Islom Karimov jinoyatlari qachon fosh qilinadi?!  Nahotki, prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi diktator bo’ladi?

Spread the love

O’zbekiston mustaqilligining 27 yilligi nishonlanishiga o’n kunlar qolganda O’zbekiston ommaviy-axborot vositalarida marhum diktator Islom Karimovning nomini aytishga, chop qilishga ta’qiq qo’yilganligi ma’lum bo’ldi.

 Ozodlikdan iqtibos: “O‘zbekiston MTRK tarkibidagi barcha kanallar muharrirlari joriy hafta boshida mamlakatni 1989 yildan 2016 yilgacha boshqargan marhum Islom Karimovning ismi efirda umuman aytilmasligi lozimligi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Bu haqda Ozodlikka O‘zMTRK ning uch xodimi – teleboshlovchi, telekanallardan biri Bosh muharriri va “Yoshlar” telekanali bo‘limlaridan biri boshlig‘i​ bir-biridan mustaqil ravishda xabar qildi. MTRKning uch xodimidan olingan bu ma’lumotlar yuzasidan Teleradiokompaniya rahbariyatidan hech bir shaklda izoh olishning, hozircha, imkoni bo‘lmadi.

O‘zMTRK tarkibidagi kanallaridan biridagi jonli efir boshlovchisining Ozodlikka aytishicha¸ u va hamkasblariga «Islom Karimovning nomi efir setkasiga kirgan barcha dasturlarda aytilmasligi borasida Prezident Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonovdan «pryamoy zapret» kelgani to‘g‘risida bevosita rahbari aytgan:

– Agar Karimovning ismi efirda ketsa kallangdan ajraysan deyishdi. Bu gossovetnik Sultonovning buyrug‘i deb qo‘rqitishdi.

O‘zbekiston telekanallaridan birining Bosh muharririning aytishicha, MTRK rahbariyat tarkibiga kiruvchi barchadan «Islom Karimov ismini umuman tilga olmaslik» talab qilingan:

«Tavsiya emas talab qilindi. Ayniqsa, keksa avlodga mansub ziyolilarning Karimovni eslab gapirib qolish extimoli borligi uchun¸ bunday risk kategoriyasiga kiruvchilarni jonli efirga yaqinlashtirmaslik choralari ko‘rildi».

Ismi aytilmasligi sharti bilan gapirgan Bosh muharrirning aytishicha¸ Islom Karimov ismiga taqiq boshlanganiga bir oy bo‘lgan:

– Dushanba kungi majlisda yana eslatildi “Karimov nomi tilga olinmasin”, deb. O‘zi yil boshidan beri Karimovning nomini kamroq aytinglar¸ Shavkat Miromonovich nomiga “yurtboshi” kalimasini qo‘shib aytib ulug‘langlar, degan tavsiya bor edi. Ammo mana bir oydirki, muharrirlar qo‘lida lupa bilan matnlardan Islom Karimov ismini qidirib topib, o‘chirib tashlab o‘tiribdi. Hozirgi kunda Karimovning nomini efirda berish diniy ekstremistlar yetakchisi Tohir Yo‘ldoshni ismini efirga berishdan ham xavfli bo‘lib qoldi.

O‘zMTRK tarkibiga kiruvchi “Yoshlar” telekanalida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlaydigan jurnalistga ko‘ra¸ «Kadrda Islom Karimov rasmi¸ haykali yoki ismi yozilgan lavhalar ko‘rinib qolishiga nisbatan ham taqiq joriy qilingan».

O‘zMTRK boshlovchisi, telekanallardan biri Bosh muharriri va “Yoshlar” telekanalida bo‘lim boshlig‘idan olingan bu bir xil mazmundagi ma’lumotlar yuzasidan Teleradiokompaniya rahbariyatidan hech bir shaklda izoh olishning imkoni bo‘lmadi”. Iqtibos tugadi. [1].

Yana Ozodlikdan iqtibos: “O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Qo‘lyozmalar instituti majlislar zalida Islom Karimov portreti osilib turgani bois institut rahbariga dakki berilgan. Ayni institutda tadqiqot olib borayotgan olimning aytishicha¸ o‘tgan hafta bu borada Fanlar akademiyasida o‘tkazilgan majlisda «Islom Karimov portretlari va u kishidan olingan iqtiboslar yozilgan lavhalar olib tashlanib yo‘q qilinishi buyurilgan».

Suhbatdoshga ko‘ra¸ «devoriy pannolardagi Islom Karimov ismi yozilgan matnlar o‘chirilgan¸ qo‘lyozmalar institutida mavjud bo‘lgan o‘nga yaqin Karimov portretlari institut xovlisiga olib chiqib yoqib yuborilgan».

Joriy yilning 17 iyun kuni Buxoro Davlat universitetida Islom Karimov kitoblari yuk mashinasiga solinib makulatura sifatida olib ketilgani haqida mazkur oliygoh talabasi Ozodlikka ma’lum qilgan edi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 20 avgust kuni Qashqadaryo va Samarqandda o‘rnatilgan Karimov haykali tagida va Samarqanddagi Al-Buxoriy majmuida mayda suvenirlar bilan savdo qilayotganlar reyd qilingan. Karimov aksi tushirilgan magnitka va taqvimlar sotayotgan savdogarlar jarimaga tortilgan¸mollari musodara qilingan”.  Ozodlikdan iqtibos tugadi. [1].

Dunyoqarashi o’rtacha bo’lgan(obyvatel) inson nuqtai-nazaridan qaraganda Islom Karimov nomining telekanallarda, radiolarda aytmaslik va gazeta-jurnallarda chop etishga ta’qiq qo’yilishi go’yoki to’g’ridek.  Diktator Islom Karimov rejimidan jabrlanganlar xursand bo’lishlari ham mumkin.

Lekin, O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 67-moddasida tsenzura ta’qiqlangan.

67-modda.

Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.

Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonovning ogohlantirishi nimaga asoslangan?  Sud hukmigami, parlament qonunigami yoki prezident farmonigami?

Zero, O’zbekiston konstitutsiyasining 11, 7 va 15-moddalarida ta’kidlanganidek:  [2].

11-modda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi.

7-modda.

Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir.

O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.

Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

15-modda.

O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so’zsiz tan olinadi.

Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko’radilar.

O’zbekiston konstitutsiyasining yuqorida keltirilgan moddalaridan ko’rinib turibdiki, davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonovning ogohlantirishi O’zbekiston konstitutsiyasining 67, 11, 7 va 15-moddalariga mutlaqo ziddir.

Hamma fojea shundaki, marhum diktator Islom Karimovning O’zbekistonni 27 yil boshqarishi davomida O’zbekistonda shafqatsiz diktatura o’rnatildi.

 O’zbekistonda sud va parlament hokimiyati mustaqilligini butunlay yo’qotdi.

O’zbekistondagi muxolif partiyalar, harakatlar, inson huquqlari tashkilotlari, mustaqil jurnalistlar doimiy tayziq-ta’qiblarda bo’lishdi.  Fuqarolik jamiyati yakson qilindi.

2005-yilning 13-mayida bo’lib o’tgan Andijon qirg’ini va Qoraqalpog’iston respublikasida joylashgan Jalsiq qamoqxonasi(konslager) marhum diktator Islom karimovning nomini o’zbek xalqining xotirasida abadiy “muhrlab” qoldirdi.

O’zbekiston marhum diktator Islom Karimov davrida matbuot erkinligi bo’yicha erkinmas eng, o’ta 5 va 10(top) mamlakatlar qatorida bo’ldi.

Prezident Shavkat Mriziyoyev davrida esa 180 mamlakat ichida 60,84 ball bilan 165-o’rinda.

 Dunyoning eng matbuoti erkin bo’lgan

Norvegiyada 7,63 ball,

2-o’rinda bolgan Shvetsiyada 8,31 ball,

3-o’rindagi Gollandiyada esa 10,01 ball.

Eng oxirgi 180-o’rindagi Shimoliy Koreyada 88,87 ball,  

179-o’rindagi Eritreyda 84,24 ball,

178-o’rindagi Turkmanistonda 84,20 ball. [3].

Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, prezident Shavkat Mirziyoyev davrida O’zbekistonda matbuot erkinligi erkinmas mamlakatlar qatorida, oxiridan 15-o’rinda, sharmandali holatda.

Shu yerda 1968-yilda ro’y bergan Chexoslavakiya voqealari esimga tushdi.  O’sha yili Chexoslavakiya hokimiyatiga kelgan Aleksandr Dubchik mamlakatda tsenzurani bekor qilgan edi va ko’p partiyalikka yo’l berishini aytgan edi.[4].

 Aleksandr Dubchikning tsenzurani bekor qilishi va ko’p partiyalikka yo’l ochishi 300 ming sovet askarlarining va Bolgariya, Vengriya, GDR harbiy qismlarining Chexoslavakiyaga bostirib kirishiga sabab bo’lgan edi.

 Oradan 50 yil o’tdi. Chexoslavakiyaning bo’linishidan tashkil topgan Chexiya va Slovakiyada erkin, demokratik jamiyat qurildi. Matbuot erkin, tsenzura yo’q. Chexoslavakiyaga bostirib kirgan SSSR allaqachon yo’q bo’lib ketdi.

O’zbekiston mustaqil bo’lganiga bu yil 27 yil bo’ladi.  Prezident Shavkat Mirziyoyev tsenzurani bekor qilmayapti?!  Matboutga erkinlik bermayapti?!


Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

24-avgust, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O‘zbekiston telekanallarida Islom Karimov ismini aytmaslik talab qilingani iddao qilinmoqda. 22.08.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29447757.html ).

2. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

3. Reporters without borders. 2018 World Press Freedom Index

( https://rsf.org/en/ranking ).

4. Alexander Dubček. 1968.( https://en.wikipedia.org/wiki/Alexander_Dub%C4%8Dek ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.