Hujra, VPN, qo’g’irchoq partiyalar va uzurpatsiya qilingan harakatlar

Spread the love

2018-yilning avgust oyida O’zbekistonda 30 yil davomida erkin, demokratik jamiyatga o’ta olmaganligining mohiyatini ochib beruvchi ikki voqea bo’lib o’tdi.

1.Hujra.  

Ozodlikdan iqtibos: “Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi o‘tgan oyda noqonuniy hujra ochib olti yashar bolani “yaxshi o‘qimagani uchun savalab o‘ldirgan” Sherali Ibodovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasida (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) aybli deb topib, 7 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Ozodlik suhbatlashgan ba’zi ota-onalar noqonuniy hujralarda bolasi kaltaklanayotganidan shikoyat qildi. Rasmiylar esa, noqonuniy ta’lim bilan shug‘ullanganlar jiddiy nazorat ostida ekanligini aytishdi.

Sirdaryo viloyat jinoyat ishlari sudi kotibining 13 avgust kuni Ozodlikka bildirishicha¸ hozirda jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Sherali Ibodov Sirdaryo tumanida «Tariqat» oqimiga mansub hujra ochgan va o‘quvchi bolalarga nisbatan muntazam jismoniy jazo qo‘llab kelgan:

«Savalash oqibatida 6 yashar bola nobud bo‘lgani o‘tkan oy bo‘lib o‘tkan sudda tasdiqlandi va mahkum jazoni ijro etish maskaniga etap qilindi».”.  Iqtibos tugadi. [1].

Yana ozodlikdan iqtibos: “Ozodlik suhbatlashgan andijonlik ota ham o‘z o‘g‘lining hujrada gavron bilan kaltaklanganidan shikoyat qildi. O‘zini Olimjon Sobirov deya tanishtirgan andijonlik ota yetti yashar o‘g‘lini hujraga berganidan pushaymonligini Ozodlik muxbiriga aytdi:

– Kecha ko‘rgan bo‘lsalaring televizorda ko‘rsatdi. Nosirbek domlaning hujrasi edi bu . Qo‘shnilarga qo‘shilib mening yetti yashar o‘g‘lim ham iyul oyigacha o‘sha hujraga qatnab yuruvdi. Yaxshi o‘qimagani uchun domla gavron bilan uribdi¸ bo‘ynida shundoq izlari turibdi”. Iqtibos tugadi. [1].

Yana shuni ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda 2017-yil davomida noqonuniy diniy ta’lim beradigan 116ta xufyona hujra aniqlangan.

2.VPN. ( Virtual private network ).

Ozodlikdan iqtibos:”13 avgust kuni normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida telekommunikatsiya tarmoqlariga noqonuniy ulanganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etishni ko’zda tutuvchi hujjat loyihasi e’lon qilingan edi.

Axborot tehnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga tayanib, gazeta.uz ga loyihaning ayrim me’yorlari OAVda noto’g’ri talqin qilingan.

Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o’zgartish (EKIHning 100 barobaridan 300 barobarigacha miqdoridagi jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish)

tijoriy asosda xalqaro muzokaralarni tashkil etish bo’yicha noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan shaxslarga qaratilgan. Gap xalqaro trafikni o’tkazish haqida ketmoqda”,-deyiladi xabarda.

Axborot yoki axborot resurslaridan foydalanishni, shuningdek, buning uchun VPN-tarmoqlar, VPN-kanallarni, proksi-serverlarni shaxsiy maqsadlarda yoki biznes uchun foydalanishni cheklash masalalari ko’zda tutilayotgani yo’q, deya qayd etildi vazirlikdan”.  Iqtibos tugadi. [2].

Hujra voqeasiga tegishli O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining quyidagi moddalarini keltirishni lozim topdim:

57-modda

Konstitutsiyaviy tuzumni zo’rlik bilan o’zgartirishni maqsad qilib qo’yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qiluvchi, xalqning sog’lig’i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi.

Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi.

61-modda.

Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi.

31-modda.

Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. [3].

Yuqorida keltirilgan O’zbekiston respublikasi konstitutsiyaning uch moddasi naqadar ahamiyatliligi quyidagi ikki misolda namoyon bo’ladi.

1.O’zbekiston islomiy harakati.  O’zbekiston mustaqil bo’lganidan keyin Juma Namangoniy va Tohir Yo’ldoshlar dastlab “Adolat” diniy tashkilotini va keyinchalik 1998-yili “O’zbekiston Islomiy Harakati”ni tuzishdi.  [4].

O’zbekiston islomiy harakatining maqsadi harbiy yo’l bilan, ya’ni zo’ravonlik yo’li bilan O’zbekistonda shariat asosida boshqariladigan islom davlati qurish edi.  O’zbekiston islomiy harakati o’zining faoliyatini dastlab O’zbekiston va Tojikistonda va 2000-yillardan boshlab Afg’oniston va Pokistonda davom ettirdi va hozirgi kunda ham davom ettirmoqda.

2.O’zbekiston Xalq Harakati.  [5].

Arab bahori”dan ilhomlanib O’zbekistondagi 8ta tashkilotlar o’zaro birlashib 2011-yilning may oyida O’zbekiston Xalq Harakatini tuzishdi.  Bu harakatning ko’zga ko’ringan yetakchilari Erk demokratik partiyasining raisi Muhammad Solih (Salay Madaminov), Namoz Normo’min, Muhammadsolih Abutov, Nurullo Maqsudovlar [6] edi.  O’zbekiston Xalq Harakati tuzilganda 1989-yilning 28-mayida tashkil topgan Birlik xalq harakati[5] va 2004-yilda tashkil topgan Birdamlik Xalq Harakati[7] faoliyat yuritayotgan edi.

2003-yili Birlik Xalq Harakati partiyaga aylantirilganligini hisobga olsak, O’zbekistonda bitta Birdamlik Xalq Harakati faoliyat ko’rsatayotganligi oydinlashadi. O’z-o’zidan shunday savol tug’iladi, O’zbekiston uchun Birdamlik Xalq Harakati faoliyat yuriyayotgan paytda nega endi yana ikkinchi xalq harakatini tuzish kerak bo’lib qoldi?

Chunki, O’zbekiston Xalq Harakatining yetakchilari islom dinini siyosiy maqsadlarda ya’ni hokimiyatga kelish uchun ishlatishni maqsad qilib qo’ygan edilar.  Bahodir Choriyev yetakchiligidagi Birdamlik Xalq Harakati esa O’zbekistonda dunyoviy, erkin va demokratik jamiyat qurishni maqsad qilib qo’ygan edi.

VPN voqeasiga tegishli O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 29-moddasidir.

29-modda.

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 29-moddasi naqadar muhimligini  quyidagi besh misol oydinlashtiradi.

O’zbekistonning mustaqillik yillarida marhum diktator Islom Karimov davrida to’rtta qo’g’irchoq partiyalar va bitta qo’g’irchoq ekologik harakat tuzildi.

1.Ozbekiston Xalq Demokratik partiyasi.

Bu partiya 1991-yil 1-noyabrda Toshkentda bo’lib o’tgan ta’sis qurultoyi qaroriga binoan tuzildi, uning Dasturi va nizomi qabul qilindi.  Partiya raisi etib Islom Karimov saylandi. Bu partiyaning a’zolari asosan sobiq kommunistlardan iborat edi. [8].

2.O’zbekiston Milliy Tiklanish Demokratik Partiyasi(Milliy Tiklanish).

Bu partiya 1995-yil 3-iyunda ta’sis qurultoyida tashkil qilingan.  Bu partiya o’z faoliyatida ko’proq ziyolilarga suyanadi. [9].

3.O’zbekiston Fidokorlar Milliy Demokratik Partiyasi(Fidokorlar).

Bu partiya 1999-yil 4-yanvarda tashkil etilgan.  Bu partiya o’z nomi bilan vatan fidokorlarini, vatan ravnaqi uchun kuyib, yonib yashaydigan O’zbekiston fuqarolarini birlashtirdi.  “Fidokorlar” Milliy Demokratik partiyasi o’z maqsad va niyatlari bir xil bo’lganligi uchun “Vatan taraqqiyoti” partiyasi bilan birlashdi va hozirda “Fidokorlar” nomi ostida o’z faoliyatini davom ettirmoqda.  [10].

4.O’zbekiston Liberal demokratik partiyasi.

Bu partiya 2003-yilning 15-noyabrida tashkil topgan.  Partiyaning a’zolari kichik biznes vakillari, tadbirkorlar va fermerlardan iborat mulkdorlar qatlami, ishlab chiqarishning yuqori malakali mutaxassislari hamda boshqaruv xodimlaridan iborat.  Ya’ni partiya ishbilarmonlar manfaatini ifoda etadi. [11].

5.O’zbekiston ekologik harakati.

Bu harakat 2008-yilning 2-avgustida tashkil topgan.  Eko harakat-jamiyatning barcha kuchlari O’zbekistonning bugungi fuqarolari va kelajak avlodlari qulay tabiiy atrof-muhitda yashash huquqiga ega bo’lishlari, aholi salomatligini yaxshilashga, muhofaza qilishga, tabiiy resurslarning barcha manbalaridan samarali foydalanishga yo’naltirilgan say-harakatlarni safarbar qilishga intiladi.  “Sog’lom muhit-inson salomatligi” Ekoharakatning bosh shioridir.

Ekoharakat O’zbekison respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida kafolatlangan 15ta deputatlik o’rniga ega.  [12].

Yuqoridagi to’rtta qo’g’irchoq partiyalar va Ekoharakat marhum diktator Islom Karimovning O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasini oyoq osti qilganini ko’rmadi, konstitutsiya bo’yicha 10 yil emas mustaqil O’zbekistonni 25 yil (1991-2016) boshqarganini ko’rmadi, O’zbekistonni esa 27 yil (1989-2016) boshqarganini ko’rmadi.

Yana bu qo’g’irchoq partiyalar va Ekoharakat O’zbekistonda internet erkin emasligini ham ko’rmaydi, VPN haqidagi qonun O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasiga zidligini ham ko’rmaydi.

O’zbekistonda hozirgi kunda erkin, demokratik jamiyat uchun kurashayotgan bironta partiya va harakat yo’q.  Zero, Birlik Xalq harakatini va shu nomdagi partiyani Abdurahim Po’latov 1989-yildan beri, ya’ni 29 yildan beri, Muhammad Solih “Erk “demokratik partiyasini 1990-yildan beri, ya’ni 28 yildan beri, va yana Muhammad Solih O’zbekiston Xalq Harakatini 2011-yildan beri, ya’ni 7 yildan beri (Muhammad Solih O’zbekiston Xalq harakatining raisligiga bir yilga saylangan edi) va Bahodir Choriyev esa Birdamlik Xalq Harakatini 2004-yildan beri, ya’ni 14 yildan beri boshqarib kelyapti.

Ya’ni bu harakatlar xalq harakati maqomini yo’qotib Abdurahim Po’latov, Muhammad Solih va Bahodir Choriyevlarning harakatlariga aylangan, bu harakatlar ular tomonidan uzurpatsiya qilingan.

O’zbekiston jamiyatida 20-asrda shakllangan kommunistik boshqaruv usuli va 7,8 asrlarda shakllangan Islom dini g’oyalari ustunlik qilmoqda, aslo erkin,demokratik g’oyalar emas.

Demak, O’zbekiston mustaqil bo’lganidan qariyb 30 yil o’tib yana demokratik harakat yoki partiya tuzishga katta ehtiyoj bor.  Bu tuzilgan demokratik harakat yoki partiyaning raisi faqat bir marta 5 yilga saylanishi kerak va bu demokratik harakat yoki partiya hech kim tomonidan uzurpatsiya qilib olinmasligi kerak.

O’zbekiston uchun to’rtta xalq harakati kerak emas, bitta xalq harakati zarur.  Bu bitta xalq harakati demokratik bo’lishi kerak, Litvada 1988 yilda tuzilgan Sayudis, Estoniyada 1988 yilda tuzilgan Xalq fronti, Polshada 1980 yilda tuzilgan Solidarnost kasaba uyushmasi kabi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

17-avgust, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Xufyona hujrada 6 yashar bolani “savalab o‘ldirgan domla” yetti yilga qamaldi. 13.08.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29430746.html ).

2. VPNдан фойдаланганлар жаримага тортилмаслиги айтилди. 15.08.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29435025.html ).

3. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

4.Islamic Movement of Uzbekistan.

( https://en.wikipedia.org/wiki/Islamic_Movement_of_Uzbekistan ).

5. Ўзбек мухолифати етакчилари Абдужалил Бойматовнинг танқидига қандай жавоб беришди!? 21.08.2018. ( http://uz.hrsu.org/archives/2403 ).

6. Би-би-си меҳмони – Нурулло Мақсудов. 26.03.2010.

( https://www.bbc.com/uzbek/interactivity/2010/03/100322_talkingpoint_nurullo_maqsudov ).

7. Баҳодир Чориев демократми?! 04.05.2014. (http://uz.hrsu.org/archives/6770).

8. Oʻzbekiston Xalq Demokratik Partiyasi.

( https://uz.wikipedia.org/wiki/O%CA%BBzbekiston_Xalq_Demokratik_Partiyasi ).

9. Oʻzbekiston Milliy Tiklanish Demokratik Partiyasi

( https://uz.wikipedia.org/wiki/O%CA%BBzbekiston_Milliy_Tiklanish_Demokratik_Partiyasi ).

10. Oʻzbekiston Fidokorlar Milliy Demokratik Partiyasi.

( https://uz.wikipedia.org/wiki/O%CA%BBzbekiston_Fidokorlar_Milliy_Demokratik_Partiyasi ).

11.Oʻzbekiston liberal demokratik partiyasi.

( https://uz.wikipedia.org/wiki/O%CA%BBzbekiston_liberal_demokratik_partiyasi ).

12.Oʻzbekiston ekologik harakati.

( https://uz.wikipedia.org/wiki/O%CA%BBzbekiston_ekologik_harakati ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.