Shavkat Mirziyoyev. Qashqadaryo. Surxondaryo. Namangan. Soliq tizimida nega ommaviy qisqartirishlar ro’y bermoqda? Muxolifatga yo’l yo’q. (2020).

Spread the love

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining 4-yili oxirlari ko’rinib qolganda, mustaqillik bayrami nishonlanishi tugashi bilan 4-sentyabr kuni Ozodlikda soliq tizimida ommaviy qisqartirishlar boshlangani haqida maqola yoyinlandi. [1].

Ozodlikning maqolasidan iqtibos: “Soliq tizimida yana ommaviy qisqartish – ayrim tumanlarda xodimlarning yarmi bo‘shatilmoqda

sentyabr 04, 2020

Hurmat Bobojon/Ozodlik

O‘zbekistondagi ayrim viloyat va tuman soliq inspeksiyalarida xodimlar “katta qisqartish” haqida og‘zaki ogohlantirilgan.

Qashqadaryo, Surxondaryo va Namangandagi ayrim tuman soliq idoralarida esa xodimlarni qisqartish allaqachon boshlangan.

Qisqarishga tushgan soliq inspektorlardan Ozodlikka kelayotgan xabarlarda bu jarayonning “mehnat qonunchiligini buzish” evaziga bo‘layotgani iddao qilinmoqda.

Xususan, Qashqadaryo viloyat Mirishkor tumani Soliq inspeksiyasi xodimlari iddaosicha, ishdagi kamchiliklari ro‘kach qilinib, bir kunda qisqarishga tushganliklari haqida ogohlantirilgan.

Ozodlik suhbatlashgan soliq inspeksiyasi rasmiylari shtatlar qisqarishi sabab ayrim xodimlar bilan “xayrlashishga majburliklari, lekin bu jarayon huquqiy asosda bo‘layotganini” aytishdi.

O‘zbekiston soliq tizimida ishlovchi 12 mingdan ziyod xodimdan qanchasining ishidan ayrilishi, qanchasi qolishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

50 foizlik qisqartiruv

Qashqadaryo viloyat, Mirishkor tumani soliq inspektorlaridan biri o‘zi ishlaydigan bo‘limda 40 xodimdan deyarli yarmi qisqartishga tushganini aytadi.

– 2 sentabrda 18 ta xodimga oylik ish haqi yozilmadi. Sababini buxgalterdan so‘rasak, sokrasheniyaga tushibmiz. Bizga aytishmagan ham. O‘tgan oy avgustda kechqurun 9-10 gacha mahalliy soliqlarni yig‘dik, mahalliy byudjetga rejadan ortiq 9 milliard so‘m tushirib berdik. Nimaga aynan biz qisqarishga tushdik, deb tortishsangiz agar, ishdan kamchilik topib, jinoyat ishi ochish bilan qo‘rqityapti. Eng qizig‘i qisqarishga tushganlarning ko‘pchiligi Soliq akademiyasini tugatganlar. Mening o‘zim Toshkentdagi Moliya institutida o‘qiganman. Mutaxassisligi to‘g‘ri kelmaydigan o‘rta maxsus bilimga ega xodimlar qolyapti. Endi qayerdan ish topamiz?, – deydi qashqadaryolik soliqchi.

Surxondaryo viloyat soliq tizimi xodimlari ham o‘z hududida qisqartirishlar bo‘layotganini xabar qildi.

Viloyatning Qumqo‘rg‘on tumani soliq inspeksiyasi xodimlaridan biri qisqartishga tushadigan soliqchilar taqdiri mavhum qolayotganini aytadi.

– Boshliq ikki kun oldin hammani yig‘ib, katta qisqartirish, bo‘ladi, tayyorgarliklaringizni ko‘raveringlar, dedi. Tuman bo‘limida xodimlar soni 30 foizga kamayar ekan. Hamma xodimlar attestatsiya qilinib, boshqatdan ishga ariza topshirar ekan. Tepadagilar kimni olish, kimni olmaslikni o‘zlari hal qilar ekan. Shuncha yildan beri rejani bajarib mana endi ko‘chada qolyapmiz, – deydi surxondaryolik soliqchi.

Namangan viloyati soliq inspeksiyasi xodimlaridan ham ayni mazmundagi shikoyat tushdi.

Ozodlik bu iddaolar yuzasidan izoh olish uchun O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga qo‘ng‘iroq qildi, lekin telefonni hech kim ko‘tarmadi.

Davlat soliq qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan rasmiylaridan biri tizimda ba’zi shtatlar qisqarishi sabab ayrim xodimlar bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelishini aytdi:

– Hozir tizimlik o‘zgarishlar bo‘lyapti bizda. Qo‘shimcha qiymat soliq to‘lovchi, oylik aylanmasi 1 milliard so‘mdan ko‘p xo‘jaliklar oldin tumanning o‘ziga hisobot berardi. Hozir bunday xo‘jaliklar to‘g‘ri viloyat soliq boshqarmalariga hisob beradigan bo‘ldi. Shuning hisobiga har bir tumanda qisqarish bo‘ladi. O‘z navbatida viloyat boshqarmalarida ham restrukturizatsiya kutilyapti. Bu soliq idoralari faoliyatini optimallashtirish uchun qilinyapti, – dedi O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanishini istamagan mulozimi.

O‘zbekiston Soliq tizimida ishlovchi 12 mingga yaqin xodimdan qanchasining ishidan ayrilishi, qanchasi qolishi esa, mulozimga ko‘ra, ma’lum emas.

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasida so‘nggi bor yirik qisqartirishlar 2017 yilda bo‘lgan. O‘shanda 3000 dan ziyod soliqchi ishdan bo‘shatilgan edi.

1994 yilda Davlat soliq qo‘mitasi tashkil etilganda qo‘mita 15 400 nafar xodimiga ega edi”. Iqtibos tugadi. [1].

1. Koronavirus, pandemiya davrida prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan ajratilgan rag’bat, yordam pullari ko’p vrachlar, hamshiralar, sanitarkalarga yetib bormadi. Albatta, korruptsiya tufayli.

Kichik va o’rta biznes davlat tomonidan yordam puli olmadi. Ularning aksariyati bizneslarini pulsizlik sababli davom ettira olmaydi.

Aksariyat ishsiz vatandoshlar pulsizlikdan qiynalmoqdalar. Ularga ham davlat tomonidan pul bilan yordam berilmagan.

Vatandoshlarning aksariyati pulsizligi sababli ularning xarid qobiliyati keskin kamaygan. Shu sababli vatandoshlar tomonidan kam tovarlar va xizmatlar sotib olinadi. Bunday sharoitda kichik va o’rta biznesning daromadi kam bo’ladi, ular soliqlarni kam to’laydi.

Byudjetda kamomad tufayli, davlat tashkilotlarining ko’pchiligi o’z xodimlarini qisqartirishga majbur bo’ladilar.

2. Mamlakatda siyosiy raqobat bo’lganida, ommaviy axborot vositalari erkin bo’lganida yordam puli, rag’bat puli shifokorlarga yetib borishi muhokama qilinardi, parlamentda kerakli qonunlar qabul qilinardi.

3.Vatandoshlar o’z huquq va erkinliklari oyoq osti qilinganida odil sudga murojaat qilib o’z huquq va erkinliklarini tiklagan bo’lardilar.

Afsuski, O’zbekistonda na muxolifatga, na erkin so’zga yo’l bor. Na mustaqil parlament, na mustaqil sud bor.

Mamlakatda Shavkat Mirziyoyevning avtoritar rejimi hukm surmoqda.

4. Shavkat Mirziyoyevning 4-yil boshqaruvida mamlakatda siyosiy raqobat yo’q. Siyosiy muxolifatga yo’l yo’q.,

Mustaqil sud tizimi yo’q. Mustaqil parlament yo’q. So’z erkinligi yo’q. Internet erkin emas, tezligi past, qimmat.

5.O’zbekistonda iqtisodiy erkinlik yo’q, siyosiy erkinlik yo’q. O’rta sinf shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan. Fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan.

6. Haqiqatda, hozirgi Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi, monopoliyalar hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 bilan Ukraina (54,9), Tojikiston (52,2), Turkmanistondan (46,5) oldinda. Biroq, Singapur (89,4), Estoniya (77,7), Qozog’iston (69,6), Qirg’iziston (62,9) Rossiyadan(61,0) ancha orqada. [2].

O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 2020 yilda 57,2 ball bilan 2019 yildagi 53,3 ballga nisbatan 3,9 ballga o’sgan. Bu o’sish sarmoyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball), moliyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball) va mulk daxlsizligi bo’yicha 59,1 ballga (2019-yilda 49,8 ball) teng.

O’zbekiston 2020-yilda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 ball va 2019 yilga nisbatan 3,9 ballga oshganiga qaramasdan dunyoning o’rtacha iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichidan, 61,6 balldan ancha orqada.

Kelajakda bu ko’rsatkich yanada ko’tariladi degan umid bor. [2].

O’zbekiston siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 10 ball bilan, Tojikiston 9 ball, Turkmaniston 2 ball kabi post sovet mamlakatlaridan oldinda. [3].

Yana, O’zbekiston 10, Markaziy Afrika Respublikasi 10 va va Sudan 12 ball bilan yomonlarning yomoni davlatlari qatorini tark etdi.

Yomonlarning yomoni davlatlari 10ta: Suriya 0, Eritriya 2, Janubiy Sudan 2, Turkmaniston 2, Shimoliy Korea 3, Ekvatorial Gvineya 6, Saudiya Arabistoni 7, Somali 7, Libiya 9, Tojikiston 9.

Afsuski, O’zbekiston siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 10 ball bilan post sovet mamlakatlari Estoniya 94, Litva 91, Latviya 89, Ukraina 62, Gruziya 61 va Moldaviya 60 kabi mamlakatlarday nisbatan erkin va demokratik saylovlar o’tkazish darajasidan juda uzoqda. [3].

Transparency International tashkilotining 2020 yilgi hisobotidan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston 25 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 153-o’rinni egallab turibdi, 87 ball bilan 1-o’rinni egallagan Daniyadan, 74 ball bilan 18-o’rinni Estoniyadan qariyb 50 ballcha orqada va 19 ball bilan 165-o’rinni egallagan Turkmanistondan 6 ball oldinda. Ya’ni, O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi post sovet mamlakatlari orasida eng oxirgi o’rinlarda, faqat Turkmanistondan oldinda. O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha dunyoning 4-elliktalik mamlakatlari qatorida. [4].

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan 180 mamlakat qatorida 153 o’rinni egalladi. 2018 yilgi korruptsiya ko’rsatkichi 23 ball bilan 158 o’rinni egallagan edi.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqa oladimi?

Dunyo bo’yicha o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichi 43 ballga teng. O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi dunyoning o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichidan yuqori bo’lsa, o’ta iqtisodiy qoloqlikdan nisbatan osonroq chiqib ketishi mumkin. Buning uchun Shavkat Mirziyoyev mamlakat korruptsiya ko’rsatkichini kamida 50 ballga ko’tarishga harakat qilishi kerak. Afsuski, Shavkat Mirziyoyevda bunday intilish yo’q. [4].

O’zbekistonning AJB YAIM ($1,832) dunyoning o’rtacha AJB YAIMdan ($11,464) qariyb 6 baravardan ko’proq kam (6,3). [5,6].

O’zbekistonning AJB YAIM 2019 yil uchun esa ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIM sidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam bo’lgan(7,48). [8].

Negadir, Dunyoning 2020 yil uchun AJB YAIM, ya’ni GDP per capita si ($11,464), 2019 yil uchun ($11,673) dan kamroq. Sababini, men bilmayman.

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 6 baravardan ko’proq kam bo’lgani uchun, o’ta qoloq deyishga haqlimiz.

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Islom Karimov davridagi statistik ma’lumotlar bo’yicha $2,200, Shavkat Mirziyoyev davridagi statistik ma’lumotlari bo’yicha $1,560 edi. Ya’ni, Islom Karimov davrida statistik ma’lumotlar ataylab bo’rttirib, yaxshilab ko’rsatilgan. Aslida, bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [7].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

6-sentyabr, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Soliq tizimida yana ommaviy qisqartish – ayrim tumanlarda xodimlarning yarmi bo‘shatilmoqda. 04.09.2020. ( https://www.ozodlik.org/a/30821302.html ).

2. Index of economic freedom. 2020.

(https://www.heritage.org/index/ranking?version=555).

3. Global freedom scores. 2020. (https://freedomhouse.org/countries/freedom-world/scores ).

4. Transparency International. 2019 Corruption Perceptions Index. 23.01.2020. (https://www.transparency.org/files/content/pages/2019_CPI_Report_EN.pdf ).

5. International Monetary Fund. 2020. GDP per capita Nominal ($).

( http://statisticstimes.com/economy/countries-by-projected-gdp-capita.php ).

6. International Monetary Fund. 2020. GDP (Nominal) per capita Ranking.

( http://statisticstimes.com/economy/projected-world-gdp-capita-ranking.php ).

7. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197).

8. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.