O’zbekistonda ham Armanistondagiday rangli inqilob bo’ladimi?

Spread the love

2018-yilning 23-aprel kuni Serj Sargsyan Bosh vazir lavozimidan iste’fo berdi.  Serj Sargsyan iste’fosi Armanistonda ommaviy noroziliklarning boshlanganidan 11 kun keyin ro’y berdi.  Sargsyan 17-aprel kuni Armaniston parlamentida ko’pchilikni tashkil qilgan Respublikachilar partiyasi va ularning hamkori bo’lgan Dashnoqsutyun partiyasi qo’llab-quvvatlashi natijasida bosh vazir etib saylandi.

Sargsyan Bosh vazir bo’lib saylanmasidan oldin 10 yil Armanistonni prezident sifatida boshqargan edi. U 2015-yilda referendum yo’li bilan konstitutsiyaga o’zgartirish kiritib Armanistonni prezident boshqaruvidan parlament boshqaruviga o’tishga Armaniston fuqarolarining roziligini olgan edi va o’zining nomzodini qaytadan prezidentlik va Bosh vazir lavozimiga qo’ymaslikka va’da bergan edi.

 Konstitutsiyadagi o’zgartirishlarga ko’ra prezident vakolatlari kamaytirilib, bosh vazir vakolatlari ko’paytirirlgan edi. Lekin Serj Sargsyan o’z va’dasida turmadi, u o’z nomzodini Bosh vazirlikka qo’ydi. Serj Sargsyanning nomzodini Bosh vazirlikka qo’yishi bilan Armanistonda ommaviy noroziliklar boshlanib ketdi. Oxir oqibatda politsiyachilar, harbiylarning namoyishchilar tarafiga o’tib ketishi natijasida Serg Sargsyan iste’fo berishga majbur bo’ldi.[1,2] .

 Armanistonda rangli inqilob g’alaba qozondi, bironta odam halok bo’lmadi, hech qanday talon-tarojlikka yo’l qo’yilmadi. Ya’ni Armanistondagi rangli inqilob 2010-yilda Qirg’izistonda, 2014-yilda Ukrainada va “arab bahori” ro’y bergan arab mamlakatlari Suriya, Iroq, Liviya, Yaman, Misrdan farqli o’laroq qurbonlarsiz, talafotlarsiz, vayronagarchiliklarsiz ro’y berdi.

Yana shuni ta’kidlab o’tish kerakki, namoyishchilar lideri Nikol Pashinyan parlament deputati bo’lgan, Pashinyan parlament saylovlari kampaniyasi davrida Armaniston tumanlarida Serg Sargsyan yana qaytadan Bosh vazir yoki prezident lavozimiga nomzodini qo’ysa, Armaniston vatandoshlarini ommaviy norozilik namoyishlariga chiqishga targ’ibot va tashviqot ishlarini olib borgan.  Ya’ni Armanistonda rangli inqilobni tinch yo’l bilan talafotlarsiz amalga oshishiga Nikol Pashinyan Elk koalitsion blokining, partiyasining parlamentda fraksiyasi borligi birinchi sabab bo’lsa, namoyishlarning ommaviyligi ikkinchi sabab va politsiyachi va harbiylarning namoyishchilar tarafiga o’tishi uchunchi sabab bo’ldi.[3].

Ko’pchilikda Armanistonda bo’lib o’tgan rangli inqilobning O’zbekistonga nima aloqasi bor degan istehzoli savol tug’ilishi mumkin. Chunki, O’zbekistonda Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida O’zbekistonni boshqarayotganiga hali ikki yil ham bo’lgani yo’qku, O’zbekistonda rangli inqilobga balo bormi?!

O’zbekistonda ham rangli inqilob bo’lishi mumkinligi haqida mening mulohozalarim.O’zbekiston tarixida xonliklar davrida ham, Chor Rossiyasi tarkibida bo’lgan davrda ham, SSSR davrida ham, mustaqil O’zbekiston davrida ham biron marta ham hokimiyat erkin, demokratik saylovlarda almashgan emas.  Shu sababli, O’zbekistonda hokimiyat faqat zo’ravonlik bilan, davlat to’ntarishi yo’li bilan amalga oshirilgan.

O’zbekistonda erkin, demokratik saylovlar bo’lmaganligi uchun O’zbekiston vatandoshlari o’zlari maqbul ko’rgan O’zbekiston vatandoshini yuqori lavozimlarga saylay olmaydi, buning natijasida kelajakda ommaviy noroziliklar kelib chiqishi mumkin.  Zero, O’zbekiston konstitutsiyasining 33-moddasida norozilik bildirish huquqi kafolatlangan.

33-modda.

Fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o’tkazilishini to’xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.

O’zbekistonda ommaviy norozilik namoyishlari yaqin tarixda ko’p marta bo’lib o’tgan.  Ommaviy norozilik namoyishlaridan to’rtta misol keltiraman:

1.Toshkentning Chuqursoyida bo’lib o’tgan miting.  Bu miting 1989-yilning 6-aprelida Toshkentning Chuqursoyida Birlik Xalq harakati tomonidan uyushtirilgan edi.  Mitingda bir necha ming kishi qatnashgan. Bu miting Rafiq Nishonov tomonidan ruxsat berilgan edi. Mitingda Birlik xalq harakatini ro’yxatga olish, namoyishlar o’tkazishga hukumat tomonidan to’sqinlik qilmaslik, Orol muammosi, o’zbek tiliga davlat maqomi berish va ekologik muammolar ko’tarilgan edi;

2. 1989-yilning sentyabr-oktyabr oylarida o’zbek tiliga davlat maqomi berish talabi bilan ko’plab ommaviy norozilik aktsiyalari o’tkazilgan edi.  Namoyishlarning eng ommaviysi Lenin maydonidan (Hozirgi Mustaqillik maydoni) talabalar shaharchasigacha namoyishchilarning katta magistral yo’l bo’ylab yurish qilib borishi edi.  Bu yurishda 50 mingcha namoyishchi qatnashgan edi. Bu namoyishni uyushtirgan Birlik xalq harakati rahbariyati o’sha paytlarda ikkiga bo’lingan bo’lsa ham, a’zolar bo’linishga ulgurmagan edi;

3. 1992-yilning 16-yanvarida talabalar noroziligi.  1991-yilning dekabrida Islom Karimov prezident etib saylandi.  Prezident saylovi davrida non, oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari barqaror ushlab turildi, prezident saylovi bo’lib o’tgandan keyin esa, non, oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror ushlab turishni uddasidan chiqa olmadi.  Shu sababli 16-yanvarda talabalar shaharchasida non va oziq-ovqat mahsulotlarining keskin taqchilligi kelib chiqdi, buning natijasida talabalar ommaviy ko’chalarga chiqib ketdi. Hokimiyat vakillari talabalar bilan uchrashdi, uchrashuvda hokimiyat tomonidan talabalar ichiga kiritilgan ig’vogarlar(provakatorlar) tomonidan hokimiyat vakillariga toshlar otilgan va norozi talabalar militsiya tomonidan shafqatsiz do’pposlangan. Ikki talaba halok bo’lgan edi;

4. Andijon fojeasi.  Andijon qirg’ini. 2005-yilning 13-may kuni Andijon shahrida 10minglardan ko’p namoyishchilar qatnashgan miting bo’lib o’tdi.  Mitingdagi asosiy talab tadbirkorlarga hokimiyat tomonidan bo’layotgan adolatsizliklarga barham berish edi. Namoyishchilar o’qqa tutildi, minglab tinch namoyishchi halok bo’ldi.  Namoyishni uyushtirgan rahbarlar tomonidan katta bir xatoga yo’l qo’yilgan edi. Bir necha namoyishchilarning qo’lida qurol bo’lgan. Ular bu qurollarni o’zlarini himoya qilish uchun olgan.  Islom Karimov rejimi maxsus xizmatlar orqali namoyishchilarning rahbarlariga o’zlaringni faqat mudofaa qilishlaring uchun kerak deb ularni qurol bilan ta’minlashga erishgan edi.

Yuqoridagi to’rtta misoldan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston hokimiyati norozilik namoyishchilari talablarini qisman bajarishi yoki ularning talablarini bajarmasdan namoyishchilarni shafqatsiz jazolash orqali O’zbekistonda tinchlik, barqarorlikni hozirgacha saqlashga muvaffaq bo’ldi.  Tinch namoyishchilarning talablarini bajarmasdan zo’ravonlarcha bostirish har doim ham muvaffaqiyatli bo’la olmaydi. Misol uchun qo’shni mamlakat Tojikistonda zo’ravonlarcha hokimiyat uchun kurash 1992-1997-yillar fuqarolar urushiga olib keldi. O’zbekistonda ommaviy noroziliklar kelib chiqishiga sabablar bisyor:  

1.Ishsizlik;

2.Qashshoqlik;

3.Maoshlarning kamligi;

4.Elektr energiyasi, suv, gaz taqchilligi;

5.Korruptsiya;

6.Ijtimoiy tengsizlik va hokazo.

Dunyoda aholi jon boshiga sotib olish pariteti (PPP- Purchasing Power Parity per capita) 16.000 AQSh dollari, O’zbekistonda esa 7.000. [4,5].

Shu ko’rsatkichning o’zi ham O’zbekistondagi iqtisodiy ahvolning o’ta nochorligini ko’rsatib turibdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qiyin iqtisodiy-ijtimoiy ahvoldan chiqish uchun siyosiy-iqtisodiy islohotlar o’tkazishga majbur.

 Afsuski, marhum diktator Islom Karimov davrida O’zbekistonda o’rta sinf shakllanishi uchun, fuqarolik jamiyati shakllanishi uchun sharoit yaratilmadi.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev ham O’zbekiston vatandoshlariga iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik berish to’g’risida o’ylagani yo’q.  Iqtisodiy erkinlik bo’lmasa o’rta sinf shakllanmaydi, siyosiy erkinlik bo’lmasa fuqarolik jamiyati shakllanmaydi. O’zbekiston iqtisodiy-ijtimoiy inqirozdan chiqa olmaydi.

 Lekin, Markaziy Osiyoga allaqachon iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik, demokratiya yetib borgan. Mo’g’ulistonda 1992-yildan beri demokratiya hukmron. Qirg’izistonda ham iqtisodiy erkinlik ham siyosiy erkinlik bor.  Qozog’istonda esa o’rta sinf oyoqqa turib olgan. Hattoki, qo’shni mamlakat Afg’onistonda ham nisbatan erkin, demokratik saylovlarda prezident, parlament hokimiyati almashishi ro’y berdi.

O’z-o’zidan ko’rinib turibdiki, O’zbekistonda rangli inqilob bo’lishiga ancha uzoq, lekin muqarrar.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

27-aprel, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Арманистонда нималар юз бермоқда? Ким ғалаба қозонди? Ҳокимиятга энди ким келади? 24.04.2018. ( http://www.bbc.com/uzbek/world-43881239 ).

2. Музокаралар бекор қилиниши ортидан Арманистонда намойишлар қайта бошланди. 25.04.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/%D0%B0%D1%86armaniston-inqilob-sargsyan-pashinyan/29191956.html ).

3. Человек, над которым смеялись. Как делается революция по-армянски. 25.04.2018. ( http://www.fergananews.com/articles/9916 ).

4. GDP per capita, PPP – World Bank Open Data – World Bank Group.2016.( https://data.worldbank.org/indicator/NY.GDP.PCAP.PP.CD ).

5. List of countries by GDP (PPP) per capita. 2017. ( https://en.wikipedia.org/wiki/List_of_countries_by_GDP_(PPP)_per_capita ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.