Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida O’zbekistonda so’z erkinligiga erishiladimi?

Spread the love

2018-yil sentyabr oyining birinchi o’n kunligida O’zbekiston jurnalistikasi va ommaviy-axborot vositalariga tegishli bo’lgan to’rt voqea, hodisa bo’lib o’tdi.

 Birinchi voqea.  Jurnalistika universitetining ochilishi marosimi.

O’zAdan iqtibos: “Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Marosimda soʻz olganlar Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tashkil etilgani kelajakda sohada yetuk kadrlar tayyorlash borasidagi yana bir muhim qadam boʻlganini taʼkidladi.

Tadbirda universitet rektori Sh.Qudratxoʻjayev barchani samimiy qutlab, hamkor tashkilotlar vakillariga sertifikatlar topshirdi.

Marosimda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti taqdimotiga bagʻishlangan film namoyish etildi.

…Hayajonli damlar. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tantanali ochilish marosimi lentalari kesildi.

2018/2019 yilgi oʻquv yili tantanali boshlandi, – deydi Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti internet jurnalistika va ijtimoiy tarmoqlar fakulteti dekani Nozima Muratova. – Oʻquv auditoriyalarining har birida media mahsulotlarni uzatish, koʻrish imkoniyati yaratilgan, dars jadvallari ham elektron tarzda yoʻlga qoʻyilgan. Bakalavr bosqichida esa 8, magistratura bosqichida 9 yoʻnalishda talabalarimiz bilim oladi.

–Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur universitet talabasi boʻlish sharafiga muvaffaq boʻldim, – deydi Dilshoda Olimova. – Kelajakda oʻzbek jurnalistikasini jahonga tanitadigan salohiyatli kadr boʻlib yetishishga bor kuchimni sarflab, harakat qilaman”. Iqtibos tugadi. [1.2].

Ikkinchi voqea.  Turon24 agentligining ochilish marosimi.

Ozodlikdan iqtibos: “8 sentabr kuni Toshkentda mustaqil va nodavlat ommaviy axborot vositasi sifatida taqdim qilingan Turon24 axborot agentligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

«O‘zekspomarkaz»da estrada yulduzlari va jurnalistlar ishtirokida ochilgan Turon24 vakillari “xalqqa tez va ishonchli xabarlar beradigan” agentlik bo‘lajagi haqida va’da berishdi.

Turon24 agentligi Siyosat bo‘limi mudiri Sardor Salim o‘zining facebokdagi sahifasida “Nashr millatning bir-biri bilan gaplashish imkonini yaratish uchun maydonga chiqdi”, deb yozdi:

“Biz O‘zbekistonda bir-birimiz bilan deyarli gaplashmaymiz. Muammomiz ham shundan. Bahs qilayotganlarning biri monolog aytadi¸ ikkinchisi qulog‘ini bekitib oladi. Lekin millat bugun matbuot sahifasi yoki parlament debatlarida o‘zaro bahslashmasa ertaga ko‘chada “bahslashadi”.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida OAV sifatida ro‘yxatga olingan¸ 200 dan ziyod jurnalistni birlashtirgan Turon 24 agentligi Bosh muharrir o‘rinbosari – Dilshod Saidjonov Ozodlik radiosiga bergan eksklyuziv suhbatida “Nashrimiz millatning barcha qatlamlariga shu jumladan muxolifatning konstruktiv takliflariga minbar” beradi dedi:

– Mamlakatdan chiqib ketgan siyosiy muxolifat vakillariga ham, hukumatga ham birdek minbar berishga tayyormiz. Hozirning o‘zida har ikki tomonga ham o‘z pozitsiyasini bildirish imkonini yaratish ustida ishlayapmiz. Agar chet eldagi muxolifat faolida umumiy emotsional gap yoki pafos emas¸ balki aniq¸ konkret¸ konstruktiv taklif bo‘lsa, ularga minbar berishga tayyormiz”.  Iqtibos tugadi. [3].

Uchinchi voqea.  Hibsdagi blogerlar.

Amerika Ovozidan iqtibos: “O’zbekistonda Ziyo.uz kutubxonasi asoschisi Davronbek Tojialiyev O’zbekistondagi ommaviy hibslar yangi hokimiyatga nisbatan umidlarni so’ndirayotgani haqida gapirmoqda. U ham hibsga olingan blogerlar qatorida ekani haqida ma’lumot tarqalgan edi.

Hozirgacha olti nafar bloger hibsga olingani tasdiqlangan, huquq himoyachilari tarqatgan xabarda esa hibsdagilar soni 10 kishidan oshgani aytiladi.

So’roqqa tutilganlar ro’yxatida Davron Tojialiyevning ham ismi keltirilgan, uning o’zi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda buni rad etadi, ammo blogerlarning ommaviy ushlanayotgani jamoatchilikni jiddiy xavotirga solganini ta’kidlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lgan blogerlarning hibs qilinishi ikki haftadan buyon davom etmoqda. Nafaqat Toshkent, balki viloyatlarni ham qamrab olgan bu hibslar huquq-tartibot organlari rejalangan amaliyot o’tkazishayotganidan darak beradi.

Olti kishi – Adham Olimov, Ziyovuddin Kabirov, Otabek Usmonov, Miraziz Ahmedov, Dilshodbek Xalilov, Xurshidbek Muhammadroziqovlar hibs qilingani, 15 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolangani tasdiqlangan”.  Iqtibos tugadi. [4].

Yana Amerika ovozining shu maqolasidan iqtibos: “Hibsga olingan blogerlarning hammasini bir mavzu – diniy vaziyatga doir chiqishlari birlashtirib turadi. Ijtimoiy tarmoqdagi munozaralar O’zbekistonda yagona maktab formasining tasdiqlanishi ortidan ayniqsa qizigan edi.

Tojialiyevga ko’ra, hammasi aslida avvalroq, Xalqaro press klubda diniy sohadagi islohotlarga doir o’tgan muloqot, bolalarga machitga borishiga ruxsat bermaslik yuzasidan bildirilgan mulohazalardan so’ng boshlangan.

Hukumat tomonidan yagona maktab formasi tasdiqlanishi, maktabda diniy mansublikka oid kiyimlar rasman taqiqlanishi esa formani tasdiqlash yuzasidan o’tkazilgan muhokamada qatnashganlarda keskin norozilik uyg’otgan.

Muloqotda yosh bolalarni machitga qo’yilmasin, maktabga qatnasin degan fikrlar aytildi. Undan keyin esa maktab formasi haqidagi muhokamalar yuzaga chiqdi. Unda maktabga bosh kiyim bilan kelishgataqiqni olib tashlash uchun juda ko’plab fikrlar bildirildi, lekin ular inobatga olinmadi. Buning ustiga Vazirlar Mahkamasi qarorida diniy mansublikni bildiruvchi har qanday kiyimlar (masalan hijob), belgilar, qoidalar taqiqlanishi aniq-tiniq qilib belgilab qo’yildi. Bu narsa juda ko’pchilikni hayron qoldirdi, ba’zilarni g’azabga ham keltirdi. Chunki shuncha odam davlat bizning fikrimizni eshitar ekan deb targ`iblar qildi, lekin xalq fikri inobatga olinmaganidan keyin ehtiroslar yanada jo’shib ketdi.Nazarimda, bu hibslar shu ehtiroslarni bosish uchun ham boshlandi”, – degan fikrda Tojialiyev”.  Iqtibos tugadi. [4].

To’rtinchi hodisa.  Facebookdagi uzilishlar.

Ozodlikdan iqtibos: “5 sentabrdan boshlab O‘zbekistonda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida boshlangan jiddiy uzilishlarni Ozodlikka sharhlagan “O‘zbektelekom” rasmiysi¸ bu muammoning Facebookning o‘zi yoki global maydonda Internetga ulanishdagi uzilishlarga borib taqalishini iddao qildi.

32 milliondan ko‘proq aholisi bor O‘zbekistonni Internet bilan ta’minlovchi yagona manba bo‘lgan “O‘zbektelekom” rasmiysi¸ o‘zbekistonliklarning Facebook tarmog‘iga kirish¸ xususan¸ unga video yoki sharh yuklashda duch kelayotgan muammosida milliy operatorning “qo‘li yo‘qligi”ni iddao qildi.

Bu muammo bo‘yicha hozir Mininfokom bilan shug‘ullanayapmiz. Ammo hozircha aytishim mumkin bo‘lgani¸ biz tomondan hech qanday muammo yo‘q¸ hammasi shtatniy rejimda ishlayapti. Texnik bo‘limimiz masalaning tagiga yetishga urinayapti. Aniq xulosaga kelinsa¸ e’lon qilamiz”¸ dedi Ozodlik 10 sentabr kuni gaplashgan “O‘zbektelekom” rasmiysi.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi o‘zbekistonliklar orasida eng keng tarqalgan Facebookda kuzatilayotgan muammo manbasi¸ mamlakatdagi Internet monopolisti sanalgan “O‘zbektelekom” rasmiysi iddaosicha¸ Facebookning o‘ziga borib taqaladi:

Kuzatayotgan bo‘lsangiz¸ Facebook butun dunyoda¸ masalan¸ Braziliya va Portugaliyada ham osilib qolayapti. Muammoning ildizi¸ aftidan Facebookning o‘zida. Balki internetga bog‘lanish bilan ham muammo bordir”.

10 sentabr kun davomida Ozodlik O‘zbekiston Aloqa¸ axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi rasmiylaridan izoh olishga urindi.

Qo‘mitaning Ozodlik gaplashgan axborot xavfsizligi bo‘yicha rasmiysi¸ bu masalada hech qanday izoh bera olmasligini bildirish bilan cheklandi.

Muammo Facebookda emas!”

Ozodlik bilan suhbatda Facebook faoliyatini yaqindan biladigan mutaxassis¸ “O‘zbektelekom” rasmiysi bayonotining asossizligini ta’kidladi.

Muammo Facebookning o‘zidan bo‘lganda edi¸ birinchidan shirkat bu haqda foydalanuvchilarni ogohlantirgan bo‘lardi. Ikkinchidan¸ bu muammo bir necha soat¸ aniqrog‘i bir soatga borib-bormay yechimini topgan bo‘lardi. Chunki bunday uzilish Facebook biznesi uchun qimmatga tushadi va foydalanuvchilar ishonchiga putur yetkazadi. Uchinchidan¸ agar muammo Facebookning o‘zidan bo‘lganida edi¸ u VPN bilan kirganda ham ishlamagan bo‘lardi. Va nihoyat Internetga ulanish bo‘yicha muammo bor¸ degan gap ham asossiz¸ chunki foydalanuvchilar umuman Internetga ulanishda emas¸ balki aynan Facebookka kirish¸ xususan¸ unga ma’lumot yuklashda uzilishga uchramoqda”. Iqtibos tugadi. [5].

O’zbekiston ommaviy-axborot vositalarida Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti va Turon24 axborot agentligining faoliyat boshlaganligini O’zbekistonda zamonaviy jurnalist kadrlarni yetishtirib chiqarish va axborot maydonida raqobatning kuchayishi tezkor va sifatli axborotni yetkazib berish yaxshilanadi deyilyapti.

Men bu fikrga qo’shilmayman, chunki, O’zbekistonda mulkchilikning aksariyat qismi davlat mulkchiligidir. Bu degani O’zbekistondagi jurnalistika universiteti va Turon24 axborot agentligi davlatga qarashlidir. Bu tashkilotlar siyosiy tuzum avtoritar bo’lganligi uchun, moddiy tarafdan davlatga qaram bo’lganligi uchun O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 67-moddasi ishlamaydi.

67-modda.

Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.

Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Diniy blogerlar masalasiga kelsak, diniy blogerlar tomonidan O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 41, 61,57-moddalarini bilmasligi katta kelishmovchiliklarni keltirib chiqaryapti.

41-modda.

Har kim bilim olish huquqiga ega.

Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.

Maktab ishlari davlat nazoratidadir.

61-modda.

Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi.

57-modda

Konstitutsiyaviy tuzumni zo’rlik bilan o’zgartirishni maqsad qilib qo’yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qiluvchi, xalqning sog’lig’i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi.

Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi.

Diniy blogerlar uchun-din davlatdan ajratilgan yoki din davlatdan ajratilmagan- degan tushunchalarning ular uchun farqi yo’q.  Mana shundan kelishmovchiliklar kelib chiqyapti.

O’zbekistonni boshqarayotgan sobiq sovet davri rahbarlari uchun, shu jumladan prezident Shavkat Mirziyoyev  uchun ham O’zbekiston vatandoshlarining huquq va erkinliklarini oyoq osti qilishlari ular uchun oddiy hol.

Faqat demokratik qarashdagi jahon jamoatchiligining, xalqaro inson huquqi tashkilotlarining,davlatlarning, BMTning tashqi bosimigina bu sobiq sovet rahbarlarining inson huquqlari va erkinliklarini oyoq osti qilishlarini jilovlab turadi.

Zero, O’zbekistonda internet erkin emas. [7,8].

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining 2018-yilgi hisobotiga ko’ra, O’zbekiston 180 mamlakat ichida 60,84 ball bilan 165-o’rinda. [9].

Shu jumladan:

1.Norvegiya,7,63;

2.Shvetsiya, 8,31;

3.Hollandiya,10,01;

164.Эрон,60,71;

165. Ўзбекистон,60,84;

166.Баҳрайн,60,85;

180.Shimoliy Koreya,88,87.

Yuqoridagi ro’yxatdan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston so’z erkinligi bo’yicha dunyodagi 15ta eng so’z erkinligi bo’g’ilgan mamlakatlar qatorida.

O’zbekistonda internet tezligi.  Mobil telefonlar uchun yuklab olish (download) Mbps.  O’zbekiston dunyodagi 124 mamlakat ichida bu ko’rsatkich bo’yicha 9,60 Mbps bilan 110-o’rinda. [10].

Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, O’zbekistonda so’z erkinligi, internet erkinligi, internet tezligi juda ayanchli holatda.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

14-sentyabr, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Yangi universitet jurnalistika rivojiga xizmat qiladi. 07.09.2018. ( http://uza.uz/uz/society/yangi-universitet-jurnalistika-rivojiga-xizmat-qiladi-07-09-2018 ).

2. Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universiteti/Journalism & Mass Communications University. 09.09.2018.(https://www.youtube.com/watch?v=5YeMkQhekdA ).

3. Turon24: Xorijdagi muxolifat vakillariga ham, hukumatga ham birdek minbar berishga tayyormiz.10.09.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29482481.html ).

4. Hibsdagi blogerlar 10 nafardan oshdimi? 05.09.2018. (https://www.amerikaovozi.com/a/uzbekistan-bloggers-arrest/4559110.html ).

5. “O‘zbektelekom” Facebookdagi uzilishlar uchun Facebookning o‘zini aybladi. 10.09.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29482491.html ).

6.O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

7. Freedom on the Net 2017. Uzbekistan Country Profile. (https://freedomhouse.org/report/freedom-net/2017/uzbekistan ).

8. Freedom House.FREEDOM ON THE NET 2017. (https://freedomhouse.org/sites/default/files/FOTN%202017_Uzbekistan.pdf ).

9. Reports without borders. 2018 World Press Freedom Index.(https://rsf.org/en/ranking_table ).

10. Speedtest Global Index. July 2018. (http://www.speedtest.net/global-index ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.