O’zbekistonni sovet davri tarbiyasini olgan rahbarlar boshqaryapti, 21-asr rahbarlari emas

Spread the love

2018-yilning 8-9-may kunlari Xotira va Qadrlash kuni oldingi yillarga nisbatan boshqacha nishonlandi, boshqacha nishonlanishdan oldin boshqacha tayyorgarlik ham ko’rilgan edi.

Ozodlikdan iqtibos: “Sovet davrida “birinchi o’zbek generali” deya nomi afsonaga aylantirilgan Sobir Rahimovning haykali o’zining 1981 yilda o’rnatilgan joyiga qaytarildi. Madaniyat vazirligi qoshidagi Yodgorliklarni saqlash boshqarmasi mulozimlarining Ozodlikka aytishicha, haykal 2010 yilning 6 yanvarida o’sha paytda Bosh vazir lavozimida ishlagan Shavkat Mirziyoyevning buyrug’i bilan olib tashlangan edi”.  Iqtibos tugadi.

Yana Ozodlikdan iqtibos: “Shuningdek, Toshkentdagi Yo’ldosh Oxunboboyev, Hamza Hakimzoda, Fayzulla Xo’jayev, Akmal Ikromov kabi davlat va adabiyot arboblariga qo’yilgan haykallar ham aynan Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir bo’lgan 2003-2016-yillar orasida demontaj qilingan. [1]. Iqtibos tugadi.

Samarqandlik haykaltarosh Nurmuhammad Qodirovning Ozodlik bilan 8-may kuni eslashicha, Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimi bo’lgan 2001 yildan to 2003 yilgacha o’tgan davrda shahar markazidagi bir nechta haykallar olib tashlangan:

-Registonda Abu Abdullo Rudakiyning to’la bo’yli granit haykali bor edi. Qayerga ketdi shu haykal-hech kim bilmaydi. Alisher Navoiy bilan Abdurahmon Jomiyning marmar haykali bor edi Registonda. Olib, boshqa joyga ko’chirishdi. Keyin umuman yo’q bo’lib ketdi. Bularning hammasi Shavkat Mirziyoyev hokim bo’lgan davrda bo’ldi. Yozuvchi Sadriddin Ayniy uy muzeyining vayrona ahvolga kelishi ham Shavkat Mirziyoyev Samarqandga hokim bo’lgan davrida yuz berdi”,- deydi haykaltarosh.  [1].

1999-yildan O’zbekistonda Xotira va Qadrlash kuni sifatida nishonlab kelinayotgan 9-may 2018-yilga kelib, “Xotira va Qadrlash kuni hamda 2-jahon urushida qozonilgan g’alabaning 73 yilligiga, bayramga” aylandi.

Toshkent Botanika bog’i ichkarisida prezident ishtirokidagi maxsus tadbir qattiq xavfsizlik choralari ostida o’tkazildi va unga faqat taklif qilinganlargina qo’yildi. [2].

Prezident qatnashgan harbiylashgan shouda “Katyusha” aytilayotgan ayni paytda, Botanika bog’i ichkarisiga kirolmay, uning tashqarisida to’planganlar ham gitara jo’rligida “Katyusha” kuylashdi.

2018-yil 9-may kuni SSSRni qayta tiklash yo’lidagi madaniy-mafkuraviy tadbir sifatida ko’riladigan “O’lmas polk” aktsiyasi O’zbekiston poytaxti va boshqa shaharlarda bo’lib o’tdi.

Xususan, Georgiy lentasi va SSSR bayrog’ini ko’tarib chiqqan Toshkentdagi bu tadbir ishtirokchilari, “Birodarlik qabristoni”ga yurish qildi.

O’lmas polk”ka chiqqanlarning hammasi harbiy orkestr hamrohligida “Smuglyanka”ni kuylamoqda. Uraaaa!” deb xabar tarqatdi bu tadbir ishrokchilari.

9-may kuni Samarqand shahar markazidagi Universitet xiyobonidan “Motamsaro Ona” haykaliga harbiy yurish bo’lib o’tdi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan o’tkazilgan orkestr sadolari ostida o’tgan bu tadbirda ko’ksiga Georgiy lentasi taqib, sovetcha harbiy kiyim kiydirilgan bog’cha bolalari ham qatnashdi. Hokim qatnashgan rasmiy tadbirga olib kelingan bolalarni bu tarzda kiyintirib, O’zbekiston uchun yot ramzlar taqish tashabbusi aynan qaysi idora va mutasaddilarga oid ekani Ozodlikka hozircha ma’lum emas.  [2].

9-may tadbirlaridan bir kun oldin 8-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent Botanika bog’ida o’tkazilgan tantanali marosimda urush va mehnat faxriylarini tabriklab ma’ruza qildi.  [3].

Men prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasini youtube orqali tomosha qildim.  U o’z ma’ruzasida O’zbekistonning o’sha paytda 1941-yilda 6,5 million aholisidan 1.5 millioni urushga ketgani, bu urushda yarim milliondan ko’p O’zbekistonliklar halok bo’lgani, O’zbekistonga ko’plab zavod va fabrikalar ko’chirib kelinganligi, SSSRning urush bo’layotgan hududlaridan O’zbekistonga evakuatsiya qilingan bir necha yuz minglab kishilarni qabul qilib olinganligi va yetim bolalarga alohida g’amxo’rlik qilingani to’g’risida gapirib o’tdi.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev o’z ma’ruzasida Shomahmudovlar oilasining 14 yetim bolalarni asrab olinganligi to’g’risidagi jasoratni va ularga o’rnatilgan qahramonlik kompozitsiyasini, haykalini ilgari Xalqlar Do’stligi nomidagi maydonga qayta o’rnatilganligini adolatli to’g’ri ish qildik deb ta’kidladi.

Lekin meni hayron qoldirgan shu narsa bo’ldiki, prezident Shavkat Mirziyoyev Ulug’ Vatan urushi, 2-Jahon urushining keltirib chiqargan Molotov-Ribbentrop pakti (23.08.1939), Hitler va Stalinning dunyoni bo’lib olish to’g’risidagi yashirin rejalari, amaliyotlari natijasi ekanligi haqida lom-mim demadi. [4].

 9-may paradlarida Georgiyev tasmalari (lentalari)ning taqib olinishi, SSSRga tegishli gimn va harbiy qo’shiqlarning aytiliishi O’zbekistonning Chor Rossiyasi va SSSRdek imperiyaga tegishli ekanligi to’g’risida ham hech qanday fikr bildirmadi. [3].

Ko’pchilikka ma’lumki, mustaqil O’zbekiston SSSR degan imperiyadan bolalar mehnati, majburiy mehnat, korruptsiya, davlat repressiyalari, terrori, qiynoqlar, Orol fojeasi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini hurmat qilmaslik kabi illatlarni meros qilib olgan edi.

O’zbekistonning mustaqil bo’lganiga 27 yil o’tgan bo’lsada, majburiy mehnatga hanuz barham berilgani yo’q.

1.Majburiy mehnat.  O’zbekiston zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha dunyoda Shimoliy Koreyadan keyin ikkinchi o’rinda turadi.[5].

2.Korruptsiya.  O’zbekiston korruptsiya darajasi ko’rsatkichi bo’yicha(Corruption Perceptibility Index) dunyoda 180 mamlakat ichida 157-o’rinni egallaydi, ya’ni dunyoning eng korruptsiyalashgan 20 mamlakatlari qatoriga kiradi.[6].

3.Iqtisodiy erkinlik.  O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha (Economic Freedom Index) 51,5 bal bilan 152-o’rinni egallaydi va ko’proq iqtisodi erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatoriga kiradi.[7].

4.Fuqaroviy va siyosiy huquqlar.  Xalqaro Freedom House tashkiloti hisobotiga ko’ra O’zbekiston fuqaroviy va siyosiy huquqlar ko’rsatkichi bo’yicha 7 balga ega bo’lib, dunyoning eng 10ta yomonlari qatorida.[8].

Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, prezident Shavkat Mirziyoyev SSSRdek imperiyadagi illatlar haqida, undan mustaqil O’zbekistonga meros bo’lgan illatlar haqida lom-mim demasdan  SSSRga qaytish qilayotgandek. Yana Shavkat Mirziyoyev Kamolotni Yoshlar ittifoqiga aylantirdi, Islom Karimovning Kamoloti SSSR komsomolining merosxo’ri edi. SSSRning, O’zbekistonning komsomoli, Islom Karimovning Kamoloti  bolalar mehnati, majburiy mehnatga, Orol fojeasiga, korruptsiyaga, inson huquqlari va erkinliklarining oyoq osti qilinishiga ko’z yumgan edi.Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar Ittifoqi ham ko’z yummoqda.

 Yana prezident Shavkat Mirziyoyev islom dinini ham o’zining siyosiy maqsadlarida ishlatyapti.  Chunki, kommunistik mafkuraga O’zbekiston fuqarolari ishonmay qo’ygan.

Umuman postsovet respublikalari Rossiya, Belorussiya, Qozog’iston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston va shu jumladan, O’zbekiston 27 yil davomida erkin-demokratik jamiyat qura olmadi.

Bu mamlakatlarning siyosiy elitasi ijtimoiy,iqtisodiy muammolar, korruptsiya, ishsizlik, maoshlarning kamligi va hokazolardan chalg’itish maqsadida din va SSSRning “yutuq”,”tajribalaridan” foydalana boshladi.

Boshqacha aytganda, bu mamlakatlarning siyosiy elitasi mamlakatni 21-asrga mos boshqarishni bilmagani uchun 19-20-asr boshqaruvi usulidan foydalanayapti.

Shu yerda O’zbekiston fuqarolik jamiyatining faol vakillaridan uch kishining fikrlarini keltirmoqchiman:  

Kinohujjatchi Abdulaziz Mahmudov, haykallarning qaytarilishi “Sovet simvolikasi va kommunizm ritorikasining qayta tirilishi” deya baholadi:

– Sovet davri haykallarining qaytarilishi puxta o’ylanmagan qarordir. Sovet simvolikasi va kommunizm ritorikasining tirilishi biz uchun xayrli ish emas. Mirziyoyev Sobir Rahimov va boshqa haykallarni qaytarish qarorini o’z maslahatchilari gapiga kirib qabul qilgan deb bilaman. Bu maslahatchilar ko’proq rus g’oyalarini, rus tadbirlarini qo’llaydiganlar, Rossiya bilan, Kreml bilan qalin bo’lishni istaganlar Mirziyoyevning qulog’ini sovet ritorikasi bilan to’ldiryapti,-deydi Mahmudov.  [1].

O’zbekiston demokratik tashabbus guruhi” asoschisi Iskandar Xudoyberganov: “Bizning ota-bobolarimizni qilichdan o’tkazgan rus harbiylariga berilgan oliy unvonning rasmiy tadbirlarda bemalol taqib yurilishi, SSSR bayroqlarining mustaqil O’zbekiston ko’chalarida yana bemalol ko’talishi nafaqat xunuk, balki xavfli hodisadir. Agar yuqoridagilar, buni o’yin deb o’ylashayotgan bo’lsa, ular o’t bilan o’ynashayapti. Putin Rossiya imperiyasini u yoki bu shaklda tiklashni o’z asosiy maqsadi qilib belgilagan va Gruziya va Ukrainadagi qonli voqealar uning bu maqsad yo’lida muttasil ish olib borilayotganligini ko’rsatdi. Xalq, afsuski, tarixni bilmaydi, kim qayoqqa etaklasa,ketaveradi. Lekin bu xalqqa yo’lboshchilik qilayotganlar, ketayotgan bu yo’lning mustaqil davlatchilik uchun tahdidli ekanini anglashi va shunga qarab, siyosat yurgizishi kerak”.  [2].

Mustaqil jurnalist Ulug’bek Bakir: “Har kim o’z ishini bilib qilishi kerak! Tarixchi tarixchiligini, siyosatchi siyosatchiligini, oshpaz oshpazligini, Tarixchi oshpazga ovqat pishirishni o’rgatmagani kabi siyosatchilar ham tarixchilar ishiga aralashmasligi kerak.

Shundagina biz millat bo’lamiz,el bo’lamiz, xalq bo’lamiz!

Bo’lmasa, yana quruq aravani har kim har tomonga olib qochavaradi. [9].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

11-may, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Бош вазир Мирзиëев олиб ташлаган ҳайкалларни президент Мирзиёев жойига қайтарди. 08.05.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/ozbekiston-mirziyoev/29215414.html ).

2. Хотира ва Қадрлаш куни ëнига расман Ғалаба байрами атамаси ҳам қўшилди (ВИДЕО). 09.05.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/xotira-va-qadrlash-galaba-bayrami-president-georgiy-lentasi/29216929.html ).

3. ШАВКАТ МИРЗИЁЕВ УРУШ ВА МЕҲНАТ ФАХРИЙЛАРИНИ ТАБРИКЛАДИ. 08.05.2018. ( https://www.youtube.com/watch?v=nIghpRLOxbs ).

4. Договор о ненападении между Германией и Советским Союзом. 23.08.1939. ( https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%94%D0%BE%D0%B3%D0%BE%D0%B2%D0%BE%D1%80_%D0%BE_%D0%BD%D0%B5%D0%BD%D0%B0%D0%BF%D0%B0%D0%B4%D0%B5%D0%BD%D0%B8%D0%B8_%D0%BC%D0%B5%D0%B6%D0%B4%D1%83_%D0%93%D0%B5%D1%80%D0%BC%D0%B0%D0%BD%D0%B8%D0%B5%D0%B9_%D0%B8_%D0%A1%D0%BE%D0%B2%D0%B5%D1%82%D1%81%D0%BA%D0%B8%D0%BC_%D0%A1%D0%BE%D1%8E%D0%B7%D0%BE%D0%BC ).

5. Slavery index by countries. 2016. ( https://www.globalslaveryindex.org/findings/ ).

6. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

7. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

8. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

9. OzodBlog: “Катюша”дан “Боже, Царя храни!”гами? 09.05.2018.

( https://www.ozodlik.org/a/29217000.html ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.