Shavkat Mirziyoyev. Baxtiyor Karim. Koson. Majburiy ta’til. (2020).

Spread the love

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi 4-yilining iyul oyiga kelib konstitutsiya va qonunlarga amal qilmaslik qo’pol va ochiqdan ochiq namoyishkorona ko’rina boshladi. Iyul oyigacha ham konstitutsiya va qonunlar ishlamasdi, lekin bunchalik qo’pol va namoyishkorona emasdi.

Ozodlikdan iqtibos: [1]. “Koronavirus tarqalayotgan bir paytda Kosonda qariyb 150 tibbiyot xodimi majburiy ta’tilga chiqarildi

15 iyul, 2020

Sadriddin Ashur/Ozodlik

Qashqadaryo viloyat, Koson tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy kasalxona, tug‘ruqxona va poliklinikaning qariyb 150 nafar shifokor va hamshirasi muddati ko‘rsatilmagan majburiy ta’tilga chiqarildi.

Ozodlik suhbatlashgan xodimlarning aytishlaricha, ulardan ish haqi to‘lanmaydigan ta’tiliga chiqish haqida ariza ham olinmagan, ular ta’tilga og‘zaki buyruq bilan chiqarilgan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi yuristi tibbiyot xodimlarining o‘z hisobidan ta’tilga chiqish holatlari borligini tan olar ekan, bu ixtiyoriy tarzda amalga oshirilayotganini bildirdi.

Koson tuman markaziy kasalxonasida ishlaydigan, tazyiq bo‘lishidan cho‘chib ismi sir qolishini so‘ragan vrachlardan birining aytishicha, birlashma kadrlar bo‘limi boshlig‘i Laylo Yarovaning og‘zaki topshirig‘i bilan pandemiya davrida juda ko‘p vrachu hamshiralar ishsiz qolgan:

“Mart oyida o‘zi bir oylik majburiy ta’tilga chiqarilgan edik. 10 iyuldan boshlab hech qanday buyruqsiz, hech qanday hujjatsiz og‘zaki ravishda ish haqi saqlanmagan holda o‘z hisobimizdan ta’tilga chiqarib yubordi. Hamma hayron. Nima, tibbiyot xalqqa kerak bo‘lmay qoldimi? Kasalxonada ham, poliklinikada ham eshiklarning tagiga kasallar to‘planib qolyapti. Eshikni tagiga to‘rtta xodimni bir stol bilan tirab qo‘ygan, ular “kirmanglar, kirmanglar, duxtur yo‘q, iltimos” deb qaytarib yuborishyapti. Davleniyasi bori ham, yuragi og‘rigan ham, bolasining qo‘lini gips qilganlar ham qaytib ketayotganini bugun ertalab poliklinikada o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ularning orasida mening kasallarim ham bor edi”.

Koson tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqxonaning ham 35 nafar vrach, hamshira va sanitarkalari 15 iyuldan o‘z hisobidan mehnat ta’tiliga chiqarilganini, hamshiralardan biri Ozodlikka aytdi:

“Bosh vrachimiz Nargiza Begimova kecha hammani yig‘ib, ertadan ishga chiqmanglar, o‘z hisoblaringdan bepul otpuska dedi. Sababini so‘rasak, moliyaviy qiyinchilik, dedi. Axir davlat oyligimizni belgilab qo‘yganku, deb aytsak, men bilmayman, shunaqa topshiriq bo‘lgan, deydi. Xullas, bugundan ishga chiqmadik. Undan avval esa yana 35 kishi ana shunday majburiy ta’tilga chiqarilgan edi. Bugun ertalab yana tavakkal ishxonaga borsak, navbatchi vrach hammalaring ketinglar deb haydadi”.

Hamshiraning aytishicha, tug‘ruqxonada sanoqli vrach va hamshiralar qolgan:

“Bugun, 15 iyul holatiga ko‘ra, meni ko‘rganim. Rodzalda ikkita navbatchi vrach, ikkita medsestra va ikkita sanitarka navbat bilan ishlayapti. Reanimatsiyada ham bitta vrach, medsestra va sanitarka. Agar operatsiya bo‘lsa, bir kun saqlab, ikkinchi kun uyiga javob beryapti”.

Markaziy kasalxonaning ismi sir qolishini so‘ragan yana bir shifokorining aytishicha, vrachlar o‘z hisobidan ta’tilga chiqarilganidan so‘ng, kasalxona ham kasallarni qabul qilmayapti:

“Bosh vrachimiz umuman qabul qilmanglar, kelganini Qarshiga jo‘natib yuboringlar, deyapti. Vaholanki, kasalxona vrachi Ozoda Xudoynazarova koronavirusdan o‘ldi, deb xulosa berishganidan so‘ng, kasalxona o‘n kunlik karantinga olingan, biz hammamiz o‘n kun ichkarida qolib ketgan va test topshirgan edik. Lekin hech kimda Kovid-19 aniqlanmadi, kasalxona yana ishini boshlagan edi. Biroq, vrachlarni o‘z hisobidan ta’tilga chiqarish yana davom etdi”.

Vrachning aytishicha, o‘z hisobidan majburiy ta’tilga chiqarilganlar hech qanday ariza yozmagan va hech qanday buyruqni ko‘rmagan”. Iqtibos tugadi.[1].

1. Kosonlik vrachlar oyoq osti qilinayotgan o’z huquq va erkinliklarini himoya qilishlari uchun yuristga, kasaba uyushmasining yuristi bo’lsa yanada yaxshi bo’ladi,murojaat qilishlari lozim edi. Inson huquqi himoyachilaridan maslahat so’rasalar ham juda foydali bo’lardi.

Tuman prokuroriga shikoyat yozilardi.

Kerakli hujjatlarni to’plab tuman sudiga taqdim qilinardi.

Ikki instantsiyan o’tib BMTga shikoyat yozilardi.

Afsuski, O’zbekistonning ko’p tumanlarida inson huquqi himoyachilari yo’q.

O’zbekistonda mustaqil sud tizimi yo’q.

2. O’zbekistonda siyosiy raqobat yo’q. Siyosiy muxolifat yo’q. Bo’lganida bo’lajak saylovlarda muxolif partiyalarga ovoz berilardi.

O’zbekistonda erkin ommaviy axborot vositalari bo’lganida vrachlarning oyoq osti qilingan huquqlari va erkinliklari bu ommaviy axborot vositalarida keng yoritilardi.

Afsuski, O’zbekistonda so’z erkinligi yo’q. Ommaviy axborot vositalari erkin emas.

“Adabiyot” gazetasining bosh muharriri, “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial demokratik partiya tuzishning tashabbuskorlaridan biri Baxtiyor Karim 6-iyundan (24+16=40 kundan beri) beri koronavirus, karantin bahonasida soppa sog’ inson majburan “davolantirilyabdi”. Baxtiyor Karim jazolovchi tibbiyot qurboni bo’lmoqda.

3. Afsuski, O’zbekiston vatandoshlarining mutlaqo aksariyati Jin Sharpning (Gene Sharp) 198ta nozo’ravon kurash usullarini bilishmaydi.

4. Shavkat Mirziyoyevning 4-yil boshqaruvida mamlakatda siyosiy raqobat yo’q. Siyosiy muxolifatga yo’l yo’q.,

Mustaqil sud tizimi yo’q. Mustaqil parlament yo’q. So’z erkinligi yo’q. Internet erkin emas, tezligi past, qimmat.

5.O’zbekistonda iqtisodiy erkinlik yo’q, siyosiy erkinlik yo’q. O’rta sinf shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan. Fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan.

6. Haqiqatda, hozirgi Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi, monopoliyalar hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 bilan Ukraina (54,9), Tojikiston (52,2), Turkmanistondan (46,5) oldinda. Biroq, Singapur (89,4), Estoniya (77,7), Qozog’iston (69,6), Qirg’iziston (62,9) Rossiyadan(61,0) ancha orqada. [2].

O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 2020 yilda 57,2 ball bilan 2019 yildagi 53,3 ballga nisbatan 3,9 ballga o’sgan. Bu o’sish sarmoyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball), moliyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball) va mulk daxlsizligi bo’yicha 59,1 ballga (2019-yilda 49,8 ball) teng.

O’zbekiston 2020-yilda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 ball va 2019 yilga nisbatan 3,9 ballga oshganiga qaramasdan dunyoning o’rtacha iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichidan, 61,6 balldan ancha orqada.

Kelajakda bu ko’rsatkich yanada ko’tariladi degan umid bor. [2].

O’zbekiston siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 10 ball bilan, Tojikiston 9 ball, Turkmaniston 2 ball kabi post sovet mamlakatlaridan oldinda. [3].

Yana, O’zbekiston 10, Markaziy Afrika Respublikasi 10 va va Sudan 12 ball bilan yomonlarning yomoni davlatlari qatorini tark etdi.

Yomonlarning yomoni davlatlari 10ta: Suriya 0, Eritriya 2, Janubiy Sudan 2, Turkmaniston 2, Shimoliy Korea 3, Ekvatorial Gvineya 6, Saudiya Arabistoni 7, Somali 7, Libiya 9, Tojikiston 9.

Afsuski, O’zbekiston siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 10 ball bilan post sovet mamlakatlari Estoniya 94, Litva 91, Latviya 89, Ukraina 62, Gruziya 61 va Moldaviya 60 kabi mamlakatlarday nisbatan erkin va demokratik saylovlar o’tkazish darajasidan juda uzoqda. [3].

Transparency International tashkilotining 2020 yilgi hisobotidan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston 25 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 153-o’rinni egallab turibdi, 87 ball bilan 1-o’rinni egallagan Daniyadan, 74 ball bilan 18-o’rinni Estoniyadan qariyb 50 ballcha orqada va 19 ball bilan 165-o’rinni egallagan Turkmanistondan 6 ball oldinda. Ya’ni, O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi post sovet mamlakatlari orasida eng oxirgi o’rinlarda, faqat Turkmanistondan oldinda. O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha dunyoning 4-elliktalik mamlakatlari qatorida. [4].

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan 180 mamlakat qatorida 153 o’rinni egalladi. 2018 yilgi korruptsiya ko’rsatkichi 23 ball bilan 158 o’rinni egallagan edi.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqa oladimi?

Dunyo bo’yicha o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichi 43 ballga teng. O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi dunyoning o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichidan yuqori bo’lsa, o’ta iqtisodiy qoloqlikdan nisbatan osonroq chiqib ketishi mumkin. Buning uchun Shavkat Mirziyoyev mamlakat korruptsiya ko’rsatkichini kamida 50 ballga ko’tarishga harakat qilishi kerak. Afsuski, Shavkat Mirziyoyevda bunday intilish yo’q. [4].

O’zbekistonning AJB YAIM ($1,832) dunyoning o’rtacha AJB YAIMdan ($11,464) qariyb 6 baravardan ko’proq kam (6,3). [5,6].

O’zbekistonning AJB YAIM 2019 yil uchun esa ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIM sidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam bo’lgan(7,48). [8].

Negadir, Dunyoning 2020 yil uchun AJB YAIM, ya’ni GDP per capita si ($11,464), 2019 yil uchun ($11,673) dan kamroq. Sababini, men bilmayman.

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 6 baravardan ko’proq kam bo’lgani uchun, o’ta qoloq deyishga haqlimiz.

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Islom Karimov davridagi statistik ma’lumotlar bo’yicha $2,200, Shavkat Mirziyoyev davridagi statistik ma’lumotlari bo’yicha $1,560 edi. Ya’ni, Islom Karimov davrida statistik ma’lumotlar ataylab bo’rttirib, yaxshilab ko’rsatilgan. Aslida, bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [7].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

16-iyul, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Koronavirus tarqalayotgan bir paytda Kosonda qariyb 150 tibbiyot xodimi majburiy ta’tilga chiqarildi. 15.07.2020. (https://www.ozodlik.org/a/30727990.html ).

2. Index of economic freedom. 2020.

(https://www.heritage.org/index/ranking?version=555).

3. Global freedom scores. 2020. (https://freedomhouse.org/countries/freedom-world/scores ).

4. Transparency International. 2019 Corruption Perceptions Index. 23.01.2020. (https://www.transparency.org/files/content/pages/2019_CPI_Report_EN.pdf ).

5. International Monetary Fund. 2020. GDP per capita Nominal ($).

( http://statisticstimes.com/economy/countries-by-projected-gdp-capita.php ).

6. International Monetary Fund. 2020. GDP (Nominal) per capita Ranking.

( http://statisticstimes.com/economy/projected-world-gdp-capita-ranking.php ).

7. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197).

8. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.