Prezident Shavkat Mirziyoyev qanday qilib AQShga rasmiy tashrif bilan borishga erishdi?

Spread the love

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yilning 15, 16,17-may kunlari AQShda rasmiy davlat tashrifi bilan bo’ldi.  [1].

Ushbu  rasmiy tashrifning qanday qilib amalga oshirishda zarur, muhim ishlar qilinganini tushunish uchun O’zbekistondagi va AQShdagi inson huquqlari vaziyati va tadbirkorlik muhitining qiyosan ko’rsatkichlarini keltiraman:

1.AQSh deganda mening ko’z oldimga aholisi 323,9 million(O’zbekistonda 33 millionga yaqin), iqtisodi G20(katta yigirmaning) 1-o’rinini egallagan, NATOning yetakchisi bo’lgan iqtisodiy, moliyaviy va harbiy jihatdan dunyoning eng qudratli mamlakati keladi;

2.O’zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (PPP- Purchasing Power Parity) 222,792 million dollar, AQSHda esa 19,390,600.[2];

3.Dunyoda aholi jon boshiga o’rtacha sotib olish pariteti (PPP- Purchasing Power Parity per capita) 16ming AQSh dollari bo’lgani holda O’zbekistonda 7000, AQSHda 59,495. Shu ko’satkich bo’yicha O’zbekiston dunyoning o’rtacha darajasidan nihoyatda orqada, AQSH esa nihoyatda oldinda. [3,4];

4.Majburiy mehnat.  Zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 4 foiz (aniqrog’i 3,973) bilan Shimoliy Koreyadan keyin 2-o’rinda, AQSH esa 0.018 foiz bilan dunyoda 52-o’rinda.[5];

5.Korruptsiya. O’zbekiston korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha (Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 davlati qatoriga kiradi, AQSH esa 16-o’rinda. Bu yerda ko’rinib turibdiki, AQSHda O’zbekistonga nisbatan korruptsiya darajasi ko’rsatkichi juda kam.[6];

6.Iqtisodiy erkinlik.  O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha(Economic Freedom Index) 51.5 bal bilan 152-o’rinni egallaydi va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan(Mostly Unfree) mamlakatlar qatoriga kiradi.

AQSH esa 75.7 ball bilan 18-o’rinda, iqtisodi ko’proq erkin (Mostly Free). AQSHning iqtisodi O’zbekistonnikiga qaraganda ancha erkin.[7];

7.Fuqaroviy va siyosiy huquqlar.  Xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekistonning fuqaroviy va siyosiy huquqlar bo’yicha ko’rsatkichi 7 ball va dunyoning 10ta eng yomonlari qatorida.

AQSHda esa 86 ball bo’lib erkin mamlakatlar qatorida. O’zbekistonda matbuot, internet erkin emas. AQSHda esa matbuot, internet erkin.[8];

8.Tadbirkorlik muhiti (Doing Business).  Jahon Bankining tadbirkorlik muhiti ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston dunyoda 74-o’rinni egallaydi, AQSH esa 6-o’rinda.[9];

9.O’zbekistonga xalqaro kredit reyting agentliklari: Standard & Poor’s, Fitch, va Moody’s tomonidan reyting berilmagan.  Bu reyting agentliklari AQSHga reyting bergan, shu jumladan Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonga reyting bergan, lekin O’zbekistonga emas.[10,11].

Yuqoridagi inson huquqlari va biznes muhiti bo’yicha ko’rsatkichlardan ko’rinib turibdiki, O’zbekistondagi inson huquqlari vaziyati va iqtisodiy erkinlik o’ta abgor holatda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrif bilan borishiga ikki geopolitik omil katta rol o’ynadi.

1. Birinchi geopolitik omil bu Afg’onistondir. AQSh Afg’onistonda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish uchun O’zbekistonning yordamiga muhtoj.

2.Ikkinchi geopolitik omil Rossiya, Ukrainadir.

AQSh Rossiyaning Qrimni anneksiya qilib olishi munosabati bilan sanksiyalar kiritgan edi.  AQSh Markaziy Osiyo mamlakatlarining va shu jumladan O’zbekistonning ham hayrixohligiga umidvor.

3. Prezident Shavkat Mirziyoyev inson huquqlari ahvoli abgor bo’lgan holatda AQShga rasmiy tashrif bilan bora olmas edi.  Chunki, AQShda fuqarolik jamiyati nihoyatda kuchli. AQSh soliq to’lovchilari AQSh prezidenti Donald Trampning ularning pullarini inson huquqlari abgor bo’lgan O’zbekistondek mamlakat uchun sarflashini hoxlashmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistondagi inson huquqlari vaziyatining abgor holatini yaxshilash uchun quyidagi ishlarni amalga oshirdi.(Albatta bu sanalgan misolllar to’liq emas).

1.Siyosiy mahbus Faxriddin Tillayev ozod qilindi.  Hammasi bo’lib eng kamida 28 huquqbonlar, jurnalistlar, siyosiy faollar ozod qilindi;

2.Maktab o’qituvchilarini, shifokorlarni, talabalarni majburiy mehnatga jalb qilish “favqulodda holat” deb e’lon qilindi.  Majburiy mehnatga yo’l qo’ygan amaldorlarni qattiq jazolanishi ta’kidlandi;

3.Jamoatchilik nazorati to’g’risidagi qonun qabul qilindi.  Human Rights Watch tashkilotiga O’zbekistonda faoliyat yuritish uchun ruxsat berildi.  Amerika Ovozi muxbiri Navbahor Imomova O’zbekistonda akkreditatsiyadan o’tdi;

4.BMTning inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Zayd Raad al Husaynning 2017-yilning 10-may kuni O’zbekistonga rasmiy tashrifi amalga oshirildi.[12];

5.BMTning din va e’tiqod bo’yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shaxid O’zbekiston hokimiyatining taklifi bilan O’zbekistonda 2017 yilning oktyabr oyida 10 kunlik rasmiy safarda bo’ldi.[13];

6.O’zbekistondagi inson huquqlari vaziyatining abgor holatini yaxshilash uchun men keltirgan misollardan tashqari ham ko’p ishlar qilindi.  Yana shuni qo’shimcha qilishni lozim topdim, Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 may kuni O’zbekistonga amaliy safar bilan borgan AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo’mondonligi qo’mondoni general Jozef Votelni qabul qildi. [14].

Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSH prezidenti Donald Tramp bilan, AQSH rasmiylari bilan muzokaralari juda samarali bo’ldi.

Amerika ovozidan iqtibos: “Amerika O’zbekistonda siyosiy mahbuslar ozod etilishini yuqori baholaydi, majburiy mehnat va qiynoqlar singari og’ir muammolarni bartaraf etish uchun qonuniy va amaliy choralar ko’rilmoqda.

Inson huquqlari, jumladan diniy erkinlik va matbuot erkinligi bobida oldinga qadamlar tashlanmoqda, deya ta’kidlanadi qo’shma bayonotda. “Amerika Ovozi” jurnalisti Navbahor Imomova yaqinda O’zbekistondan axborot uzatish uchun akkreditatsiya olgani bayonotda alohida tilga olinib, progress sifatida baholangan.

Amerikadan ta’lim sohasida yordam oshishi kutilmoqda, jumladan ingliz tilini o’rganish, huquqshunoslik va jurnalistika yo’nalishida.

O‘zbekiston va AQSh kompaniyalari orasida 4,8 milliard dollarga teng 20 dan ortiq yirik shartnoma imzolangan.

Vashington O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini quvvatlaydi. Respublika o‘z savdo rejimini tashkilot normalariga moslashi kerak. Bu degani tizim liberallashadi, deydi rasmiylar. Iqtibos tugadi. [15].

Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi tarixiy deb baholandi.  Men bu rasmiy tashrifni qachonki tarixiy deb baholayman?! Qachonki, O’zbekiston vatandoshlarining fuqaroviy va siyosiy huquqlari, iqtisodiy erkinliklari hurmat qilinsa.  Qachonki O’zbekistonda baquvvat o’rta sinf va kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratilsa.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

18-may, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. AQSh-O’zbekiston: Strategik hamkorlikning yangi davri boshlanmoqda. 16.05.2018. ( https://www.amerikaovozi.com/a/4397130.html ).

2. List of countries by GDP (PPP). 2017. ( https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP) ).

3. GDP per capita, PPP – World Bank Open Data – World Bank Group.2016.( https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.PP.CD ).

4. List of countries by GDP (PPP) per capita. 2017. ( https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP)_per_capita ).

5. Slavery index by countries. 2016. ( https://www.globalslaveryindex.org/findings/ ).

6. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

7. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

8. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

9. The World Bank. Doing Business. 2018.

( http://www.doingbusiness.org/rankings ).

10. Big Three (credit rating agencies) .

( https://en.wikipedia.org/wiki/Credit_rating_agency ).

11. List of countries by credit rating.

( https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_credit_rating ).

12. БМТ Инсон ҳақлари бўйича Олий комиссари тарихда илк бор Тошкентга борди. 10.05.2017. ( https://www.ozodlik.org/a/28478324.html ).

13. “Ўзбекистонда диний эркинлик ҳаддан зиёд чекланган”. 13.10.2017.

( http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-41600518 ).

14. Вашингтон сафари олдидан Мирзиёев АҚШ Қуролли Кучлари қўмондонини қабул қилди. 13.05.2018. (https://www.ozodlik.org/a/29223940.html ).

15. Prezident Mirziyoyevning AQSh safari yakunlandi. 18.05.2018. (https://www.amerikaovozi.com/a/4398821.html ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.