Shavkat Mirziyoyev. Dilshod Saidjonov. Qobuljon Ahmedov. “Ochiqchasiga gaplashamiz” yopiqchasiga uzib qo’yildi. So’z erkinligiga yo’l yo’q.(2020).

Spread the love

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganining ilk yillarida matbuotga, ommaviy axborot vositalariga ancha erkinlik bergan edi. O’zbekiston diktator Islom Karimov davrida matbuot erkinligi bo’yicha 180 mamlakat qatorida eng repressiv 5,10 mamlakatlar orasida bo’lgan bo’lsa, Shavkat Mirziyoyev davriga kelib 156-o’rinni egalladi, yani oxiridan 24-o’rin.

Biroq, 2019-2020 yillarda bu erkinlik bo’g’ila boshladi.

Ozodlikning maqolasidan iqtibos: [1].”“Ochiqcha gaplashamiz” va senzura: AOKA MY5ni tarqatib yuborish bilan tahdid qilgan – rasmiy hujjat

sentyabr 30, 2020

Shuhrat Bobojon/Ozodlik

Joriy yilning 1 – avgustida “Mening yurtim”( MY5) telekanalining “Ochiqchasiga gaplashamiz” ko‘rsatuvi efir vaqtida uzib qo‘yildi.

Buning ortidan kanal Bosh direktori Qobuljon Ahmedov ishdan ketdi. Axmedov “o‘z ixtiyori bilan ishdan ketgani”ni bildirishiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda uning iste’fosi “efirdan uzilgan ko‘rsatuv”ga bog‘landi.

Ozodlikka yetib kelgan rasmiy hujjat – “Ogohlantirish xati” ushbu taxminlarga aniqlik kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tarafidan “Mening yurtim” kanaliga yuborilgan 2-2851 raqamli xatda bu ko‘rsatuv davlat olib borayotgan “ijobiy ishlar haqida noto‘g‘ri tasavvur” uyg‘otishi aytilgan.

AOKA “Ochiqchasiga gaplashamiz” ko‘rsatuvidagi tanqidiy muhokamani mamlakat “axborot xavfsizligiga taxdid” deya baholaydi.

AOKA axborot xizmati vakili Ahmad Yusupovning Ozodlikka bildirishicha, ko‘rsatuvning efirdan uzib qo‘yilishiga AOKAning aloqasi yo‘q.

U AOKAning “Ogohlantirish xati “senzura” ekanini rad etdi.

Yusupovning ta’kidlashicha, bu ”agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifa”.

MY5 loyihalarida qatnashayotgan mustaqil jurnalist Zafar Solijonov AOKAning ogohlantirishi bilan ko‘rsatuvning efirdan uzilishi va direktorning ishdan olinishi o‘rtasida bog‘liqlik borligiga shubha qilmaydi.

Avj pallada uzilgan efir

Joriy yilning 1 avgust oqshomida “Mening yurtim”( MY5) telekanalida “Ochiqchasiga gaplashamiz” ko‘rsatuvini doimgiday Amirxon Umarov olib bordi. Mavzu ham odatiy. Koronavirus oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan tok- shou formatidagi ko‘rsatuv.

Ko‘rsatuvda koronavirus bilan kurashayotgan shifokorlar uchun 5969-sonli prezident qarorida belgilangan ustama mukofot puli to‘lanmayotgani haqida so‘z bordi.

Ko‘rsatuvda ishtirok etayotgan toshkentlik shifokor Aziz Bo‘tayev “pul to‘lashga kelganda o‘zi chiqargan qonunni o‘zi inkor qilib tashlayapti” deya e’tiroz bidiradi.

Ishtirokchilardan biri “33 millionlik aholi salomatligi uchun” deya og‘iz juftlashi bilan efir uziladi. Shundan keyin efirda “Yoshlar Ittifoqi”ning targ‘ibot roligi aylana boshlaydi. Ortidan ko‘rsatuv setkasida bo‘lmagan kinofilm namoyishi boshlanadi.

Bir vaqtning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida “efirdan uzilgan ko‘rsatuv” haqidagi muhokamalar boshlandi. Telekanal Bosh direktori Qobuljon Ahmedov ishdan ketgani haqida xabar tarqaldi.

“Mening yurtim”( MY5) kanali xodimlar bo‘limi vakilining Ozodlikka aytishicha, Ahmedov 8 – avgust kuni vazifasidan ozod qilingan.

Tanqid va savollar to‘lqinida Qobuljon Ahmedov Feysbuk sahifasida “o‘z ixtiyoriga ko‘ra lavozimni tark etgani” haqida post qoldiradi.

Bu gapga javoban mustaqil jurnalist Zafarbek Solijanov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mana bu gaplarni yozdi:

“MY5 telekanalidan “Ochiqchasiga gaplashamiz” ko‘rsatuvi efir vaqtida uzildi. Keyin qo‘qqisdan kanalning Bosh direktori Qobuljon Ahmedov ishdan ketdi. Bugun Facebook’da o‘z xohishimga ko‘ra ketdim (bo‘lmasa komfort joy – o‘zi sevgan), xayrli bo‘lsin, deb post joyladi. Lekin ko‘rsatuv taqdiri nima bo‘lgan va boshqa sabablar aytilmagan…Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kungi ko‘rsatuvga “qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘ymaslik” moddasi asos qilinib xat yuborilgan.

Rasmiy xat

Zafar Solijonov tilga olgan maktub nusxasi Ozodlikda bor. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov imzolagan va 2020 – yilning 8 – avgustida “Mening yurtim” telekanali tahririyatiga yuborilgan “Ogohlantirish xati” da “Ochiqchasiga gaplashamiz” ko‘rsatuvi “jamiyatning axborot borasidagi xavfsizligiga tahdid” ekani ta’kidlanadi. (Bu xat yuborilgan 8 – avgust kuni kanal Bosh direktori Qobuljon Ahmedov “o‘z ixtiyori bilan” ishdan ketadi.)”. Iqtibos tugadi. [1].

1. MY5 telekanalining Bosh direktori Qobuljon Ahmedovning ishdan ketishi, uning o’z xohishi bilan emas, yuqorining bosimi ostida ro’y bergan. Bungacha Davlatnazar Ro’zmetov, Nafosat Ollohshukurova, Eldor Erkin, Bobomurod Abdullayev, Baxtiyor Karimga bo’lgan ta’qib, tayziqlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning OAVlarini haqiqiy erkin bo’lishiga, matbuotning to’rtinchi hokimiyatga aylanishiga yo’l qo’ymasligini bildiradi.

2. Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy raqobatga, so’z erkinligiga yo’l bermoqchi emas. 4 yil davomida, hanuzgacha mustaqil sud tizimi shakllanmadi.

3. Yuqoridagi dalillar shuni ko’rsatadiki, kelasi prezident saylovlari erkin, demokratik bo’lmaydi. Mamlakatda Shavkat Mirziyoyev diktaturasi o’rnatilishi ehtimoli juda yuqori.

4. Shavkat Mirziyoyevning 4-yil boshqaruvida mamlakatda siyosiy raqobat yo’q. Siyosiy muxolifatga yo’l yo’q.,

Mustaqil sud tizimi yo’q. Mustaqil parlament yo’q. So’z erkinligi yo’q. Internet erkin emas, tezligi past, qimmat.

5.O’zbekistonda iqtisodiy erkinlik yo’q, siyosiy erkinlik yo’q. O’rta sinf shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan. Fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan.

6. Haqiqatda, hozirgi Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi, monopoliyalar hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 bilan Ukraina (54,9), Tojikiston (52,2), Turkmanistondan (46,5) oldinda. Biroq, Singapur (89,4), Estoniya (77,7), Qozog’iston (69,6), Qirg’iziston (62,9) Rossiyadan(61,0) ancha orqada. [2].

O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 2020 yilda 57,2 ball bilan 2019 yildagi 53,3 ballga nisbatan 3,9 ballga o’sgan. Bu o’sish sarmoyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball), moliyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball) va mulk daxlsizligi bo’yicha 59,1 ballga (2019-yilda 49,8 ball) teng.

O’zbekiston 2020-yilda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 ball va 2019 yilga nisbatan 3,9 ballga oshganiga qaramasdan dunyoning o’rtacha iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichidan, 61,6 balldan ancha orqada.

Kelajakda bu ko’rsatkich yanada ko’tariladi degan umid bor. [2].

O’zbekiston siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 10 ball bilan, Tojikiston 9 ball, Turkmaniston 2 ball kabi post sovet mamlakatlaridan oldinda. [3].

Yana, O’zbekiston 10, Markaziy Afrika Respublikasi 10 va va Sudan 12 ball bilan yomonlarning yomoni davlatlari qatorini tark etdi.

Yomonlarning yomoni davlatlari 10ta: Suriya 0, Eritriya 2, Janubiy Sudan 2, Turkmaniston 2, Shimoliy Korea 3, Ekvatorial Gvineya 6, Saudiya Arabistoni 7, Somali 7, Libiya 9, Tojikiston 9.

Afsuski, O’zbekiston siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 10 ball bilan post sovet mamlakatlari Estoniya 94, Litva 91, Latviya 89, Ukraina 62, Gruziya 61 va Moldaviya 60 kabi mamlakatlarday nisbatan erkin va demokratik saylovlar o’tkazish darajasidan juda uzoqda. [3].

Transparency International tashkilotining 2020 yilgi hisobotidan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston 25 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 153-o’rinni egallab turibdi, 87 ball bilan 1-o’rinni egallagan Daniyadan, 74 ball bilan 18-o’rinni Estoniyadan qariyb 50 ballcha orqada va 19 ball bilan 165-o’rinni egallagan Turkmanistondan 6 ball oldinda. Ya’ni, O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi post sovet mamlakatlari orasida eng oxirgi o’rinlarda, faqat Turkmanistondan oldinda. O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha dunyoning 4-elliktalik mamlakatlari qatorida. [4].

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan 180 mamlakat qatorida 153 o’rinni egalladi. 2018 yilgi korruptsiya ko’rsatkichi 23 ball bilan 158 o’rinni egallagan edi.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqa oladimi?

Dunyo bo’yicha o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichi 43 ballga teng. O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi dunyoning o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichidan yuqori bo’lsa, o’ta iqtisodiy qoloqlikdan nisbatan osonroq chiqib ketishi mumkin. Buning uchun Shavkat Mirziyoyev mamlakat korruptsiya ko’rsatkichini kamida 50 ballga ko’tarishga harakat qilishi kerak. Afsuski, Shavkat Mirziyoyevda bunday intilish yo’q. [4].

O’zbekistonning AJB YAIM ($1,832) dunyoning o’rtacha AJB YAIMdan ($11,464) qariyb 6 baravardan ko’proq kam (6,3). [5,6].

O’zbekistonning AJB YAIM 2019 yil uchun esa ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIM sidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam bo’lgan(7,48). [8].

Negadir, Dunyoning 2020 yil uchun AJB YAIM, ya’ni GDP per capita si ($11,464), 2019 yil uchun ($11,673) dan kamroq. Sababini, men bilmayman.

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 6 baravardan ko’proq kam bo’lgani uchun, o’ta qoloq deyishga haqlimiz.

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Islom Karimov davridagi statistik ma’lumotlar bo’yicha $2,200, Shavkat Mirziyoyev davridagi statistik ma’lumotlari bo’yicha $1,560 edi. Ya’ni, Islom Karimov davrida statistik ma’lumotlar ataylab bo’rttirib, yaxshilab ko’rsatilgan. Aslida, bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [7].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

2-oktyabr, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. “Ochiqcha gaplashamiz” va senzura: AOKA MY5ni tarqatib yuborish bilan tahdid qilgan – rasmiy hujjat. 30.09.2020. ( https://www.ozodlik.org/a/30866664.html ).

2. Index of economic freedom. 2020.

(https://www.heritage.org/index/ranking?version=555).

3. Global freedom scores. 2020. (https://freedomhouse.org/countries/freedom-world/scores ).

4. Transparency International. 2019 Corruption Perceptions Index. 23.01.2020. (https://www.transparency.org/files/content/pages/2019_CPI_Report_EN.pdf ).

5. International Monetary Fund. 2020. GDP per capita Nominal ($).

( http://statisticstimes.com/economy/countries-by-projected-gdp-capita.php ).

6. International Monetary Fund. 2020. GDP (Nominal) per capita Ranking.

( http://statisticstimes.com/economy/projected-world-gdp-capita-ranking.php ).

7. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197).

8. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.