O’zbekiston rivojlangan, o’rtacha rivojlangan yoki qoloq mamlakatmi?

Spread the love

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2018-yil uchun Inson Taraqqiyoti hisoboti e’lon qilindi.

Ozodlikdan iqtibos; “BMT O’zbekistonni Inson Taraqqiyoti bo’yicha rivojlanish yuqori bo’lgan davlatlar qatoriga kiritdi. BMT Taraqqiyot dasturining 2018 yil uchun e’lon qilingan yangi hisobotida O’zbekiston 189 davlat orasida 105-o’rinni egalladi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, O’zbekistonda umr ko’rishning o’rtacha yoshi 71 yil 4 oyni, ta’lim olish jarayoni o’rtacha 12 yilni tashkil etadi. Yalpi ichki mahsulot jon boshiga taqsimlanganida 6470 dollardan to’g’ri keladi.

Aholining 46,8 foizi internetdan foydalanish imkoniyatiga ega”. Iqtibos tugadi. [1].

BMTning Inson Taraqqiyoti bo’yicha hisobotidan ba’zi mamlakatlarning ko’rsatkichlari: [2], 1-jadval 22-bet (table 1, page 22).

Eng Yuqori Inson Taraqqiyoti 2017 (Very High Human Development 2017).

Norvegiya mamlakati 2017-yilda 0,953 ball bilan dunyoda 1-o’rinni egallagan.

1.Norvegiya. 0,953;

2.Shveytsariya. 0,944;

3.Avstraliya. 0,939;

4.Irlandiya. 0,938;

30.Estoniya. 0,871;

41.Latviya. 0,847;

49.Rossiya Federatsiyasi. 0,816;

53.Belorussiya. 0,808;

58.Qozog’iston. 0,800;

Yuqori Inson Taraqqiyoti 2017(High Human Development 2017).

60.Eron. 0,798;

64.Turkiya. 0,791;

70.Gruziya. 0,780;

80.Ozarbayjon. 0,757;

83.Armaniston. 0,755;

88.Ukraina. 0,751;

105.O’zbekiston. 0,710;

108.Turkmaniston. 0,706;

112.Moldaviya. 0,700;

O’rtacha Inson Taraqqiyoti 2017 (Medium Human Development 2017).

113.Filippin. 0,699;

122.Qirg’iziston. 0,672;

127.Tojikiston. 0,650;

151.Kamerun. 0,556;

 

Past Inson Taraqqiyoti 2017 (Low Human Development 2017).

152. Solomon orollari. 0,546;

189.Niger. 0,354.

Yuqoridagi ro’yxatda keltirilgan mamlakatlar uchun ball ko’rsatkichi 3 tarkibdan(komponent) iborat.

1-O’rtacha umr ko’rish yoshi,

2-O’rtacha maktabga qatnash yillari,

3-Aholi jon boshiga ichki yalpi mahsulot sotib olish pariteti bo’yicha(SOP jon boshiga), (PPP, per capita).

Shu 3 tarkib bo’yicha olganda O’zbekiston 0,710 ball bilan o’rtacha umr ko’rish yoshi 71,4 yil,

O’rtacha maktabga qatnash yillari 11,5 yil,

SOP, jon boshiga 6,470 AQSh dollari.

Eng Yuqori Inson Taraqqiyot ko’rsatkichga erishgan dunyoda 1-o’rinni egallagan Norvegiya 0,953 ball, o’rtacha umr ko’rish yoshi 82,3,

O’rtacha maktabga qatnash yillari 12,6,

SOP, aholi jon boshiga 68,012.

O’zbekistonning Inson Taraqqiyoti bo’yicha ko’rsatkichini ro’yxatning eng tubida joylashgan dunyoda 189-o’rinni egallagan Niger mamlakati 0,354 ball,

O’rtacha umr ko’rish yoshi 60,4;

O’rtacha maktabga qatnash yillari 2 yil;

SOP, aholi jon boshiga 906, taqqoslasak.

Yuqori Inson Taraqqiyotiga erishgan O’zbekistonni Eng Yuqori Inson Taraqqiyotiga erishgan Norvegiya bilan va Past Inson Taraqqiyotiga erishgan Niger bilan taqqoslaganimizda O’zbekistonliklarning o’rtacha umr ko’rish yoshi (71,4) Norvegiyadan (82,3) taxminan 10 yosh kam va taxminan Nigerdan (60,4) 10 yosh ko’p.

O’rtacha maktabga qatnash yillari O’zbekiston uchun 11,5 yil, Norvegiya uchun 12,6 yil va Niger uchun 2 yil.

Maktabga qatnash yillari bo’yicha O’zbekiston va Norvegiya o’rtasidagi farq atigi 1 yil, lekin Niger bilan farq 9,5 yil.  Bu katta farq.

Inson Taraqqiyoti bo’yicha O’zbekistonning ko’rsatkichidan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston Yuqori Inson Taraqqiyotiga erishgan mamlakatlar qatorida.  Ya’ni, O’zbekiston Inson Taraqqiyoti bo’yicha Yuqori Taraqqiyotga erishgan.

Haqiqatan O’zbekiston yuqori taraqqiyotga erishganmi?!

Men bu savolga yarim yo’q deb javob beraman. Yarim yo’q deb javob berganimni batafsil tushuntirishga harakat qilaman.

O’zbekiston SSSR tarkibida bo’lgan paytda sovet tashviqotchilari (propagandistlari) O’zbekiston SSRda bepul ta’lim, bepul tibbiy xizmat, ishsizlik yo’q va O’zbekistonda samolyotlar, traktorlar, paxta terish mashinalari, ekskavatorlar ishlab chiqariladigan, qishloq xo’jaligi sanoatlashgan va metrosi bor, Yadro fizikasi ilmiy tadqiqot instituti, Kibernetika ilmiy tadqiqot instituti faoliyat ko’rsatayotgan ya’ni boshqacha aytganda fan-texnika, sanoat, qishloq xo’jaligi, madaniyat, san’at va sport rivojlangan mamlakat sifatida tashviqot qilinar edi.  

Marhum diktator Islom Karimov o’limiga qadar, 2016-yilgacha, O’zbekiston avtomobillar ishlab chiqaradigan, o’ta tez yurar poezdlar (Afrosiyob) qatnaydigan, metrosi bor mamlakat sifatida tashviqot qilinardi.

Lekin, O’zbekistonning aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (sotib olish pariteti, aholi jon boshiga), (PPP per capita) bo’yicha dunyo mamlakatlari qatoridagi o’rni va inson huquqlari ahvoli to’g’risida lom-mim deyilmasdi.

 Zero, O’zbekiston korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha (Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatoriga kiradi.[3].

O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (Economic Freedom Index) 51,5 bal bilan 152-o’rinni egallaydi va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatoriga kiradi.[4].

Xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekiston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 7 balga ega bo’lib, dunyoning eng 10ta yomonlari qatorida.[5].

O’zbekiston iqtisodiyoti men avvalgi maqolalarimda ko’p marta ta’kidlab o’tganimdek, dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha sotib olish pariteti bo’yicha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish ( PPP- Purchasing Power Parity per capita) 17,300 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 7000. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 2 baravardan ko’proq orqada. [6].

Dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha mahsulotlar ishlab chiqarish va hizmatlar ko’rsatish bo’yicha 2017 yilda 10,714 AQSH dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 1,504. Shu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan 7 baravar orqada. [7].

Xulosa shuki, O’zbekiston o’rtacha umr ko’rish yoshi va o’rtacha maktabga qatnash yillari bo’yicha Yuqori Taraqqiyotga erishgan (Eng Yuqori emas).  Chunki, O’zbekiston SSSR davrida 100% savodxonlikka va zamonaviy tibbiy xizmatga erishgan edi.

O’zbekiston mustaqillik yillarida SSSR davrida erishgan zamonaviy ta’lim va zamonaviy tibbiy xizmatni saqlab qola oldi.

Lekin, O’zbekiston iqtisodiy ko’rsatkichlar bo’yicha, inson huquqlari ahvoli bo’yicha, korruptsiya bo’yicha, siyosiy va iqtisodiy erkinliklar bo’yicha hanuz qoloq mamlakatlar qatorida.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

21-sentyabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. БМТ Ўзбекистонни инсон тараққиёти юқори бўлган давлатлар қаторига киритди. 17.09.2018. ( https://www.ozodlik.mobi/a/29493602.html ).

2. UNDP. Human Development Indices and Indicators 2018 Statistical Update.(http://hdr.undp.org/sites/default/files/2018_human_development_statistical_update.pdf ).

3. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

4. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

5. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

6. List of countries by GDP (PPP) per capita. 2017. (https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP)_per_capita ).

7. The World Bank. 2017. GDP per capita (current US$) .(https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.CD ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.