Orol fojeasiga barham berib bo’ladimi?!

Spread the love

2018-yilning 28-may kuni youtubeda Qoraqalpog’iston respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatida 27-may, ya’ni yakshanba kuni bo’lib o’tgan tuz-qum bo’roni aks etgan bir nechta videolar paydo bo’ldi.  [1,2,3].

Ozodlikdan iqtibos: “Sinoptiklarga ko’ra, shanba kuni Qoraqalpog’iston hududida havo ochiq bo’lib,shamol tezligi shtil holatida kuzatilgan. Havoning harorati kunduzi 37-39 darajagacha ko’tarilishi natijasida tuproqning yuqori qatlamidagi qoplangan namliklar bug’lanib, 1-10 santimetr qalinlikda qurg’oqchilik paydo bo’lgan, 27 may kuni esa shimoliy-g’arbiy tomondan kelgan sovuq havo oqimi ta’siri bilan shamolning tezligi 10-15 metr sekunddan 22-27 metr sekundgacha yetgan. Bu shamol kuchi ta’sirida paydo bo’lgan qurg’oq tuproqning ko’tarilishiga olib kelgan”.  Iqtibos tugadi. [4].

BBCdan iqtibos: “Xorazm viloyati va Qoraqalpog’iston yakshanba kuni kun davomida tuz va qum bo’roni ostida qoldi. Aholi ko’chaga chqishga qo’rqqan, mashinalar qatnovi kamaygan, yangi ekilgan ko’chatlar va gullar esa tuz ostida so’lib qolgan. Ba’zilar buni tabiiy ofatga tenglayotgan bo’lsa-da, O’zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi hozircha hech qanday bayonot bilan chiqmadi. Bi -bi-ci mazkur vazirlikka murojaat qildi, ammo javob ololmadi.

Ekosan” ekologiya va salomatlik fondining Qoraqalpog’iston bo’limi rahbari Nurlibek Yusupov bu kabi bo’ron avval hech sodir bo’lmaganini aytadi.  Iqtibos tugadi. [3].

Ozodlikdan iqtibos: “ Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyatida 27 may kuni yoqqan tuz yomg‘irining odamlar salomatligiga va qishloq xo‘jalik ekinlariga ta’siri sezila boshladi.

Ozodlik suhbatlashgan dehqonlarning aytishlaricha, tomorqalardagi ekinlar qovjirab, o‘sishdan to‘xtab qolmoqda.

Qoraqalpog‘iston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ko‘rilgan zarar miqdori hisoblanayotganini Ozodlikka aytdi.

Ayni paytda, Xorazm viloyat hokimligi mulozimi tuz bo‘ronidan umuman zarar ko‘rilmaganini bildirdi. Iqtibos tugadi. [5].

Yana Ozodlikdan iqtibos: “Ijtimoiy tarmoqlar mushtariylari, Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi bu tabiiy ofatga rasmiylar yetarli e’tibor bermayotgani, mahalliy hokimiyatlarning zarar ko‘rganlarga yordam bermayotgani va bu holatni yashirishga urinayotgani haqida yozmoqdalar.

Jumladan, mushtariylardan biri facebookda bu haqda shunday deb yozdi:

Bu ofatning odamlarga ta’siri yaxshi deb bo‘lmaydi, davleniyasi bor odamlarning ahvoli og‘irlashgan, ekinlarimiz qovjirab qurib qolmoqda, dehqonchilik katta talafot ko‘rdi, lekin insonlarniki undan yomonroq. Meditsina xodimlari qayerda, sog‘likni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘istonga kelishga qo‘rqib, jim yashirinib o‘tiribdimi. To‘g‘ri, bunday ekologiyaga kelishni kim ham xohlardi”. Iqtibos tugadi. [5].

Ozodlikdan iqtibos: ”Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida yashaydigan, o‘zini Mahmud, deb tanishtirgan dehqon uch kun oldin sodir bo‘lgan tabiiy ofat – chang-tuz yomg‘iridan keyin tomorqasidagi ekinlarini bir sidra suv bilan yuvib chiqqan bo‘lsa ham, ekinlari qovjirab qolayotganini Ozodlikka aytdi:

– Bu ofatdan keyin yosh ko‘chatlarning hammasi o‘lib qoldi, kattaroqlari esa bir xil shalpayib turibdi, o‘zgarish yo‘q. Bo‘yi besh santimetrga yetib qolgan sholi, pomidor tamom bo‘ldi. Qurib-qovjirab qolyapti, dedi Mahmud”. Iqtibos tugadi.[5].

Men bu maqolani 1-iyun kuni yozyapman, O’zbekiston telekanallari 27-maydan 1-iyungacha asosiy mavzular Namanganda “Hyundai” yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaradigan zavodi qurilishi [6], O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpiyevning korruptsion ishlari [7] va O’zbekistonning eksport-importi bo’yicha prezident Shavkat Mirziyoyevning aytganlari bo’ldi [8], tuz-qum bo’roni haqida emas.

Men kutgandimki, prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog’iston respublikasi va Xorazm viloyatiga borib, u yerdagi ahvol bilan tanishadi, u yerdagi aholi bilan, rahbarlar bilan uchrashadi va bu uchrashuvlar ommaviy-axborot vositalari orqali yoritiladi.  Biroq men kutganim bo’lmadi, bu meni juda ajablantirdi.

Shu yerda men kichik lirik chekinish qilmoqchiman. Orol dengizi quriyotgani to’g’risida men 1990-yillarda “Noviy mir” jurnalida chop qilingan 59 betli “Aralskaya katastrofa” deb nomlangan katta hisobot maqolani o’qib bilgan edim.

 Men u paytlar O’zbekiston SSR Fanlar Akademiyasining Yadro fizikasi institutida ishlar edim. Lekin dahshatlisi, ajablanarlisi shundaki, men Orol dengizining quriyotgani to’g’risida O’zbekistondagi ommaviy-axborot vositalaridan hech qanday ma’lumot olmaganman, hattoki, odamlardan ham eshitmagan edim.

Men 5-10-sinf o’quvchisi bo’lgan paytlarim (1970-1975-yillar) kuz oylarida 3-4 oylab paxta terimida qatnashganman. Shunisi aniq esimda, dekabr oyida dalada juda kam paxta qolgan bo’lsa ham paxta terganimni eslayman. Dalada paxta bo’lmasa ham bitta men emas, butun respublika paxtaga haydab chiqarilgan edi.

Lekin u paytlar men Orol dengizining quriyotgani to’g’risida mutlaqo xabarsiz bo’lganman. Biroq o’sha paytlarda O’zbekistonni boshqargan Sharof Rashidov, viloyat va tuman rahbarlari, obkom kotibi va raykom kotiblari bilishgan. Orol dengizining qurishi o’sha paytlarda O’zbekiston fuqarolaridan, SSSR fuqarolaridan yashirilgan. O’zbekiston mustaqil bo’lganiga qariyb 30 yil bo’lyapti, nega tuz-qum bo’roni O’zbekiston ommaviy-axborot vositalarida asosiy mavzuga aylanmadi?!

Lekin men shuni tan olib aytamanki, Ozodlik va BBCda tuz-qum bo’roni atroflicha yoritildi, hattoki, BBCda Orol fojeasini bartaraf etish yo’llari ham muhokama qilindi.  O’zbekistonlik akademik, ekolog, tabiat xavfsizligi bo’yicha mutaxassis Anvarmirzo Husainov Sibir daryolarining suvini Qoraqalpog’iston respublikasi va Xorazm viloyati ekinzorlariga katta kanal qazib olib kelish muammoni hal qilishini aytdi.  Ayniqsa, Rossiya g’arb mamlakatlarining iqtisodiy sanktsiyalari ostida bo’lgan paytda bunga moyilroqligini ta’kidladi. Qozog’istondan yetakchi iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubayev Afg’oniston, O’zbekiston, Qozog’iston, Turkmaniston mamlakatlari rahbarlari o’zaro kelishib, Turkmanistondagi Qoraqum kanalini betonlab va umuman Amudaryoning suvini tejab ishlatish orqali Orol fojeasini bartaraf etish mumkin degan fikrni bildirdi. [9].

Mening fikrimcha, Orol fojeasini bartaraf qilish yaqin yillarda o’ta mushkul.  Buning ikkita asosiy sababi bor:

1.Orol fojeasiga barham berishga aloqador bo’lgan mamlakatlar rahbarlarining o’ta korruptsiyalashgani.  Transparency International tashkilotining 2017-yil korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha(Corruption Perceptions Index 2017) [10] Qozog’iston 31 bal bilan dunyodagi 180 mamlakat ichida 122-o’rinda, Rossiya 29 bal bilan 135-o’rinda, Qirg’iziston 29 bal bilan 135-o’rinda, O’zbekiston 22 bal bilan 157-o’rinda, Tojikiston 21 bal bilan 161-o’rinda, Turkmaniston 19 bal bilan 167-o’rinda, Afg’oniston esa 15 bal bilan 177-o’rinda.

 Korruptsiya darajasi eng kam bo’lgan Yangi Zelandiya 89 bal bilan 1-o’rinni egallaganini hisobga olsak, yuqorida keltirilgan mamlakatlardagi korruptsiya darajasining juda yuqoriligini, abgorligini ko’ramiz. [10].

Darhaqiqat, Vladimir Putinning oligarxlari korruptsiya yo’li bilan trillionlab AQSh dollarlarini, Nursulton Nazarboyevning oilasi 10 milliardlab AQSh dollarini, Islom Karimovning qizlari Gulnora Karimova va Lola Karimova-Tillayevalarning milliardlab AQSH dollarida O’zbekiston xalqining pullarini o’marganligi dunyo jamoatchiligiga ma’lum.

2.Orol fojeasiga barham berishga aloqador bo’lgan mamlakatlar vatandoshlarining, fuqarolarining huquqiy bilimsizligi.  Freedom House tashkilotining siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar ko’rsatkichi bo’yicha Qirg’iziston 37 ball bilan qisman erkin, Afg’oniston 26 ball bilan erkin emas, Qozog’iston 22 ball bilan erkin emas, Rossiya 20 ball bilan, erkin emas, Tojikiston 11 ball bilan, erkin emas, O’zbekiston 7 ball bilan, erkin emas, Turkmaniston 4 ball bilan, erkin emas mamlakatlar qatorida.[11].

Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya 100 ball bilan, Kanada esa 99 ball bilan erkin mamlakatlar qatorida ekanlgini hisobga olsak, Qirg’iziston,Afg’oniston, Qozog’iston, Rossiya, Tojikiston, O’zbekiston va Turkmaniston kabi mamlakatlarning aksariyat vatandoshlari erkinlik nima, siyosiy huquqlar nima, fuqaroviy erkinliklar nima degan tushunchaga ega emaslar va bu qadriyatlar uchun kurashmaydilar.

 Bu mamlakatlarni boshqarayotgan korruptsioner rahbarlar va ularning maddohlari o’z xizmat mavqelaridan foydalanib, boylik orttirish bilan mashg’ul. Bu mamlakatlarning vatandoshlari o’z huquqlari uchun kurashmasalar, o’z huquqlarini himoya qila olmasalar, ular qanday qilib Orolni himoya qilishsin!?

Qisqasi, korruptsionerlar va maddohlar hukmron bo’lgan mamlakatlarda va vatandoshlari siyosiy huquqlardan, erkinliklardan mahrum etilgan mamlakatlarda Orol fojeasini bartaraf etish o’ta mushkul.

Demak, Orol fojeasini hal qilish uchun bu mamlakatlarga kuchli fuqaroviy jamiyat zarur.  Kuchli fuqaroviy jamiyat bu mamlakatlarni boshqarayotgan rahbarlarning korruptsiyalashihsiga yo’l qo’ymaydi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

1-iyun, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Шок видео сольный дождь в каракалпакстан Нукус Tuzli yomg’ir Qoraqalpog’iston Nukus 2018. 28.05.2018.

( https://www.youtube.com/watch?time_continue=70&v=oALg-q2ZZoo ).

2. Мана Хоразмдаги УЛКАН КУМ Бурони ЯНГИ ВИДЕО. 28.05.2018.

( https://www.youtube.com/watch?v=VUvnRFgk–U ).

3. “Ўзбекистонда бундай туз бўрони аввал ҳеч бўлмаган”. 28.05.2018.

( https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-44281754 ).

4. Қорақалпоғистонлик пенсионер: “Осмондан туз ёққанини биринчи кўришим”. 28.05.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/qoraqalpogistonda-tuz-yomgiri/29255371.html ).

5. O‘zbekiston g‘arbida tuz yomg‘iridan keyin bemorlar ahvoli og‘irlashdi, ekinlar qurib qolmoqda. 31.05.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29260082.html ).

6. Наманганда “Hyundai” юк автомобиллари ва автобуслар ишлаб чиқарилади. 28.05.2018. ( https://www.youtube.com/watch?v=_QQy34djvvE ).

7. General Parpievning polkovnik jiyanlaridan so‘ng “profsoyuz” ukasi va diplomat o‘g‘li ishdan olindi (VIDEO). 29.05.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29257816.html ).

8. ШАВКАТ МИРЗИЁЕВ ИМПОРТ ТОВАРЛАРНИ ОЛИБ КИРИШ БЎЙИЧА ИМТИЁЗЛАРНИ ТАҚДИМ ЭТИШ. 31.05.2018. ( https://www.youtube.com/watch?v=8vDVYhcb3HM ).

9. Ўзбекистондаги сўнгги туз бўрони фожианинг бошланишими? 30.05.2018. ( https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-44309998 ).

10. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

11.Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.