Quyosh, shamol energiyasi bu bizning kelajagimiz, atom energiyasi emas.

Spread the love

O’zbekistondagi ommaviy-axborot vositalarida mamlakatimizda atom elektr stantsiyasi qurilishi to’g’risida ko’p xabarlar paydo bo’ldi.  

Ozodlikdan iqtibos: “O’zbekistonda quriladigan atom elektr stantsiyasi 2028-yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda 10 iyulda o’tgan atom elektr energetikasini barpo etish bo’yicha tashkiliy-texnik chra-tadbirlarni amalga oshirish masalariga bag’ishlangan yig’ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Prezidentning bildirishicha, Toshkent “Rosatom” korpotasiyasi bilan hamkorlikda atom elektr stantsiyasini qurish bo’yicha kelishuvga erishdi. AES har birining quvvati 1 ming 200 megavattli 2ta energoblokdan iborat bo’ladi.

Iyul oyi boshida Ozodlik radiosi “Rosatom” O’zbekiston hududida atom elektr stantsiyasini qurish masalasidagi kelishuvni yakuniy bosqichda muhokama qilinayotganini bildirgani to’g’risida xabar bergandi.

Prezident rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, bugungi kunda O’zbekistonning elektr quvvatiga bo’lgan talabi 69 milliard kilovaat-soatni tashkil etadi.

Uning deyarli qariyb 85 foizi gaz va ko’mirni yoqish orqali, qolgan 15 foizi gidroelektr statsiyalarida ishlab chiqariladi. Buning uchun yiliga 16,5 milliard kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut va 2,3 million tonna ko’mir sarflanadi.

Atom elektr stantsiyasi barpo etilishi natijasida yiliga 3,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Buning natijasida atrof-muhitga tarqaladigan is gazi hajmi yiliga 3million tonnaga kamayadi. Iqtibos tugadi. [1].

Men youtubeda uzbek TV kanali orqali namoyish qilingan Shavkat Mirziyoyev: “Atom energiyasi bu bizning kelajagimiz!” nomli videoni diqqat bilan tomosha qildim.  Videoda prezident Shavkat Mirziyoyev, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti Behzod Yo’ldoshev va boshqa hukumatdagi yuqori lavozimdagi amaldorlarning O’zbekistonda atom elektr stantsiyasi qurilib ishga tushirilishi nafaqat mamlakatimizda elektr energiyasi bilan ta’minlanishini yaxshilanishi, balkim O’zbekistonda ilmiy texnika salohiyatining oshihsiga, iqtisodiy rivojlanishga va ekologiyaning yaxshilanishiga olib kelinishiga sabab bo’lishini har tomonlama ilmiy faktlar bilan tushuntirib berishdi.

Men prezident Shavkat Mirziyoyevning “Atom energiyasi bu bizning kelajagimiz!” degan fikriga 100% emas, 5% qo’shilaman. [2].

Men 5% qo’shilish fikrimni to’rt nuqtadan iborat fikrim bilan asoslamoqchiman:

1.O’zbekistonda atom elektr stantsiyasining qurilishi juda ham xavfli chunki, 1986-yilning 25-26- aprelida Chernobilda bo’lib o’tgan va 2011-yilning 11-martida kuchli yer qimirlashidan keyin paydo bo’lgan tsunamining  Fukushima Daiichi atom elektr stantsiyasiga urilishi natijasida 12-15-mart kunlari ro’y bergan texnik halokatlar misol bo’la oladi. [3,4]. O’zbekiston hokimiyat vakillari bu halokatlar haqida lom-mim demadilar. Hammaga ma’lumki, AESlarning xavfsizligi 100% kafolatlanmagan.

AESda halokat, avariya ro’y bersa, radiatsiya havo va suv orqali atrof muhitga tarqaydi. Ayrim radiatsion elementlarning yarim parchalanish davri minglab yillarga teng. AES halokati ro’y bergan joyda aholi bir necha o’nlab yillar yashay olmaydi. O’zbekiston, Markaziy Osiyo uchun Orol fojeasining o’zi yetarli, AES halokati ortiqcha.

2.Fukushima Daiichi AES halokatidan keyin, ya’ni 2011-yildan boshlab butun dunyo bo’ylab ko’p mamlakatlar iloji boricha AES qurmaslikka harakat qilyapti. Avstraliya, Ozarbayjon, Gruziya, Gana, Irlandiya, Quvayt, Oman, Peru va Singapur kabi davlatlar ilk rejalashtirgan AESlarni qurishdan butunlay voz kechganlar.

Moliyaviy, siyosiy va texnik sabablarga ko’ra Kuba, Liviya, Shimoliy Koreya va Polsha qurilayotgan ilk reaktorlarini butunlay to’xtatib qo’yganlar.

AESlari faoliyat ko’rsatayotgan Belgiya, Germaniya, Ispaniya va Shveytsariya yangi AESlar qurishdan butunlay voz kechgan.

Boshqa mamlakatlar masalan, Gollandiya, Shvetsiya va Tayvan butunlay voz kechish ustida o’ylayapti, Avstriya esa ilk qurib bitirilgan AESidan foydalanishdan voz kechgan.

Ayrim mamlakatlar faoliyat ko’rsatayotgan AESlardan foydalanishdan voz kechgan. Masalan Italiya 1990-yilga kelib barcha faoliyat ko’rsatayotgan AESlardan foydalanishdan voz kechgan va referendum o’tkazib, AESlar qurilishini noqonuniy deb e’lon qilgan.

Lekin, kam sonli ayrim mamlakatlar AESlar qurishni rejalashtirmoqda.  Litva, Qozog’iston va Armaniston kelajakda AESlar qurmoqchi.

Xitoy esa 28ta AES qurmoqchi, Hindiston, Rossiya va Janubiy Koreya ham kelajakda yangi AESlar qurishni rejalashtirmoqda.  [5].

3.Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida 2010-yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalari bo’yicha iqtisodiy samarali texnologiyalar yaratib bo’lingan edi.  2011-yildagi ro’y bergan Fukushima Daiichi halokatidan keyin butun dunyo bo’ylab AESlar qurishdan voz kechib, quyosh, shamol, bioyonilg’i, termal va boshqa elektr stantsiyalar qurilishi avj oldi.

2017-yilning oxiriga kelib dunyo bo’yicha 2,179 GW salohiyatga (capacity) ega qayta tiklanadigan energiya manbalariga asoslangan elektr stantsiyalar faoliyat ko’rsatyapti. Bu elektr stantsiyalarning 53% gidroelektr stantsiyalar, 23% shamol, 18% quyosh va qolgan 6% boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida faoliyat ko’rsatadigan elektr stantsiyalardir.

Dunyo bo’ylab salohiyatning 16%(348 GW) Shimoliy Amerika mamlakatlariga to’g’ri keladi, 24%(512 GW) Yevropaga, 42% (919 GW) Osiyoga, atigi 4% ( 96 GW) esa Yevroosiyoga to’g’ri keladi.

Shu keltirilgan faktlardan ko’rinib turibdiki, Yevroosiyo mamlakatlari, shu jumladan O’zbekiston ham qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan ishlaydigan elektr stantsiyalar qurishda Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlaridan juda orqada qolgan. [6].

Quyida dunyoda eng ko’p quyosh elektr stantsiyalri bo’yicha salohiyatga ega bo’lgan mamlakatlar keltiriladi.

1.Xitoy-130,4 GW;

2.AQSh-85,3 GW;

3.Yaponiya-60,3 GW;

4.Hindiston-57,4 GW;

5.Germaniya-48,4 GW;

6,Italiya-22,6 GW;

7.Birlashgan Qirollik-14,2 GW;

8.Fransiya-12,8 GW;

9.Avstraliya-12,2 GW;

10.Pokiston-10 GW.

Ko’rinib turibdiki, quyosh elektr stantsiyalri bo’yicha 10 ta eng salohiyatli mamlakatlar ichida Yevroosiyo mamlakatlari Rossiya, Ukraina, Qozog’iston, O’zbekiston va boshqalar yo’q. [7].

4.O’zbekistonda inson erkinliklari, huquqlari va biznes yuritish muhiti abgor bo’lganligi uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga asoslangan elektrostantsiyalar bo’yicha investitsiyalar kirib kelishi uchun jozibali emas.

Zero, O’zbekiston zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha dunyoda Shimoliy Koreyadan keyin ikkinchi o’rinda turadi.[8], korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha(Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatoriga kiradi [9], iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (Economic Freedom Index) 51,5 bal bilan 152-o’rinni egallaydi va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatoriga kiradi [10], xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekiston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 7 balga ega bo’lib, dunyoning eng 10ta yomonlari qatorida.[11].

Qayta tiklanadigan energiya manbalari bo’yicha texnologiyalar Yevropa ittifoqi mamlakatlari, AQSh, Yaponiya, Xitoy kabi mamlakatlarda bor, biroq Yevroosiyo mamlakatlarida yo’q.

Shu sababli O’zbekiston hokimiyati AESlar qurishga qaror qilgan. Chunki, AESlar bo’yicha Rossiya SSSRdan meros qolgan texnologiya va qurish, ekspluatatsiya qilish tajribasiga ega.

Yana shuni hisobga olish kerakki, Rossiya iqtisodiy sanktsiyalar ostida. Rossiya prezidenti Vladimir Putin va O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev SSSR davrida tarbiya topgan rahbarlardir, sobiq kommunistlardir.

 Rossiyada ham O’zbekistondagiday korruptsiya darajasi juda yuqori. Majburiy mehnat gullab yashnagan, siyosiy va iqtisodiy erkinliklar O’zbekistondagiday cheklangan.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

13-iyul, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Президент: Атом электр станциясини 2028 йилгача ишга тушириш режалаштирилмоқда. 11.06.2018. (https://www.ozodlik.mobi/a/29356349.html ).

2. ШАВКАТ МИРЗИЁЕВ: “АТОМ ЭНЕРГИЯСИ БУ БИЗНИНГ КЕЛАЖАГИМИЗ!” uzbek tv. 10.07.2018. ( https://www.youtube.com/watch?v=BZMa5S8xHjE ).

3. Chernobyl disaster. ( https://en.wikipedia.org/wiki/Chernobyl_disaster ).

4. Fukushima Daiichi nuclear disaster. ( https://en.wikipedia.org/wiki/Fukushima_Daiichi_nuclear_disaster ).

5. Nuclear power by country. (https://en.wikipedia.org/wiki/Nuclear_power_by_country ).

6. Renewable capacity highlights. 31 March 2018

(http://www.irena.org/-/media/Files/IRENA/Agency/Publication/2018/Mar/RE_capacity_highlights_2018.pdf?la=en&hash=21795787DA9BB41A32D2FF3A9C0702C43857B39C ).

7. Top 10 solar-producing countries. 12.05.2017. ( https://www.energydigital.com/renewable-energy/top-10-solar-producing-countries ).

8. Slavery index by countries. 2016. ( https://www.globalslaveryindex.org/findings/ ).

9. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

10. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

11. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.