“BMTning qiynoqlar bo’yicha vakili O’zbekistonga kirishi uchun G’arb undovi zarur”

Spread the love

Markaziy Osiyo

 

 

 

BMTning qiynoqlar bo’yicha maxsus vakilini O’zbekistonga kiritish bo’yicha tashabbuslar davom etmoqda. Lekin Toshkent  bilan aloqalarni mustahkamlashga urinayotgan G’arb bu talablarni qo’llab, himoya qilmas ekan, natija bo’lishi gumon. Faollar so‘zlariga ko’ra, so’nggi paytlarda mamlakatda qiynoq qurbonlari soni ortgan va bu haqda dalillar mavjud.

 

O’zbekiston, qiynoqlar va BMT/Malik Mansur

 

 

 


O’tgan oy O’zbekiston qamoqxonasidan bir necha mahbusning o’ligi chiqdi. Huquq himoyachilari alyansi Ichki ishlar boshqarmasida fuqaro Sayfiddin Qurbonovning ayovsiz qiynoqqa solinishi tafsilotlari haqida xabar tarqatdi. Mamlakatda qiynoq qo’llash avj olayotganiga doir ma’lumotni O’zbekistonning BMTdagi sobiq elchisi Gulnora Karimova ham “Twitter” sahifasida joylab bormoqda. Karimovaning aytishicha, raqiblarni yo’qotishga qaratilgan qiynoqlar boshida Milliy xavfsizlik xizmati turibdi.

Yaqinda qamoqxonadan Andijon voqealari ishtirokida ayblanib qamalgan Tavvakal Hojiyevning o’ligi chiqdi. Yaqinlariga topshirilgan jasad zudlik bilan dafn qilingan. Bu voqeadan so’ng marhumning yaqinlari Hojiyev qamoqdagi qiynoqlar haqida yozgan xatni matbuotda e’lon qilishdi.

Fransiyada ro’yxatdan o’tgan “O’t yuraklar” inson huquqlari tashkiloti qiynoqlarga oid vaziyat ortidan BMT vakilini O’zbekistonga kiritish talabi bilan chiqqan.

“O’zbekiston hukumatining BMTda bizda qiynoqlar mavjud emas, Andijon masalasi biz uchun yopilgan deb aytgan gaplari, Tavakkal va boshqa mahbuslar uchun o’qilgan o’lim hukmidak tuyuladi menga. Tavakkal o’limidan ikki oy oldin o’ziga va boshqa mahbuslarga o’tkazilayotgan qiynoqlar haqida xat chiqargan edi. Bu xatda qiynoq qo’llagan shaxslarning ismlari ko’rsatilgan. BMT qiynoqlar bo’yicha o’z vakilini O’zbekistonga yuborishni qanchadan buyon muhokama qilib keladi. Lekin, nazarimda, bu yetarlicha talab qilinmayapti, biror samaraga erishish uchun O’zbekiston hukumatiga aniqroq bosim o’tkazilishi kerak”, – deydi tashkilot rahbari Mo’tabar Tojiboyeva.

BMT qiynoqlar bo’yicha maxsus rasmiysining O’zbekistonga borishi bir necha yildan buyon muhokama qilinadi. Rasmiy Toshkent hozirgacha bunga rozilik bermagan. Faollar so’zlariga ko’ra, bu talab O’zbekiston bilan aloqalarini tiklayotgan G’arb tomonidan ham qo’llanmas ekan, vaziyat o’zgarmaydi.

Yaqinda O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Lodonda muzokaralar o’tkazdi. Delegatsiyaning ikki kunlik safari matbuot uchun deyarli yopiq o’tdi. Bu safar ortidan Britaniya hukumati nafaqat qiynoqlar muammosi, balki Britaniya tufayli qiynoqqa tutilgan odamlar taqdiriga ham befarq qolishda ayblanmoqda.

London foydasiga josuslik qilishda ayblanib qamoqxonada qiynoqqa tutilgan Qayum Ortiqov taqdiri Britan matbuotida ham yoritilgan. Bosimlar tufatli O’zbekistonni tark etgan bu oila qirollikdan boshpana so’ramoqda. Londonda kechgan muzokara ortidan Ortiqovlar oilasi Britaniya hukumatini ayblab chiqdi.

“Bizning masalamizda na ijobiy, na bir salbiy javob bor, shuning uchun yana bir marta Britaniya hukumatiga murojaat bilan chiqdik. Turmush o’rtog’im esa mutlaqo ishonchini yo’qotib bo’lgan. Britaniya kabi demokratik davlatlar uchun inson huquqlari asosiy o’rinda turishi kerak. O’zbekiston kabi diktator davlatlar bilan munosabat qilishda esa aynan Britaniya inson huquqlari birinchi o’rindaligini tushuntirishi lozim”, – deydi Qayum Ortiqovning turmush o’rtog’i Mohira.

Tojiboyeva so’zlariga ko’ra, hozir O’zbekistondagi qiynoq muammosini muhokama qiladigan fursat, qiynoqlar miqyosini nafaqat huquq himoyachilari, balki Karimova ham ochiq aytib turibdi.

“Yaqin yillargacha Fransiya, Britaniya O’zbekistondagi adolatsizliklar, inson huquqlari buzilishining keskin tanqidchilari edi. Bugun esa demokratik davlatlar ham diktator chalgan musiqaga o’yinga tushayapti. Gulnora Karimova hukumatdagi ziddiyatlarni ochiqlayotgan bir paytda, Akmal Saidov BMTda stolni mushtlayotgan bir paytda Fransiya va Britaniya hukumati vakillari Toshkentdagi tadbirlarda ishtirok etib O’zbekiston hukumatining inson huquqlari bo’yicha siyosatidan qoniqish hosil qilganini aytmoqda. Bu juda ham ayanchli”, – deydi huquq himoyachisi.

Shu yilning oktabr oyida BMT qiynoqlar qo’mitasida hisobot bergan O’zbekiston delegatsiyasi mamlakatda qiynoqlar yo’qligini aytib, huquq faollarini yolg’on ma’lumot taqdim etishda ayblab chiqdi. BMT qo’mitasining noyabr oyidagi hisobotida esa O’zbekistonda qiynoq qo’llash muntazam ekani ta’kidlandi.

http://www.amerikaovozi.com/content/uzbekistan-torture-interviews-with-human-rights-defenders/1803260.html

 

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.