik ko’mak, kosmosni taqiq etish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, madaniyat va boshqa sohalarga oid hukumatlararo va idoralararo 10 ta hujjat imzolandi.

Bu haqda O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

9 oktyabr kuni Yelisey saroyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Frantsiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning uchrashuvi bo’lib o’tdi”.  Iqtibos tugadi. [1].

Fergana.ru internet saytining yozishicha Frantsiyaning Veolia kompaniyasi Toshkent shahrida suvni tozalab, aholiga toza suv yetkazib berish, axlatlarni tozalash, energiya bilan ta’minlash va transport xizmatlari ko’rsatish bo’yicha 25 yilga kelishuvga erishilgan.  Bu kelishuvga muvofiq Toshkent shahrida ichimlik suvi va foydalanib bo’lgan suvlarni tozalash bo’yicha kelajakdagi kontrakt uchun tayyorgarlik ishlarini olib boradi.

1,5 milliard turadigan 25 yillik shartnoma(kontrakt) 2019-yilning birinchi yarmida kuchga kiradi.

 Frantsiya Taraqqiyot agentligi bilan O’zbekistonda infrastruktura loyihalar uchun 600 million yevrolik hamkorlik dasturi imzolangan.

 Bulardan tashqari bir necha Frantsuz kompaniyalari bilan, shu jumladan Airbus Se, neft-gaz kompaniyasi Total, qurilish kompaniyasi Vinci, Frantsiyadagi eng katta sanoat kompaniyasi Orano (sobiq Areva), energiya kontserni Total Eren, texnologiya bo’yicha kompaniya Fives Stein, sanoat guruhi Biouygues, oziq-ovqat kompaniyasi Rungis va boshqalar bilan bir qancha loyihalarni amalga oshirishni belgilab olingan.

Bulardan tashqari Biouygues Batiment International kompaniyasi bilan Buxoro shahrining markazida 100 million yevrolik mehmonxona, restoran, magazin va ko’ngil ochish markazlari qurilishlarini moliyalashtirish bo’yicha shartnoma tuzilgan.  [2].

Prezident Shavkat Mirziyoyev Frantsiyaga rasmiy tashrif bilan kelishigacha AQSh, Janubiy Koreya va Hindiston kabi erkin, demokratik davlatlarda rasmiy tashrif bilan bo’lgan edi.  Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha bu mamlakatlardan ko’p milliardlik shartnomalar bilan qaytgan edi. O’zbekiston vatandoshlarida bu ko’p milliardlik investitsiyalarning O’zbekistonga kirib kelishi mamlakatda iqtisodiy taraqqiyotga olib keladi degan taassurot paydo qiladi.

Quyida ikki faktni hisobga olsak:

1-fakt. O’zbekiston iqtisodiyoti men avvalgi maqolalarimda ko’p marta ta’kidlab o’tganimdek, dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha sotib olish pariteti bo’yicha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish ( PPP- Purchasing Power Parity per capita) 17,300 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 7000. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 2 baravardan ko’proq orqada. [3].

2-fakt. Dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish bo’yicha 2017 yilda 10,714 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 1,504. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 7 baravar orqada. [4].

Yuqorida keltirilgan ikki faktdan ko’rinib turibdiki, marhum diktator Islom Karimov davrida milliardlab investitsiyalar O’zbekistonga kiritilgan edi.  Lekin, O’zbekiston iqtisodiy taraqqiyotga erisha olmadi. Chunki, marhum diktator Islom Karimov davrida O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha dunyodagi o’ta korruptsiyalashgan eng 5, eng 10 mamlakatlar qatoriga kirar edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida esa O’zbekiston korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha (Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatoriga kiradi.[5].

Ya’ni bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, O’zbekiston o’ta korruptsiyalshgan 5, 10 mamlakatlar qatorida bo’lganda iqtisodiy taraqqiyotga erisha olmagandi, endi eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlar qatorida bo’lib iqtisodiy taraqqiyotga erisha oladimi?!

O’zbekistonda korruptsiya darajasini pasaytirish uchun O’zbekiston vatandoshlariga iqtisodiy, siyosiy erkinliklar berilishi kerak, ommaviy axborot vositalari erkin bo’lishi kerak, mustaqil sud sistemasi shakllanishi kerak.

 Afsuski, prezident Shavkat Mirziyoyevning bu islohotlarni amalga oshirishi hozircha noma’lum.

Korruptsiyaning iqtisodiy taraqqiyotga to’sqinlik qilishiga GM Uzbekistan qo’shma korxonasining faoliyati yaqqol misol bo’la oladi.

Ozodlikdan iqtibos: “O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mashinalar salonlarda turib qolayotgani bois¸ «O‘zavtosanoat» AJ ning Asakadagi GM Uzbekistan zavodi katta zarar ko‘rmoqda.

Bu ma’lumotni jamoatchilikka ochiqlash vakolatiga ega bo‘lmagan GM Uzbekistan boshqaruviga yaqin mulozim 9 oktabr kuni Ozodlikka shunday dedi.

Suhbatdosh ta’kidicha¸ bunday inqiroz GM Uzbekistan zavodi butun rahbariyatining yoppasiga ishdan bo‘shatilgani oqibatidir.

Xaridor ehtiyojidan ko‘ra ko‘proq avtomobil chiqargan no‘noq yangi rahbariyat shu paytgacha shakllangan¸ mamlakatdagi birlamchi va ikkilamchi mashina bozoridagi muvozanatni izdan chiqardi”¸ deb baho berdi joriy vaziyatga zavod boshqaruvidagi mulozim.

«O‘zavtosanoat» matbuot xizmatining 9 oktabr kuni Ozodlik suhbatlashgan mulozimi¸ vaziyat uchun “ishlab chiqarishda turg‘unlik va zararga sabab bo‘lgan eski rahbariyat”ni aybladi

O‘zini tanishtirmagan «O‘zavtosanoat» rasmiysi¸ “yaqin kunlarda mahalliy avtomobil sanoatini rivojlantirishning yangi kontsepsiyasi samarasidan xaridorlar bahramand bo‘lishini” va’da qildi.

Ayni paytda «O‘zavtosanoat» mulozimi bu yangi kontsepsiya aynan nimadan iborat ekanligini aniq tushuntirib bera olmadi.

Rossiya avtosanoati bo‘yicha kitoblar muallifi Sergey Seninskiyga ko‘ra¸ “Karimov davrining totalitar mahsuli bo‘lgan «O‘zavtosanoat» erkin bozor sharoitida o‘limga yuz tutgan”.

Mashina bozori nega falaj bo‘ldi?

GM Uzbekistan zavodi boshqaruviga yaqin mulozimning aytishicha¸ “avtomobilsozlik va mashina bozoridan bexabar” rahbariyatning uquvsizligi bois mamlakat milliy avtosanaoati boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

“GM Uzbekistan bosh direktoridan boshqa hamma rahbariyat va mutaxassislar sentabr oxirida ishdan bo‘shatildi. Buning oqibatida mashina savdosi falaj bo‘ldi. Tushum tushib ketdi. Savdo-sotiq yo‘q. Salonda turgan mashinani odamlar olmay qo‘ydi. Bozor to‘ydi¸ lekin zavod pulsizlikdan o‘layapti”¸ deydi suhbatdosh.

Monopolist mavqeidagi eskirgan rusumli avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod qanday qilib “bozordagi xaridorni to‘ydirganligini” tushuntirib bergan mulozim¸ “ehtiyojga ko‘ra taklif” degan iqtisodiy formula buzilganidan xavotir bildirdi.

“Yangi rahbariyat davlatdan pul olib Captiva¸ Malibu mashinalar ishlab chiqarish miqyosini ancha oshirdi. Endi davlatga pulni qaytarishi kerak¸ ammo pul yo‘q. Chunki mashina sotilmagan. Bundan tashqari¸ ikkilamchi bozorni ham sindirishdi. GM Uzbekistan o‘zining salonlarda sota olmagan mashinalarini Sergeli bozoriga olib chiqdi”¸ deydi mulozim.

Talabning tushib ketishi va eksport mutlaq to‘xtagani haqida gapirgan mulozim o‘z fikriga raqamlarni ilova qildi.

“Oshirilgan proizvodstvo bu falokat bo‘ldi. Ehtiyoj yiliga 200 ming edi. O‘shanda 180 ming mashina chiqarib¸ ehtiyojni ushlab turardik. Oldindan pulini to‘lab bir oy kutib mashina olishardi. Pul-mashina-pul tizimi ishlardi. Hozir taxminan aytsak¸ 200 ming ehtiyoj uchun 240 ming mashina chiqarildi. Bu xuddi 50 kishi ovqat yeydigan restoranda 100 kishiga ovqat pishirgandek gap. Qolgan ovqat to‘kib tashlanadi va restoran bankrot bo‘ladi. Shu bizning ahvolimiz”¸ deydi suhbatdosh”.  Iqtibos tugadi. [6].

Iqtibosga men shuni qo’shimcha qilib aytamanki, GM Uzbekistan qo’shma korxonasining avtomobillari O’zbekiston vatandoshlariga Rossiya va Qozog’istonda sotiladigan avtomobillarga nisbatan qariyb ikki baravar qimmat narxda sotilardi.  Yana bu avtomobillarni sotib olish uchun O’zbekiston vatandoshlari oldindan 85% avtomobil bahosi pulini to’lab qo’yib 6-8 oylab navbati kelishini kutardi.

GM Uzbekistan qo’shma korxonasining faoliyati misolida korruptsiyaning iqtisodiy taraqqiyotga qanchalik zarar keltirishi yaqqol ko’rinib turibdi.  O’zbekiston oltin, gaz, uran kabi boyliklarga ega bo’lib ham, mehnat muhojirlari yuborgan 100 milliard dollarlar ham qariyb 30 yil davomida mamlakatni iqtisodiy qoloqlikdan chiqara olmadi.

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Frantsiyaga rasmiy tashrifiga yana 2 ta ma’lumotni keltirib o’tishni lozim topdim.

1-ma’lumot.  Frantsiya vatandoshlariga O’zbekistonga 30 kun davomida vizasiz borib-kelishga ruxsat berildi.

2-ma’lumot.  O’tyuraklar klubining asoschisi, taniqli huquqbon Mo’tabar Tojiboyeva O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifi munosabati bilan 8-oktyabr kuni norozilik piketi o’tkazishga ruxsat olgan edi va quyidagi talablarni norozilik piketida ko’tarmoqchi edi. [7,8].

1.Quvg’indagi siyosiy dissidentlar va jurnalistlarning O’zbekistonga qaytishiga ruxsat berish;

2. 2014-yilda ularning, siyosiy dissident va jurnalistlarning  fuqarolikdan mahrum qilish to’g’risidagi O’zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning farmonini bekor qilish;

3.1990 va 2000-yillarda hokimiyat tomonidan o’g’irlangan, yo’qolgan fuqarolarning ishlari bo’yicha tekshiruv, aniqlash, oqlash ishlarini olib borish;

4.O’lim jazosi bo’yicha qatl qilinganlarning nomlarini aniqlab, ularning xotirasini qayta tiklash;

5.Namanganlik deputat Olimjon To’xtanazarov va u kabi kishilarga  nisbatan soxta jinoiyatlar ochish va loy chaplashlarni bas qilish.

Mo’tabar Tojiboyeva bilan o’zbekistonlik huquqbon,faol Bashorat Eshova ham norozilik piketida qatnashmoqchi edi.  Bashorat Eshovaning o’g’li Ulug’bek Eshov o’lim jazosiga hukm qilingandi. Hukm ijro etilgan. Bashorat Eshova hukm qachon ijro etilgan, o’g’li qayerga ko’milgan kabi talablar bilan chiqmoqchi edi.

 Lekin, O’zbekiston hokimiyati Mo’tabar Tojiboyeva bilan muloqotga chiqib, uning talablari bo’yicha hamkorlik qilishni taklif qilgan.  Mo’tabar Tojiboyeva hokimiyat hamkorlikka borganligi sababli piketni bekor qilgan. [7,8].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

12-oktyabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Ўзбекистон билан Франция ўртасида 10 та ҳужжат имзоланди. 10.10.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29535649.html ).

2. Узбекистан на 25 лет отдаст очистку воды в Ташкенте французской компании . 10.10.2018. ( http://www.fergananews.com/news/33221 ).

3. List of countries by GDP (PPP) per capita. 2017. (https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP)_per_capita ).

4. The World Bank. 2017. GDP per capita (current US$) .(https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.CD ).

5. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

6. “Ehtiyojdan ko‘p mashina ishlab chiqargan GM Uzbekistan bankrotlik yoqasida”. 09.10.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29534360.html ).

7. Разрешение на пикет в Париже в день визита Шавката Мирзиёева получено. 08.10.2018. (https://centre1.com/world/razreshenie-na-piket-v-parizhe-v-den-vizita-shavkata-mirziyoeva-polucheno/ ).

8. Мутабар Таджибаева отменила пикет в Париже! 09.10.2018. (https://centre1.com/world/mutabar-tadzhibaeva-otmenila-piket-v-parizhe/ ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.