O’zbekistonda majburiy mehnatga barham beriladimi yoki o’yin yana davom etadimi?

Spread the love

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yilning 15, 16,17-may kunlari rasmiy tashrif bilan AQShda bo’ldi.  Prezidentning AQShga rasmiy tashrifi oldidan O’zbekistonda inson huquqlari vaziyatining va tadbirkorlik muhitini yaxshilash uchun ko’p chora tadbirlar ko’rilgan edi.  Men bu haqda “ Prezident Shavkat Mirziyoyev qanday qilib AQShga rasmiy tashrif bilan borishga erishdi”?degan maqolam va shu nomdagi youtubedagi videoda o’z fikrlarimni bayon etgan edim.  [1,2].

Bu safar faqat O’zbekistondagi majburiy mehnat bo’yicha to’xtalmoqchiman. Quyida majburiy mehnat bo’yicha menga ma’lum bo’lgan ko’rilgan chora tadbirlardan misollar keltiraman:

1.AQSh O’zbekistonni qo’llab quvvatlaydi. Amerika ovozidan iqtibos: “ Amerika O’zbekistonda siyosiy mahbuslar ozod etilishini yuqori baholaydi, majburiy mehnat va qiynoqlar singari og’ir muammolarni bartaraf etish uchun qonuniy va amaliy choralar ko’rilmoqda”. Iqtibos tugadi.[3].

2.O’zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori.  Ozodlikdan iqtibos: “O’zbek rasmiylari mamlakatda inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga to’liq barham berishga doir qo’shimcha chora tadbirlarni amalga oshirmoqchilar.

Bu muddao O’zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan 10 may kuni qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 349-sonli qarorida o’z ifodasini topgan.

Mazkur qaror O’zbekiston Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlangani, har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish, biron-bir jazo qo’llanishi bilan qo’rqitgan holda ishlarni bajarishga majburlashni taqiqlovchi normalar mustahkamlanganini e’tiborga olgan holda qabul qilingani urg’ulanmoqda.

Qarorning amalga oshirilishi yuzasidan hokimliklar, prokuratura, Bandlik va mehnat munosobatlari vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Adliya vazirligiga tegishli topshiriqlar berilgan”.  Iqtibos tugadi. [4].

3.Sog’liqni Saqlash Vazirligida maxsus komissiyalar tuzilishi.

Yana Ozodlikdan iqtibos: “Sog’liqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalarida xodimlarning majburiy mehnatga jalb etilishiga yo’l qo’ymaslik uchun maxsus komissiyalar tuzilishini ma’lum qildi.

Vazirlikka tayanib Gazeta.uz saytining xabar qilishicha, vazir Alisher Shodmonov Bosh vazir Abdulla Aripov bilan o’tgan videoselektor yig’ilishidan so’ng topshiriq bergan.

Rasmiy xabarga ko’ra, komissiyalar doimiy ravishda ishlaydi va shifokorlar, hamshiralarning dala, kommunal va obodonchilik ishlariga ish haqisiz jalb qilinishi hollarini nazorat qiladi.

Bundan buyon sog’liqni saqlash sohasining birorta xodimi jamoatchilik ishlariga jalb qilinmaydi. O’z-o’zini aldash, ko’zbo’yamachilik bilan bir-ikki kun kechirish mumkin, ammo bu bilan kelajakni qurib bo’lmaydi”, deya iqtibos keltiradi nashr vazir Alisher Shodmonovdan.  [5].

4.Vazirlar mahkamasida yig’ilish.  Ozodlikdan iqtibos: “17-aprel kuni (2018- izoh meniki) Vazirlar mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov raisligida yig’ilish bo’lib o’tgan edi.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan majburiy mehnatga qarshi kampaniya doirasida o’tkazilgan yig’ilishda Bosh vazir bu borada sodir etilgan qonunbuzarliklarni sanadi.

Shu yig’ilishda o’qituvchi va shifokorlarning majburiy mehnatga jalb etilayotganini yashirgani uchun xalq ta’limi vaziri Ulug’bek Inoyatov va sog’liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga hayfsan e’lon qilingandi.

Bundan tashqari, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev qat’iy ogohlantirilgan, Samarqand viloyat hokimi Turobjon Jo’rayev hayfsan olgan edi. Xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari ham intizomiy jazoga tortilgan. [5].

5.Diana Yenikyeyevaning o’limi bo’yicha amaldorlarga ko’rilgan choralar.  Sud qarori.

Ozodlikdan iqtibos: “Maktubda aytilishicha, Diana Yenikyeyevaning fojeali o’limi bo’yicha O’zbekiston Jkning 266-moddasi, 2-qismi asosida 14 mart kuni qo’zg’atilgan jinoyat ishi surishtiruvi tugab, 29 mart kuni ish sudga oshirilgan.

Surishtiruv natijasida “obodonlashtirish ishlarini o’tkazishda yo’l qo’ygan kamchiliklari uchun” Kattaqo’rg’on tumani Xalq ta’limi bo’limi mudiri Jumanazarov A., 42-maktab direktori Boltayeva N, ishdan olingan, maktab direktori o’rinbosari Mamatov X.ga hayfsan e’lon qilingan.

Shuningdek, viloyat prokurori javob xatida Dianani urib yuborgani uchun JKning 266-moddasi,2-qismida ayblangan haydovchining ishi sudga oshirilgani aytilgan.

Jkning 266-moddasi,2-qismida transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish o’lim holati bilan tugashi ko’zda tutilgan va aybi isbotlansa, haydovchi 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin”. Iqtibos tugadi.[6].

Yana Ozodlikdan iqtibos:”14 mart kuni ko‘cha tozalashga chiqarilgan 23 yoshli Diana Yenikyeyevani urib ketgan yuk mashinasi haydovchisi Akram Elmurodov Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi hukmi bilan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) da ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga nisbatan 6 yillik qamoq jazosi tayinlandi. Diana o‘limiga sabab bo‘lgan halokat aybdori¸ shuningdek¸ uch yil davomida transport vositasini boshqarish haqqidan ham mahrum etildi. [7].

Gazeta.uz nashrining yozishicha¸ Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining yoshlar siyosati va ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Musaxon Muzafffarov va Kattaqo‘rg‘on tuman Xalq ta’limi bo‘limi rahbari Alisher Jumanazarovlar Jinoyat Kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) da ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va ikki yillik axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan. Sud hukmiga ko‘ra¸ ikkala sobiq mas’ul o‘z ish haqining 20 foizini davlatga to‘laydi va ularning bir yil davomida rahbarlik lavozimiga tayinlanishi taqiqlanadi”. Iqtibos tugadi.[7].

Majburiy mehnat bo’yicha chora tadbirlarning Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga rasmiy safaridan keyingi amaliyoti bo’yicha uchta misol:

1.Prezidentning Andijonga tashrifi.  Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga rasmiy safardan qaytib kelganidan keyin 19-may kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.

 Ozodlikdan iqtibos: “Prezident tashrifi bilan bog’liq vaziyatdan xabardor andijonlik mulozimning Ozodlikka aytishicha, 19 may kuni Andijon shahrida maktablar o’qituvchilari prezident borishi rejalangan qishloqlarga jo’natilgan.

Masalan, 15,4,3-maktablar Ulug’nor tumaniga jo’natildi. Ular Ulug’norda prezident boradigan joylarda aholini ko’chaga chiqarmasdan ushlab turishadi. Bugun soat 20:00da Ulug’norda prezident yig’ilish o’tkazadi. Prezident o’sha yerda video selektor qilishi rejalashtirilgan. Andijon shahridagi selektor ishtirokchilari faqat ayollar bo’lishi mumkin.Chunki erkaklar kelishini bekor otmen (bekor) qilishdi. Hozircha sababi ma’lum emas, dedi andijonlik mulozim”.  Iqtibos tugadi. [8].

Yana ozodlikdan iqtibos: “Andijondan olingan ma’lumotga ko’ra, prezident tashrifi bois huquq-tartibot idoralari 19-may kuni Ertalab soat 4dan “oyoqqa turgan”.

Soat to’rtda aeroportda razvod bo’ldi. Yo’llarda harakatlanish to’htadi. Xuddi Karimovni kutib olishga o’xshagan vaziyat. Yo’llar to’silgan. Katta ko’chalarga katta mashinalar qo’yilib,to’sildi. Har yuz metrga militsiya va soliq xodimlari ikkitadan tashlangan. Hammamiz grajdanskiy kiyimda turibmiz”, dedi o’zi bevosita ushbu tadbirlarda ishtirok etayotgan huquq-tartibot idorasi xodimi”.  Iqtibos tugadi. [8].

2.Azamat Umarov, ko’cha supurtirish.  

Ozodlikdan iqtibos: “Prezident Mirziyoyevning Samarqand safari arafasida ko’cha tozalashga majburlangan 23 yashar kattaqo’rg’onlik o’qituvchining 14 mart kungi fojiali o’limi ortidan Azamat Umarov viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi rahbari lavozimidan bo’shatilgan edi.

Ozodlikka ma’lum bo’lishicha, Umarov 18 may kuni Samarqand shahridagi 62-sonli maktab-internatga direktor etib tayinlangan va darhol o’qituvchilarni yana obodonlashtirishga haydagan. Samarqand shahridagi 62-sonli aqliy imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan o’qituvchilardan biri yangi tayinlangan direktor Azamat Umarov ishga chiqishi bilan hammani ko’cha tozalashga majburlanganini aytadi:

-Yangi direktor o’sha kunning o’zida (18 may kuni) yig’ilish o’tkazib, shanba, yakshanba kunlari hamma o’qituvchi, tarbiyachi, ishchi xodimlarni obodonlashtirish, ko’cha tozalash ishlariga kelishga majbur qildi. Ko’pchilik yosh bolali xodimlar, bolasini yetaklab ertalabdan maktab internatiga kelishga majbur bo’ldi”,- deydi 62-son maktab-internati o’qituvchisi”.  Iqtibos tugadi. [9].

Ozodlikning bu xabaridan voqib bo’lgan Samarqand viloyati rahbariyati darhol Azamat Umarovni ishdan bo’shatgan. Juda tez chora ko’rildan.

Ozodlikdan iqtibos:”Samarqand viloyatidagi 62-sonli maxsus maktab-internatga 18 may kuni direktor etib tayinlangan Azamat Umarov o‘qituvchilarni shanba va yakshanba kunlari majburiy mehnatga jalb qilgani uchun ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Ozodlikka Samarqand Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi ma’lum qildi. Umarovning ishdan olinishi uning o‘qituvchilarni ko‘cha tozalashga majburlagani haqdagi 22 may kungi Ozodlik xabari ortidan ro‘y berdi”.Iqtibos tugadi.[10].

3.Obodonlashtirishdagi “o’lik jonlar”ga yozilayotgan oylik.

Ozodlikdan iqtibos: “Men – Ulbeke Gulmanova, Toshkent shahri Mirzo Ulug’bek tumani TTZ-1 dahasi, 26-uy, 42-xonadonda istiqomad qilaman, 2001 yildan beri Toshkent shahri Obodonlashtirish boshqarmasining sun’iy inshootlardan foydalanish va ularni saqlashga ixtisoslashtirilgan bo’limida farrosh bo’lib ishlab kelaman.

Men Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlardan ruhlanib, tizimda davlat pulini o’zlashtirish bilan bog’liq holatlar yuzasidan mas’ul tashkilotlarga qayta-qayta murojaat yo’lladim, ammo shikoyatlarimga e’tibor bermasdan men ayblayotgan kimsalarning yolg’on axboroti asosida rad javobi berilmoqda. Shu bois men davlatimiz rahbariga “Sizdan telegram” rukni orqali murojaat qilmoqdaman.

TTZ zavodi oldida ikkita tunnel bor, ularni ozoda saqlash bizning zimmamizda. Kadrlar bo’limidan shuni bildimki, ikkita tunnel ozodaligini saqlash uchun 6 nafar farroshga buyruq chiqarilgan. Ammo amalda ikkita tunnelni 2 kishi-men va sherigim supirib-sidirib, tozalaymiz. Sherigim tug’ruq ta’tiliga chiqqach, ikkala tunnelni tozalashni mening zimmamga yuklab qo’yishdi. Vaqtinchalik bo’lsa-da, qo’shimcha odam olishni xohlashmadi. Natijada men kasal bo’lib qoldim. Kasal bo’lganimdan norozi bo’lgan rahbariyat esa ishdan bo’shashimni talab qildi. ”Ustlaringdan ariza yozaman”, desam, rahbarim Yunus Muhamedov “Tanishlarim orqali yo’q qilib yuboraman” deb tahdid qildi. Avvaliga norasida qizimni o’ylab qo’rqib yurdim, endi kasalmand bo’lib qolganimdan keyin bor haqiqatni yozmoqdaman.

Yuqorida aytganimdek, rasman 6 kishi ishlashi ko’zda tutilgan joyda amalda faqat ikki kishi mehnat qiladi. Qog’ozda yana to’rt nafar farrosh rasmiylashtirilgan va ularning maoshini kimlardir o’zlashtirib kelmoqda.

Men “o’lik jonlar” kim ekani, ya’ni soxta ishga rasmiylashtirilganlarni aniq bilaman va maktubimdagi da’volarimni isbotlab bera olaman.

Obodonlashtirish tizimidagi qonunbuzarliklar adolatli tekshirilishi, davlat mablag’larini o’zlashtirish uchun jazo muqarrarligi ta’minlanishi, menga nisbatan qilingan haqsiz munosobatga barham berilishini talab qilaman”.  Iqtibos tugadi. [11].

4.Obodonlashtirishga 714 milliard ajratilgan, necha milliard sarflangan?

Ozodlikdan iqtibos: “Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda majburiy mehnatning oldini olishning moliyaviy asoslari ham mavjud. Kun.uz sayti ma’lumotiga qaraganda, 2018 yili ishsiz aholini jamoat ishlariga jalb qilish maqsadida 714 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu pulning 84 milliard so‘mi Farg‘ona viloyatiga ajratilganini, undan faqat 5 milliardi o‘zlashtirilganini viloyat hokimi o‘zining yuqorida keltirganimiz “tavba-tazarrusida” tan oldi.

Abdulla Aripov pul to‘g‘risida:

Shuncha pul bor edi. Birinchi chorakda salkam 150 milliard pul ajratilgandi. Bor yo‘g‘i 40 milliard so‘m ishlatilgan. Bu hududlardagi ko‘p hokimlar hujjatlarni to‘g‘ri o‘qishni bilmasligi, yoki prezident yaratib berayotgan imkoniyatlardan foydalana olmasligiga yaqqol namuna». Iqtibos tugadi.[12].

Oxirgi ikki misol majburiy mehnat bilan korruptsiya o’rtasidagi bog’liqlikka yorqin misollardir.  Bu ikki misol O’zbekistondagi amaldorlar majburiy mehnatdan nima uchun voz kechishni hoxlamayotganliklarining sababini, ildizini ko’rsatadi.

Majburiy mehnatga barham berishning qog’ozda,og’izda va amaliyoti o’rtasidagi katta farq 2017-yilda ko’rilgan edi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida qilgan nutqida O’zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish haqida shunday degan edi.

Nutqdan iqtibos: “ Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo’yicha ta’sirchan choralar ko’rildi”. Iqtibos tugadi. [13].Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTda minbarga chiqishidan keyin talabalar,o’qituvchilar, shifokorlar paxta maydonlaridan chaqirilib olingan edi.

Bir haftalar o’tmasdan ommaviy paxtaga majburiy safarvarlik boshlangan edi.

Ozodlikdan iqtibos: “Bunga misol, Andijon, Namangan, Farg’ona va Surxondaryo viloyatlaridagi O’zbekiston vatandoshlari birinchi marta poezdlarda Qoraqalpog’iston respublikasi, Xorazm , Jizzah va Toshkent viloyatlariga paxta terimiga majburan jo’natildi.

Ozodlik radiosi 2017 yil paxta terish mavsumida Farg’ona viloyatidan qariyb 17 ming, Namangan viloyatidan 1900 va Surxondaryo viloyatidan 14 900 nafar hasharchi paxta terish uchun ixtiyoriy majburiy tarzda Qoraqalpog’iston, Xorazm, Jizzah viloyatlariga maxsus poezdlarda yuborilgani, Toshkent viloyat paxtazorlarida esa Andijondan olib kelingan xasharchilar paxta terayotgani haqida xabarlarni tarqatgan edi”. Iqtibos tugadi.[14].

Men buni oldin ko’p aytganman, yana eslatib o’tmoqchiman O’zbekiston zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha Shimoliy Koreyadan keyin ikkinchi o’rinni egallaydi. Dunyoning beshta mamlakati Hindiston, Xitoy, Pokiston, Bangladesh va O’zbekistonda zamonaviy qullar dunyo bo’yicha qullarning 58 foizni tashkil qiladi.  2016-yilda O’zbekistonda zamonaviy qullar soni 1.236.600 kishini tashkil qilgan va bu aholining 3.973 foizini, ya’ni qariyb 4 foizni tashkil qiladi. [15].

 Bu O’zbekiston uchun uyat, sharmandalik. Biroq, O’zbekistonda korruptsioner va maddohlar hukmron. Korruptsioner, maddohlarda uyat, sharmandalik hissi yo’q.

Yuqoridagi misollardan ko’rinib turibdiki, O’zbekistonda majburiy mehnatga barham berish qog’ozda, og’izda amalga oshirilib bo’ldi.  Lekin, amalda amalga oshishiga menda katta shubha bor.

Chunki, O’zbekistonda har yili konstititsiya kuni nishonlanadi, lekin konstitutsiya ishlamaydi, O’zbekistonda konstitutsion sud bor, lekin bu sud majburiy mehnat bo’yicha qilinayotgan jinoyatlarni ko’rmaydi. O’zbekiston vatandoshlarining huquqlari oyoq osti qilinayotganini ko’rmaydi.

 O’zbekistonda kasaba uyushmalari bor, lekin bu kasaba uyushmalari O’zbekiston vatandoshlarining mehnat huquqlari oyoq osti qilinayotganini faqat prezident aytgandan keyingina ko’radi.

O’zbekistonda “erkin, demokratik saylovlar” o’tkazilgan, o’tkazilmoqda. Nahotki, majburiy mehnatga barham berilish ham qo’shtirnoq ichida amalga oshiriladi?!

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

26-may, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Президент Шавкат Мирзиёев қандай қилиб АҚШга расмий ташриф билан боришга эришди? 18.05.2018. ( http://uz.hrsu.org/archives/8995 ).

2. Президент Шавкат Мирзиёев қандай қилиб АҚШга расмий ташриф билан боришга эришди? Видео. 19.05.2018. ( http://uz.hrsu.org/archives/8998 ).

3. AQSh-O’zbekiston: Strategik hamkorlikning yangi davri boshlanmoqda. 16.05.2018. ( https://www.amerikaovozi.com/a/4397130.html ).

4. Ўзбек расмийлари мажбурий меҳнатга тўлиқ барҳам берилишига эришмоқчи. 11.05.2018. ( https://123ru.net/smi/ozodlik-org/147726300 ).

5. Ариповдан ҳайфсан олган вазир мажбурий меҳнатга қарши комиссия тузмоқчи. 22.04.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/aripovdan-hayfsan-olgan-vazir-majburiy-mehnatga-qarshi/29185077.html ).

6. Ўқитувчи Диана вафот этган туманда мудир ва мактаб директори ишдан олинди. 08.04.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/oqituvchi-diananing-olimida-2-kishi-ishdan-olindi/29152648.html ).

7. “Ободонлаштириш” қурбони – Диана Еникеева ўлимида айбланганлар устидан ҳукм ўқилди. 14.05.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/diana-enikeeva-prezidetn-samarqand-avariya-majburiy-mehnat/29226138.html ).

8. Мирзиёев Андижонда: Ҳар юз метрга иккитадан мелиса қўйилди, аҳолига уйдан чиқмаслик айтилди. 19.05.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29237337.html ).

9. Диана ўлими ортидан бўшатилган амалдор янги ишини яна ўқитувчига кўча супуртиришдан бошлади. 22.05.2018. (https://www.ozodlik.org/a/ozbekiston-majburiy-mehtat-samarkand-oqituvchilar/29243263.html ).

10. ОзодТаъсир: Мактаб директори ўқитувчиларга кўча супиртиргани учун ишдан олинди. 25.05.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/ozbekiston-miliciya-zoravonlik-majburiy-mehnat/29250237.html ).

11. ТОШКЕНТ – “Ободонлаштиришдаги “ўлик жонлар”га ёзилаётган ойликни ким олаяпти?” 23.05.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/sizdan-telegram-obodonlashtirish/29245256.html ).

12. Ҳокимлар ва вазирлар маориф ва тиббиёт ходимларини мажбурий меҳнатга жалб этмасликка ваъда берди. 18.04.2018. (https://www.ozodlik.org/a/ozbekiston-majbiriy-mehnat/29174177.html ).

13. Ўзбекистон Президенти Шавкат Мирзиёев БМТ Бош Ассамблеясининг 72-сессиясида нутқ сўзлади. 20.09.2017. ( http://uza.uz/oz/politics/zbekiston-prezidenti-shavkat-mirziyeev-bmt-bosh-assambleyasi-20-09-2017 ).

14. Мирзиёев мажбурий меҳнатга барҳам берилганини айтди.08.12.2017.

( https://www.ozodlik.org/a/28904582.html ).

15. Slavery index by countries. 2016. ( https://www.globalslaveryindex.org/findings/ ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.