O’zbekiston qachon tabiiy boyliklarni sotish hisobiga kun kechirishdan qutiladi?!

Spread the love

Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida birinchi marta O’zbekistonning eksport va importi tovarlar va xizmatlarning ulushi, miqdori AQSh dollarida, foizlarda keltirildi.  

Ozodlikdan iqtibos: “O’zbekiston fuqarolarining chet ellardagi birlamchi daromadlari summasi 2018 yilning 1-charagida 1,5 milliard dollarni tashkil qildi.

Bu haqda ma’lumot berilgan Markaziy bankning “O’zbekiston Respublikasi to’lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiyasi” hisobotida aytilishicha, birlamchi daromadlar ishlab chiqarish jarayonidan ( masalan, ish haqi to’lovi ) olingan daromad va investitsion daromadni (malalan, dividendlarni ) o’z ichiga oladi”. Iqtibos tugadi. [1].

Men “O’zbekiston respublikasi to’lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiyasi” hisobotini o’rganib, men uchun kutilmagan uchta “ajoyib” faktlarni topdim. [2].

Birinchi “ajoyib” fakt.  Hisobot bo’yicha 2018-yilning birinchi choragida O’zbekiston tovarlar eksportining summasi 2,9 milliard dollarni, tovarlar importi esa 3,6 milliard dollarni tashkil qilgan.  Tovarlar eksportining asosiy qismini oltin-1,3 mlrd.dollar va gaz-487,2 million dollarni tashkil qilib, ularning tovarlar eksportidagi jami ulushi 61 foizga tengdir.

Darhol menda O’zbekiston avtomobillarining ulushi necha foiz ekan degan qiziqish paydo bo’ldi.  Hisobotning 2-diagrammasida jami tovarlar eksporti hajmida salmoqli bo’lgan boshqa tovarlarning ulushi foizda keltirilgan. Yengil avtomobillar ulushi 2-diagramma bo’yicha 0,8 foizga teng. 0,8 foiz menga juda yomon ta’sir qildi.

Chunki, O’zbekiston 1996-yildan beri yengil avtomobil ishlab chiqaradi va bu yengil avtomobillarning 80-90 foizi Rossiya, Qozog’iston va boshqa mamlakatlarga eksport qilinar edi.  Marhum diktator Islom Karimov prezidentligi davrida O’zbekiston dunyodagi 28ta yengil avtomobillar ishlab chiqaradigan mamlakatlardan biri deb, Islom Karimov hokimiyatining olamshumul yutug’i deb ko’rsatilardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida birinchi marta yengil avtomobillarning eksportdagi ulushi 0,8 foizga teng ekanligi ma’lum bo’ldi.

2-diagrammada ba’zi tovarlarning eksportdagi ulushini keltirishni lozim deb topdim.

1.Paxta kalava ipi-6,4%;

2.Etilen polimerlari- 3,8%;

3.Paxta tolasi- 3,5%;

4.Mis- 2,1%;

5.Elektr energiyasi- 2,1% va hokazo.

Xulosa shuki, O’zbekiston eksportining eng ko’p ulushini oltin, gaz-61% va paxtaga tegishli mahsulotlar 11,8%ni tashkil etyapti.  

1.Paxta kalava ipi -6,4%;

2. Paxta tolasi -3,5%;

3.Trikotaj mahsulotlari- 1%;

4.Paxta tolasidan gazlamalar- 0,5%;

5.Trikotaj gazlamalar- 0,4%.

Ikkinchi “ajoyib” fakt.  

3-diagrammada tovarlar eksportida mamlakatlarning ulushi foizda keltirilgan:

1.Shvetsariya -49%;

2.Xitoy-15%;

3.Rossiya-13%;

4.Qozog’iston-7% va hokazo.

Men uchun kutilmagan narsa O’zbekiston eksportida Shvetsariyaning 1-o’ringa chiqib qolganidir.  Marhum diktator Islom Karimov davrida O’zbekiston eksportining asosiy ulushi Rossiya va Xitoyga to’g’ri kelardi.  Gaz va paxta mahsulotlarining jahondagi narxi tushib ketishi tufayli O’zbekiston eksportida oxirgi yillarda oltinning ulushi katta ro’l o’ynay boshlagan ko’rinadi.

Yana shuni qo’shimcha qilishni lozim topdimki, joriy yilning I-choragida xizmatlar eksporti 1,1 milliard dollar, xizmatlar importi esa 1,2 milliard dollarga teng bo’lgan.  Xizmatlar eksporti va importining salbiy farqi 148,8 million dollarni tashkil qilgan.

Uchinchi “ajoyib” fakt.

O’zbekistonlik mehnat muhojirlarining mamlakatga transfert o’tkazmalari 8-diagrammada keltirilgan.

Transchegaraviy pul o’tkazmalarining ulushi, foizda mamlakatlar bo’yicha:

1.Rossiya-77%;

2.Turkiya-5%;

3.Qozog’iston-4%;

4.AQSh-4%;

5.Janubiy Koreya-2% va hokazo.

Mehnat muhojirlarining O’zbekistonga jo’natgan pul miqdori mamlakatlar bo’yicha aniq ko’rsatilmagan.  Biroq, Ozodlik va boshqa chet el ommaviy-axborot vositalarida Rossiyadagi mehnat muhojirlarining O’zbekistonga jo’natgan pullari miqdori oshkor etildi.

Ozodlikdan iqtibos:”Mehnat muhojirlarining Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 2018 yilning birinchi choragida 726 million dollarni tashkil etdi.

Rossiya Federatsiyasi Markaziy Banki keltirayotgan statistika raqamlariga ko‘ra, bu miqdor o‘tgan yilning shu davriga solishtirganda 17 foiz ko‘proqdir”. Iqtibos tugadi. [3].

Mehnat muhojirlarining 2018-yilning I-choragida O’zbekistonga jo’natgan pul jo’natmalari miqdori 949,4 million AQSh dollariga teng.

Hisobotdagi “ajoyib” faktlardan xulosa shuki, O’zbekiston eksportining 70%dan ortig’ini tabiiy boyliklar- oltin, gaz va paxta xom ashyosi, paxtadan qilingan mahsulotlar tashkil etadi.  Bu degani O’zbekistonliklar tabiiy boyliklar hisobiga, mehnat muhojirlari jo’natgan pullar hisobiga va majburiy mehnat tufayli O’zbekistonning obro’sini tushirayotgan paxta hisobiga kun kechiryapti.

Kelajakda gaz, oltin tugashi mumkin, unda o’zbekistonliklarning ahvoli nima bo’ladi?  O’zbekiston hozirgi qiyin ahvoldan chiqib ketishi uchun nimalar qilish kerak?

Prezident Shavkat Mirziyoyevning amalga oshirayotgan yuzaki, kosmetik iqtisodiy va siyosiy islohotlari bilan O’zbekiston qiyin ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan chiqib keta olmaydi.

O’zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirish uchun O’zbekistonda korruptsiya darajasini keskin kamaytirish kerak.  Zero, Transparency International tashkilotining 2017-yil korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perception Index 2017) bo’yicha dunyodagi 180 mamlakat ichida O’zbekiston 22 ball bilan 157-o’rinda.  O’zbekiston dunyoda eng korruptsiyalshgan 20 mamlakatlar qatorida.

Taqqoslash uchun Yangi Zelandiya 89 ball bilan 1-o’rinni egallagan, ya’ni Yangi Zelandiyada korruptsiya darajasi eng kam. [4].

O’zbekistonda korruptsiya darajasini keskin kamaytirish uchun kuchli fuqarolik jamiyati zarur.  Afsuski, prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyati O’zbekiston fuqarolarining siyosiy huquqlarini cheklab qo’ygan, ya’ni muxolif harakatlar, partiyalar va inson huquq tashkilotlari ro’yxatga olinmayapti.

Hanuz, O’zbekiston zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha dunyoda Shimoliy Koreyadan keyin 2-o’rinda.  [5].

Yana, afsus bilan shuni ta’kidlamoqchimanki, prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyati majburiy mehnatni keskin kamaytira olmayapti.

O’zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishi uchun baquvvat o’rta sinfning shakllanishi O’zbekiston uchun o’ta zarur.

Biroq, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 51,5 ball bilan dunyoda 180 mamlakat ichida 152-o’rinda.  O’zbekiston ko’proq erkin bo’lmagan(Mostly Unfree) mamlakatlar guruhiga kiradi. [6].

Yana, afsus bilan aytamanki, prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyati O’zbekiston vatandoshlarining iqtisodiy erkinligini ham cheklab qo’ygan.

 Bu degani, kelajakda O’zbekiston tabiiy boyliklardan, mehnat muhojirlaridan kelayotgan daromadga qaram bo’lib qolaveradi. Yana 30 yil o’tsa ham rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo’shila olmaydi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

6-iyul, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. МБ: Биринчи чоракда ўзбекистонликлар чет элларда 1,5 миллиард доллар даромад топди. 02.07.2018.https://www.ozodlik.org/a/29331368.html ).

2. ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ТЎЛОВ БАЛАНСИ

ВА ХАЛҚАРО ИНВЕСТИЦИОН ПОЗИЦИЯСИ.Июнь. 2018.й.Тошкент.ш.

( http://cbu.uz/upload/statistics/bop/BOP,%20IIP%201q2018%20(uzb).pdf ).

3. Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari hajmi oshmoqda. 19.06.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29304630.html ).

4. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

5. Slavery index by countries. 2016. ( https://www.globalslaveryindex.org/findings/ ).

6. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.