O’zbekiston. Orol quridi. Chinorlar qirildi. Navbat archalarga? (2020).

Spread the love

O’zbekistondagi Orolning 90 foizidan ko’prog’i, suv hajmining kamayganini va 50-100 yillik chinorlarning ham aksariyati qirg’inga uchraganini hisobga olsak, 50 yillikdan oshgan archalarni ham shunday taqdir kutayotganini oldindan aytish mumkin.

Shu sababli ko’p yillik archalarni, umuman daraxtlarni asrash o’ta muhim bo’lib qolmoqda.

Ozodlikning maqolasidan iqtibos: [1].“Prezident e’lon qilgan moratoriy buzildi: Samarqandning Pastdarg‘omida 50 ka kirgan 16 ta archa kesildi

may18, 2020

Sarvar Usmon/Ozodlik

Pastdarg‘om tumanidagi Charxin ilmiy-tajriba stansiyasiga qarashli 16 ta archa daraxtining kesib tashlangani to‘g‘risida Ozodlikka kelgan xabarni Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mulozimlari tasdiqladi.

Mulozimning aytishicha, noqonuniy kesilgan 16 archa yil boshidan buyon tumanda kesilgan 100 ga yaqin qimmatbaho navli daraxtlarning bir qismi xolos.

Mamlakat prezidenti 2019 yildagi farmoni bilan qimmatbaho navli daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilgan: 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berishni man etgan edi.

Pastdarg‘om tumanidagi archa yetishtiriladigan maskanda daraxtlar kesib, sotib yuborilayotgani”ni aytadi va bu ishni to‘xtatishga yordam so‘raydi.

Pastdarg‘omdan Ozodlikka videodan tashqari suratlar ham keldi. Ularda kesib, butalib yerga tashlab qo‘yilgan archa g‘o‘lalari aks etgan.

Xabar qilinishicha, kesilgan daraxtlar Charxin ilmiy-tajriba stansiyasiga qarashlidir. Stansiya rahbariyati bilan bog‘lanib bo‘lmadi. Biroq Ozodlikda archalarni kesgan ishchi, 1960 yilda tug‘ilgan Abdulmajid Beknazarovning tushuntirish xati bor.

Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i nomiga yozilgan tushuntirish xatida A. Beknazarov archalarni u “yer tuman hokimligi zaxirasiga chiqarilgani sababli tumandan quruvchi tashkilotdan Zohid degan yigit kelib qilgan iltimosiga binoan” kesganini yozgan.

A. Beknazarovning tushuntirish xatida bu hujjat 9 may kuni yozilgani va uni Ekologiya boshqarmasining Pastdarg‘omdagi inspektori Farhod Mirzayev qabul qilib olgani aks etgan.

Ozodlik 18 may kuni inspektor Farhod Mirzayev bilan bog‘landi. U 16 ta archa kesilganini, Beknazarovdan tushuntirish xati olganini tasdiqladi. Biroq aybdorlarga nisbatan qanday jazo choralari belgilangani to‘g‘risida bilmasligini aytdi.

Boshqarmaning javobi

Archalar kesilgani to‘g‘risida xabar qilgan pastdarg‘omliklarni masalaning aynan shu jihati – “daraxt kesganlar jazosiz qolayotgani” tashvishga solayotgani uchun Ozodlik Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan bog‘landi.

Boshqarma telefonini ko‘targan mulozim Pastdarg‘omdagi holatdan xabarsizligini bildirar ekan, qimmatbaho navli daraxtlarni kesishga davlat rahbari moratoriy e’lon qilganini eslatishdan nariga o‘tmadi.

“Yil boshidan buyon 100 ga yaqin qimmatbaho navli daraxt kesildi”

Ekologiya va atrof-muhit boshqarmasining Pastdarg‘omdagi holatdan yaxshi xabardor boshqa bir mulozimi ismi aytilmaslik sharti bilan bularni aytdi:

So‘z bo‘layotgan 16 archa tumanda qimmatbaho navli daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq eng so‘nggi holat xolos. Bu archalar qariyb 50 yil oldin ekilgan. Bundan tashqari daraxtlar IIB binosi oldida kesilgan, katta yo‘l yoqasida kesilgan, xullas, yil boshidan beri 100 ga yaqin daraxt kesilgan”.

Mulozimning aytishicha, qimmatbaho navli daraxtlar kesilar ekan, bir vaqtning o‘zida ham prezidentning daraxt kesishga moratoriy e’lon qilish to‘g‘risidagi farmoni talablari, ham yetkazilgan zararni qoplash tartibi buzilyapti, ya’ni zarar miqdori qonunda belgilab qo‘yilgan me’yordan bir necha barobar oz hisoblanmoqda”. Iqtibos tugadi. [1].

1. Yuqorida keltirilgan dalillardan (faktlar) ko’rinib turibdiki, 50 yillik 16 ta archalarning va hammasi bo’lib 100 tacha qimmatbaho navli daraxtlarning kesilishida hokimning kuchli, johil qo’li bor. Yana shunisi ajablanarliki, daraxtlar IIB binosi yaqinida, katta yo’l chetida kesilgan.

Hokim va daraxtni kesganlar qanday jazo olgani aniq tiniq emas. Ular qandaydir arzimas summaga jazolanganday. Balkim jazolanmagandir.

2. Prezident tomonidan daraxtlarning kesilishi bo’yicha moratoriy hokim va amaldorlar tomonidan vahshiylarcha, jinoyatkorona, shavqatsiz oyoq osti qilinmoqda.

Jinoyatchilar jazolanmay qolmoqda.

Hokimlar va amaldorlar qonunlarni oyoq osti qilsa, prezident O’zbekiston konstitutsiyasi oyoq osti qilsa O’zbekistonning kelajagi, ekologiyasi nima bo’ladi?!

3. Oddiy O’zbekiston vatandoshi amaldorlar tomonidan o’z toptalgan konstitutsion huquqlari va erkinliklari uchun zo’ravonliksiz, tinch yo’l bilan o’z noroziligini bildirsa, albatta jazolanadi. Ko’pincha, keragidan ortiqcha jazolanadi.

O’zbekistondagi tikka hokimiyat mamlakatning kelajagini o’g’irlamoqda, o’marmoqda, yo’qqa chiqarmoqda.

4. Shavkat Mirziyoyevning 4-yil boshqaruvida mamlakatda siyosiy raqobat yo’q. Siyosiy muxolifatga yo’l yo’q.

Mustaqil sud tizimi yo’q. Mustaqil parlament yo’q. So’z erkinligi yo’q. Internet erkin emas, tezligi past, qimmat.

5.O’zbekistonda iqtisodiy erkinlik yo’q, siyosiy erkinlik yo’q. O’rta sinf shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan. Fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan.

6. Haqiqatda, hozirgi Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi, monopoliyalar hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 bilan Ukraina (54,9), Tojikiston (52,2), Turkmanistondan (46,5) oldinda. Biroq, Singapur (89,4), Estoniya (77,7), Qozog’iston (69,6), Qirg’iziston (62,9) Rossiyadan(61,0) ancha orqada. [2].

O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 2020 yilda 57,2 ball bilan 2019 yildagi 53,3 ballga nisbatan 3,9 ballga o’sgan. Bu o’sish sarmoyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball), moliyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball) va mulk daxlsizligi bo’yicha 59,1 ballga (2019-yilda 49,8 ball) teng.

O’zbekiston 2020-yilda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 ball va 2019 yilga nisbatan 3,9 ballga oshganiga qaramasdan dunyoning o’rtacha iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichidan, 61,6 balldan ancha orqada.

Kelajakda bu ko’rsatkich yanada ko’tariladi degan umid bor. [2].

O’zbekiston siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 10 ball bilan, Tojikiston 9 ball, Turkmaniston 2 ball kabi post sovet mamlakatlaridan oldinda. [3].

Yana, O’zbekiston 10, Markaziy Afrika Respublikasi 10 va va Sudan 12 ball bilan yomonlarning yomoni davlatlari qatorini tark etdi.

Yomonlarning yomoni davlatlari 10ta: Suriya 0, Eritriya 2, Janubiy Sudan 2, Turkmaniston 2, Shimoliy Korea 3, Ekvatorial Gvineya 6, Saudiya Arabistoni 7, Somali 7, Libiya 9, Tojikiston 9.

Afsuski, O’zbekiston siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 10 ball bilan post sovet mamlakatlari Estoniya 94, Litva 91, Latviya 89, Ukraina 62, Gruziya 61 va Moldaviya 60 kabi mamlakatlarday nisbatan erkin va demokratik saylovlar o’tkazish darajasidan juda uzoqda. [3].

Transparency International tashkilotining 2020 yilgi hisobotidan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston 25 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 153-o’rinni egallab turibdi, 87 ball bilan 1-o’rinni egallagan Daniyadan, 74 ball bilan 18-o’rinni Estoniyadan qariyb 50 ballcha orqada va 19 ball bilan 165-o’rinni egallagan Turkmanistondan 6 ball oldinda. Ya’ni, O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi post sovet mamlakatlari orasida eng oxirgi o’rinlarda, faqat Turkmanistondan oldinda. O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha dunyoning 4-elliktalik mamlakatlari qatorida. [4].

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan 180 mamlakat qatorida 153 o’rinni egalladi. 2018 yilgi korruptsiya ko’rsatkichi 23 ball bilan 158 o’rinni egallagan edi.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqa oladimi?

Dunyo bo’yicha o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichi 43 ballga teng. O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi dunyoning o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichidan yuqori bo’lsa, o’ta iqtisodiy qoloqlikdan nisbatan osonroq chiqib ketishi mumkin. Buning uchun Shavkat Mirziyoyev mamlakat korruptsiya ko’rsatkichini kamida 50 ballga ko’tarishga harakat qilishi kerak. Afsuski, Shavkat Mirziyoyevda bunday intilish yo’q. [4].

O’zbekistonning AJB YAIM ($1,832) dunyoning o’rtacha AJB YAIMdan ($11,464) qariyb 6 baravardan ko’proq kam (6,3). [5,6].

O’zbekistonning AJB YAIM 2019 yil uchun esa ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIM sidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam bo’lgan(7,48). [8].

Negadir, Dunyoning 2020 yil uchun AJB YAIM, ya’ni GDP per capita si ($11,464), 2019 yil uchun ($11,673) dan kamroq. Sababini, men bilmayman.

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 6 baravardan ko’proq kam bo’lgani uchun, o’ta qoloq deyishga haqlimiz.

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Islom Karimov davridagi statistik ma’lumotlar bo’yicha $2,200, Shavkat Mirziyoyev davridagi statistik ma’lumotlari bo’yicha $1,560 edi. Ya’ni, Islom Karimov davrida statistik ma’lumotlar ataylab bo’rttirib, yaxshilab ko’rsatilgan. Aslida, bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [7].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

22-may, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Prezident e’lon qilgan moratoriy buzildi: Samarqandning Pastdarg‘omida 50 ka kirgan 16 ta archa kesildi. 18.05.2020. (https://www.ozodlik.org/a/30619073.html ).

2. Index of economic freedom. 2020.

(https://www.heritage.org/index/ranking?version=555).

3. Global freedom scores. 2020. (https://freedomhouse.org/countries/freedom-world/scores ).

4. Transparency International. 2019 Corruption Perceptions Index. 23.01.2020. (https://www.transparency.org/files/content/pages/2019_CPI_Report_EN.pdf ).

5. International Monetary Fund. 2020. GDP per capita Nominal ($).

( http://statisticstimes.com/economy/countries-by-projected-gdp-capita.php ).

6. International Monetary Fund. 2020. GDP (Nominal) per capita Ranking.

( http://statisticstimes.com/economy/projected-world-gdp-capita-ranking.php ).

7. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

8. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.