Oltin va mehnat muhojirlaridan kelgan daromad qayerda qoldi?!

Spread the love

2018-yilning 16-iyul kuni fergana.ru internet-saytida “В Узбекистане на 70% вырос экспорт энергоносителей, нефтепродуктов и фруктов” nomli maqola chop etildi. [1]. Bu maqolada O’zbekistonning 1-yarim yilligida tashqi savdo aylanmasiga oid davlat statistika qo’mitasining hisoboti keltirilgan. [2].

Fergana.ru dagi maqola va O’zbekiston respublikasi davlat statistika qo’mitasining hisoboti rus tilida bo’lganligi uchun men o’zbekchaga tarjima qilib ma’lumotlarni keltiraman.  Hisobotga ko’ra, O’zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2018-yilning yanvar-iyun oylarida 17,7 milliard AQSh dollarini, shu jumladan eksport -7,8 milliard AQSh dollarini, import esa 9,9 AQSH dollarini tashkil etgan.

Tashqi savdo saldosi esa -2,1 AQSh dollarini tashkil etgan. E’tibor bering, saldo minus.

Energiya tashuvchilari(energonositeli) va neft mahsulotlari eksporti o’tgan yilning shu davriga  nisbatan 78,5%ga o’sgan. Bu o’sish tabiiy gaz bo’yicha 1,9 marta, ximiya mahsulotlari va ulardan ishlangan mahsulotlar 5,3%ga, plastmassa mahsulotlari va undan qilingan mahsulotlar bo’yicha 18,7%ga o’sgan.

Meni bu yerda o’ta hayron qoldirgan narsa shu bo’ldiki, bu hayron bo’lgan narsani tushuntirishim uchun “O’zbekiston qachon tabiiy boyliklarni sotish hisobiga kun kechirishdan qutiladi?!” nomli maqolamdan iqtibos keltiraman.  [3], [4-video].

Maqoladan iqtibos: “Men “O’zbekiston respublikasi to’lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiyasi” hisobotini o’rganib, men uchun kutilmagan uchta “ajoyib” faktlarni topdim. [2-Foydalanilgan adabiyotlarda 5.2].

Birinchi “ajoyib” fakt.  Hisobot bo’yicha 2018-yilning birinchi choragida O’zbekiston tovarlar eksportining summasi 2,9 milliard dollarni, tovarlar importi esa 3,6 milliard dollarni tashkil qilgan.  Tovarlar eksportining asosiy qismini oltin-1,3 mlrd.dollar va gaz-487,2 million dollarni tashkil qilib, ularning tovarlar eksportidagi jami ulushi 61 foizga tengdir”. Iqtibos tugadi.

Meni hayron qoldirgan narsa yarim yillik hisobotda oltindan kelgan daromad ko’rsatilmagan, 1-chorakda keltirilgan hisobotda oltinda kelgan daromad 1,3 milliard AQSh dollariga teng bo’lib, oltin va gazning tovarlar eksportidagi jami ulushi 61%ga tengligi keltirilgan edi. [5].

Meni 2-hayron qoldirgan narsa O’zbekiston tashqi savdo aylanmasida 2018-yilning yanvar-iyun oylarida eng ko’p vaznga, ahamiyatga ega mamlakatlar ro’yxati bo’ldi:

1.Rossiya-16%;

2.Xitoy-15,9%;

3.Qozog’iston-8,1;

4.Turkiya-5,3%;

5.Koreya respublikasi-4,3%;

6.Afg’oniston-1,9%;

7.Germaniya-1,9% va hokazo.

Maqoladan [3] iqtibos: “Ikkinchi “ajoyib” fakt.  

3-diagrammada tovarlar eksportida mamlakatlarning ulushi foizda keltirilgan:

1.Shvetsariya -49%;

2.Xitoy-15%;

3.Rossiya-13%;

4.Qozog’iston-7% va hokazo.

Men uchun kutilmagan narsa O’zbekiston eksportida Shvetsariyaning 1-o’ringa chiqib qolganidir”. Iqtibos tugadi.

Bu yerda meni 2-hayron qoldirgan narsa ochiq ko’rininb turibdi 1-chorakda O’zbekistonning Shvetsariyaga eksporti 49%ga teng, yarim yillik hisobotda esa Shvetsariyaning O’zbekiston eksportidagi ulushi umuman ko’rsatilmagan.

Meni 3-hayron qoldirgan narsa yarim yillik hisobotda o’zbekistonlik mehnat muhojirlarining mamlakatga transfer o’tkazmalari umuman keltirilmagan.

Maqoladan[3] iqtibos: “Uchinchi “ajoyib” fakt.

O’zbekistonlik mehnat muhojirlarining mamlakatga transfert o’tkazmalari 8-diagrammada keltirilgan.

Transchegaraviy pul o’tkazmalarining ulushi, foizda mamlakatlar bo’yicha:

1.Rossiya-77%;

2.Turkiya-5%;

3.Qozog’iston-4%;

4.AQSh-4%;

5.Janubiy Koreya-2% va hokazo”. Iqtibos tugadi.

Yana maqoladan iqtibos: “Mehnat muhojirlarining 2018-yilning I-choragida O’zbekistonga jo’natgan pul jo’natmalari miqdori 949,4 million AQSh dollariga teng”. Iqtibos tugadi.

Yarim yillik hisobotda O’zbekistonning oltin va mehnat muhojirlaridan kelgan daromadlari ataylab keltirilmagan.  Ataylab keltirilmaganini tushunish uchun yana maqoladan [3] iqtibos keltiraman:

Hisobotdagi “ajoyib” faktlardan xulosa shuki, O’zbekiston eksportining 70%dan ortig’ini tabiiy boyliklar- oltin, gaz va paxta xom ashyosi, paxtadan qilingan mahsulotlar tashkil etadi.  Bu degani O’zbekistonliklar tabiiy boyliklar hisobiga, mehnat muhojirlari jo’natgan pullar hisobiga va majburiy mehnat tufayli O’zbekistonning obro’sini tushirayotgan paxta hisobiga kun kechiryapti.

Kelajakda gaz, oltin tugashi mumkin, unda o’zbekistonliklarning ahvoli nima bo’ladi?  O’zbekiston hozirgi qiyin ahvoldan chiqib ketishi uchun nimalar qilish kerak?

Prezident Shavkat Mirziyoyevning amalga oshirayotgan yuzaki, kosmetik iqtisodiy va siyosiy islohotlari bilan O’zbekiston qiyin ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan chiqib keta olmaydi.

O’zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirish uchun O’zbekistonda korruptsiya darajasini keskin kamaytirish kerak.  Zero, Transparency International tashkilotining 2017-yil korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perception Index 2017) bo’yicha dunyodagi 180 mamlakat ichida O’zbekiston 22 ball bilan 157-o’rinda.  O’zbekiston dunyoda eng korruptsiyalshgan 20 mamlakatlar qatorida.

Taqqoslash uchun Yangi Zelandiya 89 ball bilan 1-o’rinni egallagan, ya’ni Yangi Zelandiyada korruptsiya darajasi eng kam. [4, f.a. 6.4.].

O’zbekistonda korruptsiya darajasini keskin kamaytirish uchun kuchli fuqarolik jamiyati zarur.  Afsuski, prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyati O’zbekiston fuqarolarining siyosiy huquqlarini cheklab qo’ygan, ya’ni muxolif harakatlar, partiyalar va inson huquq tashkilotlari ro’yxatga olinmayapti.

Hanuz, O’zbekiston zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha dunyoda Shimoliy Koreyadan keyin 2-o’rinda.  [5,f.a.6.5].

Yana, afsus bilan shuni ta’kidlamoqchimanki, prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyati majburiy mehnatni keskin kamaytira olmayapti.

O’zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishi uchun baquvvat o’rta sinfning shakllanishi O’zbekiston uchun o’ta zarur.

Biroq, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 51,5 ball bilan dunyoda 180 mamlakat ichida 152-o’rinda.  O’zbekiston ko’proq erkin bo’lmagan(Mostly Unfree) mamlakatlar guruhiga kiradi. [6. f.a.7.6].

Yana, afsus bilan aytamanki, prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyati O’zbekiston vatandoshlarining iqtisodiy erkinligini ham cheklab qo’ygan.

 Bu degani, kelajakda O’zbekiston tabiiy boyliklardan, mehnat muhojirlaridan kelayotgan daromadga qaram bo’lib qolaveradi. Yana 30 yil o’tsa ham rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo’shila olmaydi”. Iqtibos tugadi.

Xulosa shuki, prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyati ham marhum diktator Islom Karimov rejimi davridagiday oltin va mehnat muhojirlaridan kelayotgan daromadlarni oshkor qilmaslik yo’liga o’tib olibdi.  Bu degani kelajakda prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvida O’zbekistonda faqatgina iqtisodiy o’sish kuzatiladi, statistik ma’lumotlar bilan jamoatchilik fikrini chalg’itishga (manipulyatsiyaga) keng yo’l ochiladi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

20-iyul, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. В Узбекистане на 70% вырос экспорт энергоносителей, нефтепродуктов и фруктов. 16.07.2018. (http://www.fergananews.com/news/31261 ).

2. Государственный комитет Республики Узбекистан по статистике.

Внешняя торговля. Январь-июнь. 2018 год.

( https://stat.uz/uploads/docs/tashqi-savdo-iyun-2018-ru.pdf ).

3. O’zbekiston qachon tabiiy boyliklarni sotish hisobiga kun kechirishdan qutiladi?! 06.07. 2018. ( http://uz.hrsu.org/archives/9074#more-9074 ).

4. O’zbekiston qachon tabiiy boyliklarni sotish hisobiga kun kechirishdan qutiladi?! Video. 07.07.2018. (http://oz.hrsu.org/archives/775 ).

5. 2. ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ТЎЛОВ БАЛАНСИ

ВА ХАЛҚАРО ИНВЕСТИЦИОН ПОЗИЦИЯСИ.Июнь. 2018.й.Тошкент.ш.

6. 4. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

7. 5. Slavery index by countries. 2016. ( https://www.globalslaveryindex.org/findings/ ).

8. 6. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

Leave a Reply

Your email address will not be published.