Inson savdosi chegara bilmas muammo, AQSh hisobotida O’zbekiston qayerda?

Spread the love

AQSh-Markaziy Osiyo



Navbahor Imamova, Vashington

20.06.2012

Inson savdosi, zamonaviy qullar va quldorlar – qay davlat bo’lmasin, rahbarlar tomonidan tez-tez tilga olinadigan muammo. Jumladan, Qo’shma Shtatlar ichki va tashqi siyosatida bu masalaga e’tibor kuchaysa kuchaymoqdaki, pasaymayapti. Lekin bu mamlakatning o’zida ham odam savdosi chuqur ildiz otgan.

Chetdan ishchi olib kelib, Amerikada ularni qul sifatida ishlatayotgan, buning evaziga mo’may foyda olib, huzurini ko’rayotgan jinoiy guruhlar ko’pligi sir emas, deydi Davlat kotibasi Xillari Klinton (Hillary Clinton – video). Bu balo chegara bilmaydi, global muammo, deydi u. Shu bois davlatlar unga qarshi birgalikda chora ko’rishi, odamlarni qullik iskanjasiga yetaklayotgan masalalarni hamkorlikda hal eta olishi lozim, deydi bosh diplomat.

Xillari Klinton, Davlat departamenti, Vashington, 19-iyun, 2012

​​Bugun dunyoda qariyb 27 million odam qul ekani taxmin qilinadi.

Amerika hukumati odam savdosiga qarshi dunyo bo’ylab kurash olib borayotgan insonlarni taqdirlab keladi. Ikki yil oldin O’zbekistonda, xususan, Nukusda bu masala bilan shug’ulladigan nohukumat tashkilot rahbari Natalya Abdullayeva (video) Xillari Klinton qo’lidan mukofot olgan edi. Bu yil ham bir necha faolning xizmati tan olindi.

 
12 yildirki, Davlat departamenti odam savdosi va unga qarshi ko’rilayotgan choralar haqida hisobot chiqaradi. Ko’plab davlatlarda masala ochiq muhokamada ekani, huquq-tartibot organlari faoliyati va qonunchilikda ijobiy o’zgarishlar ro’y bergani tilga olinadi.
 
Markaziy Osiyo respublikalari qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q, deydi diplomatlar. Masalan O’zbekistonda odam savdosi jinoyat deb qabul qilingan va o’tgan yillar ichida yuzlab odamlarning qora ishlari fosh etilib, javobgarlikka tortilgan.  

Arzon ishchi kuchi evaziga millionlab dollar daromad oladigan kompaniyalar odam savdosi uchun sharoit yaratayotganini biladimi?

​​Huquq himoyasi bilan mashg’ul muassasalar nazarida esa hukumatlar muammo ildiziga bolta urmayapti, ya’ni ishsizlik va imkonsizlik singari muammolarga.

Mamlakatda kun kechirish og’ir ekani, qonun muntazam ravishda buzilib, erkinlik cheklangani sabab ham ilojsiz odamlar xavfli yo’llarni tanlamoqda, deya tahlil qiladi “Human Rights Watch” singari xalqaro tashkilotlar.

Qonun qabul qilish, bir necha holatni tergov qilish bilan muammo hal bo’lmaydi, deydi mutaxassislar.

AQSh hisoboti ham bu xulosadan yiroq emas. Diplomatlar ishsizlik va imkonsizlik darajasi hozir dunyoning har bir davlatida baland deya eslatadi.

Vashington ta’biricha, O’zbekiston hukumati odam savdosi va majburiy mehnatga  qarshi me’yorlarga to’liq javob bermaydi. Paxta dalalarida maktab o’quvchilari zo’rlab ishlatilishi bunga yaqqol misol, deyiladi hisobotda. Katta yoshdagilar ham majburiy mehnatga jalb etiladi. O’zbekistonlik erkak va ayollar Rossiya, Qozog’iston, arab davlatlari va Osiyoda qul bo’lib ishlaydi. Hukumat muammoga qarshi kurashish uchun maxsus reja ishlab chiqqan, lekin u hali amalda aks etmadi, deyiladi hujjatda.

Tojikiston, Turkmaniston va Qirg’izistondagi vaziyat ham xavotirga molik deya tahlil qilinadi. Qozog’istonda e’tibor va harakat nisbatan yaxshi, lekin maqtashga arzigulik emas.

Hisobotda davlatlar uch toifaga bo’linadi. Birinchisi – fuqarolarini odam savdosidan himoya qila olayotgan hukumatlar. Ikkinchisi – himoya qila olmayotgan, ammo muammoga qarshi konkret choralar ko’rishga harakat qilayotgan davlatlar. Uchinchi toifa – umuman himoya qila olmayotgan tuzumlar.

O’zbekiston ikkinchi toifada, ammo “kuzatuvda” degan qaydnoma ostida.

Inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” va u bilan hamkor 37 tashkilot (kiyim-kechak, to’qimachilik sanoatlari ham bor) Xillari Klintonga ochiq maktub yo’llab,  O’zbekistonda bolalar va kattalar majburan paxta dalalariga olib chiqilishini fojiali hol deb atab, bu davlatni uchinchi toifaga tushirishni talab qilmoqda.

Bu kategoriyaga tushirish O’zbekiston bilan diplomatik aloqalarni cheklash degani. Afg’oniston yuzasidan hamkorlik muhim bo’lib turgan paytda Vashington bu yo’ldan bormasligi tayin, lekin huquqbonlar nazarida Amerika bu achchiq haqiqatga ko’z yumib, O’zbekiston xalqi manfaatlarini himoya qilmayapti.
 


Huquq, kiyim-kechak va to’qimachilik uyushmalari AQSh hisobotidan norozi. O’zbekiston paxta dalalarida odamlarning majburan ishlatilishi izchil tanqid qilinmagan, deydi ular.

​​​​“Majburiy va bolalar mehnati AQSh qonunlarida odam savdosi sifatida qabul qilinadi”,- deydi Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), “Human Rights Watch” ning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh eksperti.

Amerika, deydi u, bu hisoboti bilan O’zbekiston rahbariyati millionlab bolalarni ishlatishi u qadar katta muammo emas demoqda.

Amerika Kiyim-Kechak va Poyafzal Uyushmasi va Xalqaro Mehnat Huquqlari Forumi singari tashkilotlar ham shu fikrda.

Xillari Klinton deydiki, odam savdosi inson qadriyatlari chetga surilgan, boylik uchun yoshu qari birdek tahqirlangan muhitlarda uchraydi. Bu illatga qarshi kurash har bir insonning vazifasi, deydi u.

Inson savdosi qurboni bo’layotganlar ko’p hollarda chetga ishlash uchun boraman deb noma’lum to’dalarga ergashgan, hujjatlari va pulini ularga berib, aldangan odamlar.  Amerika, Yevropa va Osiyo fohishaxonalarida yurgan qizlar, dalalar va qurilishlarda qattiq mehnatga majbur qilinayotgan erkaklar yoki o’z yurtida, ayrim hollarda, ota-onasi tomonidan pul topsin deya tadbirkorlarga sotilgan bolalar. Xo’rlangan, toptalgan insonlar.

“Odam savdosi avvalo insonni o’z taqdiri, kelajagini hal etishdek noyob erkinlikdan ayiradi. Biz bu illatga qarshi kurashar ekanmiz, maqsad nafaqat bu huquqni tiklash, balki jabr ko’rganlar hayotda yo’lini topib ketishi uchun yordamlashish”, – deydi Xillari Klinton.

Hukumat o’z fuqarolari normal hayotga qayta olishi uchun sharoit yaratib berishi kerak, deydi AQSh bosh diplomati.

Hisobot bilan nima ham hal bo’lar edi deb o’ylayotganlarga Klinton xonim shunday deydi:

“Odam savdosi va uning qurbonlari haqida ishonchli va tahliliy ma’lumotga ega bo’lish biz va boshqa hukumatlar uchun har jihatdan foydali. Bu hisobot nohukumat tashkilotlar yordamida bitildi va ular mehnatini tan oladi”

 

Odam savdosi… Amerika, O’zbekiston va dunyo b…

By Amerika Ovozi – VOA Uzbek| 1 video

5 Attached files| 147KB

View SlideshowDownload All

http://www.amerikaovozi.com/content/uzbekistan-human-trafficking-us-report/1213166.html

Leave a Reply

Your email address will not be published.